Eshqobil Shukur. Vatan bu (video)

VATAN BU

Momolar sirlarin tinglagan tuproq,
Bobolar ko‘kragin ko‘targan osmon.
Pirlarning kaftida ko‘kargan bayroq,
Onalar ko‘zida yig‘lagan doston.
Vatan bu!
Vatan bu!
Vatan bu!

O‘g‘illar ko‘ksida chaqnagan chaqmoq,
Oyqizlar ko‘nglini gullatgan tuyg‘u.
Go‘daklar dilidan boshlangan irmoq,
Shoirlar yuragin porlatgan qayg‘u.
Vatan bu!
Vatan bu!
Vatan bu!

Daholar manglayin yarqiratgan oy,
Fidolar bag‘ridan silqigan bardosh.
Tangri yer yuziga yo‘llagan humoy,
Bobotog‘ bag‘rida tug‘ilgan quyosh.
Vatan bu!
Vatan bu!
Vatan bu!

Eshqobil Shukur