Ahmet Bashar Shen: “Turkiya–O‘zbekiston do‘stlik aloqalarini yanada yuksaltirishga bel bog‘laganman”

Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen 27 yanvar kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi. Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda turkiyalik diplomat qardosh O‘zbekistonda elchilik faoliyatini boshlaganidan mamnunligini bildirdi.

“Men Turkiya Respublikasi diplomati sifatida ota yurtimiz sanalgan O‘zbekistonda faoliyat yuritishni sharaf deb bilaman. Tili, dini hamda madaniyati mushtarak bo‘lgan do‘st va qardosh o‘lkaga elchi sifatida tayinlanishim menga iftixor bag‘ishlaydi”, – dedi Ahmet Bashar Shen.

Elchi ayni paytda mamlakatlarimiz hamkorligida yangi sahifalar ochilayotgani, bu borada Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning 2016 yil 17-18 noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi muhim o‘rin tutganini ta’kidladi.

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi (hozirda O‘zbekiston Prezidenti) Shavkat Mirziyoyev va Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasidagi muzokaralarda ikki mamlakat hamkorligi mavjud imkoniyatlarga mos emasligi, bu borada foydalanilmagan imkoniyatlar talay ekani qayd etilgan edi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida esa Toshkentda O‘zbekiston–Turkiya hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish, uning doirasida O‘zbekiston–Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olingan edi.

Elchi Ahmet Bashar Shen ayni paytda qo‘shma komissiya va sarmoyaviy forumni munosib darajada tashkil etish uchun tayyorgarliklar amalga oshirilayotgani, ikki davlat o‘rtasida delegatsiyalar almashuvi kutilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan

Sir emas, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini dunyoda birinchi bo‘lib 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda esa ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

Turkiya elchisi joriy yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi va bu muhim sana ekanini ta’kidladi.

“2017 yil mamlakatlarimiz hamkorligida yanada yuksalish yili bo‘lishiga ishonaman. Umuman, qardosh o‘zbek zaminidagi elchilik muhlatim mobaynida do‘stligimizni bundan-da mustahkamlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni ishga solaman. Zero, O‘zbekistonga bir olam ezgu maqsadlar bilan tashrif buyurganman”, – dedi turkiyalik diplomat.

Ahmet Bashar Shen 2016 yil 13 dekabrdan Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U mazkur muddat davomida ikki bora – 2016 yil 28 dekabr va 2017 yil 19 yanvar kunlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama etdi.

Qolaversa, diplomat joriy yil yanvarda Anqarada o‘tgan IX Elchilar anjumanida qatnashib, Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim qabulida bo‘lgan va O‘zbekiston bilan hamkorlik xususida suhbatlashgan.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim bilan

Yaqinda elchi Ahmet Bashar Shen Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasi orqali Samarqand shahrini ziyorat qilgani xususida ma’lum qilib, tarixiy obidalarning fotosuratlarini ilova qildi. Bundan tashqari, diplomat shaxsiy sahifa orqali Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ziyoratiga oid suratlar bilan o‘rtoqlashdi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Ahmet Bashar Shen 1967 yilda tug‘ilgan. 1988 yili Anqara universitetining Siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan. Diplomat, shuningdek, Istanbul universitetida Yevropa Ittifoqi huquqiy tizimi, Shtutgart universitetida esa siyosatshunoslik hamda olmon tili va adabiyoti yo‘nalishlarida tahsil olgan. Turkiya tashqi siyosat mahkamasidagi faoliyatini 1996 yili boshlagan. Shu tariqa u 20 yil davomida Tashqi ishlar vazirligining turli boshqarmalarida, shuningdek, Turkiyaning Berlin va Minskdagi elchixonalarida, Nyu-Yorkdagi bosh konsulligida mas’ul vazifalarni bajargan. Ahmet Bashar Shen O‘zbekistonga kelgunga qadar (2012-2016 yillar) Turkiyaning Berlindagi bosh konsuli sifatida faoliyat yuritgan.

Sobir Salim