AQSh diplomati: O‘zbekiston bilan hamkorlikda sil kasalligi ko‘lamini kamaytirishga muvaffaq bo‘ldik

24 mart kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro press-klub va fuqarolik jamiyati vakillari bilan birgalikda Butunjahon sil kasalligi kunini nishonladi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

“AQSh hukumati silga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda. Bu kabi ko‘p yillik sheriklikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida biz sil kasalligi ta’sirini yumshatishga va o‘zbekistonlik oilalarning farovonligini oshirishga o‘z hissamizni qo‘shishga muvaffaq bo‘ldik”, – deb ta’kidladi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Alan Meltser Xalqaro press-klub jonli efirida.

Sayyoramiz bo‘yicha yiliga 8,6 million kishi “kambag‘allar kasalligi” deb ataladigan silga chalinmoqda. 1 milliondan ortiq bemor esa uning turli asoratlari tufayli vafot etadi. Bu esa kasallikning oldini olish, barvaqt aniqlash, davolashning zamonaviy usullarini yaratish va amalga tatbiq etish xalqaro hamjamiyat oldidagi muhim vazifalardan ekanini ko‘rsatadi.

Sil kasalligini tugatish Birlashgan Millatlar Tashkilotining global maqsadi bo‘lib, bu hukumatlar, xalqaro donorlar, fuqarolik jamiyati va xususiy tashkilotlarning birgalikdagi va barqaror harakatlarini talab qiladi.

JSST 2014 yilda silga qarish kurash bo‘yicha maxsus strategiya qabul qilgan. Unga ko‘ra, 2015-2035 yillar oralig‘ida sil tufayli vafot etish darajasini 95 foiz, kasallanishning yangi holatlarini 90 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

BMT Bosh assambleyasi 2018 yil sentyabrda 2030 yilga qadar butun dunyoda sil epidemiyasiga barham berish bo‘yicha bayonot qabul qilgan.

24 mart kuni esa dunyo bo‘ylab Butunjahon sil kasalligiga qarshi kurashish kuni o‘laroq nishonlanadi. Bundan ko‘zlanadigan maqsad dunyo miqyosida kuniga 4000 ga yaqin insonning hayotiga zomin bo‘ladigan kasallikning aholi salomatligiga bo‘lgan salbiy ta’siri va jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirishdan iboratdir.

O‘zbekistonda JSST tavsiya yetgan cilga barham berish strategiyasi asosida tizimli ish olib borilmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi, AQSh hukumati va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakati tufayli yurtimizda silga qarshi kurashda ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, sil kasalligidan o‘lim holati 5 barobarga, silga chalinish hollari esa 2 barobarga kamaydi. 2019-2025 yillar ichida esa sil bilan kasallanish holatlarini 20 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan. JSST e’tirofiga ko‘ra, O‘zbekiston silga qarshi olib borilayotgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida 2-o‘rinda ko‘tarildi.

O‘zbekiston silga qarshi kurashda barqaror yutuqlarga erishib kelayotgan bir davrda ushbu kasallikning dori-darmonlarga chidamli turi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi uchun eng dolzarb muammolardan biri va global sog‘liqni saqlash oldida turgan jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda. Bunga javoban, USAID tomonidan yaqinda umumiy qiymati 15 million dollardan oshiq bo‘lgan to‘rtta yangi ko‘p yillik sil kasalligiga qarshi dasturlar amalga oshirila boshladi. Ularga ko‘ra, sil kasalligining oldini olish va davolash bo‘yicha eng ilg‘or xalqaro tavsiyalar, yangi dorilar va diagnostika texnologiyalaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.

USAID ushbu sohadagi mutaxassislarning tayyorgarligini oshirish, dori vositalari, tibbiy va laboratoriya uskunalari bilan ta’minlash, sil kasalligining oldini olish, aniqlash va davolash jarayonini tezlashtirish maqsadida sog‘liqni saqlash vazirligining sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha milliy dasturi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bu yil USAID, sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha milliy dasturi va uning sheriklari aholining sil kasalligi bo‘yicha xabardorligini oshirish va sil bilan bog‘liq yanglish qarashlarni kamaytirishga qaratilgan mintaqaviy va milliy darajada turli tadbirlar va raqamli dasturlarni amalga oshirishni boshladi.

Eslatib o‘tamiz,  AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 20 yildan buyon silga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Qo‘shma Shtatlar agentligi bu boradagi besh yillik dastur doirasida 7,6 million dollar mablag‘ ajratgan. USAID tomonidan mamlakat sog‘liqni saqlash sohasiga kiritilgan umumiy mablag‘ miqdori esa 130 million dollardan ziyodni tashkil etadi.

 

Shu mavzudagi maqola:

AQSh OITSga qarshi global kurash uchun 80 milliard dollar sarfladi. 30.11.2018