AQSh Federal qidiruv byurosining to‘rt nafar maxsus agenti va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassisi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Oliy o‘quv kurslarida bir haftalik trening o‘tkazdi. Bu haqda AQShning yurtimizdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.
Portlashdan so‘nggi tergov amaliyotlari bo‘yicha trening davomida Ichki ishlar vazirligida amaliy mashqlar ham o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlarda dalil topish va to‘plash, qurilmani qayta tiklash va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda zurur bo‘lgan muhim bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
“Bunday mashg‘ulotlar yordamida Federal qidiruv byurosi (FQB) xalqaro huquq-tartibot organlaridagi hamkorlarga hamkorlikni kuchaytirish va dalil yig‘ishga yordam beruvchi umumiy va ilg‘or qidiruv usullariga oid ko‘nikmalarni o‘rgatadi. Bunday mashg‘ulotlar butun dunyo bo‘ylab huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”, – dedi FQB vakili.
Ushbu loyihani AQSh elchixonasidagi Diplomatik xavfsizlik bo‘yicha mintaqaviy idora ham qo‘llab-quvvatladi.
Mazkur trening va hamkorlik qidiruv-tergov, dalillarni yig‘ish va jinoiy javobgarlikka tortishga doir usullarni birlashtirishga yordam beradi. Real tekshiruv bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish orqali, FQB ekspertlari kelgusida transmilliy jinoyat va terroristlarga qarshi birgalikda kurash olib borish uchun, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlaydi.
AQSh Federal qidiruv byurosi qidiruv-tergov ishlari olib borish maqsadida 1908 yili tashkil etilgan. Yetmish yildan ortiq vaqt mobaynida FQB amerikaliklarni himoya qilish va boshqalarga yordam berish maqsadida asosiy huquqni muhofaza qilish, razvedka va xavfsizlik organlari bilan munosabatlar o‘rnatish orqali chet ellarda maxsus agent va boshqa xodimlarini joylashtirib kelmoqda.