AQSh O‘zbekistonga yana katta miqdorda “Pfizer” vaktsinasini hadya qildi

AQSh koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekistonga 310050 doza “Pfizer” vaktsinasini hadya qildi. Bu – Qo‘shma Shtatlar hukumatining koronavirus bilan bog‘liq global COVAX tashabbusi orqali dunyo bo‘ylab beg‘araz tarqatayotgan xavfsiz va samarali 1,1 milliard doza vaktsinaning bir qismidir.

“Xavfsiz va samarali vaktsinalar pandemiyaga barham berish uchun eng yaxshi vositadir. Ayniqsa, bugungi kunda dunyoda koronavirusning “Omikron” varianti avj olayotgan paytda o‘zimizni va oilamizni himoya qilish uchun to‘liq emlanish muhim. Qo‘shma Shtatlar COVID bilan kurashishda O‘zbekiston bilan hamkorlikda ish olib borishga sodiq qoladi”, – dedi vaktsina keltirilishini olqishlagan AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum.

Bugungi hadya bilan O‘zbekistonga 2021 yilning iyul oyidan beri yetkazib berilgan AQShda ishlab chiqarilgan vaktsinalar soni 5,6 million dozadan oshdi. Shuningdek, qisman AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirilgan COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga shu kunga qadar 2,4 million doza AstraZeneca vaktsinasi yetkazib berildi.

Avval xabar berganimizdek, 2021 yil oktyabr oyida ham AQSh O‘zbekistonga 800280 doza “Pfizer” vaktsinasini tuhfa qilgan edi.

Bundan tashqari, Amerika qutqaruv rejasi qonuniga (American Rescue Plan Act) muvofiq, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 2021 yil noyabr oyida O‘zbekistonga COVID-19 bilan qurashish uchun 2,5 million dollar ajratdi. Ushbu yordam bilan O‘zbekistonning COVID-19ga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga AQSh hukumatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shgan umumiy hissasi 17 million dollardan oshdi.

“Qo‘shma Shtatlar COVID-19 pandemiyasiga barham berish, uning halokatli ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini yumshatish va kelajakdagi epidemiyalarga yaxshiroq tayyorlangan dunyoni barpo etishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga sodiqdir”, – deyiladi AQSh elchixonasi tarqatgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya boshlanganidan buyon USAID keng ko‘lamli testlar uchun milliy laboratoriya tizimlarini kuchaytirish, laboratoriya va sog‘liqni saqlash muassasalarida infektsiyalarni nazorat qilish, diagnostika qobiliyatini oshirish, COVID-19 kuzatuvi va unga tezkor javob berishni yaxshilash, infektsiya yuqtirgan odamlarni davolashni kuchaytirish, jamoatchilikning koronavirus haqidagi xabardorligini oshirish hamda jamoa ishtiroki va ko‘ngillilarni safarbar qilishda O‘zbekiston bilan yaqindan ish olib bormoqda.

AQSh prezidenti Jo Bayden 2021 yil iyun oyida kam daromadli mamlakatlarga kovidga qarshi emdorilarni xayriya qilish rejasini e’lon qilgan edi.  Mamlakat butun dunyo bo‘ylab 350 milliondan ortiq COVID-19 vaktsinasi tarqatdi va kelgusida yana millionlab vaktsina yetkazib beradi. Qo‘shma Shtatlar COVAX global vaktsina tashabbusi doirasida eng yirik yagona donor hisoblanadi.