O‘ZBEKISTON
O, ota makonim,
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga.
Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar,
Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Tog‘laring izimdan ergashib yurar.
Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin,
Yo xudbinman yo bir sodda kasman men:
Parijning eng go‘zal restoranlarin,
Bitta tandiringga alishmasman men.
Na gapga ko‘nayin,
Na til bilayin,
Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan halovat.
Uch kunda sog‘insam nima qilayin?..
Chala qolar bo‘ldi hamma sayohat.
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing
Arab ohusidan azizroq menga.
Sen bilan o‘tgan har kun bayram-bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.
Muhammad Yusuf