Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim –
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o‘zingni,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Uzoqlardan zarvorli tog‘lar,
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog‘lar,
Vasling menga bo‘lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Ungurlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqorilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Mana, bugun Navro‘zi olam,
Do‘stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, suyukli erkam…
Qo‘limda gul seni kutarman,
Umrim bo‘yi chorlab o‘tarman:
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Abdulla Oripov