Abdulla Oripov. Kun ko‘rish (video)

KUN KO‘RISh

Chalpak yoqqan emas osmondan aslo,
Har kim nasibasin albatta yegan.
Odam bolalarin lafzida, ammo
Bitta ibora bor – Kun ko‘rish degan.

Asli bu qismatga yo‘liqqan har kas,
Orzu-umididan ayrilgan demak.
Qayda bir luqmani ilg‘adimi, bas,
O‘sha tomonga u yugurgay beshak.

Kun ko‘rish degani o‘rtab dillarni,
Amallab yashashdan bir belgi, nishon.
Zabtiga olgay u hatto ellarni,
Ne-ne mardlarni ham aylagay yakson.

– Nega yolg‘on aytding, aldading nega,
Nega haqni yoqlab bermading turish?!
Deydi: – Sen haq deysan, jon kerak menga,
Kun ko‘rish kerakmi, axir, kun ko‘rish.

Kun ko‘rish yo‘lida yurarlar kuylab,
Kun ko‘rish dardida to‘karlar ko‘z yosh.
Agarda teranroq qarasang o‘ylab,
Jallod ham kun ko‘rish uchun olgay bosh.

Faqat kun ko‘rish deb qilingan ishdan
Bahra toparmikan birorta banda.
Odam charchar bir kun bunday yumushdan,
O‘zini o‘ylar-ku hech bo‘lmaganda.

Ulug‘ orzularga etgandi da’vat
Fidoyi insonlar – benazir zotlar.
Nahotki, kun ko‘rish yo‘lida faqat
Yonib bitgan bo‘lsa o‘sha hayotlar?!

Insof bera qolsin har kimga Egam,
Hayot ko‘zgusida turlanmoq nechun?!
Ehtimol, mana shu satrlarni ham
Yozib turgandirman kun ko‘rish uchun.
08.11.2014

Abdulla Oripov