Ikki xalq farzandi (Maqsud Shayxzoda) (video)

«Ikki xalq farzandi» (Maqsud Shayxzoda)
Stsenariy muallifi, rejissyor va operator: E. Mamedov
Bu film shoir va olim Maqsud Shayxzoda hayoti va ijodi sahifalariga bag‘ishlanadi.

O‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzoda 1908 yil 25 oktyabrda Ozarboyjonning Oqdosh shahrida tavallud topti. Boshlang‘ich va o‘rta ma’lumotni Oqdoshda olgach, Boku Oliy pedagogika institutida sirtdan o‘qidi va 1925 yildan boshlab Derkend shahrida muallimlik bilan shug‘ullandi.

Shayxzoda 1928 yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar muharririyatlarida, 1935—1938 yillarda esa Fanlar Qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938 yildan to umrining so‘ngiga qadar Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qilib, yuqori malakali kadrlar tayyorladi. Shoirning adabiy faoliyati 1929 yildan boshlandi. Uning «O‘n she’r» (1932), «Undoshlarim» (1933), «Uchinchi kitob» (1934), «Jumhuriyat» (1935) to‘plamlarining nashr etilishi adabiyotga o‘ziga xos ovozli shoir kirib kelayotganidan darak berdi.

Urush yillarida shoir butun ijodiy quvvatini, qalb haroratini dushman ustidan g‘alaba qozonishga safarbar etdi. Urushning birinchi kunlaridanoq jang qahramonlarini ulug‘lovchi, front orqasidagi kishilarning fidokorona mehnatini ifodalovchi «Kurash nechun» (1941), «Jang va qo‘shiq» (1942), «Kapitan Gastello» (1941), «Ko‘ngil deydiki…» kabi she’riy to‘plamlari, «Jaloliddin Manguberdi» (1944) tarixiy dramasi va boshqa qator publitsistik asarlarini yaratdi.