VATAN MEHRI
Singlim Bibisoraga
Xastalikka yo‘liqdim Vatanimdan yiroqda,
Vayron bo‘ldi ming karra shundoq ham vayron ko‘nglim.
Dengizu tog‘lar osha, goh yayov, goh uchoqda
Meni ko‘rgani kelding, Bibisora, jon singlim.
Ellik yil ayro tushgan ikki jigarband misol
Aka-singil yig‘lashdik, yelkalarga qo‘yib bosh.
Shu lahza onam ruhi charx urardi ehtimol,
Balki otam arvohi tilardi bizga bardosh.
Noshukurlik yomondir, yashadim-ku harqalay,
Qayga borsam, muxlislar bizniki deb atashdi.
Biroq o‘tgan yillarning fe’lin ham aytib o‘tay:
Avvalo qo‘rqitdilar, so‘ngra esa talashdi.
Boylik va amal topish qiyin emas dunyoda,
Jindek chaqqonlik bilan ustakorlik bo‘lsa, bas.
Dushman-ku poylab turar har o‘ru har qiyoda,
Faqatgina chin do‘stni uchratmoq oson emas.
Men ham bir do‘st axtarib, shamol misoli yeldim,
Goho topdim, gohida topolmay chekdim alam.
To‘rt muchaning qadrini yoshim o‘tganda bildim,
Jarohat topdim goho tuyaning ustida ham.
Donishmandlar hayotni aslida sinov deydi,
Bu hikmatni har inson o‘zicha anglar biroq.
Tiriklikda sobit bir mantiq bo‘lsa qaniydi,
Bo‘rilar qolib ketib, qo‘yni sinashar ko‘proq.
Sog‘ayib, safingizda yurarman hali men ham,
Oshno bo‘lib she’r degan abadiy bir sehrga.
Yolg‘iz Xudoga soldim, gar birovdan yetsa g‘am,
Lekin mudom talpindim insoniy bir mehrga.
Kim bo‘libman axir men, mehrga zor-ku bashar,
Chulg‘ab olmish olamni zo‘ravonlik va aqcha.
Oddiy bir to‘pteparga qiyoslab ko‘rsang agar,
Gomer va Tolstoyning narxi bo‘larkan qancha?!
Ha, odam bolasi bu, qon qaqshatar dillarni,
Qo‘li hech bo‘shamaydi ig‘vo bilan urushdan.
Ko‘rdim afsus dunyoda hatto shundoq ellarni,
Zavq oladi o‘z birin toptab, yerga urishdan.
Sen Vatanim mehrini keltirding, Bibisora,
Endi oyoqqa turgum sog‘-omon, o‘ynab-kulib.
Bilib qo‘y, bu mehrni topib bo‘lmaydi sira,
Inchunin, u ko‘ringay gohida singil bo‘lib.
2014 yil
Abdulla Oripov