2017 yildan adabiyot muxlislari uchun “Ijod olami” jurnali chop etila boshladi. Adabiy-badiiy, ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishda faoliyatni rejalashtirgan ushbu jurnal muassisi “Ijod olami” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. Jurnalning 2-sonida qiziqarli asarlar bilan tanishasiz.
“Suhbat” ruknida Sayyora Rashidovaning “Otam haqida xotira yozishga jur’atim yetmaydi” suhbatini o‘qiysiz. “So‘nmas satrlar” ruknida esa Abdulla Oripovning hali e’lon qilinmagan she’rlaridan bahra olasiz. “Nasr” ruknida Ne’mat Arslonning “Mahbusning ikkinchi hayoti”, Gulchehra Asranovaning “Oy qiz”, Fozil Farhodning “Ko‘klam kuyi” hikoyalarini, “Nazm” ruknida Muhammad Yusuf va Dadaxon Muhammadiyev she’rlarini o‘qiysiz.
“Xotira” ruknida Abdusaid Ko‘chimovning Abdulla Oripov haqidagi “So‘nggi suhbat” essesi, Ozod Sharafiddinovning “Ko‘klamoyim” tug‘ildi” sarlavhali maqolalari bilan tanishasiz. “Adabiy gurung” ruknida taniqli shoir Odil Hotam suhbatidan bahra olasiz.
“Publitsistika” ruknida esa Nurilla Chorining “Duoga ochilgan qo‘llar” maqolasi, “Tadqiqot” ruknidan Abdug‘ani Sulaymonning “Ko‘ngil haqiqati bilan yuzma-yuz”, Otabek Safarovning “Qahramondan baland ijodkor” maqolalari o‘rin olgan.
“Shingil” ruknida Adhambek Alimbekovning “Yaproq hikoyalar”, “O‘rnak” ruknida “Ijodkorlarning metin irodasi”, “Jahon adabiyoti xazinasidan” ruknida Gi de Mopassanning “Murdaning qo‘li” va Umar Sayfiddinning “Forsa” hikoyalari, “Shingil hangoma” ruknida Baxtiyor Ollomurodning “Kunlardan bir kun” hangomalarini o‘qib bahra olasiz.