AQSh O‘zbekiston tibbiyot muassasalariga silga qarshi kurash dasturi doirasida 730 ming dollarlik yangi laboratoriya dastgohlari va video uskunalar taqdim etdi. Bu haqda 19 iyul kuni Toshkentda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) silga qarshi kurash dasturlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda ma’lum qilindi.
Yangi tibbiy uskuna va jihozlar silning dorilarga turg‘un turlarini aniqlash va davolashni takomillashtirish, dorilar sifatini tekshirish imkoniyatini oshirish hamda sil kasalligi bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni Toshkent va xalqaro miqyosdagi ekspertlar bilan bog‘lashga xizmat qiladi.
Ilmiy-amaliy anjumanda Amerika Qo‘shma Shtatlarining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ham qatnashdi. Diplomat AQSh hukumatining sil kasalligiga qarshi besh yillik dasturi doirasida erishilgan asosiy yutuqlarni sanab o‘tdi hamda O‘zbekistonda bu kasallik darajasi, ayniqsa, uning dorilarga turg‘un turlarini qisqartirish va barham berishga qaratilgan yangi dasturlarni e’lon qildi.
“Yigirma yildan ortiq davr mobaynida Amerika Qo‘shma Shtatlari USAID orqali mazkur halokatli kasallikning tarqalishini cheklashga hamda silni aniqlash, tashxis qo‘yish davolash imkoniyatlari barcha uchun mavjud bo‘lishini ta’minlash yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda. Ishonchim komilki, bizning hamkorligimiz yangi loyihalar orqali yanada kengayadi va chuqurlashadi”, – deb ta’kidladi elchi Rozenblyum.
USAID hamda Cil kasalligi milliy dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dasturlar bu boradagi xizmatlar, tashxis qo‘yish va klinik yo‘riqnomalar, sil/OIV qo‘shma infektsiyasining oldini olish va nazorat qilishni takomillashtirdi hamda mamlakatda silga qarshi eng ilg‘or dori-darmonlar va yangi davolash uslublarini joriy qildi. Antibiotiklarning yangi sinfiga mansub bo‘lgan “Bedaquiline” dorisi ham ana shu siraga kiradi. U silning ko‘p sonli dorilarga turg‘un bo‘lgan turiga chalingan bemorlarni samarali davolaydi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2015 yildan boshlab USAID O‘zbekistonda silga qarshi kurashish ishiga 14 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ taqdim etdi. Mazkur yo‘nalishdagi loyihalar natijasi o‘laroq, mamlakatning yetti viloyati (Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo, Xorazm, Navoiy hamda Samaraqand) va Toshkent shahrida tashxis qo‘yish, kasallikni davolash va bemorlarni parvarishlash imkoniyati kengaydi. Dastur doirasida 5000 dan ziyod tibbiyot xodimlari maxsus o‘quv-mashg‘ulotlarida malaka oshirdi, 40 ta laboratoriya ishi takomillashtirildi, yuzlab bemorlarga uzoq va murakkab davolanish kursini yakunlashda ko‘maklashildi. Shu bilan birga, USAID silga qarshi dori-darmonlar sifati va miqdorini oshirish maqsadida O‘zbekistondagi mahalliy dori ishlab chiqaruvchilarga yordamlashdi.