MUHAMMADQODIR
Boburdan merosmi
Ko‘zingdagi cho‘g‘,
Ey sen mushti qattiq,
Ko‘ngli bo‘sh bola.
Yashil o‘rmonlarda
Ulg‘ayganing yo‘q,
Sening ham ko‘z ochib
Ko‘rganing — dala.
O‘zi yayramagan
Seni yayratib,
Otang sahar kelib,
Ketgan saharda.
Onang paxta tergan
Seni uxlatib,
Tollarga osilgan
Belanchaklarda.
Baxtiyor bolalik
Kechagi ertak,
Yuragi uvishgan,
Ko‘zi achishgan.
Sening ham qo‘lingga
Berishib etak,
Sening ham ustingdan
Dori sochishgan.
Asl chempion har
O‘zbek bo‘lolgan,
Daladir dunyoda
Asli katta ring.
Dehqonning qo‘liga
Kishanlar solgan,
Millat dushmanlari
Sening raqibing.
Zarbingdan qalqisin
Kulayotganlar,
Yumshoq o‘rnidan bir
Turib qo‘ysinlar.
«O‘zbekning ishi»ni
O‘ylab topganlar,
O‘zbekning mushtini
Ko‘rib qo‘ysinlar.
Kurash to‘ylarga ko‘rk,
Sayilda ermak,
Bilaklarga berdik
Xirmonlarda tob.
Yaponning egnida
Bizlarning yaktak,
Paxtamiz Muhammad
Aliga qo‘lqop.
Bizning ustozimiz
Imon va ixlos,
Asli-ku maqtanish
Emas bizga xos.
O‘n ikki yoshida
Ko‘zlari chaqnab,
Bobur yo‘lbars bilan
Olishgani rost.
Kimlardir bizlarni
Qo‘shmasdi safga,
Mushtingda millatning
Nomusi jodir.
Qay raqibni yiqsang,
Ular tarafga
Bir kulib qarab qo‘y,
Muhammadqodir.
Dengiz bo‘lib jo‘shgin,
Daryo bo‘lib qalq,
Ketsin ko‘ngillardan
Ranjlar ozori.
Sening suyanchig‘ing
Ortingda bir xalq,
Sening murabbiying –
Millat sardori.
Qadoq bitgan panja
Zarbi shunaqa!
Ketmon tutgan panja
Zarbi shunaqa
Habashmisan,
Farang,
Tur, ey, og‘ayni,
O‘zbekning anjancha
Zarbi shunaqa!
Hayot asli kurash,
Hayot asli jang,
Yangi zafarlarga
Yo‘llasin seni.
To‘n kiyib qachonki
Maydonga chiqsang,
Pahlavon Mahmudlar
Qo‘llasin seni.
Men bulbul emasman,
Men bir jaydari,
Ko‘nglimga sig‘inib
Bir qalam surdim.
Xudodan so‘rayman:
Sening singari,
Qodir o‘g‘lonlari
Ko‘paysin yurtim!.
Muhammad Yusuf