Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on mamlakat uchun kuchli tahdid tug‘dirgan FETÖ terrorchi tashkiloti qarshiga yolg‘iz kurashishga majbur bo‘lgan edi. Bu haqda Daily Sabah gazetasi siyosiy sharhlovchisi Mehmet Chelik Markaziy Osiyo va Ozarbayjon jurnalistlari bilan 19 oktyabr kuni Istanbulda o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
“15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga urinish bizni voqelikka teranroq nazar solishga undadi. O‘sha kunga qadar Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on FETÖ terrorchi tashkiloti tahdidiga qarshi yolg‘iz kurashishga majbur bo‘lgan edi. Buni Turkiya Qurolli kuchlarining sobiq qo‘mondoni Ilker Bashbug‘ ham e’tirof etdi. Muxolifat ham mamlakat barqarorligiga jiddiy tahdid tug‘ilib turgan bir pallada faollik ko‘rsatmadi. 15 iyul kungi isyon esa davlat rahbariyatining FETÖ terrorchi tashkiloti xususidagi xavotirlari to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi”, – dedi xalqaro masalalarda bir qator siyosiy tadqiqotlar yozgan Mehmet Chelik.
Daily Sabah gazetasi siyosiy sharhlovchisining qayd etishicha, FETÖ terrorchi tashkilotini fosh etishga dastlabki urinishlar 2009 yilda boshlangan edi, ammo terrorchi tashkilot davlat va huquq-tartibot idoralariga o‘z tarafdorlarini yashirin ravishda joylagani bois unga qarshi kurash ancha mushkul kechgan.
“FETÖ aslida dunyo geosiyosatidagi qudratli kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoq, xolos. Agar muqoyasa qilish mumkin bo‘lsa, tashqi kuchlarni buyurtmachi tashkilot, FETÖ terrorchi tizimini esa pudratchi shirkat deb atash mumkin. Tashqi g‘animlarga Turkiyaning barqarorligi, taraqqiyoti va suveren siyosat yuritayotgani ma’qul kelmayotir. Shu bois ular FETÖ guruhidan foydalanishga urinmoqda”, – deydi Daily Sabah gazetasi siyosiy sharhlovchisi.
19 oktyabr kuni mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari bilan uchrashuvda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on ham FETÖ terrorchi tashkiloti tahdidiga alohida to‘xtaldi.
Turkiya rahbariga ko‘ra, mamlakat milliy xavfsizlikni saqlash borasidagi strategiyasini o‘zgartirdi va mudofaadan muammolarni hal etish bosqichiga o‘tdi.
“Bundan buyon biz tahdidlarga oshig‘ich javob beramiz. Agar terrorizm xatari tug‘ilsa, terrorchilar harakatga tushgunga qadar kutib o‘tirmaymiz. Ular qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda yo‘q qilamiz”, – degan Turkiya yetakchisi.
Rajab Toyib Erdo‘g‘on 15 iyul kuni mamlakat yaxlitligi, barqarorligi va demokratiya himoyasi yo‘lida qahramonlik namunasini ko‘rsatgan turk xalqiga yana bir bor minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berdi. Turkiya rahbariyatiga ko‘ra, mazkur jinoyat AQShda yashayotgan Fathulla Gulen va uning terrorchi tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Rasmiy Anqara AQShdan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni so‘rab murojaat yo‘llagan.
Davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida 240 dan oshiq kishi halok bo‘lgan, 1500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Harbiy isyon xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Markaziy Osiyo va Ozarboyjon jurnalistlarining Daily Sabah tahririyatiga tashrifi Turkiya Bosh vaziri huzuridagi Matbuot va axborot bosh boshqarmasi shafeligidagi “Tarix va milliy birlikni anglash” dasturi doirasida tashkil etildi.
Sobir Salim