Armaniston Qurolli kuchlari o‘t ochishni to‘xtatish borasida Ozarboyjon bilan kelishuvni 33 marotaba buzdi. Bu haqda Ozarboyjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati 15 dekabr kuni xabar beradi.
Qayd etilishicha, ikki o‘rtadagi front chizig‘ining turli nuqtalarida Ozarboyjon armiyasi pozitsiyalarini Armaniston tomonidan yirik kolibrli pulemyotdan o‘qqa tutish holatlari kuzatilgan.
Ozarboyjon Mudofaa vazirligi 14 dekabr kungi xabarnomasida qo‘shni davlat tomonidan otashkesim bitimi 54 marotaba buzilganini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, mudofaa mahkamasi 12 dekabr kuni Ozarboyjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari yaqinida Armanistonga qarashli uchuvchisiz qurilma yo‘q qilinganini ham bildirgan. Qurilma razvedka ma’lumotlari yig‘ish uchun yuborilgani ta’kidlangan.
Ikki tomonning bir-birini otashkesimni buzishda ayblashi birinchi bora kuzatilayotgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Ilhom Aliyev: “Ozarboyjon okkupatsiyaga chek qo‘yadi”. 13.11.2016