Dono kuzatuvchilar, sohibi zako tahlilchilarning taxminlari, demokratlarning balandparvoz da’volari chippakka chiqdi. AQSh prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovda respublikachilar yetakchisi Jorj Bush g‘alaba qozondi. Demokratlar vakili Jon Kerri o‘z mag‘lubiyatini tan oldi.
1. Jorj Bush ikkinchi muddatga Oq uy rahbari bo‘lib qoldi
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Jorj Bush 28 shtatda g‘olib chiqib, jami 58 million 385 ming 601 ta (51 foiz) ovoz olgandi. Kerri esa 20 ta shtatda g‘olib deb topilib, 54 million 865 ming 161 ta (48,5 foiz) ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgandi. Yakuniy xulosa Ogayo shtatidagi saylov natijasiga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Biroq demokratlar vakili Ogayo natijalari e’lon qilinishini ham kutmasdan mag‘lubiyatga uchraganini e’tirof etdi va Jorj Bushni ulkan g‘alaba bilan tabrikladi.
2. Parlament saylovida ham omad respublikachilarga kulib boqdi
Amerikada prezident saylovi bilan bir vaqtda mamlakat Senatining uchdan bir qismi, Kongress Vakillar palatasidagi 109 o‘rin uchun ham ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli sur’atda o‘tgan parlament saylovlarida ham omad respublikachilar tarafida bo‘ldi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, AQSh parlamenti quyidagi tarkib va tartibda shakllandi:
Senat: respublikachilar partiyasi — 53 kishi, demokratlar — 51 kishi, mustaqil nomzod — 1 kishi;
Vakillar palatasi: respublikachilar partiyasi — 227 o‘rin, demokratlar — 199 o‘rin, mustaqil nomzod — 1 o‘rin.
3. Hukumatda esa jiddiy o‘zgarishlar kutilyapti
«Vashington post» gazetasining yozishiga qaraganda, ikkinchi muddatga prezident etib saylangan Jorj Bush o‘z ma’muriyatida bir qator o‘zgarishlar qilishni rejalashtirmoqda.
Yaqin kunlarda AQSh Davlat kotibi (Tashqi ishlar vaziri) lavozimida xizmat qilgan Kolin Pauell iste’foga chiqadi. «Vashington post» taxminiga ko‘ra, uning vazirlik portfeli ayni paytda AQShning BMTdagi vakili sifatida ishlab kelayotgan Jon Denfortga nasib etadi. Shuningdek, Davlat kotibi lavozimiga senatorlar Sem Nunn va Richard Lugar ham tayin qilinishi mumkin.
«Vashington post»ning Pentagondagi ishonchli manbalarga tayanib yozishicha, Mudofaa vaziri Donald Ramsfeldning rahbarlik soatlari ham oxirlab bormoqda. Iroq urushida davrida asirlarga nisbatan haqoratli munosabat masalasida katta xatoga yo‘l qo‘ygan vazir o‘rnini o‘tgan to‘rt yil davomida milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida Bushga sadoqat bilan xizmat qilgan Kondoliza Rays egallaydi. Bu muhim lavozimga ham Rays xonimdan tashqari bir necha nomzodda’vogar bor.
Vakolat muddati tugashi bilan yaqin kunlarda AQSh Bosh prokurori Jon Eshkroft nafaqaga chiqadi. Bu mas’ul lavozimga uning o‘rinbosari Larri Tompson yoki Alberto Gonsales bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu ikki nomzoddan qaysi biri prokurorlikka tayin etilgan taqdirda ham bu Amerika tarixida kuzatilmagan voqea sifatida yodda qoladi. Chunki shu paytgacha AQSh Bosh prokurori kursisini qora tanli fuqaro (Tompson) yoki Lotin Amerikasi vakili egallamagan.