Yodgor Sa’diyev: “Bobur yuragim tubida yotibdi” (2010)

Kechagiday yodimda, Yodgor Sa’diyev tavalludining oltmish yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha an’anaviy andozalardan ayricha tashkil etilgandi. Sahnada aktyor uchun alohida kursi ham hozirlanmagan, u kechaning boshlovchisi vazifasini ham o‘zi bajargandi. Qo‘liga tor olib “Yalla”ga jo‘rovoz bo‘lgan, doira chalib hamnavozlik qilgandi. Askiya payrovini-ku, qo‘yavering. Men o‘shanda samimiyatga boy bu kechaning muvaffaqiyati haqida o‘ylab, bunga aktyorning sahnani sog‘inib qolganini sabab deb bilgandim.

Baxtidan sarmast aktyorning ustozlari bilan bog‘liq tesha tegmagan hangomalari yig‘ilganlar uchun yangilik bo‘lgandi. Mana o‘shalardan biri: “Yaltada yuribmiz. Portda “Naximov” teploxodi turgan ekan. Teploxodga yaqinlashishimiz bilan Nabi aka: “Men necha marta aytishim kerak “Naximov” emas, “Rahimov” deb qoldilar. Ko‘zimiz teploxoddagi yozuvga tushdiyu hammamiz kulib yubordik. Mana shunday topqir ustozlarimiz bor edi”.

Ekranda aktyor ishtirokidagi spektakllar, kinofilmlar va videofilmlardan parchalar namoyish etilgani, “Dilbarim”dagi Abdusalom, “Engilmas”da Shayx Ja’far, “Minorxo‘rlik ovchi”da Tagay, “Armon”da Dadabo‘ri, “Dovjenko” kinostudiyasi mahsuloti “O‘n uch terak ko‘chasida” Olimjon obrazlarining har birini tomoshabin qizg‘in kutib olgandi… Ayniqsa, ancha havoyi, yengil hayotga moyil Ma’murning (Said Ahmad, “Kelinlar qo‘zg‘aloni”) xatti-harakatlari zalni jonlantirib yuborgan, “Shaytanat” videofilmidan kadrlar namoyish etilayotganda zal birdan tin olib, asarni to‘laligicha qayta ko‘rishga tayyorligini qarsaklari orqali namoyish etgandi… Yillar esa zuvillab o‘tib ketdi. Bugun o‘zim ham o‘sha oqshomni xotiralarimdan izlayapman. Shu o‘y-xayollar qurshovida aktyor huzuriga bordim.

— Sahnada turli qiyofalarni yaratdingiz. Ular orasida kuchlilari ham, uddaburonlari ham, mushohadaliyu havoyilari ham bor. Hayotda esa sizni kuchli odam, deb ta’riflashadi…

— O‘zimning kuchsiz tomonlarim nimadaligini yaxshi bilaman, lekin ularni boshqalarga ko‘rsatmayman.

— Hayot murakkab, taqdir esa insonni turli kuyga soladi. Mana shunday paytlarda ko‘nglingizni kimgadir yorgingiz keladimi?

— Buning uchun oilam, farzandlarim, akam bor. Faqat ulargagina ochilishim mumkin. Shunda ham ichimda saqlay olmagan narsalarimnigina aytaman. Hatto yaqinlarim ham sezishini istamaydigan kemtik tomonlarim bor. Mana-man degan odam ham borgan sari ko‘ngli bo‘shashib boraverarkan. Ba’zan o‘kirib yig‘lagim keladi. Lekin o‘zimni bosaman. Eng kuchsiz tomonim — kechirimliligim. Kek saqlolmayman.

— Atrofdagilar bundan foydalanmaydimi?

— Foydalanadiganlar ham bordir. Eng yomoni, kechiraversangiz boshqacha tushunishadi. Shu o‘rinda, u qadar to‘g‘ri kelmasa ham, bir maqolni aytgim keladi. “Kambag‘alni siylasang — chorig‘i ila to‘rga chiqadi”. To‘g‘ri, men ham boy emasman. Bu maqolni eslash orqali moddiy boylikni emas, ma’naviy boylikni nazarda tutyapman. Mana shunday kimsalarga qarab dahshatga tushaman. Lekin nachora, besh qo‘l barobar emas. Hayot ham, insonlar ham murakkab. Bir odamni o‘z o‘lchovingga tushirishni istaysan. Lekin buning iloji yo‘q. Chunki u boshqa fe’l-atvor bilan yaratilgan. Uning o‘z haqiqatlari bor.

— Tushkunlik holatidan qanday chiqib ketasiz?

— Tushkunlikka tez tushib, undan tez chiqaman. Buning uchun Ollohdan najot so‘rayman.

— O‘z davrida tan olingan futbolchi edingiz. Birdan san’atga yuz burishingizga nima sabab bo‘ldi?

— Qon tortdi. Otam aktyor edi, akam e’zozli aktyor. Qolaversa, sportdan butunlay ketib qolmadim. Ba’zan-ba’zan ko‘nglim tusaganda o‘ynab turaman. Lekin katta sportdan ketganimga achinmayman.

— Tanlagan kasbingiz dunyoqarashingizga ta’sir ko‘rsatdimi?

— Albatta. Agar muhandis yoxud shifokor bo‘lganimda balki xarakterim butunlay boshqacha bo‘larmidi. Bizning kasbda halol, to‘g‘ri odamlar ishlashi kerak. Chunki sahna yolg‘onni kechirmaydi, o‘zidan itqitib tashlaydi. Hayotda ba’zan odamlar bir-biriga qarab: “artistlik qilmagin” deyishsa, menga haqorat bo‘lib tuyuladi. Balki artistlar orasida ushbu toifadagilar ham bordir. Biroq ular sahnada artistlik qila olmaydi. O‘zim esa hayotda hech rol o‘ynamayman.

— Odamlar e’tiborida bo‘lish osonmi?

— Qiyin-ku, lekin faxrli. Eng muhimi, e’tiborni saqlab qolish.

— Sahna xoqoni aktyor deyiladi-yu, biroq u asosan rejissyorga tobe.

— Aktyor va rejissyorni bir-biridan ajratish kerak emas. Ular hamfikr bo‘lishi lozim.

— Siz milliy teatr sahnasida rejissuraga ham qo‘l urdingiz…

— To‘g‘ri, uchta spektakl sahnalashtirdim: “Aldagani xotin yaxshi”, “Tungi mehmon”, “Hayot eshik ortida”. Hali bular bilan maqtana olmayman. Rejissurada o‘rganadigan narsam ko‘p.

— Ochig‘i, Milliy teatr aktyori sifatida ko‘p yillardan beri ushbu sahnada biror rol ijro etmayotganingiz siri bir mutaxassis sifatida meni qiziqtiradi.

— Buning hech qanday siri yo‘q. Ba’zan takliflar bo‘lib turadi. Biroq asarning umumiy saviyasi yoqmagani uchun rad etaman.

— San’atning ko‘plab turlarida ijod qilasiz, siz uchun qay biri qadrli?

— Albatta — teatr! Chunki men teatr aktyoriman. Sahnada tomoshabin nafasini sezib turasiz. Teatrda jonli muloqot bor.

— Televideniye bilan kino unga nisbatan ommaviyroq-ku?!

— Baribir teatrni tanlayman. Balki siz xalqqa tanilib bo‘lgansiz, shuning uchun bu gaplarni aytyapsiz, deyishingiz mumkin. Ba’zan o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urib goh televideniyeda, goh kliplarda, goh kinoda o‘ynayotgan yoshlarni ko‘rsam, ularni to‘xtatgim, to‘g‘ri yo‘lga solgim keladi.

— Ijro etgan rollaringiz orasida qay biri ko‘nglingizga yaqin?

— Pirimqul Qodirov romani asosida Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirgan “Yulduzli tunlar” spektaklidagi Zahiriddin Muhammad Bobur obrazi. Balki shu obraz ustidagi ishim oxiriga yetmagani uchundir. To‘g‘ri, men videofilm ustida ish boshlagandim. Uning bir necha ko‘rinishlari suratga olingan ham edi. Keyin ba’zi sabablarga ko‘ra rad javobini berdim.

— Keyin achinmadingizmi?

— Bunga achinish kerak emas, balki bu yo‘ldagi ishlarni davom ettirish lozim. Bobur yuragim tubida yotibdi. Videofilm yomon chiqmagan. Ijodkorlarni birinchi bo‘lib tabrikladim. Uni baholashga esa haqli emasman.

— Ijodiy taqdiringizdagi eng baxtli onlar…

— Menimcha, aktyor uchun sahnada o‘zi o‘ynayotgan obraz, qahramon hayoti bilan yashay olishning o‘zi bir baxt. Shu ma’noda, baxtli onlarim ko‘p bo‘lgan. Qahramonim Asadbek bilan xayrlashgan kunimni ham baxtli onlarimdan biri, deb bilaman. Bu kunni hech unutmasam kerak. O‘shanda ko‘zimga yosh keldi.

— Ushbu obrazingiz ijodiy biografiyangizda alohida o‘rin tutadi. U tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Filmni ko‘rish jarayonida Asadbekning qator qabihliklarga bosh qo‘shganligini unutasiz, beixtiyor unga xayrixoh bo‘lasiz. Fikrimcha, ijro etayotgan obrazingizga mehringiz tushganu, undagi ijobiy xislatlarni bo‘rttirib, qahramoningizni yaxshilar qatoriga qo‘shgingiz kelgandek, tuyuladi. Ekranda yaratgan obrazingiz ichki dunyoingizga ta’sir etmadimi? Ba’zi jurnalistlar Asadbek xarakteridan chiqib ketishga qiynalayotganingiz haqida yozishdi.

— Albatta o‘zgartiradi. O‘ylashimcha, Asadbek bilan xarakterimda yaqinlik bor bo‘lsa kerak. Shuning uchun tabiatim sajiasida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarning hech biri menga xalal bermayapti. Yodgor Sa’diyev Asadbek bo‘lib o‘ynadiyu Asadbek Yodgor Sa’diyev qiyofasida yashadi… Ular bir-birlari bilan qanchalik qo‘shilib ketishsa, o‘shanchalik bir-birlarini inkor ham etadi.

* * *

Menimcha, aktyor Asadbek obrazi ustida ishlar ekan, qahramonining kirdikorlarini, ular ortida turgan dahshatli oqibatlarni fosh etish asnosida uni xalqqa yaqinlashtirgisi ham kelardi. Asadbekka dunyoda yomonlik yonida turgan yaxshilik ham borligini, pokiza umr atalmish shamchiroq borligini singdirgisi kelardi. Aktyor Asadbekni shu taxlitda talqin qilishni istadi va bunga erishdi ham.

Dilfuza Rahmatullayeva

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 21-sonidan olindi.