Bobur. Xazon yafrog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim (video)

Xazon yafrog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrai zardim.

Sen, ey gul, qo‘ymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayog‘ingg‘a tushub, bargi xazondek muncha yolbordim.

Latofat gulshanida gul kibi sen sabzu xurram qol,
Men archi dahr bog‘idin xazon yafrog‘idek bordim.

Xazondek qon yoshim, sorig‘ yuzumdin el tanaffurda,
Ba har range, bihamdillah, ulusdin o‘zni qutqordim.

Ne tole’dur mangakim, axtari baxtim topilmaydi,
Falak avroqini har nechakim daftardek axtardim.

Ulusning ta’nu ta’rifi manga, Bobur, barobardur,
Bu olamda o‘zumni chun yamon-yaxshidin o‘tkardim.

Zahiriddin Muhammad Bobur