Turkiston-Amerika Assotsiatsiyasi tomonidan AQShning Nyu Jersi shtatida vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Iftorlik ziyofatiga uzoq-yaqindan vatandoshlarimiz tashrif buyurishdi. Mehmonlarga milliy taomimiz bo‘lmish osh tortildi.
Turkiston-Amerika Assotsiatsiyasi nodavlat-notijorat madaniy tashkiloti sobiq Ittifoq davrida vatandan chiqib, Amerikaga kelib qolgan turkistonliklar tomonidan 1958 yilda tashkil etilgan. Tashkilotning asosiy maqsadi turli madaniy tadbirlar o‘tkazish orqali AQShdagi turkistonliklarning o‘zaro aloqalarini mustahkamlab, ularning birdamligini, jipsligini ta’minlashdir.
Assotsiatsiya har yili shu maqsadda dinimizni, ona tilimizni saqlash, urf-odatlarimiz va madaniyatimizni asrab-avaylash va rivojlantirish doirasida turli madaniy tadbirlar o‘tkazib keladi. Assotsiatsiya o‘z bag‘riga Amerikada istiqomat qiluvchi minglab o‘zbek oilalarini jamlagan. Tashkilotga ota-onasi asli marg‘ilonlik bo‘lgan Abdulla Xo‘ja rahbarlik qiladi.
AQShda bugungi kunda 20 mingdan ortiq etnik amerikalik o‘zbeklar istiqomat qilishadi. Ularning aksariyati bundan 30-40 yil ilgari Osiyo va Yevropadan ko‘chib o‘tishgan.