Ahmet Bashar Shen: “To‘qimachilik sohasidagi hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tariladi”

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida barcha sohalar kabi to‘qimachilik bo‘yicha hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tariladi. Bu haqda Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen 9 iyun kuni Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilish masalalariga bag‘ishlangan anjumanda ma’lum qildi.

Elchi o‘z chiqishida ikki mamlakat hamkorligida ba’zi davrlarda turg‘unliklar kuzatilgani, ammo ayni paytda robitalar yangi o‘zanda rivojlanayotganini qayd etdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 13 yillik tanaffusdan keyin 2016 yil 17-18 noyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Elchi Ahmet Bashar Shenning ta’kidlashicha, davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi ila ikki qardosh xalq hamkorligi tarixida yangi sahifa ochildi.

Diplomat keyingi vaqtda delegatsiyalar almashuvi jadallashganini mamnuniyat ila qayd etdi.

Jumladan, joriy yil fevralda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi delegatsiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) Istanbulda tashkil etgan o‘zbek-turk biznes-forumida ishtirok etdi. 

Joriy yil 25 may kuni Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha to‘rtinchi hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Bosh vazir o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkesh boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

“O‘tmishda erishilgan yutuqlar va ba’zi xatolardan xulosa chiqarib, ikki qardosh xalq hamkorligini barcha sohalarda rivojlantirishga harakat qilmoqdamiz. Negaki, muqaddas omonat  sanalgan qardoshlik bayrog‘ini avlodlarga to‘kis yetkazish zimmamizdagi muhim vazifadir”, – dedi Turkiya elchisi.

Diplomatning qayd etishicha, Turkiya barcha sohalar qatori to‘qimachilik bo‘yicha ham o‘z bilim, tajriba va texnologiyalarini O‘zbekiston bilan o‘rtoqlashishga tayyor.

To‘qimachilik sanoati Turkiya iqtisodiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ayni paytda ushbu soha savdo aylanmasi 65 milliard dollarni tashkil etadi, undan eksport ulushi – 29 milliard dollar.

O‘zbekistonda Turkiya sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 500 ga yaqin korxonalarning yarmi to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritib kelmoqda. Ularda 30-40 ming ishchi o‘rni yaratilgan.

Elchi Ahmet Bashar Shen O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqishda Turkiya ko‘maklashishga shay ekanini ta’kidladi.

Anjumanda, shuningdek, O‘zbekiston–Turkiya tadbirkorlari uyushmasi (UTID) raisi Erjan Bulut, “O‘zbekengilsanoat” AK raisi Ilhom Haydarov, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi vakili Svetlin Sergeenkov to‘qimachilik sanoatini kengaytirish istiqbollari xususida so‘zladi.

C.Calim