2018 yil 4 oktyabr kuni Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasida Favqulodda va muxtor elchi Axmet Bashar Shen bilan birga «Turkiyaning tashabbuskor va gumanitar tashqi siyosati» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda elchi janoblari qardosh Turkiya davlatining so‘nggi yillarda jahon bo‘ylab amalga oshirayotgan xayriya ishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
“Turkiya tabiiy ofatlar, urushlar, yo‘qsillik va jamiyatlararo to‘qnashuvlar sababli mushkul vaziyatda qolgan davlatlarga yordam ko‘rsatishni insoniylik vazifasi va xalqaro hamjamiyatning barqarorligidagi muhim unsur deb biladi”, dedi elchi janoblari. “Bugungi kunda hududidan panoh topgan qochoqlar soni jihatidan Turkiya jahonda birinchi o‘rindadir. “Development Inıtiatives” tashkilot tomonidan tayyorlangan “Umumjahon Insonparvarlik Yordamlari Hisoboti-2018” (“Global Humanitarian Assistance” (GHA) hisobotida keltirilgan faktlarga ko‘ra, 2017 yilda Turkiya insonparvarlik yordamlari uchun 8.07 milliard AQSh dollari sarflagan. Bu mablag‘ bilan Turkiya insonparvarlik yordamlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Insonparvarlik yordamlarining milliy daromadga nisbatiga ko‘ra hisoblanganida Turkiya 0,85 foizlik ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinda 0.17 foizlik ko‘rsatkich bilan Norvegiya va Lyuksemburg davlatlari turibdi”.
Turkiya faqatgina o‘z mintaqasida emas, dunyoning deyarli barcha mintaqalarida ehtiyojmandlarga yordam berishga g‘ayrat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda Sudanda davom etayotgan insoniy bo‘hronni yengillatish, Somalidagi qurg‘oqchilikni bartaraf etish, Liviyadagi turli kasalxona va tibbiy markazlarning shoshilinch tibbiy jihoz va dori-darmonga bo‘lgan extiyojini qondirish, Yamanda vabo epidemiyasiga qarshi kurash, Myanmarning Arakan provintsiyasi shimolida 2017 yil avgust oyida yuzaga kelgan hodisalardan keyin Myanmar va Bangladeshda yashayotgan Rohinga musulmonlariga oziq-ovqat va tibbiy yordam berish, Falastin xalqiga ko‘mak berish, G‘azo sektoridagi jarohatlanganlarga xizmat qilish uchun Turkiya davlati katta miqdordagi insonparvarlik yordamlarini xayriya qildi.
Turkiya hozirda 4 milliondan ziyod qochoqlarga joy bergan. Ular orasida suriyaliklarning soni 3,5 milliondan oshadi. Oxirgi 7 yil ichida Turkiyada 300 mingdan ziyod suriyalik chaqaloqlar dunyoga keldi. Mamlakat kasalxonalarida 1,5 million suriyaliklarga jarrohlik operatsiyalari amalga oshirildi. So‘nggi yillar davomida Turkiya hukumati, turk nodavlat tashkilotlari suriyalik qochoqlar uchun qariyb 33 milliard dollar miqdorida mablag‘ sarfladi.