Muhammad Yusuf. O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim (video)

O‘ZINGDAN QO‘YMASIN, XALQIM

Qushday uchib quchog‘ingdan dunyo kezdim,
Kezib-kezib topganlarim sog‘inch bo‘ldi.
Qancha olis ketsam shuncha qadring sezdim,
Qayda yursam yodi mehring ovunch bo‘ldi.
Aylanayin qaro qoshu ko‘zingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.

Birov uchun birovlar tush ko‘rib bermas,
Minnat qilmay bir bog‘ o‘tin o‘rib bermas.
Bayramingda oylab bazm qilgan kaslar
Boshingga ish tushsa turib bermas.
Nomus kuyi tushmasin hech bo‘g‘zingdan-a,
O‘zingdan ko‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.

Erk vodiysi — zahmatlarga siylovdir bu,
Toy qoqilib ot bo‘lguvchi yaylovdir bu,
Ranj chekmasang nurli, nurli tonglar qayda
Sinovdir bu, balki buyuk sinovdir bu.
Bosh ketsa ham qaytma endi so‘zingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.

Boldan shirin tatir qora bug‘doying ham,
O‘zingdan bo‘lsa gar shohu gadoying ham.
Bir tanu jon, bir-biringdan rozi yursang,
Xudoyim ham sendan rozi, xudoyim ham.
Gohi ipak, gohi yaktak, bo‘zingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.

Er boshiga ish tushsa o‘t kechguvchidir,
Chidaymiz-da, bu zahmatlar o‘tkinchidir.
Hurliging haq — qolgan bari o‘taversin,
Bu dunyoda eng yorug‘ baxt — el tinchidir.
Ayirmasin beminnat non, tuzingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.

Muhammad Yusuf