Alisher Navoiy. Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin (video)

Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin,
Ko‘ngluma har birining dardi balosinmu deyin?!

Ko‘zi qahrinmu deyin, kirpiki zahrinmu deyin,
Bu kudurat ichra ruxsori safosinmu deyin?!

Ishqi dardinmu deyin, hajri nabardinmu deyin,
Bu qatiq dard aro vaslining davosinmu deyin?!

Zulfi dominmu deyin, la’li kalominmu deyin,
Birining qaddin, yana birining adosinmu deyin?!

Turfa xolinmu deyin, qaddi niholinmu deyin,
Moviy ko‘nglak uzra gulrangi qabosinmu deyin?!

Charx ranjinmu deyin, dahr shikanjinmu deyin,
Jonima har birining javru jafosinmu deyin?!

Ey Navoiy, dema qoshu ko‘zining vasfini, ayt
Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin?!

Alisher Navoiy