AQShda musulmonlarning uchdan ikki qismini muhojirlar va ularning avlodlari tashkil qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShga musulmonlar oqimining dastlabki to‘lqini 1830-1851 yillar orasida yetib kelgan. Negaki shu paytda qora tanli kishilarni qul sifatida Afrika qit’asidan AQShga olib borishgan.
Suriya, Falastin, Iordaniya va Livan davlatlari aholisi ham Yangi materikka qarab yo‘l olgan. AQShga ko‘chib kelgan musulmonlar Midvest, Michigan, Detroyt, Chikago kabi sanoatlashgan shtatlar markazlarida o‘zlarining jamoatlarini tashkil etganlar. Ayni mana shu musulmonlar guruhi Shimoliy Amerikada ilk masjidga asos solgan. AQShda masjidlar qurish va boshqa shunga o‘xshash ishlarni musulmonlar o‘z tashabbus va mablag‘lari hisobiga amalga oshiradilar.
1947-1960 yillar orasida AQShga emigrant sifatida kelgan musulmonlar orasida Yaqin Sharq aholisidan tashqari Hindiston, Pokiston, Sharqiy Yevropa va sobiq Sovet Ittifoqidan kelganlar ham ko‘pchilikni tashkil etgan. Ularning bir qismi mahalliy boshqaruvchilarning farzandlari, qolganlari esa muhojirlar bo‘lgan.
1967 yildan keyingi davr musulmon emigratsiyasining uchinchi fasli hisoblanadi. Bu vaqt davomida Pokiston, Arab davlatlari va Eronning ko‘p miqdordagi aholisi AQShga ko‘chib keldi. Ularning aksariyati, avvalgilaridan farq qilgan holda, o‘qimishli yoki biror bir hunar sohibi bo‘lgan. Uchinchi davr musulmon emigrantlari ko‘pchiligi Yaman, Misr, Turkiya, Turkiston (Markaziy Osiyo nazarda tutilayapti), Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Iroq, Afg‘oniston kabi mamlakatlari fuqarolari edi. Eng so‘nggi emigrantlar esa asosan Sudan, Uganda, Gvineya-Bisau, Bermida va sobiq Yugoslaviya mamlakatlaridan kelayotganligi qayd etiladi.
Avvalida AQSh islomiy jamiyatining ijtimoiy-siyosiy hayoti faqatgina mazkur jamoa doirasidagi masalalarni qamrab olardi. Tashqi dunyoga unchalik e’tibor berilmasdi. Sekin-asta musulmon jamoalari to‘planadigan masjidlarda boshqa diniy konfessiyalar bilan aloqalar o‘rnatila boshlandi. Musulmon kishilarga ijtimoiy hayotning turli jabhalarida boshqa din vakillari bilan yonma-yon turib ish olib borish erkinligi beriladi.
Falastin yerlarining Isroil tomonidan bosib olinishi oqibatida musulmonlar emigratsiyasining keyingi vakillarida ekstremistik kayfiyat kuchliligi kuzatilgan. Ana shu ekstremistik kayfiyatdagi musulmonlar AQSh muhitida «o‘zgarib borayotgan» birodarlarini diniy e’tiqod doirasida «tarbiyalash»ga bel bog‘laganlar. Ular AQShga o‘zlari bilan birga turli xil fatvolar olib kelishgan va o‘sha fatvolar orqali tushuntirish ishlarini olib borganlar. Manbalarda aytilishicha, ularning bu ishlari boshqa din va millat vakillarining manfaatlariga zarar yetkazmagan holda olib borilgan. 20-asrning uchinchi choragigacha AQSh musulmonlari mahalliy aholining yashash tarzi bilan unchalik ham chiqisha olmasdi. Kunlik belgilangan ish jadvallari besh mahal namozni ado etishga imkon bermagan. Umumiy ovqatlanish maskanlaridagi tartib ham ular uchun, ayniqsa, Ramazon oyi davomida noqulayliklar tug‘dirgan. AQSh jamiyatidagi jinsiy erkinlik musulmon kishilari uchun xavf hisoblanadi. AQSh musulmonlari shariat qoidalarini o‘zlari uchun hayot yo‘riqnomasiga aylantirishga harakat qilishadi.
Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, hozirgacha AQShdagi boshqa din va millat vakillari Islom dini haqida kam ma’lumot bilishadi. Garchi bu borada musulmon tashkilotlari va alohida dindorlar tomonidan qator tadbirlar — uchrashuvlar, diniy bag‘rikenglik kechalari va boshqa yig‘inlar uyushtirilayotgan bo‘lsada, islomga qarshi qarashlar ba’zida uchrab turadi.
AQSh musulmonlarining 11 sentyabr voqealaridan keyingi holati haqida qiziqmaydigan kishi topilmasa kerak. Shu ma’noda ta’kidlamoqchimizki, AQShda musulmonlarga nisbatan ba’zi bir xorijiy OAV orqali tarqatilgan ma’lumotlardagidek, haqoratli munosabatda bo‘lishmagan. To‘g‘ri, voqealar ortida Usama bin Lodin va «Al-Qoida» guruhi turganligi e’lon qilingach, shu paytgacha Islom dini haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lmagan AQSh ommasida turli xil norozilik, ayrim hollarda ekstremistik kayfiyat tug‘ilgan bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun bo‘lsa kerak, musulmonlarga shubha bilan qarash holatlari AQShda hali ham qayd etiladi. Bundan ular xo‘rlanayapti, degan ma’no chiqarish esa dinlar o‘rtasida nifoq chiqaruvchilarga xos yaramas bir ishdir. Boston milliy radiosi (WBUR) da diniy masalalarni yorituvchi jurnalist Monika ham shu fikrlarni tasdiqladi. Umuman, AQShga qilgan safarimiz davomida biz shu narsaga amin bo‘ldikki, AQSh musulmonlari boshqa din va millat vakillari qatori mamlakatda joriy qilingan huquq va erkinliklardan bahramand bo‘layaptilar.
AQShdagi diniy tashkilotlar haqida ikki og‘iz so‘z. Qayd etib o‘tganimizdek, emigratsiyaning davom etishi natijasida AQSh musulmonlari soni ortib borgan va ularni birlashtirib turadigan, qolaversa, boshqa diniy jamoalar bilan aloqalarini muvofiqlashtirib boruvchi tashkilotlarga ehtiyoj tug‘ilgan. Ana shunday tashkilotlar tuzildi. Bu tashkilotlarning boshini birlashtirib turuvchi Islom Tashkilotlari federatsiyasi ham tuzildi. Bosh qarorgohi Detroytda joylashgan ushbu tashkilot hozirda AQSh va Kanadadagi Islom Assotsiatsiyalari federatsiyasi sifatida ish yuritadi.
Shuningdek, 1963 yilda talaba-yoshlarni birlashtiruvchi Musulmon talabalari uyushmasi tuzildi. Yoshlarni Islom ruhida tarbiyalash va dinimiz bag‘rikengligini ular ongiga singdirish, o‘z o‘rnida g‘ayriislomiy unsurlar (masalan, AQShda besoqolbozlik ba’zi bir rasmiy doiralar tomonidan qonuniylashtirilayapti. Bu nafaqat Islomda, balki boshqa boshqa dinlarda ham qattiq qoralanadigan hayvoniy illat hisoblanadi. Ayni mana shu illat musulmon yoshlari uchun xavf tug‘dirishi mumkin, deya baholanadi) dan himoya qilish ham tashkilot vakolatiga kiradi. Xulosa qilib aytganda, MTU hozirgi kunda AQShdagi eng nufuzli islomiy tashkilotlardan biri. Tashkilot ko‘magi bilan Shimoliy Amerika Musulmon yoshlari tashkiloti, AQSh Musulmon olimlari va muhandislari tashkiloti, Islomiy Ta’limot markazi, Islomiy Tibbiyot uyushmasi, AQSh Musulmonlari missiyasi va boshqa tashkilotlar tuzildi.
AQSh musulmonlari o‘zlarining siyosiy tashkilotlariga ham egadirlar. Shimoliy Islomiya jamiyati tashkiloti ana shularning yetakchisi hisoblanadi. Bu tashkilot AQShlik musulmonlarni siyosiy faollikka chaqirdi. Mamlakatda bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni kuzatib boradi va ana shu siyosiy jarayonlar haqidagi musulmon aholi fikrini ifodalashga harakat qiladi. Ayni damda AQShda prezidentlik uchun ovoz beri? bo‘lib o‘tdmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat AQSh musulmonlari bu yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlarni qo‘llab ovoz bermoqchi. O‘tgan saylovda 72% musulmonlar Jorj Bush uchun ovoz berishgan.
Xulosa qilib aytganda, AQShda Islom dini jadal sur’atlar bilan o‘sib borayapti. AQSh musulmonlari demokratiya mahsuli — erkin hayot va ozodlikdan mamnunlar. Ular bu sharoitni o‘z yurtlarida uchratishi amri mahol, albatta. Lekin tor doirada bo‘lsa ham, AQShda 11 sentyabr voqealaridan keyin musulmonlarga nisbatan salbiy qarash hollari kuzatilgan. Avval ta’kidlaganimizdek, bu kabi hollarga tushunmovchilik sifatida qaralsa to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki bu voqealar juda tor doirada va Islom mohiyatini tushunib yetmaslik oqibatida yuz bergan. Muhimi, ayni paytda AQSh jamiyati terrorizm illatining muqaddas Islom diniga hech qanday aloqasi yo‘qligiga tushunib yetmoqda.
Maqolamiz so‘ngida AQSh Davlat Departamentidan olingan quyidagi statistik ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etsak:
— Islom AQShda eng rivojlanayotgan dinlardan biriga aylandi. 2010 yilga borib AQSh musulmonlari soni mamlakatdagi yahudiylar miqdoridan oshib ketadi va Islom dini AQShda xristian dinidan keyingi eng katta dinga aylanadi.
— AQSh musulmonlari dunyoning besh qit’asidagi turli madaniyat vakillaridan tashkil topgan. Eng so‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, AQSh musulmonlarining 76%ni emigrantlar, 22%ni esa ularning AQShda tug‘ilgan farzandlari tashkil etarkan.
— AQSh musulmonlarining etnohududiy kelib chiqishi quyidagicha: 26% — yaqin sharqlik arablar, 24,4% — janubiy osiyoliklar, 23,8 % — afrikaliklar, 11,6 % — arab bo‘lmagan yaqin sharqliklar, 6,4% — sharqiy osiyoliklar.
— Yilning Britanika qomusida yozilishicha, 2000 yil o‘rtalarida AQSh musulmonlari 4 175 000 ta edi. Shularning 1 650 000 nafari Afrikadan kelib qolgan musulmonlardan iborat. AQShda 1990-1995 yillar orasida har yili kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan fuqarolarning o‘rtacha 17 500 nafari Islomni qabul qilgan.
— AQSh musulmonlarining 32%i Sharqiy sohillarda, 25,3%i mamlakat janubida, 24,3%i markaziy hududlar va Buyuk Ko‘llar mintaqasida va 18,2%i g‘arbiy shtatlarda yashaydi.
— Bugun AQShda 2000 tacha masjid, shuningdek qator islomiy maktablar faoliyat yuritayapti.
Otabek OMONQULOV,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi