
18 yanvar kuni Turkmaniston poytaxti Ashxabodning Olimpiya shaharchasida Yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasi xabar beradi.
2017 yil 17-27 sentyabr kunlari Ashxabodda o‘tadigan nufuzli sport musobaqasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi, Davlat sport qo‘mitasi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi va V Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish qo‘mitasi tomonidan uyushtirildi.
Matbuot anjumanida zikr etilgan rasmiy idoralari mutasaddilari, xorijiy davlatlar diplomatlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutaxassisi S.Durdiyev Turkmanistonda Olimpiya harakatining shakllanishi va taraqqiyoti xususida so‘zladi. V Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish qo‘mitasi vakili nufuzli musobaqani munosib o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtaldi. Davlat sport qo‘mitasi vakili esa Turkmaniston sportchilarining xalqaro bellashuvdagi ishtirokiga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Matbuot anjumani asnosida “Polimeks”, “Trivandi Chanzo limited” kompaniyalari sport inshootlarining qurilishi ahvoli yuzasidan axborot berdi.
Anjuman davomida mutasaddilar OAV vakillarining mavzuga oid savollariga javob berdi.
Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari Ashxobodda 2017 yil 17 sentyabrda boshlanadi. Nufuzli musobaqada Osiyoning 45 davlati hamda Avstraliya va Okeaniyadan 17 mamlakat vakillari sportning 21 turi bo‘yicha bahs olib boradi. O‘zbekiston terma jamoasi ham Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi.
2010 yil 19 dekabrda Kuvaytda V Osiyo o‘yinlari Turkmanistonda o‘tishi e’lon qilingan hamda bu borada Osiyo Olimpiya kengashi va Turkmaniston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘rtasida ikki tomonlama hujjat imzolangan edi.
Turkmaniston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib bunday miqyosdagi sport anjumanini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Osiyo o‘yinlariga turli mamlakatlardan 200 mingdan ziyod ishqiboz tashrif buyurishi kutilmoqda.
Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari ilk bor 2005 yili Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan. Dastlab musobaqalar ikki yilda bir marotaba o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda oraliq muddat to‘rt yilga uzaytirildi.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Turkmaniston 2017 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. 25.11.2016

