Ahmet Bashar Shen: “Turkiya o‘z sarhadlarida terrorchi kuchlar faoliyatiga aslo yo‘l qo‘ymaydi”

Turkiya Respublikasi Suriyaning Afrin shahrida joriy yil 20 yanvarda boshlagan “Zaytun novdasi” harbiy operatsiyasi mintaqada terrorizm xatarini bartaraf etishga qaratilgan. Bu haqda Turkiya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Elchiga ko‘ra, Turkiya 35 yildan buyon terror balosiga qarshi sabot bilan kurashib kelmoqda. Eng ashaddiy terror guruhi sanalgan PKK Turkiya va xorijda yuzlab begunoh odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi.

2011 yilda Suriyada boshlangan fuqarolar urushi davrida maydonga chiqqan YPG, PYD kabi terrorchi guruhlar ham PKKning qanotlari sanaladi.

Turkiya elchisiga ko‘ra, YPG, PYD to‘dalari nazoratida bo‘lgan Suriyaning Afrin shahri keyingi yillarda terror o‘chog‘iga aylandi. 2017 yildan buyon Afrindan Turkiyaning Kilis, Xatan kabi shahar-muzofotlariga 700 ga yaqin hujum amalga oshirildi.

Shu tariqa Turkiya rahbariyati ichki xavfsizlikni ta’minlash, qolaversa, Suriya shimolidagi terror o‘chog‘ini yo‘q qilish maqsadida “Zaytun novdasi” harbiy operatsiyasini o‘tkazishga kirishdi.

Qayd etilishicha, Turkiyaning xatti-harakatlari BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi to‘g‘ridagi rezolyutsiyasi hamda BMT Nizomining 51-moddasiga asoslanadi.

“Zaytun novdasi” harbiy operatsiyasidan ko‘zlangan maqsad hudud aholisining moli va jonini saqlash, pirovardida esa terror o‘chog‘ini yo‘q qilib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdan iboratdir”, – dedi elchi Ahmet Bashar Shen.

Ayni paytda, harbiy operatsiya Suriya hududiy yaxlitligiga tahdid soladi, degan yanglish xabarlar ham tarqalmoqda.

Turkiya elchisiga ko‘ra, mazkur operatsiya nafaqat Turkiya milliy manfaatlarini himoya qilish, ayni choqda, Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlashga ham qaratilgan.

“Turkiya aslo Suriya tuprog‘iga ko‘z tikkani yo‘q. Suriyada tinchlik o‘rnatilib, terror xavfi bartaraf etilishi bilan hududni tark etamiz”, – dedi Turkiya elchisi.

Harbiy operatsiya davomida Afrindagi ko‘plab terror ob’ektlari yo‘q qilindi va bir qator qishloqlar jangarilardan tozalandi. Hozirga qadar 1715 nafar terrorchi qurolsizlantirilgan.

Turkiya diplomati mamlakat Qurolli kuchlari harbiy operatsiyada faqat terror o‘chog‘ini yo‘q qilayotgani, tinch aholiga esa umuman zarar yetkazilmayotganini ta’kidladi.

Elchi Ahmet Bashar Shen PYD va YPG terrorchi to‘dalari ijtimoiy tarmoqlarda Turkiya harbiylari go‘yo tinch aholiga zarar yetkazayotgani xususida soxta ma’lumotlar tarqatib, xalqaro hamjamiyatini chalg‘itishga urinayotganini qayd etdi.

Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Matbuot va axborot boshqarmasi tayyorlagan risolada bu borada talay misollar keltirilgan.

Ijtimoiy tarmoqda 2018 yil 30 yanvar kuni Turkiya havo kuchlari hujumi oqibatida Afrinda norasida bola jarohatlangani haqida xabar paydo bo‘ldi. Aslida bu 2015 yil dekabrda Suriyaning boshqa mintaqasida jarohatlangan bolaning suratidir. Ushbu fotosurat Germaniyaning “Frankfurter Allgemeine” gazetasida chop etilgan.

 

Afrinda bolalar o‘ldirilayotgani haqidagi xabarlar ham haqiqatdan yiroq. Aslida bu surat Suriyaning boshqa bir muzofotida olingan bo‘lib, u 2015 yil martda BBC tomonidan chop etilgan.

 

Ijtimoiy tarmoqda “Turkiya tanki yonmoqda” degan mazmunda xabar tarqatilgan. Aslida 2011 yili Buyuk Britaniyaing “The Telegraph” gazetasida chop etilgan bu suratda Liviyadagi vaziyat aks etgan.

Turkiya elchisiga ko‘ra, rasmiy Anqara terrorizm bilan hech qachon murosa qilmaydi.

“Bizning terrorizmga qarshi kurash qarorimiz qat’iydir. Turkiya o‘z chegarasida biror terror tashkiloti bemalol faoliyat yuritishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi”, – dedi elchi Ahmet Bashar Shen.

Cobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Turkiya Afrinda nega harbiy operatsiya o‘tkazmoqda? 24.01.2018