Abdulla Qodiriy haqidagi roman muallifi Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki adabiy mukofoti g‘olibi bo‘ldi

O‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi” romani (tarjimon Donald Reyfild) 2019 yilgi Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki adabiy mukofoti g‘olibi bo‘ldi. Bu haqda BBC O‘zbek xizmati xabar qilmoqda.

O‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy hayoti va u asarlarida tasvirlagan xonlar davri qalamga olingan roman o‘zbek tilidan ingliz tiliga o‘girilgan birinchi yirik asardir. Londondagi Mustaqil hakamlar hay’ati Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi” romanini “o‘zbek taxtlar o‘yini” deb ta’rifladi.

Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankining 20 ming funt sterling miqdoridagi pul mukofoti (26 mingAQSh dollari) roman muallifi va tarjimon o‘rtasida bo‘linadi. Xalqaro mukofot 7 mart kuni YeTTBning Londondagi qarorgohida o‘tgan tantanali marosimda topshirildi.

2017 yilda Britaniya Kengashi bilan birgalikda ta’sis etilgan mukofot Yevropa banki faoliyat olib boradigan Marokashdan Mo‘g‘ilostongacha va Estoniyadan Misrga qadar bo‘lgan bo‘lgan ulkan va boy mintaqaning adabiy an’analari hamda mualliflarini qamrab oladi. Mukofot ushbu jo‘g‘rofiya adabiyotini ingliz tilida so‘zlashuvchi kitobxonlar ommasiga tanishtirish maqsadini ham ko‘zlaydi.

“Jinlar bazmi” atoqli o‘zbek adibi, Stalin qatag‘onlari qurboni Abdulla Qodiriy va uning yozilmagan asari haqida hikoya qiladi. Unda Qodiriyning qismatdoshlari – Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir hamda boshqa o‘zbek munavvarlarining obrazlari ham bor.

Yozuvchi asarda shuningdek, 19-asr Markaziy Osiyosi, xususan, Qo‘qon xonligida kechgan ziddiyatli voqealar, g‘arbda “Katta o‘yin” nomi bilan bilingan mustamlakachilik urushlaridagi raqobatga doir alohida sahna va epizodlarni qalamga oladi. Muallifning o‘zi asarni “yozilmagan roman haqidagi roman” deb ataydi.

Ilk bor 2016 yilda O‘zbekistonda “Jinlar bazmi yohud katta o‘yin” nomi bilan chop etilgan (“Akademnashr”) romanni ingliz tiliga Donald Reyfild o‘girgan, undagi she’rlar tarjimasi Jon Farndon qalamiga mansub. Kitob Londondagi Tilted Axis Press nashriyoti tomonidan chop etilgan. Ingliz munaqqidlardan biri “Jinlar bazmi”ni “O‘zbek madaniyati entsiklopediyasi” deb ta’rifladi. Kitobni Ziyouz kutubxonasidan olib, o‘qish mumkin.

“Jinlar bazmi” Abdulhamid Ismoilning ingliz tilida chop etilgan oltinchi romani bo‘lgan.
Muallifning rus tilida yozilgan ilk yirik nasriy asari “Temir yo‘l” romani 2006 yilda ingliz tiliga o‘girilgandi (tarjimon Robert Chandler). Abdulhamid Ismoil o‘zbek, rus, ingliz, frantsuz va nemis tillaridagi o‘nlab she’riy va nasriy kitoblar muallifi. U asarlari xorijiy tillarga eng ko‘p o‘girilgan o‘zbek yozuvchisi bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistondagi o‘quvchilar ommasiga unchalik yaxshi tanish emas.

Hamid Ismoil 1992 yilda professional faoliyati tufayli O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan va shundan buyon Londonda yashab, ijod qiladi. U 2010-2014 yillarda Londondagi Bi-bi-si Jahon Xizmatining faxriy yozuvchisi (Writer in Residence) bo‘lgan.