29 oktyabr kuni Ozarboyjon Respublikasiga qarashli Zangilan tumani Armaniston qurolli kuchlari tomonidan okkupatsiya qilinganiga 23 yil to‘ldi.
“Zangilan ahli 1988-1993 yillarda dushman hujumlarini mardonavor qaytardi, mudofaa chog‘i yuzlab kishi shahid bo‘ldi” deya chorak asr avvalgi voqealarni yodga oladi Trend axborot agentligi.
Boku–Julfa–Naxchivon temiryo‘lida – muhim strategik mintaqada joylashgan hudud uchun omonsiz kurash kechgan. Birinchi Qorabog‘ urushi davrida Zangilanning 188 nafar mudofaachisi halok bo‘lgan, 44 kishi bedarak yo‘qolgan. Shu tariqa Ozarboyjonga qarashli tuman 1993 yil 1 noyabrdan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi hududi deb e’lon qilingan.
707 kvadrat kilometr maydonni egallagan hududda 35 ming aholi yashagan.
Evropadagi eng katta chinor o‘rmoni ham shu hududda joylashgan. Trend agentligi xabariga ko‘ra, ayni paytda qadimiy chinorlar armanlar tomonidan kesilib, xorijiy davlatlarga sotilmoqda. Shuningdek, hududdagi marmar, oltin, granit, molibden kabi qimmatbaho metallar ham talon-taroj etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.