26 fevral kuni zamonaviy Ozarboyjon tarixidagi mudhish fojia – Xojali qirg‘iniga 30 yil to‘ladi.
Manbalarga ko‘ra, 1992 yilning 25-26 fevral kunlari Armaniston qurolli kuchlari Rossiyaning Xonkendidagi 366-motoo‘qchi polki yordamida Xojali shahrida mudhish jinoyat sodir etgan. O‘shanda 613 nafar tinch aholi o‘ldirilgan, 487 kishi jarohatlangan va 1275 kishi asir olingan. Asir olinganlarning ko‘pi yaqinlari bag‘riga qaytmagan.
2000 yil 15 dekabrda “Xalqaro tinchlik yo‘lida” Karnegi jamg‘armasi tahlilchisi Tomas de Vaalga bergan intervyusida Armaniston mudofaa vaziri Serj Sargsyan Xojali qamalida Rossiyaning 366-polki yordam berganini tan olgan edi.
“Men 366-polk ofitserlarining ishtirokini rad etmayman. Ammo, birinchidan, polk bizga emas, avvalo o‘ziga yordam bergan edi. Negaki, ozarboyjonliklar nafaqat bizga, 366-polkka ham zarba bergan edi… Ikkinchidan, 366-polkda ko‘plab armani ofitserlar xizmat qilar edi va ular qo‘mondonlari buyrug‘isiz ham bizga yordam berishga tayyor edi. Ular shunday qilishdi ham”, – degan S.Sargsyan.
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 1992 yil fevralda “Xojali bolalariga” deb nomlangan she’r yozgan edi. “Men bu she’rni ko‘zda yosh bilan yozganman. Ramziy emas, tom ma’noda aytayapman. O‘sha kuni (1992 yil 27 fevrali) Moskvaning “Vremya” axborot dasturida ozarboyjon go‘daklarining muzlab yotgan bepoyon dalada sochilib yotgan o‘liklarini ko‘rsatganda ko‘zlarimdan tirqirab yosh oqqan va kechasi bilan uxlolmasdan “Men ham o‘ldim siz bilan birga” sarlavhali 3 varaqli maqola va unga ilova tarzda bir she’r yozganman”, – deb eslaydi X.Davron.
Ey ozari bolalarim,
Yuragimda nolalarim,
Ko‘zlarimda jolalarim,
Men ham o‘ldim siz bilan birga!
Bu jallodlar inson emas,
Bu sallotlar inson yemas,
Inson inson go‘shtin yemas,
Men ham o‘ldim siz bilan birga!
O‘tar kunlar, o‘tar tunlar,
Qoningizdan gullar unar,
“Intiqom!” – deb xanjar sunar,
Men ham o‘ldim siz bilan birga!
Eslatib o‘tamiz, Islom hamkorligi tashkiloti Xojali fojiasini genotsid sifatida tan olgan. Bundan tashqari, o‘ndan oshiq davlat va AQShning ayrim shtatlari ham ushbu fojiani genotsid deb biladi.
S.Salim