Ahmet Dovuto‘g‘li: “Oqsaroyda oq sahifa ochildi”

Turkiya va O‘zbekiston o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish borasida yangi yo‘l xaritasiga kelishib oldi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li 10 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 13 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya tashqi ishlar vaziri shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi.

Ahmet Dovuto‘g‘lining matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, O‘zbekiston rahbari bilan uchrashuv do‘stona ruhda o‘tgan. Muzokaralar chog‘i ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqa hayotiga daxldor boshqa dolzarb masalalar muhokama etilgan.

Turkiya tashqi siyosat idorasi yetakchisi Anqara va Toshkent munosabatlarida yangi sahifa ochilayotganiga ishonch bildirdi.

“Taassufki, o‘zaro munosabatlarimizda ma’lum muddat to‘xtalishlar ro‘y berdi. Biroq bugun Oqsaroyda Turkiya-O‘zbekiston munosabatida yangi oq sahifa ochildi”, dedi Ahmet Dovuto‘g‘li matbuot anjumanida.

Vazirning qayd etishicha, ikki tomonlama muzokaralar chog‘i bir yilda bir marta tashqi ishlar vazirlari, keyinroq davlat rahbarlari darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olingan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li va Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Erpul Namik Guner. Türkiye Cumhuriyeti Dışişleri Bakanlığı surati

Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li va Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Erpul Namik Guner. Türkiye Cumhuriyeti Dışişleri Bakanlığı surati

2013 yilda ikki mamlakat o‘rtasida tovar aylanmasi 1 milliard 347 million AQSh dollarini tashkil etgan edi. Janob Dovuto‘g‘lining ta’kidlashicha, savdo aylanmasini yaqin yillarda 5 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, turk ishbilarmonlarining O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasini 1 milliard AQSh dollaridan 3 milliard AQSh dollariga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ahmet Dovuto‘g‘li Turkiya va O‘zbekiston hamkorligida hali foydalanilmagan imkoniyatlar talay ekani, xususan, transport, sayyohlik va gumanitar jabhadagi aloqalarni jonlantirish mumkinligini urg‘uladi.

“Ayni paytda Xitoy bilan hamkorlikda “Pekin–Istanbul” temir yo‘l loyihasi amalga oshirilmoqda. Qadimiy Buyuk ipak yo‘lini tiklash yo‘lidagi urinishlardan biri sanalgan mazkur loyiha O‘zbekiston uchun ham manfaatlidir. Zero, bu yo‘l O‘zbekistonga Turkiya portlariga chiqish imkonini beradi. Shu o‘rinda Turkiya portlari O‘zbekistonning ham portlari ekanini ta’kidlashni istardim”, dedi turkiyalik yuksak martabali mehmon.

Matbuot anjumanida, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi havo qatnovlarini 7 tadan 14 taga oshirish, shuningdek, Samarqand va Buxoro shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ham ma’lum qilindi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarida faollashuv kuzatilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Sochida o‘tkazilgan qishki Olimpiada o‘yinlari doirasidagi safari chog‘i – 2014 yilning 7 fevralida Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog‘an bilan uchrashgan edi.

Ahmet Dovuto‘g‘lining ta’kidlashicha, Toshkentdagi muzokaralar aynan Rajab Toyib Erdog‘an va Islom Karimov o‘rtasidagi uchrashuvning mantiqiy davomi sifatida amalga oshirilmoqda.

“Ajoyib mehmondo‘stlik uchun Prezident Islom Karimovga chuqur minnatdorlik bildiraman va yaqin fursatda O‘zbekiston rahbari Turkiyaga rasmiy tashrif bilan borishiga umid qilaman. Bu boradagi Turkiya rahbariyatining taklifini Prezident Islom Karimovga yetkazdim”, dedi Ahmet Dovuto‘g‘li.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyul kuni turkiyalik yuksak martabali mehmon O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev bilan ham muzokaralar olib borgan.

Ahmet Dovuto‘g‘li 11 iyul kuni Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlariga safar qiladi.

S.Salim