Ahmet Bashar Shen: “FETÖ to‘dasi dunyoning ayrim mamlakatlarida xiyonat urug‘ini ekishda davom etmoqda”

2016 yil 15 iyul kuni Turkiya xalqiga yetkazilgan jarohat hali bitganicha yo‘q, ammo mamlakat bir tanu bir jon bo‘lib terror tahdidiga qarshi kurashda davom etmoqda.

Bu haqda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen 15 iyul voqealarining ikki yilligi munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Turkiya Qurolli Kuchlari ichida in qurgan Fathullachi terror tashkiloti (FETÖ) a’zolari 2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada qonli davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan edi. Bu urinish Anqara va Istanbulda bir vaqtda boshlangan, Istanbulda Bo‘g‘ozichi va Fatih Sulton Mehmet ko‘priklari, Otaturk nomidagi xalqaro aeroport va Istanbul ichki ishlar bosh boshqarmasi binolari terrorist to‘ntaruvchilar tomonidan qisqa vaqtga bo‘lsa-da qo‘lga olingan, ichki ishlar va milliy xavfsizlik idoralariga tegishli ba’zi binolarga samolyot va vertolyotlarda hujum uyushtirilgan edi”, – deya ikki yil avvalgi voqealarni yodga oldi Turkiya elchisi.

Qayd etilishicha, Turkiya Respublikasi tarixida ilk marotaba Prezident va Bosh vazir devoni hamda parlament binosi terrorchilar tomonidan bombardimon qilindi. Davlat to‘ntarishiga urinish harakatlari boshlangandan biroz muddat so‘ngra televizion kanallardan jonli efirda chiqish qilgan Prezident Erdo‘g‘on turk xalqiga o‘z demokratiyasi va milliy irodasini himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqib terroristik to‘ntarishga qarshi oyoqqa turishga chaqirgan edi. Bu da’vatga javoban Turkiyaning barcha viloyatlar va shaharlarida yuz minglab aholi to‘ntarish harakatlariga to‘sqinlik qilish uchun ko‘chalarga chiqdi.

“15 iyul sanasi Turkiya Respublikasining va turk millatining tarixida demokratiya g‘alaba qilgan kun sifatida o‘rin oldi. Turk millati butun dunyoga demokratiyani himoya qilganini va himoya qilajagini namoyish etdi. Turkiyaga qurolli to‘dalar emas, faqatgina demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatlar va milliy iroda hokim bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi”, – dedi Turkiya elchisi.

Elchi Ahmet Bashar Shenga ko‘ra, tergov va surishtiruv xoinona davlat to‘ntarishi ayni paytda AQShda yashab kelayotgan Fathulla Gulen boshchiligidagi terrorchi tashkilot tomonidan amalga oshirilganini rad etib bo‘lmas dalillar bilan isbotladi.

“Turkiya 15 iyul voqealaridan keyingi o‘tgan ikki yil davomida ma’muriy, jinoiy va huquqiy tekshiruvlar olib bordi, Turkiya adliya organlari davlat to‘ntaruvini ishlab chiqqan va amalga oshirgan bu tuzilma haqida juda katta faktlarni aniqladi. Ko‘rilgan tadbirlar bilan bu to‘daning Turkiyadagi uyasi yo‘q qilindi. Biroq bu xavf Turkiya bilan chegaralanib qolmagan. Tashkilotning ko‘pgina davlatlarda Turkiyadagiga o‘xshagan tuzilmalari mavjud. Ular hozirda boshqa davlatlarning ichida xiyonat urug‘larini ekishda davom etmoqda. Tirik qolish uchun bu safar yanada faol tarzda global miqyosda iqtisodiy va siyosiy obro‘ orttirish payiga tushganlar. Turkiya barcha do‘st davlatlarni yashirin va ayyorona harakat qilayotgan nihoyatda xavfli ushbu terrorchi tashkilot to‘g‘risida har fursatda ogohlantirmoqda”, – dedi elchi Ahmet Bashar Shen.

Qayd etilishicha, ayni paytda FETÖ to‘dasi butun dunyo bo‘yicha 30 milliard AQSh dollaridan ortiq sarmoyaga egalik qilmoqda va mablag‘ vaqt o‘tgani sari ko‘payib bormoqda. Mazkur faktning o‘zi ushbu guruh naqadar xatarli ekanini ko‘rsatadi.

Elchi Ahmet Bashar Shen O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib ushbu terrorchi guruh xatarini sezgani va mamlakatdagi ularga qarashli ta’lim maskanlarini yopganini qayd etar ekan, Turkiya buning uchun O‘zbekistondan hamisha minnatdor ekanini ta’kidladi.

Turk elchisi rasmiy Anqara terrorchi to‘dalar bilan aslo murosa qilmasligi, aksincha qonun ustuvorligi, axloq va demokratiya kabi uch qadriyatga tayangan holda buzg‘unchilarga qarshi ayovsiz kurashda davom etajagini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berdi. Turkiya rahbariyatiga ko‘ra, mazkur jinoyat AQShda yashayotgan Fathulla Gulen va uning terrorchi tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Rasmiy Anqara AQShdan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni so‘rab bir necha marta murojaat yo‘llagan.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on terrorchilar shunchaki ijrochi ekani, aslida ushbu ulkan fitna ortida qudratli kuchlar turganiga qayd etgan.

Turkiya Qurolli kuchlari ichiga sizib kirgan va FETÖ terrorchi tashkiloti a’zosi bo‘lgan harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishning maqsadi Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga suiqasd uyushtirish, konstitutsion tuzum va parlament tizimini ag‘darish edi.

Davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida 251 kishi shahid bo‘lgan, 2000 dan ortiq kishi jarohatlangan. Harbiy isyon xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

O‘n minglab turkiyaliklar demokratiyani va hokimiyatga saylov orqali kelgan hukumatni himoya qilish maqsadida ko‘chalarga chiqdi. Shu tariqa xalqning misli ko‘rilmagan qat’iyati va jasorati bois davlat to‘ntarishining oldi olindi.

Turkiyada 2016 yil 15 iyul tunida yuz bergan davlat to‘ntarishiga urinishning ikki yilligi butun mamlakat miqyosida milliy birdamlik va demokratiya kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

S.Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

15 iyul – Turkiya qayta tug‘ilgan kun. 16.07.2017

Vladimir Avatkov: “Fathulla Gulen Rossiya va Markaziy Osiyoga do‘st bo‘lmaydi”. 17.08.2016

Turkiya: 15 iyul fitnasi qatnashchilari jazosiz qolmaydi. 18.07.2016