Alan Meltser: “Diniy erkinlik himoya qilinmagan joyda ekstremizm ildiz otadi”

Diniy erkinlik inson huquqlarining muhim tarkibiy qismi sanaladi. Mazkur huquq himoya qilinmagan, kafolatlanmagan joyda esa turli buzg‘unchi g‘oyalar avj oladi. AQShning muvaqqat ishonchli vakili Alan MELSERning quyida e’tiboringizga havola etilayotgan Diniy erkinlik: zamonaviy dunyo uchun tarix saboqlari deb atalgan maqolasida ham ayni shu dolzarb masala tadqiq etilgan.  

27 oktyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro diniy erkinlik kunini nishonlaydi. Bu yil sobiq senator, hozir esa xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha maxsus elchi bo‘lmish Sem Braunbek taklif etgan, 1998 yilgi Xalqaro e’tiqod erkinligiga oid qonun qabul qilinganiga 20 yil to‘ladi.

Diniy erkinlik Amerika tarixi asosini tashkil etadi va Yer yuzidagi har bir insonning asosiy huquqlaridan biri sanaladi. Qariyb 400 yil avval diniy ta’qib tufayli yevropaliklar keyinchalik Qo‘shma Shtatlarga aylantirilgan hududga kelib o‘rnashgan. Turli e’tiqod vakillari bo‘lgan, o‘z e’tiqodi tufayli qiyinchiliklarga duch kelgan o‘sha Amerika asoschilari diniy erkinlikni himoya qilishning eng yaxshi vositasi dinning davlatdan ajratilishida ekanini yaxshi anglagan. Xuddi shunday, ayni paytda biz O‘zbekiston deb biladigan zamin ham asrlar mobaynida turli dinga e’tiqod qiluvchi, o‘zaro uyg‘unlikda hayot kechiruvchi zardushtiylar, buddaviylar, yahudiylar, masihiylar va musulmonlar uchun vatan vazifasini o‘tagan. Shu tariqa, diniy xilma-xillikka bo‘lgan hurmat har ikki mamlakatimiz tarixida chuqur ildiz otgan qadriyat hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yanada keng diniy bag‘rikenglik va erkinlik yaratish yo‘lida ijobiy islohotlar dasturini boshladi. U diniy mahbuslarga amnistiya e’lon qildi, yangi masjidlar ochdi va diniy ta’lim olish uchun imkoniyatlarni kengaytirdi. U O‘zbekistonning o‘tmishdagi boy islomiy merosini zamonaviy dunyoga tatbiq etish maqsadida ta’lim va ma’naviyatni rivojlanitirish g‘oyasini ilgari surdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari bunday umidbaxsh qadamlarni olqishlaydi. Bu yil yozda poytaxt Vashingtonda o‘tkazilgan diniy erkinlikni takomillashtirishga qaratilgan birinchi yuqori darajali uchrashuvda vitse-prezident Mayk Pens va davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekistonda bu boradagi o‘sishni e’tirof etdi. Bir necha hafta avval O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida elchi Sem Braunbek O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini yuqori baholadi hamda unda mintaqadagi yetakchi mamlakat va AQShning yetakchi hamkori bo‘lishday imkoniyat mavjudligini tan oldi.

Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonni barcha uchun ko‘proq diniy erkinlik berishga intilayotganini yuqori baholaydi, negaki bu nafaqat mamlakat va uning xalqi uchun to‘g‘ri tanlangan yo‘l, balki sodda qilib aytganda, qilinishi mumkin bo‘lgan eng to‘g‘ri ish hamdir.

Bunday o‘zgarishlar e’tibor qaratishga arziydi, ammo har doim bu yerda va butun dunyoda, jumladan, mening mamlakatim AQShda ham, diniy erkinlik va bag‘rikenglikni ilgari surish uchun qilinishi kerak bo‘lgan yanada ko‘proq ishlar mavjud. Tarix shundan saboq beradiki, qayerda diniy erkinlik himoya qilinmas ekan, o‘sha yerda beqarorlik va buzg‘unchi ekstremizm ildiz otishiga ko‘proq imkoniyat ochiladi. Turli din vakillari o‘z e’tiqodlariga ochiq amal qiladigan va o‘zaro bo‘lishadigan, odamlar o‘z muqaddas kitoblarini erkin o‘qiy va muhokama etadigan, ibodatxonalarda eminlik bilan yig‘ila oladigan mamlakat avlodlarning ma’naviy almashuv sohasidagi donoligi oqibatida farovonlikka erishishi, gullab-yashnashi mumkin. Shuning uchun ham amerikaliklar o‘z vatanlari va chet ellarda e’tiqodlariga muvofiq ochiq, erkin va tinch yashashni istovchilar bilan yonma-yon turishda davom etmoqda. Turli e’tiqod va turlicha siyosiy qarashga ega amerikaliklar, o‘z jamiyatimizning nobop unsurlari qo‘llaydigan buzg‘unchi mutaassiblikni yo‘qotish maqsadida qayg‘uga to‘lgan qalblar bilan birlashar ekanmiz, butun dunyodagi diniy erkinlikni izchil qo‘llab-quvvatlashda yakdildirlar.

Garchi toqatsizlik yana bir karra e’tiqod egalari bo‘lmish begunoh kishilar hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lsa ham, bugun biz dunyodagi juda ko‘p kishilar diniy erkinlikdan mahrum ekanini yodda tutamiz. Biz har bir mamlakat xalqi o‘z vijdon-e’tiqodiga mos ravishda tinch yashash huquqidan foydalanishga – erkin ibodat qilish, o‘zlari tanlagan yo‘sinda dinni amalda qo‘llash, bo‘lishish va ifoda etishga hamda barcha din vakillari bilan hamjihat yashashga – loyiq, degan tushunchaga sodiq qolamiz.

Alan MELSER,

AQShning muvaqqat ishonchli vakili