Muhammad Yusuf. Bor bisotim oldi yoshligim (video)

BOR BISOTIM OLDI YoShLIGIM

Bor bisotim oldi yoshligim,
Yurak shunga ko‘ndiyu ketdi,
Yodda shunday qoldi yoshligim,
Qush daraxtga qo‘ndiyu ketdi.

Dunyoda eng katta boy edim,
Gijinglagan yakka toy edim,
Sharqiragan toshqin soy edim,
Suvim qurib tindiyu ketdi.

Etishmaydi menga ne jihat,
Allaqayerimdir diqqat,
O‘sha qomat, o‘sha bo‘y faqat,
Yurak chil-chil sindiyu ketdi.

Do‘stlarim ko‘p edi, do‘stlarim,
Keskir-keskir edi so‘zlarim,
Xira tortib qoldi ko‘zlarim,
Sochga qirov indiyu ketdi,
Daraxtga qush qo‘ndiyu ketdi.

Muhammad Yusuf