“Abituriyent” gazetasining 10 yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahridagi «Poytaxt» biznes markazida “Abituriyent” gazetasining 10 yilligiga bag‘ishlangan “Abituriyent”: kecha, bugun va ertaga” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ziyolilar, gazeta xodimlari, hamkorlar va gazetxonlar ishtirok etdi.

“Abituriyent” gazetasining rahbari Bahromjon Xoliqov va bosh muharriri Mansur Siddiqov anjumanni ocharkan, mehmonlarni nashrning 10 yilligi bilan tabrikladilar, uning faoliyati, kelgusi rejalari haqida batafsil ma’lumot berdilar.

“Abituriyent” gazetasi 2007 yili tashkil etilgan bo‘lib, u abituriyentlarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlashni maqsad qilgan. Gazetaning har sonida ona tili va adabiyoti, tarix, matematika, ingliz tili, fizika, biologiya, kimyo, geografiya, rus tili va adabiyoti, frantsuz tili, nemis tili kabi fanlardan o‘zbek va rus tillarida test savollari e’lon qilinadi. Shuningdek, fanlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar, jadvallar, abituriyentlar uchun psixologik tavsiyalar, qiziqarli maqolalar ham berib boriladi.

Hozirda “Abituriyent” gazetasi 48 sahifada, 11000 nusxada chop etilmoqda. Gazetaning abituriyent.uz nomli sayti ham faoliyat yuritmoqda. Yaqin orada gazetaning arxivini bevosita sotib olish va onlayn test topshirishga mo‘ljallangan mobil ilova taqdim etilishi rejalashtirilgan.

“Abituriyent” gazetasining 10 yilligiga bag‘ishlangan anjuman. Surat muallifi: Madina Nurmanova

“Abituriyent” gazetasining 10 yilligiga bag‘ishlangan anjuman qatnashchilari. Surat muallifi: Madina Nurmanova