Nazar Eshonqul javoblari:
1. Siz aytgan avlodlar bo‘linishi ko‘proq poeziyaga xos. Nazm – dunyoviy an’analar, usullar, sinovlar va shakllarni o‘zida sinab ko‘rdi, taraqqiyot bosqichiga chiqib oldi. Nasr haqida men bunday deb aytolmayman. Nazarimda, nasrga nisbatan jarayon bir muncha boshqacharoq kechganday. Qodiriy va Cho‘lpon boshlab bergan nasriy izlanishlar, xususan, milliy nasr, uni dunyo adabiyoti bilan bo‘ylashtirish haqidagi orzular o‘zini to‘laqonli ma’noda siz aytgan “70-yillar avlodi”ga kelibgina amalga oshdi. Shu sababli, Qodiriydan boshlangan bu jarayonni yosh nuqtai nazaridan bir avlodga mansub deb hisoblamagan bo‘lardim. Bu davrda, garchi nasr bizning adabiyotda azaldan bo‘lgan degan qarash tarafdori bo‘lsam ham, ammo professional nasr, aynan ana shu 50 yilda shakllandi, professional milliy nasr, milliy janr tusini oldi. Mavzular, odamga munosabat, voqelikni aks ettirish, aytadigan gapi, tanlagan shakllari, uslubiy rang-barangligiga ko‘ra, o‘tgan 50 yillik nasrni bir avlod nasri deb baholagan bo‘lardim. Garchi bu nasrda siz sanagan avlodlarga xos tamoyillar bo‘lsa ham. Ammo fundamental nasr janrini ana shu 50 yillik avlod birgalikda yaratdi, bu davr nasrining uslublari, aytar gaplari, maqsadlari, kontseptsiyalari bir-biriga yaqin. Cho‘lponning nasrdagi shakliy izlanishlari, hatto milliy mentalitetga xos bo‘lmagan (Miryoqub xarakteri, uning ayollarga munosabati) voqelikni qamrab olishga, uslubiy kenglikka chiqishga urinishlari, hammasi 70-yillar nasriga kelib, o‘zini to‘la oqlay boshladi. Aslida, avlodlar, menimcha, adabiy kontseptsiyalariga qarab farqlanishi muhimroqqa o‘xshaydi. Biz ana shu 50 yil ichida nasrni yelkasida ko‘targan avloddan (Qodiriy, Cho‘lpon, Qahhor, G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirkarim Osim, Asqad Muxtor, Shukur Xolmirzayev, Murod Muhammad Do‘st, Ahmad A’zam, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov) minnatdor holda, bugun “o‘zbek nasri” haqida bemalol fikr yuritayapmiz. Nasrimiz 50 yillik izlanishdan so‘ng, 80-yillar va bugungi avlod oldiga uni endi yangi bosqichga, yangi pog‘onaga ko‘tarish vazifasini qo‘ydi. Bu – shaklda, ifodada, metaforalarda, obrazlarda, tilda, uslubda ko‘rinishi kerak. To‘g‘ri aytdingiz, yangi avlodning yuzi ko‘rinayaptimi? Ko‘rinayapti. Men “Fano va baqo”, “To‘p o‘yin”, “Ozodlik”, “Haykal”, “Dashtu dalalarda”, “O‘zim bilan o‘zim”, “Qog‘oz gullar”, “Jajman”, “Adashvoy” hikoyalari, “Bozor”, “Ro‘yo”, “Ozod”, “Boqiy darbadar” romanlari kabi asarlarda (ro‘yxatni keng qilish mumkin) ana shu yangi avlodning qiyofasini, uslubini ko‘raman. Albatta, bu asarlarning mualliflari turli yoshda. Lekin ular asarlarini uslubiga va kontseptsiyasiga ko‘ra, yangi avlod nasriga tegishli deb baholash mumkin. Shuning uchun yoshiga qarab emas, adabiy avlodni asarlarning mazmuni, uslubi, kontseptsiyasiga qarab belgilash tarafdoriman. Ehtimol, shunda biz adabiy jarayondagi avlod o‘zgarishini ma’lum bir 10-20 yilga emas, avlod o‘z missiyasini qay tariqa bajaraolganiga qarab baho berishimiz osonlashar! Shu ma’noda yangi nasr avlodi ro‘yxati Asqad Muxtor nomi bilan birga, bugun Ahmad A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdamdan keyin yoshi hali o‘ttizga kirmagan yoshlarimizga borib taqalayotgani kishini xursand qiladi. Yaqinda Murod Chovushning “Hech” degan qissasini o‘qib qoldim. Meni xursand qilgan narsa, Murod Chovush aytadigan gapiga o‘ziga xos yangi shakl topa olgan. Shu bilan birga, olmoshlar o‘rtasidagi to‘siqni, boshqacha aytganda, an’anaviy bayon usulini osongina yengib o‘tadi. Men ham bir voqelikni “Men”, “Sen”, “U” tilidan va nuqtai nazaridan hikoya qilishga uringanman. Ammo, baribir, meni me’yorlar ushlab turgan. Murod Chovush esa hech ikkilanmay, dadillik bilan bu me’yorni buzadi. Buzganda ham oson, tabiiy buzib o‘tadi, bunga izoh ham bermaydi. “Men” qoladi, ammo qahramonlar o‘zgarib turadi. Bu adabiy priyomni tabiiylikka ancha yaqinlashdirgan. “Potok soznaniya” – ong oqimi usuli bu qissada yaqqol o‘z ifodasini topgan. Ammo qissa tili ancha hafsalasiz, ishlov berilmagan, pala-partishlikka moyil, poetik unsurlardan ko‘ra, shaklga berilib ketilgan. Lekin, baribir, adabiy jarayonning bir namunasi sifatida tahlil qilishga arziydi. Oz bo‘lsa-da, yoshlar yangi nasr avlodga mansubliklarini isbotlashga urinishayapti. Yangi nasrga xos ifoda usullari Bahodir Abdurazzoq, Umid Yoqub izlanishlarida ham batafsilroq ko‘rinayapti.
2. Ijod erkinligi mavzusi yigirma yil muqaddam dolzarb edi. Bugun, nazarimda, u kam eslanayapti. Sababi shundaki, bugun kim nimani xohlasa yozib yotibdi, hech kim, hech narsa to‘siq bo‘layotgani yo‘q. Hatto shu darajada erkinlashib ketdikki, adabiyotga, estetik normalarga, etik tamoyillarga zid bo‘lgan, ota-bobolarimiz bizni millat, xalq qilish uchun misqollab yig‘gan va bizga shu yo‘llardan boshqasida yurish insoniyat tanazzuli ekanini qat’iy qilib belgilab ketgan qoidalardan voz kechilgan, insonning hayvoniy qiyofasini aks ettiradigan, hirs, ehtiros jarayonlari batafsil tasvirlanayotgan, demak, targ‘ib qilinayotgan oldi-qochdi, tijorat, fisq-fasod cho‘pchaklarni ham gazetalarimiz, ham nashriyotlarimiz yangi adabiy voqelik sifatida e’tirof etishayapti, bunaqa asar yozayotganlardan yangi davr De Sadini yaratishayapti. Hatto shu darajaga borishayaptiki, yaqinda bir xususiy noshir bir mashvaratda uyalmay-netmay: “Falonchi hirsni badiiy voqelik darajasiga ko‘tarib, adabiy kashfiyot qildi” degan gap bilan maqtanibdi ham. Noshir nazarda tutgan “asarlar” yozayotgan “kashfiyotchi” adibning kitoblari bugun kitob savdosida bozori chaqqon. Men o‘ylab qolaman, shunday “hirsli kashfiyot” qilayotgan ham, shunday kitobni nashr etayotgan ham shu asarlarni o‘z farzandlari, o‘z nabiralari o‘qishini, ana shu “batafsil tasvirlangan”, “adabiy voqelikka aylantirilgan” “hirs” tasvirlari farzandlarining odob va axloqiga ta’sir qilishi, o‘zgartirishi mumkinligini o‘ylarmikin?! Yo farzandlari bilan ham bu mavzuda xuddi asarlaridagi tasvirlar kabi bemalol gaplashaverarmikin?! Agar shunday bo‘lsa, unda bu holatni adabiy tanqidchilik emas, tibbiyot xodimlari muhokama qilishi kerak. Menimcha, qo‘liga qalam oluvchi har bir odam oldin yozganlarini farzandlariga o‘qib beraoladigan va kelajak oldida axloqiy nuqtai nazardan uyalmaydigan qilib yozishi kerak. Mabodo, o‘z asarlarini farzandlariga o‘qib berishga uyalsa, unda nega uni butun millatga taqdim qilishi kerak? Maqsad nima? Millat axloqiga putur yetkazishmi? Biz har yozganimiz uchun bolalarimiz oldida javob beramiz. Ularning axloqi, insongarchiligi, dunyoqarashi oldida yozgan har bir so‘zimiz bilan javobgarmiz. Adabiyot, qalam bizga ana shunday mas’uliyat yuklaydi.
Qaysidir gazetada o‘qib qoldim. Bir “yozuvchi” ukamiz har kuni bir bosma toboqdan ikki bosma toboqqacha “asar” yozar ekan. Shuning uchun uning yozganlari gazetalarda tinimsiz bosiladi, uni hatto “davrimizning taniqli va iste’dodli yozuvchisi” deb tanishtirishadi. Lekin bu ukamiz oddiy adabiy jumla tuzishni bilmaydi. Ega-kesim va uyushiq bo‘laklaridan boshqa poetik ohordan darak yo‘q. Shunday paytda, “iste’dod” degan so‘zdan ham, yozuvchilikdan ham odamning ko‘ngli qolib ketadi. Boshqa bir toifa, bugungi erkinlikdan foydalanib, adabiyotimizga De Sad an’analarini olib kirayaptiki, bunday erkinlik ota-bobolarimiz qarshi kurashib kelgan illatlarning keng ildiz otishiga zamin yaratayapti. Umuman, masalaga qaytadigan bo‘lsak, erkinlik ijodkorga suv bilan havoday zarur. Mustaqillik bu erkinlikni berdi. Xudoga shukur. Baliq suvsiz yashay olmagani kabi, ijodkor erkinliksiz yashay olmaydi. Bu isbotlangan. Ammo erkinlikni ota-bobolarimiz biz uchun misqollab yig‘ib qoldirgan gumanizm va axloqdan voz kechish, an’ana va qadriyatlarni mensimaslik, uni vayron qilish, fahsh va tuban manzaralarni tavsiflash deb tushunish vulgarizm va varvarizmdan boshqa narsa emas. Bunday erkinlik oxir-oqibat millatni ham, insoniyatni ham tanazzul yoqasiga olib boradi. Insoniyat juda ko‘plab tsivilizatsiyalarni boshidan kechirgan. Ana shulardan eng buyugi, hatto olovning kashf etilishidan ham ahamiyatlirog‘i – bu uyatli joyini yopib yurishni o‘rgangan, o‘rgatgan tsivilizatsiyadir. Ikkinchi buyuk yutuq gumanizm, ana shu gumanizmga bog‘liq ravishda shakllangan, insonni ulug‘lashga, uni axloqiy va ma’nan go‘zallashtirishga xizmat qiluvchi axloqdir. Bu ikki yutuqsiz insonning hayvondan hech qanday farqi qolmaydi. Bugun De Sad kabi jinsiy va axloqiy erkinlikni adabiyotga olib kirish bilan, bu buyuk yutuqlarga zarar keltirayotganlar o‘zlari bilib-bilmay insoniyatning, millatning tanazzuliga xizmat qilishayotganini anglashayotgani yo‘q. G‘arb adabiyoti axloqsiz De Sad va uning izdoshlari tufayli emas, adabiy iste’dodlar va ulug‘ gumanizm g‘oyalarini tarannum etgani hisobiga taraqqiy etgan. Adabiyot hamisha hur fikr, hur taraqqiyot, hur iymon, vijdon uchun kurashib kelgan. U istibdodning, zulmning, zo‘ravonlikning, yovuzlikning har qanday ko‘rinishi bilan kelisha olmaydi, ularga qarshi kurashadi, ularga qarshi kurashib turib, erkinlik tarafida turadi, ammo insoniyat misqollab yig‘gan axloq va gumanistik fazilatlardan hech qachon voz kechmaydi, garchi bu gumanizm va axloq kimlargadir va qaysidir xatti-harakatlarga ta’qiq, erkinlikni bo‘g‘ish bo‘lsa ham, u bulardan voz kecholmaydi. Chunki ayni shu narsalar insonni hayvondan ajratib, uni san’at va madaniyat sari boshlab kelgan. Inson avratini yopgan kunidan boshlab san’atni his qilib, nafosat sari yuksala boshlagan. Endi bu avratni ochib ko‘rsatish odamni hayvon kabi yalang‘och yurishga undovdan boshqa narsa emas. Axloqsiz va insonparvarliksiz san’at bo‘lmaydi. Hirs va junbishni shavq bilan batafsil tasvirlash – uni targ‘ib qilishdan boshqa narsa emas. Mabodo, targ‘ib qilinayotgan ekan, unga sog‘lom aql ko‘zi va qonun ko‘zi bilan qarash zarur bo‘ladi. (Bu mening shaxsiy fikrim: kimki hirs va junbishni o‘quvchida rag‘bat va havas uyg‘otadigan, uning ong osti tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan darajadagi tafsilot bilan yozayotgan ekan, bu yerda nimadir, xususan, qandaydir missionerlik g‘oyasi borday tuyuladi. Bugungi g‘arazli dunyoda ommaviy madaniyatning tazyiqiga sabot bilan dosh berib kelayotgan Sharqni moddiy va ma’naviy sindirish uchun, avval, uning axloq, qadriyatlari, oila va jamiyat haqidagi tushunchalariga putur yetkazishga, yo‘qqa chiqarishga urinib yotgan kuchlar mavjudligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi).
Ikkinchi tomondan, ijodkorning erkinligi uning matonati bilan, irodasi bilan, iymoni bilan chambarchas bog‘liq. Ijodkorning balig‘i suvsiz ham yashayoladi. Agar u quruqlikda sudralib yurishni o‘rgansa… Bu istehzo emas. Balki ijodkorning taqdiri ekanini eslatish uchun keltirdim. Chunki ijodkor erkinlik bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham yozishga mahkum. U Xudoning odamlar orasidagi, bizning ko‘nglimizdagi, adashgan manzilimizdagi nigohi. U hamisha va har qanday vaziyatda yozishi shart. Do‘zaxiy sharoitda ham u ijod qilishga, insonni matonatga undashga, uning ko‘nglidan do‘zax kullari ichida ham bir chimdim cho‘g‘ topishga, ana shu cho‘g‘ orqali uni xalos qilishga, yetaklashga majbur. U shunisi bilan ijodkor. Shart bo‘lsa, zarur bo‘lsa, suvdan chiqib, sudralib, o‘rmalab, tirmalab yurib yozishi shart. Chinakam iste’dodlar, chinakam ijodkorlar ana shunday qilishadi. Ana shuni qismat deb bilganlar haqiqiy ijodkorlardir.
“Rang-baranglik”, “avlod”, “izm”lar bir-birini inkor etadigan tushunchalar emas. Avlod rang-barang, shuningdek, qaysidir “izm”ga daxldor bo‘lishi mumkin. Gap “izm”da emas. Gap iste’dodda. Iste’dodsiz “izmlar” suvsiz ko‘lga o‘xshaydi. “Izm”ga daxldorlik iste’dodlarga yarashadi. “Izm”lar iste’dodsizlikni yashirib turadigan qo‘rg‘on emas. Afsuski, bugun ba’zilar o‘zlarining no‘noqligini, iste’dodsizligini ana shu “izm”lar ostiga yashirib olishga urinishayapti. Hatto bittasi o‘zini “men simvolizmda ijod qilaman”deb da’vo qildi. Gaplashib ko‘rsang, o‘zi simvolizmning “s” harfini ham bilmaydi. “Simvolizmda ijod qilaman” desa, yozgan tuturiqsiz narsalariga ma’no kiradi, go‘yo. Bunaqa o‘zlariga “izm”lardan uya, in yasab olayotganlarning na avlodga, na rang-baranglikka, na “izm”larga aloqasi yo‘q. Ular shunchaki adabiy oliftalar. Bunaqalarni vaqt, baribir, bir kun adabiy jarayondan surib-chiqarib tashlaydi. Avlod ham, adabiy jarayon ham iste’dodlarga qarab baholanadi, e’tirof etiladi.
3. Adabiyot inson mohiyatini o‘rganar ekan, u bevosita falsafa va ilohiyot bilan birlashib ketadi. Adabiyotning dardi, iztirobi, og‘rig‘i falsafiy og‘riq, ilohiy og‘riq. Chunki insonning mohiyatini uning ko‘ngli va ruhiyatini moddiy taraqqiyotlar to‘la qondira olmaydi. Mana, XXI asrda insoniyat aql bovar qilmas taraqqiyotga erishdi, uning qulayliklaridan, taraqqiyotning barcha mahsullaridan foydalanayapmiz, kosmosga uchayapmiz, olis yulduzlarning titi-pitisini chiqarib, tekshirib yotibmiz, nigohlarimiz teleskoplar orqali galaktikalarning uzoq nuqtalariga borib yetayapti, ammo inson muammosi Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Mashrab davridagidan nari siljigani yo‘q. Bu muammo hali ham shunday turibdi. Xususan, siz keltirgan Rumiy hazratlari insonshunoslik masalasida nima degan bo‘lsa, bugun ham o‘sha hikmat, o‘sha tahlillar dolzarbligicha turibdi. Demak, inson mohiyatini moddiy jihat, moddiy ravnaq to‘la ochib berolmaydi. Inson hali-hanuz jumboqligicha qolmoqda, haligacha u o‘zi izlaganini topolgani yo‘q. Izlagani chetda emas, uning o‘z ichida bo‘lsa, ne tong?! Ehtimol, odamzod bu dunyoga o‘z ichidagini o‘zgalardan izlab, o‘zi bilan o‘zi kurashib, o‘zi tuzab, o‘zi vayron qilib, o‘zi tanazzulga borib, o‘zi tiklab umr kechirishga mahkum etilgandir?! Ehtimol, tiriklik mohiyati mana shu qutblar orasidagi izlanishda va o‘zini topishdadir. Ehtimol, inson qachonlardir o‘z ichidagini topib, o‘zini-o‘zi mahkumlikdan xalos qilar. Lekin hozircha xalos qilgani yo‘q. Inson haligacha o‘ziga-o‘zi jumboq. Bu jumboqning ildizini ilohiyotdan, ruhiyatdan, koinotdan, ana shu olamni birlashtiradigan o‘zidan izlash kerak, chamamda. Ana shu narsalarning hammasi, Rumiy hazratlari aytganday, insonning ichidadir. Inson ichi koinot kabi keng, ilohiyat kabi quvvatli, ruhiyat kabi sirlidir. Barcha savolga javob uning ichida, uning o‘zida, uning mohiyatida. “Har ikki olam” tahlili – bu insonning o‘zini tahlil qilishdir.
4. Siz biz gaplashayotgan adabiyot Navoiy davrida kimning yonida turgan bo‘lsa, bugun ham o‘shaning yonida turibdi. Shakllar, manzaralar, chegaralar, mezonlar, janrlar, ifoda usullari o‘zgardi, ammo adabiyotning azaliy va abadiy mavzusi ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash to‘xtagani yo‘q. Insoniyat ibtidosidagi Shayton va Rahmon kurashi hali ham davom etayapti. To‘g‘ri, bugungi voqelikda birdaniga yovuzlik va ezgulikni anglash juda mushkul. Xuddi ertaklardagi kabi ularni birdan oq-qoraga ajaratib olish juda qiyin. Ammo kurash ketayapti. Ikki qutb o‘zlarining shakllari va usullarini o‘zgartirdi, qiyofalarini ham tanib bo‘lmayapti. Chunki kurash endi botiniy tus oldi. Bu kurash insonning ko‘ngliga ko‘chdi. Bugun har qachongi davrdan ham ko‘ra, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi farqni aniqlash o‘ta mushkullashgan davr. Chunki Shayton va Rahmon inson botiniga yashirindi. Bugun Shayton ham, Rahmon uning ichida, Shayton va Rahmon markazi insonning o‘zi bo‘lib qoldi. Jamiki yovuz kuchlar xuddi ezgu kuchlar kabi inson qalbini zabt etishga kirishdilar, uni o‘ziga bo‘ysundirishga o‘tdilar. Shu sababli Shayton ham o‘zining qiyofasini ezgulik niqoblari ostiga yashirib olmoqda. Inson uchun kurash bugun barcha mafkuralarning, shuningdek, san’atning bosh vazifasi bo‘lib qoldi. Inson bo‘lmasa, bu kurashning mohiyati qolmaydi. Shu sababli, inson qanchalik chuqur tahlil qilinsa, u yerda bu kurash shuncha ko‘p yuzaga chiqib, ezgulik va yovuzlikning qiyofasi aniqlasha boradi. Inson murakkablashgani sababli, ezgulik va yovuzlik kurashi ham murakkablashdi, adabiyotning ifoda etish usuli ham murakkablashib bormoqda. Bu murakkablikdan kelib chiqib, san’at gumanizmdan chekinolmaydi. Adabiyot insonning yonida, insonparvarlikning yonida turmog‘i shart.
5. Aslida, “izmlar” insonni tahlil qilishning turli usullarini taklif qilayotgan harakatlar, urinishlardir. Postmodernizm ham ana shunday urinishlardan biri. Menga adabiyotning bosh vazifasini, uning asl missiyasini unutib qo‘yib, shakl va fikr izidan quvgan oqimlar, uning qanday nomlanishidan qat’iy nazar yoqmaydi. Xaruki Murakamini o‘qiy olmayman. Menga sun’iy tuyuladi. Ammo Kavabata yoki modernistlar otasi Kafkani yoxud Bekketni hamisha qayta-qayta o‘qiyman. Murakami adabiyotdagi zamonaviy fokusga, jimjimaga o‘xshaydi. Adabiyotning poydevori bo‘lgan inson haqidagi qayg‘udan ko‘ra, o‘zining kiyim-boshini, mashinasini, kompyuterini, mobilini, jargonini muhokama qilayotganday tuyuladi. Men bugun shov-shuv bo‘layotgan postmodernistlar haqida fikr aytishdan tiyilaman. Kafka, Kamyu, Joysda va boshqa modernist dab atalgan yozuvchilarda inson iztirobi va poeziya, nafosat bor edi. Hozirgi davr oqimlari haqida bunday deya olmayman. “Hayot ma’nisiz, ma’nisizlikka ongli munosabatda bo‘lish kerak” degan fikrni ohorsiz shakllarga solib berayotganday. Bunday jimjimador oqimlarga chalg‘ish kerak emas.
6. Bu savol oldingi savolning boshqacharoq shakli. Aslida, san’at insonning his-tuyg‘ularini qitiqlaydi, tasavvurini o‘ynaydi, fikr qilishga, o‘ylanishga majbur qiladi. Bugun o‘quvchining tasavvur qila olish darajasini sinashga qaratilgan asarlar anchagina… Shakliy, uslubiy izlanishlar, boshqotirmalar, garchi u adabiyotning asosiy talabi va mezoniga mos bo‘lsa, hech qanday xavfli joyi yo‘q. Gessening “Igra v biser”, Kortasarning “Igra v klassiki”, “62. Model qurilmasi” (“62. Model dlya sborki”) romanlari ham siz aytganday o‘yinga, boshqotirmaga qurilgan. Ammo ular adabiyotning barcha talablariga moslashtirilgan, bo‘ysundirilgan. Nafosat va estetika mezonlaridan chetga chiqqan har qanday shakl va mazmunning san’atga aloqasi yo‘q. San’at ana shu mezonlarda o‘yin qilish uchun yaratilgan. Bu mezonlarda turib o‘yin qilgan Bodler, Pikasso, Joys, Kafka, Prust, Bekket, Vulf, Muzil, Kamyu, Sartr, Salvador Dali, Kortasar va boshqalar bugungi oqimlarning otasi edi. Ular san’atning ifoda chegaralarini qanchalik kengaytirishmasin, ana shu mezonlar doirasidan chiqqanlari yo‘q, ular tasavvurni kengaytirdilar, his-tuyg‘ularni qitiqlashdi, fikrni kuchaytirishdi, ammo estetikaga zid ishlar qilishgani yo‘q. Men adabiyotning, uning tasviri, aks ettirishining chegarasi yo‘q degan gapga qo‘shilmayman. “Izm”larning va izlanishning ham chegarasi bor, u tasavvur, estetika, axloq va gumanizm chegaralaridir. Ana shularga yot narsalarni men asar sifatida, san’at sifatida qabul qilolmayman.
7. Adabiy tanqid masalasi bugun o‘ta dolzarb muammoga aylangani rost. Adabiy tanqid kitobxondan bir qadam oldinda yurishi kerak. Ilg‘or xorij mamlakatlarida o‘quvchilar didini tarbiyalaydgan maxsus to‘garaklar bor, gazetalar bor, maxsus adabiy did bilan shug‘ullanadigan guruhlar bor. Bizda bu ish adabiy tanqidning ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan. Adabiy tanqid esa bugungi o‘rtacha o‘quvchi darajasidan o‘sib chiqolgani yo‘q. Adabiyotshunoslarimiz xafa bo‘lishmasin. Adabiy tanqid degani faqat adabiyotshunoslik emas, yozuvchi, shoir, faylasuf, sotsiolog, umuman, ziyoli qatlamning hammasi shu doiraga kiradi. Bu dard hammamizniki. Masala shundaki, adabiy did kundan-kunga maydalashib, xiralashib borayapti. Uning xiralashishida ommaviy madaniyat bilan birga, yozuvchilarning, tanqidchilarning o‘zlari ham xizmat qilishmoqda. Ko‘cha cho‘pchakbozligining tanqidchilari paydo bo‘ldi. Ular ana shu cho‘pchakbozlikni bevosita adabiyotga daxldor qilishga ter to‘kib mehnat qilishayapti. Tuppa-tuzuk yozuvchilar ko‘cha cho‘pchakbozligiga o‘tib ketishdi. Ha, mayli, tirikchilik-da (kosibchilik qo‘lidan kelmaganlarning bunaqa tirikchilik qilishi gunoh ham, ayb ham emas, aksincha, so‘z ohorini bilmaydigan ko‘cha yozuvchilaridan afzalroq), deb yurgan edik, ammo ular endi bu cho‘pchakbozlikni adabiy asar sifatida davo qilishayaptiki, bu adabiy jarayonimizda xavotirli holat paydo bo‘lganini bildiradi. Yo‘ldosh Solijonovning aynan shu masalada kuyinib yozgan maqolasiga boshqa bir adabiyotshunos e’tiroz bildirdi, go‘yo bu bilan adabiyotshunoslikda fikrlar xilma-xilligini namoyish qildi. Aslida, bu e’tiroz mohiyatan olganda, cho‘pchakbozlikni adabiyotga tiqishtirishdan, adabiyotda paydo bo‘layotgan mayda manfaatlarning namoyishidan boshqa narsa emas edi. Yaqinda bir tuppa-tuzuk adabiyotshunosning estetika talablariga javob bermaydigan bir hikoyani og‘zidan bol tomib maqtaganini eshitgach, adabiy didimiz ancha xatarli vaziyatga tushib qolganini his qildim. Tanqidchi yozuvchi, shoirlar bilan birga adabiy did uchun mas’ullardan biri. Uning bu didni tushirishga, soya solishga haqqi yo‘q. Bugungi adabiy tanqid o‘zining faoliyatsizlik davrini boshdan kechirayapti. Ularning ayrimlari nazariyaparastlik bilan, ayrimlari cho‘pchakbozlikni adabiyotbozlikka aylantirish bilan mashg‘ul bo‘lishayaptiki, bundan xavotirlanmay bo‘lmaydi. Ilgari ham yozgandim. Milliy did, jumladan, adabiy did ham xuddi davlat chegaralari kabi qo‘riqlanishi shart. Faqat bu yerda “chegarachilar” yozuvchilar, tanqidchilar, olimlar, ziyolilar bo‘lishi kerak. Agar biz shu paytgacha shakllangan adabiy didni boy bersak, adabiyot yashab qolish imkoniyatini boy bergan bo‘ladi, o‘rnini ommaviy madaniyat namunalari bo‘lgan tijorat asarlariga bo‘shatib beradi. Tijorat adabiyoti esa hech qachon millatni tarbiya qilmaydi, uni globallashuv davrida payt poylab turgan boshqa mafkuralarga yem bo‘lishga, yutib yuborishiga zamin tayyorlaydi. Ana shuning uchun ham bu xavotirli holat.
8. San’at ijodkorning o‘zini namoyon etish usulidir. “O‘zini” deganda, ko‘p narsa nazarda tutiladi. Bu yerda o‘zlik, davr, zamon, jamiyat, qarashlar, tushunchalar jamuljam bo‘ladi. Har bir ijodkor o‘zini o‘ziga xos ifoda etgisi, shunga mos uslub, shakl tanlagisi keladi. Xuddi barmoqlarimiz kabi ijodkorning dunyoni qabul qilish tarzi ham bir-biriga o‘xshamaydi. To‘g‘ri, uslubiy yaqinliklar bo‘lishi mumkin, lekin aynan takrori bo‘lmaydi. Qodiriy bilan Cho‘lponning ma’naviy qarashlari bir-birlariga yaqin bo‘lsa ham uslublari bir-birlariga o‘xshamaydi. Bu voqelikni ko‘rish, yondashish va aks ettirishning o‘ziga xosligidan darak beradi. Ha, barmoq izlari kabi, agar ijodkor shaxs bo‘lsa, ular bir-birlariga hech qachon o‘xshamaydi. Bir-biriga o‘xshamagani uchun ham biz adabiyotning maydoni, chegarasi, usuli ko‘p va keng deymiz. Adabiy xilma-xillik – shaxslar xilma-xilligidir. Shaxs bo‘lmagan ijodkorning asarlari xuddi inkubatorning tuxumlari kabi bir-birining yo u jihati, yo bu jihatining takrori bo‘ladi, xolos. Shaxs bo‘lib shakllangan ijodkorning asarlarigina rang-barang bo‘ladi, bunday ijodkorlar adabiyot uchun voqea bo‘laoladi. Qog‘oz qoralash, yozuv ustida ter to‘kish, jild-jild kitoblar chiqarish, til qonuniyatlariga amal qilib jumlalar tuzish, ega-kesimni joyiga qo‘yish, “ijodkor” degan nomga sazovor bo‘lish, ko‘pchilikning qo‘lidan keladi, ammo kamdan-kam ijodkorlar shaxs bo‘lib shakllanadi. Shaxs bo‘lib shakllanmagan ijodkor esa adabiyot uchun shunchaki o‘tkinchi hodisa. Bugun bor, ertaga yo‘q. Adabiyotning shafqatsizligi ham shu yerda. Minglab odam asar yozadi, adabiyot esa faqat bitta-ikkitasini ertangi kunga yetkazadi. Qolganlari shu zamonning yilnomalari kabi o‘z davrida qolib ketaveradi. Shuning uchun shaxslar yaratgan uslublargina adabiy jarayonga ham, adabiyotga ham “quvvat”, yangilanish, toza havo beradi. Rang-baranglik – shaxslar rang-barangligidir.
9. Yozuvchini millat vijdoni deyishadi. “Millatga vijdon” bo‘lish mas’uliyatli va sharafli maqom. Ijodkorning burchi ana shu maqomga sodiq qolish va halol bo‘lishdir. To‘g‘ri, barcha zamonlarda yozuvchilar o‘tkinchi masalalarga, davr bilan bog‘liq muammolarga munosabat masalasida har xil qarashlarda bo‘lganlar. O‘tkinchi kurashlarga bog‘lanib qolib, adabiyotning bosh vazifasi unutilgan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, men Soljinitsinga hurmat bildirgan holda, uning rus adabiyoti uchun juda kam asari ertangi kunga qoladi, deb o‘ylayman. Asosiy asarlari sho‘ro tuzumini fosh qilishga qaratildi. Bugun esa bu asarlarning unchalik ham ahamiyati yo‘q. Davr bilan birga Soljinitsinning dovrug‘i ham so‘ndi. Lekin men, baribir, faol fuqarolik tarafdoriman. Yozuvchi uchun o‘tkinchi muammo yo‘q. Agar u muammo millat, Vatan, inson taqdiriga daxl qilayotgan bo‘lsa, bu masalaga yozuvchi aralashishi va hal bo‘lishida o‘z hissasini qo‘shishi kerak, deb bilaman. Rus tafakkuri XIX asrda Belinskiy, Gertsen, Dobrolyubov, Cherneshevskiy, keyinchalik Tolstoyning faol fuqarolik pozitsiyasi mahsuli bo‘lgan fikrlar bilan ravnaq topganini hech kim inkor qilolmaydi. Abadiy mavzular bilan birga insonga, uning kelajagiga, gumanizm va erkinlikka daxl qilayotgan masalalarga o‘z munosabatini bildirish ijodkorning burchi va vazifasidir. “San’at san’at uchun” qarash tarafdori bo‘lgan Tomas Mann, Stefan Sveyglar fashizm bilan kelishmay, yurtini tashlab ketishdi va umrlarining oxirigacha antifashist (kommunist emas) bo‘lib qolishdi. “San’at san’at uchun” degan qarash ijodkorni mayda-chuyda masalalarga o‘ralashib qoluvchi publitsist bo‘lib qolishdan asrash uchun aytilgan… Hamma gap shundaki, yozuvchi Xudo bergan iste’dodini o‘tkinchi kurashlarga bag‘ishlamasligi, “atomni o‘tin yorish uchun” ishlatmasligi kerak. Uning buyuk missiyasi inson qalbini poklantirish, insonni bani olam uyg‘unligi yo‘lida ruhlantirish, unga matonat bag‘ishlash, insonni oliy hidoyat sari undash, insonning xayoli va tafakkuriga qudrat, kuch ato etishdan iborat. Ana shu yo‘lda u har soniya, har kuni va har doim yonib yashashi shart bo‘ladi.
10. Bu masala haqida keyingi yillarda ko‘p gapirilayapti. Albatta, xavotir o‘rinli. Ko‘cha cho‘pchagi bilan, adabiyot boshqa-boshqa narsa. Adabiyot va madaniyatni teran tushunadiganlar hatto AQShda ham Folkner, Xeminguey, Vulf, Tornton Uaylder qatoriga hech qachon Artur Xeyli yoki boshqa bestseller yozuvchilarning nomini qo‘shib sanashmaydi. “Bestseller” inglizcha “best seller” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “eng ko‘p sotiladigan” degan ma’noni bildiradi. Bu yerda kitobning sifati, adabiy qimmati emas, uning tijorat qiymati birinchi o‘rinda turadi. Shu sababli, ko‘cha cho‘pchaklarini “adabiyot” deb emas, oddiy “tijoriy asarlar” yoki “bestseller” deb atash kerak. Ana shunda adabiyot bilan ko‘chaning yengil oldi-qochdilari o‘quvchilarni chalg‘itmaydi. Biroq bu yerda ham, eng avvalo, tanqidchilar va yozuvchilarning murosasiz nigohi, kuzatuvi hamda munosabati kerak bo‘ladi. Adabiy did milliy boylik hisoblanadi. U asrlar osha sayqallanib, rivojlanib keladi. Uni tushirishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu didni sayozlashtirishga qilingan har qanday harakatga qarshi ayovsiz kurashish kerak. Asarlar bilan, munosabat bilan, tanqidshunoslik va adabiyotshunoslik bilan. Bu – bizning adabiyotshunosligimizning burchi. Agar jilovni ko‘cha asarlariga berib qo‘ygan ekanmiz, bu yerda adabiyot uchun mas’ullardan boshqa hech kimni ayblab bo‘lmaydi. Tasavvur qilaylik, uyimizga bolalarimizning sog‘ligiga, axloq va o‘lchamlarga zarar beradigan odatmi, virusmi, hasharotmi kirsa, darrov bu narsalardan qutulishga harakat qilamiz, uyni tozalaymiz, tarbiya bilan jiddiy shug‘ullanamiz, tashvishga tushamiz, toki ana shu xatar yo‘qolmaguncha tinchimaymiz, halovat bilmaymiz. Adabiy did borasida ham xuddi shunday bo‘lishimiz kerak. Adabiyot yozuvchilarning “uyi”, mehrobi, unga gard yuqtirmaslik hammamizning burchimiz. Adabiyot “eng ko‘p sotilishga” emas, eng yuksak didni, nafosatni va insonparvarlikni tarbiyalashga, uni o‘stirishga xizmat qiladi. Didi baland millat esa ulug‘ evrilishlar qilishga qodir millatdir. Chunki did – bu madaniyat, tafakkur tarzidir, ham iqtisodda, ham ruhoniyatda, ham fikrda, ham madaniyatda ertangi kunga yoqilgan mayoqdir. Bugun biz qanday mayoq yoqsak, ertangi avlod o‘sha mayoq nuri bilan hayotga nazar soladi, o‘sha mayoq nuri bilan ajdodlarimiz va bani bashar qoldirgan merosga, qadriyatlarga munosabat bildiradi, o‘sha mayoq nuri bilan baho beradi, yashaydi. Bugungi adabiy jarayon ana shu mas’uliyatni unutmasligi kerak, deb hisoblayman.
Dilmurod Quronov javoblari:
1. Sirasini aytsam, men ko‘proq “70-yillar avlodidan keyin bizda adabiy avlod shakllanmadi” deguvchilar fikriga qo‘shilaman. Biroq bu fikrni yozg‘iriq ohangida yoki adabiyotimizga 70-yillar avlodidan keyin kirib kelganlarni kamsitish ma’nosida aytish to‘g‘ri emas, deb bilaman. Nazarimda, savolda XX asr o‘zbek adabiyotidagi adabiy avlodlar juda to‘g‘ri sanab o‘tilgan, har birining g‘oyaviy-estetik mavqei, ijodiy kredosini belgilagan asosiy omil – davr dominant ijtimoiy kayfiyati mohiyati ham lo‘nda ifodalangan. Haqiqatan ham sanalgan avlodlar g‘oyaviy va adabiy-estetik qarashlari jihatidan bir-biridan aniq-tiniq farqlanadi. Savol tug‘iladi: mumtoz adabiyotimizda hozir biz nazarda tutayotgan ma’nodagi “adabiy avlod”lar bormi? O‘ylaymanki, agarda yo‘q desam, birov e’tiroz qilmasa kerak. Demak, adabiy avlod degani muayyan davr, shu davr yuzaga keltirgan ma’lum shart-sharoitlar mahsuli ekan-da! Fikrimcha, shunday: u shaxs ijtimoiylashgan, o‘zining mohiyatiyu taqdirini jamiyat bilan birlikdagina idrok qilib, ijtimoiylikni shaxsiylikdan ustun qo‘ygan davr mahsuli. Hozirgi inson esa, buni xoh G‘arb ta’siri deng va xoh boshqa, tamomila boshqa olam: u turmushini yaxshilash, o‘zi va yaqinlarida mavjud imkonlarni namoyon etishu farovon yashash uchun zarur sharoitlar yaratish… kabi oddiy, kundalik tashvishlar bilan andarmon. Iloj qancha, yaqin-yaqinlargacha adabiyotimiz “meshchancha” deya qoralab kelgan turmush va tafakkur tarzi endi odatiy normaga aylanib ulgurganini tan olishga to‘g‘ri keladi. Aytmoqchimanki, “yangi davrga xos bo‘lgan kayfiyat”, menimcha, shuning o‘zidir. To‘g‘ri, ich-ichimizda bu bilan kelisholmay turganimiz bor gap: ijtimoiy fikrga keng miqyosda ta’sir qila oladigan adabiyotni, nafaqat badiiy, balki ijtimoiy tafakkurning ham ilg‘orida boradigan ijodkorlarni – shu kunning gapini aytadigan “adabiy avlodni” hanuz sog‘inayotganimiz shundan. Holbuki, “yangilangan kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod ham voyaga yetgan”, faqat undan endi salaflaridagi belgilarni izlash befoyda. Negaki, endi ijod ahlining barini birdek o‘rtovchi umummilliy dard yo‘q, ya’ni bugun san’atkorning ijtimoiy dardni shaxsiylashtira olishi kifoya emas, aksincha, shaxsiy dardni ijtimoiy ahamiyatga molik darajada badiiy talqin qila olish salohiyati zarur. Endi bir o‘ylang, bugungi san’atkor – umumning dardini emas, avvalo, o‘zini ifodalayotgan odam hammaning diliga birdek yo‘l topishi, hammaning dilidagini ayta olishi mumkinmi? Fikrimcha, yo‘q, uning aytganlari faqat bir qismning ko‘nglidagina aks-sado beradi, chunki ommadagi badiiy did turfa, ma’naviy-ruhiy ehtiyojlar ham xilma-xil. Ikkinchi tomoni, ijodkor bugun, avvalo, o‘zini ifodalayotgan ekan, demak, asarlarda voqelanayotgan shaxsiyatning darajasi, ma’naviy-ruhiy imkonlari-da turfa: birida olamiy muammolarning tashvishli talqini, boshqasida ko‘ngilning olis puchmoqlarida botin – shahvoniy va yo vahshiyona mayllar muhri… Ijodkorlarning kimisi atrofidagi narsa-hodisa va yo voqeadan hikmat izlaydi, boshqasi tamom yangi voqelik yaratish payida, tag‘in birisi uchun aytaridan ko‘ra aytish jarayonining o‘zi muhimroq – so‘zlarni, ramzu timsollarni o‘ynatish bilan ovora.
2. Avvalo, agar xilma-xillik bebaho boylik deya e’tirof etilarkan, bugun o‘zining g‘oyaviy-estetik mavqeiga ega adabiy avlod shakllanmayapti, deya koyishimiz o‘rinsiz. Ijod erkinligi masalasiga kelsak, u bugunning kun tartibidan olingan desak bo‘laveradi. Biroq, nazarimda, boshqa bir masala – erkinlikning hadlari bormi yo chek-chegarasizmi degan masala dolzarblasha boshladi. Sirasi, ijod erkinligi ham demokratiyaga o‘xshash narsa: demokratiya huquq va burch birligini nazarda tutadi, agar burchlar inkor qilinsa, anarxiya yuzaga keladi. Shunga o‘xshash, ijodkor ham erkin, lekin u burchini – milliy madaniyat vakili ekanini, qadriyatlar, urf-odat va an’analarga hurmat bilan qarashga burchli ekanini ich-ichidan his qilmog‘i kerak.
Ha, bugungi rang-baranglik ijodda ijtimoiylik ustuvor bo‘lgan XX asr adabiyoti bilan bog‘liq shakllangan “adabiy avlod” tushunchasini inkor qiladi. Endi adabiyotimizning qiyofasi mozaikasimon ekaniga ko‘nishimiz, ko‘nikishimiz lozim. Zero, bu tabiiy va qonuniy bir holdir. Shunaqa ekan, avvalo, bugungi adabiy jarayondagi hodisalarga munosabatni shunga moslash, uni dunyoni badiiy idrok qilish bobidagi har qanday g‘oyaviy, badiiy-uslubiy izlanish – yashashga haqli degan tamoyilga qurish kerak bo‘ladi. Ya’ni turli “izm”lar haqida balanddan turib, burun jiyirib gapirish to‘g‘ri emas. Aksincha, adabiyot rivoji endilikda o‘sha “izm”lar orasidagi sog‘lom raqobat muhitini taqozo etadi. Mayli-da, axir, bir-biriga yaqin ijodkorlar o‘z klublari, adabiy maktablarini tashkil qilsinlar, ijodiy-estetik dasturlarini ishlab chiqsinlar, o‘zlarining matbuot va internet nashrlarini ta’sis etsinlar… Ravshanki, mavjud sharoit ijodiy uyushmalarda ham shunga mos tarkibiy o‘zgarishlar qilish, ularning faoliyatini uyushmalar uyushmasi tarzida yo‘lga qo‘yishni zaruratga aylantiradi.
3. Savolning o‘zida ichki ziddiyat ko‘ryapman: agarki adabiyot “men”imiz ekan, u “besh kunlik dunyo”dan ayro tusholmaydi, negaki, “men”imiz dunyo bilan munosabatdagina mavjud. Bas, adabiyot o‘sha “men”ni dunyo bilan uzviy aloqada, ya’ni dunyodagi “men”ni yoki “men” orqali dunyoni o‘rganadi. Shunaqa ekan, ularni bir-biriga bu qadar keskin qarshi qo‘ymagan ma’qul ko‘rinadi. Axir, bizga shu besh kunlik dunyonigina qisman bilish imkoni berilgan, buni Rumiydan keltirilgan fikr ham tasdiqlab turibdi. To‘g‘ri, adabiyotning voqelikka badiiy illyustratsiya bo‘lishi ham, mafkura xizmatchisi bo‘lishi ham noravo, lekin ulardan butkul xoli ham bo‘lolmaydi. Zero, ijodkor voqelikni badiiy idrok etarkan, u haqdagi muayyan fikr-qarashlarini ifoda etadi. Bas, jamiyatda yashab turgan shaxs sifatida ijodkorning fikr-qarashlari mavjud mafkuralardan biriga yaqin bo‘lishi ajablanarli emas. Ha, biz sho‘rocha andozadagi adabiyot va mafkura munosabatidan zadamiz, shuning ta’sirida ikkisini bir-biridan tamom ayirishga harakat qilamiz. Holbuki, bir tomoni ong sohasi bo‘lmish adabiyotning ichki mohiyatidan kelib chiquvchi mafkuraviylikni inkor qilish zo‘rlikning boshqacha ko‘rinishidir.
4. Ha, sirtdan qaraganda adabiyot hanuz ezgulik tomonida turgandek esa-da, afsuski, bu tashvishda asos yo‘q emas… Hammaga ma’lum, badiiy asardagi oshkor didaktika – nasihatbozlik qanchalik g‘ashga tegsa, namoyishkorona ezgulik bayroqdori bo‘lish ham shunchalik erish tuyuladi. Men sariq matbuot sahifalarida urchigandan urchib yotgan “ibratli” hikoyalarni nazarda tutyapman. Ehtimol, o‘zini shulardan farqlash uchun chin adabiyot ezgulik uchun kurashishdan “uyalibroq” turgan bo‘lsa bordir. Albatta, bu noto‘g‘ri, bu o‘z mavqeini qo‘shqo‘llab topshirish, janggohdan ura qochishdan boshqa emas. Umid qilamizki, chin adabiyot bu xatosini tez anglaydi va yana o‘z maqeini egallaydi. Biroq bu o‘rinda masalaning boshqa bir jihati muhimroq ko‘rinadi. Aytaylik, jangari filmlarni ko‘p ko‘rganmiz – ularda qahramon hamisha ezgulik tarafida. Lekin ezgulik tantanasi kadr ortida qoladi, tomoshabinni esa kadrdagi mushtlashuvlar, otishmalar, qon to‘kishlar, fahsh sahnalar o‘ziga jalb etadi… Albatta, buning inson psixologiyasi bilan bog‘liq asoslari bor, lekin hozir gap bu haqda emas. Gap shundaki, adabiyotda ham shu hol bot-bot ko‘zga tashlanib qolayotir. Masalan, birov fohisha hayotini qalamga oladi-da, unda-da avvalo, bir insonni ko‘rmoqni, taqdir degani kutilmagan evrilishlarga boyligiyu inson hayotining u yo bu o‘zandan ketishiga atrofdagilar ham sababchi bo‘lishlarini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Niyat-ku yaxshi, lekin sho‘rlik niyat fahsh sahnalar soyasida ko‘milib ketadi-da! Eng yomoni, aksar epizodlar milliy ruhga ozor yetkazadi, badiiy didga o‘tirishmaydi. Qizig‘i, birov buni beayov tanqid qilsa, boshqasi shuni o‘qimasdan adabiyotshunosman, deb yurganlarni koyiydi, tag‘in birisi buni Cho‘lpon boshlagan an’analarning davomi deydi. Mayli, Cho‘lponning yozganlari o‘z davri uchun juday-la oshkora, bunga qo‘shilaylik ham. Holbuki, Cho‘lpon tasviridagi fohisha o‘zi tushib qolgan botqoqdan chiqish umidida pul yig‘ib, kun sanab yurgan bir mazluma, Miryoqub bo‘lsa o‘zidagi “itlik”dan qutulib, odam bo‘lishga chog‘langan inson. Cho‘lpon fahshni tanazzul sabablaridan biri sifatida talqin qiladi, eng muhimi, uning yozganlari insonning shahvoniy mayllariga emas, ong-tafakkuriga qaratilgan. Afsuski, hozirda yaratilayotgan ayrim asarlarga nisbatan bu gapni aytib bo‘lmaydi. Aytmoqchimanki, ijodkorning o‘z oldiga ezgu niyat qo‘yganining o‘zi kam, bu niyatning qay yo‘sin amalga oshirilishi pirovard natijani – o‘quvchida qanday taassurot qoldirilishini belgilaydi.
5. Nazarimda, adabiyotimizdagi G‘arb ta’siri masalasi ko‘tarilsayoq vahima ohangi o‘z-o‘zidan baland pardaga ko‘tarilib ketaveradigandek tuyulaveradi menga. Umuman aytaman-da, hozir gap kelib qoldi… Oybekni eslang: Blok she’riyati bilan tanishgach, she’riyat haqidagi fikrlarim butkul o‘zgarib ketdi, deya e’tirof etgandi u. Jumladan, shoir Blokdan rus simvolizmiga xos va keyincha impressionizm mutlaqlashtirgan “oniy lahzani” tasvirlash manerasini ijodiy o‘zlashtirdiki, shuning mahsuli o‘laroq 20-yillarning oxirlarida peyzaj lirikasining go‘zal namunalari degulik qator betakror she’rlarini yaratdi. Lekin bu bilan Oybek simvolist ham, impressionist ham bo‘lib qolmadi – milliy shoirimizligicha qoldi. Bir paytlar Cho‘lponga Freyd ta’limoti ta’siri haqida yozgandim: adib psixoanalizga xos yondashuvni Miryoqub ruhiyati tahlilida qo‘llaydi. Cho‘lpon ham bu bilan freydchi bo‘lib qolmadi – bor-yo‘g‘i milliy romanchiligimizni bir odim ilgarilatdi, xolos. Bunaqa misollarni yana keltiraverish mumkin, lekin bunga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman. Faqat aytmoqchimanki, milliy madaniyatimiz o‘zga madaniyatlar bilan aloqada o‘zligini yo‘qotar darajada g‘arib emas, aksincha, g‘oyatda boy va tomirlari teran madaniyatdir. Bas, madaniyatlararo muloqot jarayonida u o‘ziga singishadigan, O‘ZINIKI bo‘lib keta oladigan jihatlarnigina olib, boshqalarini siqib chiqarishga qodir. Aminmanki, postmodernizm ham bundan istisno emas. Mazkur qonuniyatning mudom amal qilishi uchun ko‘p narsa talab etilmaydi – ijodkorlarimiz milliy o‘zligini, qaysi va qanday madaniyat vakili ekanlarini unutmay qalam tebratsalar kifoya.
6. Yo‘q, chamasi, bu masaladagi qarashim birmuncha optimistikroq va u, avvalo, insonning, soniyan, adabiyotning tabiatidan kelib chiqadi. Inson bir jihati ijtimoiy maxluq ekan, uning darddan mutlaq xoli bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi. Modomiki, dard bo‘lar ekan, inson izhor ehtiyojini tuyadi. Izhor vositalaridan biri adabiyot bo‘lsa, u inson tomonidan inson uchun yaratiladi va ijtimoiy munosabatlar tizimida yashaydi. Shularning o‘ziyoq, fikrimcha, adabiyotning kun kelib tamom o‘yin bo‘lib qolmasligiga kafildir. O‘yinga kelsak, u ijod tabiatiga yot emas, o‘zingiz aytgandek, ijodda o‘yin momenti qadimdan bor: so‘z o‘yinlari, o‘tkir qochirimlar, turfa ko‘rinishdagi shakl o‘yinlari… Ijodkor uchun bular bari – vosita edi: fikr-hisni o‘ziga xos tarzda ifodalash va estetik zavqni kuchaytirish vositasi. Vaqti keldiki, postmodernchilar vositani mutlaqlashtirdilar, unga tugal maqsad deb qaray boshladilar: ularning ijodiy izlanishlari bois ijoddagi o‘yin ko‘lami, imkonlari bag‘oyat kengaydi. Biroq bu hol, fikrimcha, mangu qololmaydi: qazisan, qartasan – o‘z aslingga qaytasan, deganlaridek, o‘yin yana vosita maqomiga qaytadi. Zero, o‘zni ifodalash ehtiyojisiz ijod yo‘q, bas, o‘yin yana o‘zni ifodalashga, postmodernchilar kengaytirgan imkonlari bilan endi yanada samaraliroq xizmat qiladi. Darvoqe, bu qadar ishonch bilan gapirishim bejiz emas: badiiy tafakkur tarixidagi faktlar shunga asos beradi. Eslang-a, shovqin-suron bilan maydonga chiqqan impressionizm, ekspressionizim, ong oqimi, absurd kabi “izm”lar o‘z davrida nimanidir mutlaqlashtirgan, o‘shani asosga qo‘yib, adabiyot shunday bo‘lur degan da’voni o‘rtaga tashlagan edi. E’tirof etish kerak, ularning har biri o‘zi asosga qo‘ygan narsani yuksak darajada rivojlantirdi. Oqibat shu bo‘ldiki, ular rivojlantirgan narsa badiiy tafakkurga singib ketdi – adabiyot esa aslicha qoldi, faqat ularning ijodiy izlanishlari hisobiga imkonlari kengaydi, xolos.
7. Menga qolsa, gapning po‘stkallasini aytib, tanqidchiligimiz bir joyda depsinib qolgani tobora ravshan bo‘lib boryapti, u o‘z missiyasini bajarolmay qoldi, degan bo‘lardim. Mayli, javobi qanchalar noxush bo‘lsa ham, avval mana bu savollarni qo‘yib ko‘raylik: “Bugun adabiy tanqidiy asarlar o‘qilyaptimi? O‘qilsa, kimlar o‘qiyapti?” Afsus, birinchi savolga dadil “ha!” javobini berishimiz mushkul. Sir emas, adabiy tanqidiy chiqishlarni, asosan, mutaxassislar hamda matbuotni muntazam kuzatib borishga o‘rganib qolgan ayrim katta yoshli o‘quvchilar “tarki odat – amri mahol” qabilida o‘qiydilar. Men bu gaplarni pedagogik faoliyatim davomidagi kuzatishlardan kelib chiqib aytayotirman: ertaga filolog mutaxassis bo‘lib yetishadigan talabalarni olasizmi yo malaka oshirishga kelayotgan til-adabiyot o‘qituvchilarinimi – adabiy-tanqidiy materiallar chop etib boriladigan nashrlarni o‘qiydiganlari yuzdan birni ham tashkil qilmaydi desam, lof emas. Mazkur sharoitda “tanqid ommaning badiiy didini tarbiyalashga mas’ul” degani quruq gap, negaki amalda “tanqid –tanqid uchun” tamoyili hukm surmoqda. To‘g‘ri, adabiy tanqidiy ishlarni chop etadigan nashrlar ham, ularning adadi ham kam, boz ustiga, ularning talablari ham tanqidchilarni biroz cheklaydi. Lekin bu asosiy sabab emas. Fikrimcha, tanqidning o‘zi o‘zgarishi zarur. Bilasiz, hozir tanqidchi o‘zini, avvalo, adabiyotshunos o‘laroq his qiladi, yozganlarida ham olimning nazari ustuvor. Balki, adabiy tanqidiy asarlarni ko‘proq mutaxassislar o‘qishining sababi shundadir?! Holbuki, tanqid o‘quvchi omma bilan muloqot qilishi, uni adabiy asar mohiyatiga yaqinlashtirishi, muhimi, unda o‘qish ehtiyoji va uqish malakasini shakllantirishi lozim. Bu esa, o‘z navbatida, shu maqsadlarga mos uslub va ifoda tarzini taqozo etadi. Aytmoqchimanki, adabiy tanqidiy asar ilmiy maqoladek emas, adabiy asar kabi o‘qilishi, bir so‘z bilan aytsak, O‘QIShLI bo‘lishi kerak. Ayni chog‘da, munaqqid o‘z fikrlarini puxta adabiy-nazariy asosda turgan holda ifodalashi lozim bo‘ladi. Fikrimcha, tanqidchilik shu talablardan kelib chiqib o‘zini o‘zgartirsa, undagi siz aytgan muammolar ham navbati bilan hal bo‘ladi.
8. Ijod ahli botinida kechuvchi “eski va yangi” kurashi hamisha bo‘lgan va bo‘ladi. Bu iste’dodning tabiati bilan bog‘liq qonuniy bir holdir. Zero, iste’dod tabiatan yangilikka, originallikka intiladi, ikkinchi yoqdan, uning fitratida ajdodlar to‘plagan tajribaning genlar orqali o‘tib kelgan qaymog‘i mujassamdir. Ya’ni chin iste’dod missiyasi tafakkur imkonidagi barcha fikrlar aytilib, ko‘ngildan kechishi mumkin barcha hislar ifodalanib bo‘lgan bir sharoitda “o‘z gapi”ni aytmoqdirki, “eski va yangi” kurashining bardavomligi shundan. Ayni hol hatto bizga (yo ijodkorga) mutlaq yangilik tuyulayotgan narsa ham asli an’ana zaminida turishini ta’minlaydi. Demak, masala bizning o‘sha zaminni ko‘ra olayotganimiz yo ko‘ra olmayotganimiz, ijodkorning buni e’tirof etayotgani yo etmayotganida, xolos. Sirasi, bizga yoqish yo yoqmasligidan qat’i nazar, o‘z “ijodiy meni”ni yuksak baholash chin iste’dodga xos xususiyat: undagi shu his va o‘z so‘zini aytish ehtiyoji badiiy tafakkurni rivojlantiruvchi asosiy omillardir. O‘zi yaratayotgan yangilik shavqida iste’dod an’ana zaminida turganini iqror qilmasligi ajab emas, zero, ijodiy izlanishlariga o‘zini an’anaga qarshi qo‘yishdan quvvat oladi. Bunday qarshi qo‘yish, botinda kechuvchi “eski va yangi” kurashi iste’dod ijodiy o‘zligini qaror toptirgachgina barham topadi. Zero, endi uning ijodiy izlanishlari mahsuli – yangilik voqelanib ulgurgan, an’anaga bir zarra misoli qo‘shilib ketgan bo‘ladi… Ijodkor botinida kechuvchi “eski va yangi” kurashini shunday tushunganim uchun savolda tilga olingan bongni eshitadigan quloqlarimiz tom bitmasligiga ishongim keladi.
9. Fuqarolik va san’atkorlik burchi degan tushunchalarni bir-biridan bu tarz ajratishda, nazarimda, biroz sun’iylik bordek. Zero, adabiyot o‘zni ifodalash shakli ekan, asar o‘zida yaratuvchisining shaxsini aks ettiradi. Shaxs degani esa – bir butun, uning bu qismi fuqaro, bunisi san’atkor deya ajratib bo‘lmaydi. Ha, she’rlaridan birida Sh.Rahmon “rubobiy she’r”lar yozish o‘rniga kurashib o‘tgani uchun o‘kingani bor. Lekin bu, menimcha, oniy bir kayfiyat. Haqiqatda shoir qarshisida “rubobiy she’rlar yozsammi va yo kurashchan she’rlar?” tarzidagi tanlov zarurati turgan emas. Yo‘q, u atigi o‘zi to‘g‘ri deb bilgan ravishda to‘laqonli yashagan va davrini ko‘nglida yashatgani holda dilidagini izhor qilgan – qalamidan o‘sha sizu biz bilgan kurashchan she’rlar to‘kilgan. Ya’ni shunday yashash uning bandalik taqdiriga, shunday yozish shoirlik qismatiga bitilgandir… Savol o‘zi g‘oyat murakkab, buning ustiga muayyan yo‘riq-tavsiya berishni talab qilayotgandek: javob berishga jur’at yetishmaydi, bermaslikka ham ko‘ngil bo‘lmaydi. Fikrimcha, ijodkor insoniy komillikka intilib, atrofidagilarni ham barkamolu jamiyatni mukammal ko‘rish istagi bilan yashasa, ayni shu hayotiy mavqei bilan voqelik munosabatidan tug‘ilgan o‘y-hislarini ro‘y-rost va go‘zal tarzda ifodalasa, bas – fuqarolik burchini ham, san’atkorlik burchini ham o‘tagan bo‘ladi.
10. Paradoks shundaki: badiiy tafakkur jihatidan adabiyotimizda o‘sish bo‘lgani holda kitobxonlik darajasi tushib boryapti. Afsuski, bu gap faqat “jiddiy adabiyot”ga nisbatan to‘g‘ri, chunki turfa nomdagi ommaviy nashrlar ham, ularning adadi ham, demak, o‘quvchilari ham ortib bormoqda. Bu esa o‘sha “jiddiy adabiyot” bilan o‘quvchi omma orasida jarlik kattarib borayotganidan darakdir. Albatta, buning ko‘plab sabablari bor, bu haqda ko‘p aytildi va yana aytiladi. Men bu o‘rinda “jamiyat miqyosida jiddiy adabiyot haqida qayg‘urmog‘imiz kerak” degan fikrni quvvatlayman. Mavjud ahvolni o‘nglash uchun esa bir necha yo‘nalishda ish olib borishga to‘g‘ri keladiki, shulardan eng muhimi, fikrimcha, adabiy ta’limdir. Menga qolsa, ilgari ham yozganimdek, adabiy ta’limning pirovard maqsadini aniq va lo‘nda qilib quyidagicha belgilagan bo‘lardim: o‘quvchi ta’lim muassasasini adabiy asarni o‘qish, uqish, his qilish, undan zavqlana bilish malakalarini egallagan, adabiyot o‘qishni o‘zi uchun zarurat maqomidagi tabiiy ehtiyojga aylantirgan holda tark etmog‘i kerak. Bu esa adabiy ta’limni shulardan kelib chiqqan holda isloh qilish, shularni nazarda tutib o‘quv dastur va rejalari tuzish, darsliklar, metodik ishlanmalar yaratish va, muhimi, har bir mashg‘ulotni shu maqsadlarga mos holda tashkil etishni talab qiladi.
Rahimjon Rahmat javoblari:
1. Rostini aytsam, o‘tgan yigirmanchi asrda, jahon adabiyoti mezonlari bilan o‘lchaydigan bo‘lsak, o‘zbek nasrida adabiy-estetik qimmatga ega bo‘lgan asarlar ko‘p yaratilmadi. Bunga sabab uzoq yillar adabiyotimizda “sotsrealizm” degan soxta va o‘ta zararli metodning hukmron bo‘lishidir. Bu metod yozuvchini eng asosiy quroli – ko‘ngildan kechadigan rost kechinmalarni tasvirlash imkoniyatidan mahrum qildi. Albatta, iste’dodli yozuvchi “sotsrealizm” degan metod qo‘ygan chegaralarni juda osonlik bilan buzib o‘tib, ko‘ngli buyurgan va o‘zi haq deb bilgan fikr-tuyg‘u va g‘oyalarni qog‘ozga tushirishi mumkin. Ammo bu kabi asar, birinchidan, yorug‘lik yuzini ko‘rmas edi. Ikkinchidan esa, erkin fikrli yozuvchining taqdiri xavf ostida qolishi ham hech gap emasdi. Bir narsa to‘g‘risida chuqurroq va insonlarga xos fikr yuritib ko‘raylik. O‘tgan asrning 30-yillar avlodi deb ataydiganimiz Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda va boshqalar 20-yillardagi erkin fikrli yozuvchilar – Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy va Fitratlarni aynan erkin fikrli yozuvchi bo‘lganligi uchun jismoniy o‘limga mahkum etilganligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Bu narsa ularning ko‘nglida juda katta qo‘rquv va ehtiyotkorlik paydo qilishi shubhasizdir. Biz 30-yillar yozuvchilarining qalbi tubida qanday qo‘rquv, vahima va hadiklar pinhonligini faqat tasavvur qilishimiz mumkin, xolos. Ikkinchidan esa, kommunistlar adabiyot va san’atning jon tomiri bo‘lgan din va falsafani jamiyatdan butunlay quvib chiqardilar. Ijod ahli uchun partiya s’ezdlaridagi qarorlar ilhom manbai qilib belgilandi. Bu deganimiz shuki, qushni keng va ozod osmondan mahrum qilishdi, u faqat qafasning ichida kalta-kalta parvoz qilishi mumkin edi, xolos. Shunday sharoitda ham, adiblarimiz e’tiborga loyiq asarlar yoza bildilar. G‘afur G‘ulom va Abdulla Qahhor prozasi o‘zbek nasrining yaxshigina namunasidir. O‘tmishni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Har qancha e’tiroz bildirsak-da, Abdulla Qahhor yoki G‘afur G‘ulom qabrdan tirilib kelib, boshqacha asarlar yoza olmaydilar. Demak, har qanday ijodkor ijodiga baho berayotganda, u yashagan davrni ham alohida hisobga olish kerak. “Sarob” romani badiiy jihatdan juda ham pishiq, puxta. Asarning obrazliligi juda yuksak. Ammo romanning g‘oyasi anchayin sust, bo‘sh. Yozuvchi o‘z erki bilan emas, balki tashqaridan bo‘ladigan bosim va davr taqozosiga ko‘ra asar g‘oyasini belgilagan.
Jangga kirayotgan askarning qo‘lida sifatli va zamonaviy qurollar bo‘lishi lozim. Qurolsiz askar dushman uchun tirik nishondir. Demak, o‘tgan asrning 30-yillarida adabiyotga kirib kelgan iste’dodlar mavjud sharoitga ko‘ra o‘z iste’dodlaridagi bir qator sifatlarni amalda ishlatishdan mahrum etilgan edi. Bir narsaga e’tibor qaratish kerakki, bu davrda yozuvchilarimiz oddiy sevgi iztirobini ham asarga aylantira olmas edi. O‘sha davr – kishi ko‘nglida kechadigan ishqiy-intim kechinmalarni ham tan olmagan. Bir so‘z bilan aytsak, kommunistik mafkura insonning botiniy olamiga ham xo‘jayinchilik qilgan. Shuningdek, oddiy odamning siyosiy g‘oyaga aloqasi bo‘lmagan maishiy turmushidagi ikir-chikir hodisalar to‘g‘risida ham yozish mumkin bo‘lmagan bu davrda.
Keyingi davr – 60-yillar o‘zbek nosirlari ijodida kommunistik mafkuraning sezilar-sezilmas soyasida bo‘lsa ham, oddiy insonning maishiy hayoti va insoniy sevgilar tasviri ko‘zga tashlana boshladi. O‘zbek o‘quvchisi o‘zining oddiy turmush tarzi aks etgan, sevgisi tilga olingan asarlarni rostdan ham sog‘ingan edi.
70-yillarga kelib, garchi o‘zbek badiiy tafakkurida inqiloblar sodir bo‘lmagan bo‘lsa-da, yozuvchilar ijodida kommunistik mafkura soyasi butunlay g‘oyib bo‘ldi. Adiblarimiz asar yozayotib davrning hukmron mafkurasini tasodifan yoddan chiqarib qo‘ygandek edi. O‘zbek hayotining maishiy hayoti, ishq-muhabbati, iztiroblari, mehr-oqibat, insof-diyonat kabi mavzular keng ko‘lamda qalamga olindi. Adabiyotimizda turli qatlam vakillarining obrazlari – yangi personajlar paydo bo‘ldi. Hatto shu darajaga borib yetdiki, ayrim yozuvchilar ijodida kommunistik mafkura, xususan, bu mafkuraning posbonlariga nisbatan beozor kinoyalar paydo bo‘ldi. Ayrim yozuvchilarimiz esa, shakl va mazmunda keskin o‘zgarishlar yasashga ham urinib ko‘rishdi. Xullas, 70-yillarda uzoq vaqt asoratda ushlab turilgan, qafasga qamab qo‘yilgan o‘zbek badiiy tafakkurida erkinlik, jonlanish tamoyillari sezildi.
Mustaqillik yuz bergandan keyingi o‘zbek nasri esa samarali izlanishlar jarayonini boshdan kechirayotir. Yangi avlod yozuvchilari yo‘q yerdan yoki butunlay Yevropa adabiyoti zaminida paydo bo‘ldi, deya olmayman. Aksincha, ularning ijodi o‘zbek nasri zamirida uzoq yillardan buyon kechayotgan ijobiy o‘zgarishlarning yorqin namunasi, mantiqli davomi, ko‘ngilni umidlantiradigan bir bosqichidir.
Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, keyingi qariyb yuz yillikda o‘zbek nosirlari o‘z davri bergan imkoniyat va mavjud ehtiyojga yarasha iste’dodlarini namoyon qilishdi. Bir davrning adiblari boshqa bir davrning nosirlaridan ko‘ra iste’dodliroq edi, degan fikrga umuman qo‘shilmayman. O‘zingiz takrorlab yuribsiz-ku: “hamma zamonlarda Navoiy kabi buyuk iste’dod sohiblari tug‘iladi. Lekin bu iste’dodlarning Navoiy yoki Binoiy bo‘lib qolishini davr belgilaydi”, deb. Xuddi shunday.
Yuqorida aytdikki, keyingi yuz yilda, har o‘n-yigirma yilda ijodiy erkinlik kengayib, yozuvchini o‘z imkoniyatlarini to‘laroq namoyon qilishga sharoit yaralib kelgan. Bugungi davrdagi ijodiy erkinlikni 70-yillardagi ijodiy erkinlik bilan aslo qiyoslab bo‘lmaydi. Hozirgi kunda yozuvchilarimiz jahon adabiyoti tarixidagi mavjud barcha usul va shakllardan foydalashi, insoniyatning barcha jabhadagi tarixlarini chuqur o‘rganib, barcha fanlarni o‘qib o‘z iste’dodlarini to‘la namoyon qilishlari mumkin.
2. Ijodiy erkinlik – iqtisodiy erinlik mevasi ekanligini anglab yetish zarur. Yigirmanchi asrda o‘zbek adiblari iqtisodiy jihatdan siyosiy hokimiyatga to‘la qaram edi. Qaram yozuvchi esa o‘zi yashab turgan hayotga xolis yondashib asarlar yozishga biroz qiynaladi. Aytishadiki, iqtisodiy erkinlik sharoitida badiiy tafakkur rivojlanadi deb. Hozir bizlar iqtisodiy liberalizm davrida yashayapmiz. Davr demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan. Bu demak, ijodiy erkinlikdan birinchi navbatda jamiyatning o‘zi manfaatdor.
Har holda, hozirgi davrda o‘zbek adabiyotida jiddiy asarlar yuzaga kelishi uchun ob’ektiv vaziyat mavjud. Ya’ni, birinchidan, siyosat adabiyotni majburan o‘z izmiga solishga harakat qilayotgani yo‘q. Chunki erkin fikrlilikdan manfaatdor jamiyat ijod ahlining tafakkur tarziga aralashmaydi. Va shunday bo‘lyapti ham. Ikkinchidan, bugungi ijodkor, davlatga iqtisodiy qaramlikdan qutilib, yashashi uchun kerak bo‘layotgan ne’matlarni o‘z mehnati bilan topyapti. Bu narsa ham uning erkin fikrli ijodkor bo‘lishiga katta bir imkoniyatdir. Bugungi kunda yaratilayotgan asarlar birinchi navbatda hech qaysi jihatdan biron-bir kuchga qaram bo‘lmagan, tafakkuri erkin va ozod ijodkorning qalbida kechayotgan tirik hodisa, jarayon sifatida qimmatga egadir. Masalan, Nazar Eshonqulning “Bahoviddinning iti”, Isajon Sultonning “Qismat”, Ulug‘bek Hamdamning “Bir piyola suv“ hikoyalarini o‘qiyotib, bu asarlarni qalbi va tafakkuri to‘la erkin ijodkor yozganini his qilasan. Ikki yil burun Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li” romani qo‘lyozmasini o‘qib chiqqandim. Asarda asli tirik odam jamiyatda o‘zining tirik ekanligini isbot qilaman, deb rosa urinadi. Lekin uning har bir urinishidan keyin jamiyat uning tirik ekanligini battar tan olmaydi. Menda juda katta taassurot qoldirdi bu asar. Inson o‘ta mantiqsiz, yovuz va chigal g‘oyalarning qurboni bo‘lib ketishi mumkinligini tushungandek bo‘lgandim. Nazar, aslida, bu romanini o‘tgan asrning 90-yillarida yozgan edi.
Ulug‘bekning 1996 yilda yozib ulgurgan “Yolg‘izlik” qissasiga men so‘zboshi yozgandim. Bu asarda inson botinida sezilar-sezilmas kechadigan, hech qachon tilga chiqmaydigan fikr-tuyg‘ular aks etganligi menga ma’qul kelgan edi. Aslida, ko‘nglimizning tub-tubida sodir bo‘ladigan hissiy jarayonlarni o‘zimiz ham to‘la-to‘kis idrok eta olmaymiz. “Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira” deydi Abdulla Oripov.
Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li” va Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanining mazmun-g‘oyasida bir-biriga yaqinlik sezaman. “Go‘ro‘g‘li”da asar qahramoni o‘zining tirik ekanligini isbotlay olmay halak, “Boqiy darbadar” romanida esa yozuvchi inson qismatining mohiyati darbadarlik ekanligini urg‘ulaydi. Mushtarak ma’no shuki, darbadarlik ham tiriklik emas. “Yolg‘izlik” qissasi qahramoni his-tuyg‘ularida ham darbadarlik, o‘zining tirik ekanligiga shubhalar seziladi.
Shu o‘rinda bir uzrimni aytib o‘tishim joizki, hozirgi kunda turli yo‘nalish va janrlarda asar yozayotgan adiblarimiz juda ko‘payib ketdi. Besh-oltitadan kitob nashr qilib ulgurgan bir qator yozuvchilarning nomini ham eshitmaganman. Ba’zan kitob do‘koniga bosh suqqanimda, adabiyotimizda juda ko‘p yangi nomlar paydo bo‘lganligini ko‘raman, xolos. Ya’nikim, adabiyotimizda paydo bo‘layotgan hamma asarlarni bir boshdan o‘qib, tahlil qilish imkoniyatim yo‘q hisobi.
Bir narsani ta’kidlash kerakki, dengiz ko‘piksiz bo‘lmaganidek, bugungi kunda bachkana iste’dodsizlik modernizm degan jiddiy hodisani o‘z aybini yashirish uchun niqob qilishga harakat qilyapti. Bir tikuvchidan : “Har xil ko‘ylaklardan chiqqan qiyqimlarni nima qilasan?“ deb so‘raganimda u: “Tashlab yuboraman“ deb aytgandi. Shunga o‘xshagan gaplar-da… Yana nima deyish mumkin modernizmni o‘yinchoq qilmoqchi bo‘layotganlar haqida. Yevropa modernizmi jamiyatda sodir bo‘lgan ulkan fojialar, yo‘qotishlar, xo‘rlik va xaqoratlar ta’sirida paydo bo‘lganligini ham unutmaylik. Yevropa modernist yozuvchilari avval birinchi jahon urushida, keyinroq ikkinchi jahon urushida insoniyat qoni daryo-daryo bo‘lib oqqanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar. Ularning aksari bu fojialardan shaxsan jabr ham chekkan. Yigirmanchi asr boshlarida ahvol shu darajaga borib yetganki, inson zotini haddan ziyod xo‘rlanishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan faylasuf va yozuvchilar “Xudo o‘ldi” deb inson tafakkuriga qo‘yilgan azaliy va muqaddas chegarani buzishga urinishgan. Xudo o‘ldi degani, bu aslida, insoniyatning ruhiy va ma’naviy qadriyatlari sariq chaqalik qimmatga ega emas degani.
3. Uchinchi savolga nima deb javob berishni bilmay boshim qotib qoldi. Ilohiy kitoblarning barida biz yashab turgan dunyo haqiqiy, boqiy dunyoning soyasi ekanligi to‘g‘risida ochiq-oshkor dalil, hujjatlar keltirilgan. Payg‘ambarlar, aziz-avliyolar, donishmand va faylasuflar, shoiru yozuvchilarning bari, aslida, ideal olam haqida mushohada qilishadi. Tafakkurni harakatga keltiradigan kuch ham ilohiy olamga ishonchdan boshqa narsa emas. Bu olamning omonat va o‘tkinchi ekanligini hammamiz bilamiz. Hayot haqiqati shuki, bu olamda bugun borsan, ertaga yo‘qsan. Haqiqiy adabiyotda inson, baribir, bu dunyoda emas, narigi dunyoda haqiqiy saodatga erishadi, degan g‘oya tarannum qilinadi. Sovet adabiyoti esa bu haqiqatni inkor etdi, o‘z navbatida haqiqat ham ularning yozganlarini inkor etib boryapti. Shu paytgacha birorta ijodkor “men baxtliman“ degan sezgini hatto shivirlab aytmagan. Aksincha, Navoiy va Mashrab, Pushkin va Bayron ham ko‘proq inson baxtsizligini mushohada qilishgan.
Men badiiy asarlardan chuqur, keng ko‘lamli, boqiy dunyo nafasi sezilib turadigan, insonning olijanob sifatlari ulug‘langan, ruh va tafakkur erkinligi tarannum qilingan ma’nolarni izlayman. Badiiy asarda ko‘rinib qoladigan yalang‘och axloqsizlik g‘ashimni keltiradi. Alohida bir siyosiy g‘oya badiiy vositalarda aks ettirilgan kitoblarni ham unchalik yoqtirmayman. Bir odamning barmoq izlari boshqa bir odamning barmoq izlariga o‘xshamaganidek, har bir yozuvchida boshqalarnikiga umuman o‘xshamagan o‘z uslublarini ko‘rgim keladi. Taqlidiy asarlar jahlimni chiqaradi. Axir, deyman taqlidchi yozuvchiga, o‘z qalbingda birovnikiga o‘xshamagan quvonch va qayg‘ularing, armonu g‘ussalaring bor, ana o‘shalarni kitob qilib yozsang bo‘lmaydimi?! Sen bo‘lsang, o‘z qalbingni inkor etib, birovning qayg‘u va quvonchini ko‘chirib asar qoralamoqchi bo‘lasan.
4. Ezgulik va yovuzlik orasidagi kurash hamisha bo‘lgan va bundan keyin – qiyomatgacha davom etadi. Insonning biologik va ruhoniy tabiati orasidagi ziddiyatdan paydo bo‘ladi ezgulik va yovuzlik orasidagi ziddiyat. Ajabki, hayvonlar orasida bu ikki tushuncha ahamiyatga ega emas. Bo‘ri go‘sht yemasa, ochdan o‘ladi. Katta baliqlar kichik baliqlarni yutib turmasa, qorni to‘ymaydi. Daraxtlar ham kenglik va nur talashib bir-birini quritishga qasd qiladi. Kishilik jamiyatida esa barcha davr va xalqlar uchun o‘zgarmas bo‘lgan muqaddas qonun – cheklovlar bor. Ayollar, bolalar, nogironlar va keksalarga shafqatli bo‘l, deyiladi insonlar jamiyatida. Hatto bu narsalar qonun yo‘li bilan himoya qilinadi. Deylik, avtobus haydovchisi balog‘atga yetmagan bolani yarim kechasi puling yo‘q ekan, deb avtobusdan tushirib yuborsa, jinoyat sodir qilgan hisoblanadi. Ya’ni u voyaga yetmagan bolani mazmunan xavfda qoldirib ketayotgan bo‘ladi. Insonni inson qilib turgan millionta ruhiy-ma’naviy qadriyatlar bor, ularning bari umumlashma nom bilan ezgulik deyiladi. Keyin esa, inson tabiatida uni hayvonga aylanishga majburlab turadigan millionta illatlar bor, bular esa bir so‘z bilan yovuzlik deyiladi.
Yozuvchi deganlari, o‘z-o‘zidan ezgulik, yuksak insoniy qadriyatlar kuychisi, himoyachisidir. Unutmaylik, Yaratgan, shaytonni ham badiiy iste’doddan qismagan… Ya’nikim, boshi buzuq odamga ham Xudo yozuvchilik yoki shoirlik iste’dodi ato etishi mumkin. Lekin boshi buzuq ijodkorning asarlari umuminsoniy qadriyatlar safidan joy ola bilmaydi.
5. Men azaldan “izm”larga unchalik qiziqmayman. Lekin do‘stimiz Dilmurod Quronovning adabiyotshunoslikka oid kitoblaridan barcha izmlar to‘g‘risidagi ta’riflarni o‘qib, bilib olganman. Modernizm va postmodernizm to‘g‘risida rus va Yevropa adabiyotshunoslarining bir qator tadqiqotlarini ham ko‘zdan kechirganman. Xose Ortega-i- Gassetning modernizm estetikasiga oid ajoyib tadqiqoti bilan ham tanishman. Lekin, baribir, adabiy asarlarni o‘z aqlu tajribam bilan “izm”larga ajratishga qiynalaman. Bizda adabiyot namunalarini “izm”larga ajratish unchalik urf bo‘lmagan. Shuningdek, vatanimizda adabiy o‘y-xayollarning erkin bo‘lganiga endigina yigirma yildan jinday oshdi. Eski tuzum payti “sotsrealizm” degan soxta va zararli metoddan xorijda ijod qilish haqida hatto orzu qilib bo‘lmasdi. Bitta rost gapni aytish lozimki, o‘zbek prozasida “sotsrealizm”ning asoratidan to‘la-to‘kis qutilib ulgurgan bir necha hikoya paydo bo‘ldi, xolos. Shuning uchun prozamizda alohida bir yo‘nalish paydo bo‘ldi, deb aytish juda qiyin hali. “Sotsrealizm” asoratlaridan xalos bo‘lganimiz bilan milliy mentalitetimizda sof badiiy tafakkurga yot bo‘lgan boshqa illatlar ham bor… Masalan, bizlar yozuvchi sifatida real hayotga yaqinroq kelishdan cho‘chiymiz. Bizlar uchun real hayot jahldor bir it, yoniga yaqinlashgani qo‘rqamiz; narsa va hodisalarni ancha uzoqdan kuzatib qo‘ya qolamiz. Aslida, real hayotga yaqinlashish uchun ishonchli bir vosita zarur. Hozirgi kunda yozuvchilarimiz real hayotga qo‘rqmay juda yaqin borish uchun ishonchli vosita topgandek bo‘lyapti. Bu vositaning nomini simvolizm deymizmi, metafora deymizmi, xullas, real hayotga yaqin kelish uchun bir vosita zarur. Real hayot deganimda, muayyan davrdagi ijtimoiy vaziyatni nazarda tutayotganim yo‘q, albatta. Insonning tiriklik-hayoti mohiyatini reallik, deb atayapman. Masalan, syurealistlar inson ongi ostidagi fikr-tuyg‘ularni inson tabiatiga xos haqiqiy reallik deb bilishgan. Aslida ham, gapirayotgan gapingiz, qilayotgan xatti-harakatingiz emas, balki ko‘nglingizda pinhon fikrlar real fikrlar emasmi? Qizig‘i shuki, inson o‘z ongi ostida nimalar pinhonligini o‘zi ham tuzuk-quruq idrok eta olmaydi. Freydning ong osti jarayonlari to‘g‘risidagi nazariyaga tayangan holda yuz yillik adabiyotimizni tahlil qilib chiqsak, benihoya qiziqarli va kutilmagan tahlillar qilish mumkin. Bu usulda asar bilan birga, yozuvchi psixologiyasi ham tengma-teng tahlilga tortiladi. Masalan, bunday usulda o‘zbek sovet yozuvchilari asarlaridagi ijobiy qahramonlarning, aslida, salbiy qahramonlar ekanligini fosh qilish mumkin.
6. Adabiyot, birinchi navbatda, badiiy san’atdir. To‘g‘ri, dard va iztirobsiz she’r yoki hikoya yozishning iloji yo‘q. Ayniqsa, g‘am-alamsiz bir misra ham she’r yozib bo‘lmaydi. Lekin birgina dardning o‘zi bilan ijodkor bo‘lib, o‘quvchiga manzur asar yaratolmaysiz. Deylik, hikoyada o‘quvchiga aytadigan gapingiz naqadar muhim bo‘lsa-da, lekin aytadiganlaringizga chiroyli badiiy libos kiydirmasangiz, yozganlaringizning bari – bir pul. Dardsiz asar paydo bo‘lmaganidek, asarda san’atsiz dard ham beqadrdir.
Yana bir gapki, bizda adabiyotning o‘yinga aylanishiga hali ancha vaqt bor. Kerak bo‘lsa, jiddiy mavzularga endi-endi qo‘l ura boshladik. Qachonki, mavzular tugasa, hamma dardlarimizni aytib bo‘lsak, ana undagina so‘zlarni bir-biriga urishtirib o‘yin o‘ynashimiz mumkin. Lekin “o‘yin” o‘ynashga imkon yo‘q hali.
7. Bizda xolis adabiy tanqid hozircha shakllanib ulgurgani yo‘q. Men yigirma yildan buyon, naqadar zerikarli bo‘lsa-da, adabiy tanqidni kuzatib kelaman. Bu sohamiz xolislik va samimiyatdan ancha uzoq hali. Adabiy tanqidimizda aql va ruh sezilmaydi. Ko‘plab otaxon ustozlarimizning ko‘p yillik mehnatini bir og‘iz gap bilan yo‘qqa chiqarmoqchi emasman, albatta.
Hozirgi kunda adabiy tanqidda iste’dodlar g‘oyib bo‘ldi. O‘tgan asrning 90-yillarida yosh va umidli olimlarimiz juda ko‘p edi. Afsuski, ularning barini turmush degan ajdarho yutib yubordi. Umuman, bizda adabiy tanqidda tanqid yo‘qligini ham e’tirof etish joiz. Bizlar adabiy tanqid vositasida bir-birimizning ko‘nglimizni ko‘tarib, do‘stona munosabatimizni bildirib qo‘yamiz, xolos. Adabiy tanqid bilan shug‘ullanish juda ham noqulay ekanligini ham aytib o‘tish joiz. Mening o‘zim bundan ikki yil burun o‘zim tengi yozuvchilarning qator hikoyalarini asosli tanqid qilib, bitta maqola yozgandim. Bu maqolamni matbuotda e’lon qilishdan haliyam cho‘chiyman. Chunki maqolam e’lon qilinsa, unda nomi tilga olinib, asarlari tanqid qilingan yozuvchilar birdaniga meni yomon ko‘rib qoladi. Ayrimlari qaysidir shaklda menga zarar yetkazishga ham urinib ko‘rishi mumkin, deb taxmin qilaman. Jasorat yetishmaydimi menda?.. Bilmadim.
Uzoq vaqt mashhur adabiyotchi olimlarning yonida yurgan odamman. Ustozlarimiz rosmana adabiyotchi olim emas, balki adabiyotdagi diplomatlar ekanligini yaxshi bilaman. Hammamiz sentimentalmiz, hali tanqidga duch kelmay, ko‘zlarimiz yoshlanib, ovozlarimiz ingichkalashib qolgan.
Lekin tanqidchi uchun adabiyotimizda ish juda ko‘p. Hozirgi kunda shoirman, yozuvchiman, beshta, o‘nta kitob chiqardim deguvchi soxta ijodkorlar armiyasi paydo bo‘ldi. Bu armiya o‘zining kuchi va quroli bilan omma didini benihoya pasaytirib yuboryapti, kerak bo‘lsa, millatimiz axloqiga tajovuz qilyapti. Zamonaviy qo‘shiqchilar aytayotgan ashulaning matniga bir diqqat qilib ko‘ring. Xonandalar odamning asabini qo‘zg‘ab, ko‘nglini aynitar darajadagi so‘z qorishmalarini qo‘shiq qilib aytayotganini ko‘rasiz. Ayniqsa, zamonaviy qo‘shiqchilikda matnning o‘rni nolga tushib qoldi. Uyalmaydiyam-a, hech qaysisi? Adabiyotchi mutaxassislar tomonidan ijodi e’tirof etilmagan, hatto tilga tushmagan havaskor shoirlar bayramlarda to‘planadigan san’at elitasi orasida ko‘rinib qolyapti. Ayrim xonandalar o‘ta mantiqsiz, o‘ta sayoz, bema’ni aljirashlarni katta davralarda qo‘shiq qilib kuylashmoqda. “Hoy, adabiy tanqid, nega jimsan? Yaramas va surbet iste’dodsizlik to‘rga chiqib, yalpayib o‘tirib olibdi, ham aql bo‘lib bir narsalarni gapiryapti. Bir hamla bilan uni poygakka tushirib yuborsang bo‘lmaydimi?”. Adabiyotimizda uyatsiz havaskorlar ko‘payib ketdi. Adabiyotdan uzoq kimsalar faqatgina pul ishlab olish maqsadida ruscha dedektiv asarlardan ko‘chirmachilik qilib yostiqdek romanlar yaratib tashlayapti. Hamma narsadan ko‘ngilxushlik izlaydigan kimsalar jiddiy fikrdan cho‘chiydigan, qochadigan bo‘lib qoldi. Mumtoz merosimizni qiziqib o‘qiydigan o‘quvchilar butunlay yo‘qolib ketdi. Garchi to‘rtta-beshta she’riy kitob chop etib ulgurgan bo‘lsa-da, Abdulla Qodiriy bilan Cho‘lponni adashtirib yuboradigan “shoirbachcha”lar urchidi. “Tanqid saralashdir”, deyiladi. Lekin bugungi kunda tanqid saralamayapti. Tanqidning o‘zi yo‘q bugun. Lekin juda kerakli narsa tanqid…
8. Eski bilan yangi orasida hamma zamonlarda va hamma jabhada kurash tinmaydi va to‘xtamaydi. Xo‘sh, bu narsa adabiyotimizda qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lyapti? Masalan, prozamizda maishiy hayotni qiziqarli yo‘sinda bayon qilib hikoya qoralashni eski usul, deb bilaman. Yangi asarlarda esa ma’nolar qatlami sezilib turadi. Bunday asarlar uchun maishiy turmushdagi biror hodisa maqsad emas, balki vositadir. Bayonchilik uslubida esa maishiy hayot maqsad o‘laroq ko‘riladi.
“Eski” degan so‘z bilan atayotganimiz o‘zbek nasrida yozuvchi, iloji boricha, makon va zamonga yaqin kelishga chiranardi. Yangi prozamizda esa makon va zamon mavhumlashib ketyapti, ya’ni yozuvchi o‘zi mansub bo‘lgan makon va zamondan qochishga urinyapti. Eski davr prozamizda adiblarimiz tip va xarakter yaratishni o‘z oldilariga katta maqsad qilib olishar edi. Hozirda “yangi” deb atayotganimiz ijod namunalarida bu narsa, ya’ni alohida bir personajning qiliq va odatlariga urg‘u berib, xarakter va tip yaratish odati sezilmaydi.
Mana, bir o‘xshatish: ikkita tangangiz bor, biri mis, ikkinchisi tillo. Mis tangaga qarab o‘ylaysiz: ikki dona gugurt va tuz sotib olaman. Tillo tangani qo‘lingizga olib esa juda ko‘p narsa harid qilishingiz mumkinligi haqida mushohada qilasiz. Hozirgi kunda bir-birlarining chegaralarini aniqlashtirayotgan (delimitatsiya va demarkatsiya) adabiyot namunalari orasidagi farq yuqoridagi o‘xshatishdagi ishoraga o‘xshaydi. Xususan, yangi hikoyachilik namunalari o‘z bag‘ridagi ma’nolarni o‘quvchidan berkitishga, yashirishga urinadi. Oqila va tarbiyali qizlar duch kelgan yigitning bag‘riga o‘zini otmaydi-ku! Ular yigitlarning eng munosibiga ko‘nglini ochadi. Yangi hikoyachiligimiz ham o‘quvchini tanlaydi, saralaydi. Nasrimizda keyingi paytda yozilgan “Bahoviddinning iti“, “Bir piyola suv” hikoyalari, “Ozod“ romani Gasset aytmoqchi, o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib yuboradi: asarni tushunadiganlar va tushunmaydiganlar. Bu asarlar jamiyatimizda elitar o‘quvchilarni paydo qiladi.
Nazar Eshonqulning “Bahoviddinning iti“ hikoyasi personaji itga aylanib yoriga – saodatga erishyapti. Uning inson bo‘lib yurgan kezlardagi qalbini doimiy egallab yuradigan iztirob va zerikishga diqqat qiling. Insonlikdan voz kechib itga aylangach, qalbida minglab ilohiy quvonch yulduzlari porlay boshladi. Insonning itga aylanishi jarayoni judayam qiziqarli hodisa. Bu hodisa zamiridagi ma’no qatlamlari esa, o‘quvchini mulohazaga, mushohadaga undaydi. Yuqorida aytdikki, yozuvchining “Go‘ro‘g‘li” romani qahramoni tirik bo‘la turib, o‘zining tirik ekanligini isbotlay olmayapti. “Bahoviddinning iti” hikoyasida esa inson itga aylanganidan keyingina o‘zining inson ekanligini sezyapti. Inson ikki marta – birinchisida fiziologik, ikkinchisida psixologik jihatdan tug‘iladi. Jismoniy tug‘ilishda odam ona qornini tark etib, alohida mavjudlikka aylanyapti. Psixologik jihatdan qayta tug‘ilish esa, o‘zgalarga fikriy-hissiy qaramlikdan butunlay xalos bo‘lishdir. Abdulla Qahhorning “Boshsiz odam” hikoyasi qahramonida psixologik tug‘ilish sodir bo‘lmagan. “Bahoviddinning iti” hikoyasi qahramoni esa psixologik jihatdan qayta tug‘ilish lazzati naqadar ilohiy bo‘lishini sezib, saodatga erishyapti.
Ulug‘bek Hamdamning “Bir piyola suv“ hikoyasida, aslida, arobada suv olib ketayotgan kimsa katta bir qo‘nalg‘aga bir piyola suv ichgani kiradi. To bir piyola suv ichib tashqariga chiqqunicha yillar o‘tib ketib, cholga aylanib qolyapti. Undan ham qizig‘i shuki, arobada olib ketayotgan narsasi suv ekanligini sezib qolyapti. O‘quvchi sifatida men ana shunday hikoyalarni yoqtiraman. Bu hikoyalar zamiriga chuqurroq tushib, inson taqdirining o‘ta sirli, oddiy ko‘zdan pinhon jihatlarini ilg‘agim keladi.
Yana bir gapki, o‘zbek badiiy tafakkuri rivojlanishini, asarlari butun dunyoga mashhur bo‘ladigan o‘zbek yozuvchilari paydo bo‘lishini juda-juda istaymiz. Birinchidan, jiddiy asarlar millatimizning muhim tarbiyachilaridir. Ikkinchidan esa, badiiy tafakkurdagi yuksalish oxir-oqibat vatanni yuksaltirishga munosib hissa qo‘sha oladi.
9. Chin ijodkorning fuqarolik burchi juda ham buyuk. Ayniqsa, bugungi kunda donishmand, vatanparvar, dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib, mohiyatlarini anglaydigan adiblar jamiyatimiz uchun juda zarurdir. Xususan, yoshlarimizni fitna va falokatlardan asrash, birinchi navbatda, adiblarimizning muhim vazifalaridir. Bugungi kunda madaniyat niqobi ostida vatanimizga axloqsizlik bostirib kirishga harakat qilyapti. Bu narsa millatimizga zarar keltirishini idrok etib ulgurmagan ayrim yozuvchilar o‘z ijodlari bilan axloqimiz sarhadlarini buzishga urinayotgan axloqsizlikka yordam berayotganlarini sezib ulgurishgani yo‘q. Axloqsizlik oxir-oqibat insonni ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatlarga yetaklaydi. Bu balodan hazar qilish kerak.
Devonasifat, aroqxo‘r, “ijoddan boshqa narsani tan olmayman”, deb arzon oshxonalarda shotirlari davrasida betamiz latifalarni aytib yuradigan shoir va yozuvchilarni umuman yoqtirmayman. Ijodkor shaxsiy hayoti va vatanga muhabbati bilan ham boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Globalizatsiya sharoitida har turli nomaqbul g‘oyalar yoshlarimizga zarar yetkazishga harakat qilayotganini ko‘rib turibmiz. Adibning so‘zidan, asarlaridan, hayot tarzidan xalqning ko‘nglini ilitadigan, hayoti dunyosini yoritadigan nur taralib tursin. Klassik shoirlarimizning hech biri o‘zi yashab turgan jamiyatdan o‘zlarini xoli his qilishmagan. Aksincha, ular so‘zi va faoliyati bilan jamiyat hodisalariga faol aralashib, vatanga, xalqqa naf keltirishgan. Yozuvchi so‘zining salmog‘i katta.
Alber Kamyuning asarlari bilan bir qatorda, uning ijtimoiy-siyosiy faoliyati ham menga ma’qul keladi. Lev Tolstoy o‘z vaqtda Russiyaning ulkan vijdoniga aylangan edi. Dostoyevskiyning kundaliklarini o‘qib, uning ham o‘z vatanining vatanparvar yozuvchisi bo‘lganligiga qoyillar qolganman. Cho‘lpon va Abdulla Qodiriylar buyuk Vatan g‘oyasi uchun jonlarini berib yuborishdi-ku! Lekin bizlardan hech kim “Falon g‘oyaga joningni qurbon qil”, deyayotgani yo‘q! Bizlar yulduz kabi nur taratib, yoshlarimizning yetuk inson va vatanparvar o‘g‘il-qiz bo‘lishiga yordam berishimiz kerak, xolos. Shuningdek, millatimizning tilloga teng axloqiy qadriyatlarini qo‘riqchilari bo‘lishimiz lozim.
10. Kundan kunga adabiyotning tabaqalashayotgani yaqqol sezila boshladi. Omma o‘z asarlari va adiblarini tanlab ulgurdi. Chuqur ma’nolarning qadriga yeta biladigan elitar o‘quvchilar ham o‘zlarini ommadan alohida qilib olishyapti.
Yana o‘n-yigirma yillardan keyin adabiyotdagi tabaqalashish aniq yuzaga chiqadi. Hozirgi kunda o‘ta iste’dodli ijodkorlarimizning omma orasida mashhur emasligi, adabiyotchi mutaxassislar tomonidan ijodkor sifatida umuman e’tirof etilmagan, hatto tilga olinmagan ayrim shoirlarning omma orasida mashhur bo‘lib ketishi ham, adabiyotimizdagi tabaqalanishning yaqqol belgisidir. Ortega-i-Gasset aytganidek, hamma jamiyatlarda yuksak badiiy asarni chuqur tushunadigan alohida insonlar mavjud. Faylasuf ularni tug‘ma aristokratlar, deb ataydi. Bizning jamiyatimizda ham mana shunday aristokrat qatlam shakllana boshladi.
Bahrom Ro‘zimuhammad javoblari:
1-2. Shoiru yozuvchilarning ruhi o‘zgachaligi bilan ajralib turadi. Boshqacha aytsak, ular go‘yo o‘zga sayyoralikdirlar. Koinot burjlaridan, yulduz jaranglaridan taralayotgan xabarlarni tez qabul qilishadi va xabarni yozuv sifatida aks ettirishadi. Yigirmanchi asrning yetmishinchi yillarida nazm maydoniga bayroq ko‘tarib chiqqan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon – shu to‘rt zabardast shoir she’rlarini o‘qiydigan bo‘lsangiz, to‘qsoninchi yillardagi keskin o‘zgarishlar oldindan payqalganiga ishongingiz keladi. Keyinchalik bu ulug‘ shoirlar jamiyat hayotidagi boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritishdi. Biroq ularning yozuvlari ila tanho qolsangiz, Istiqlolning tovushsiz qadamlarini eshitgandek bo‘lasiz. Zotan, jamiyatdagi buyuk o‘zgarishlar faqatgina Shaxslarga bog‘liq emas. Shu jihatdan – yozuv ham. Faqat Ollohgina dunyoni o‘zgartirishga qodir. Yozuv – Ollohning suygan bandasiga tortiq etgan ne’mati. Ayniqsa, shoir zoti uchun dunyo bilan chiqishib yashash og‘ir keladi. Nima qilsang ham chiday olmaysan. Ozar shoiri Ramiz Ravshan yozganiday:
Bu dunyo bir qaynar qozondir, illo, so‘ndirmas o‘tini na qor, na yomg‘ir. Bu dunyodan ketish osondir, ammo dunyo-la chiqishib yashamoq og‘ir…(Ozar tilidan Abdulkarim Bahriddin tarjimasi).
Qozon hamisha qaynab turaveradi. O‘tgan asrning 20-, 60-70- yillarida piqirlagan suv ham o‘sha qozonning ichida edi. Hozir ham shu qozon, shu qaynoqlik…
Yozuv odamlari ziddiyatlar aro yashaydilar. Goho: “Yozmasam, yaxshi bo‘lardi. Shu yozuv hayotimni izdan chiqardi. Matematikadanmi yoxud jismoniy tarbiyadanmi, maktabda dars berib, oylik maoshimni olib kun ko‘raversam, mazza qilardim. Toshkentga kelmasam bo‘larkan…” singari o‘yu xayollar miyada charx uradi. Shon-shuhrat o‘shanda balodek ko‘rinib ketadi. Biroq qishloqda yashaganingizda, yozuvdan ayro tushganingizda nelar bo‘lishini tasavvur etarak sovuq terga botasiz. Hazrat Alisher Navoiy o‘zini “Malomat bulbuli”ga qiyoslagan edi. Hech bir harakat malomatsiz kechmasligini yosh o‘tgani sari tushunaverasiz. Bu olam yurak ochib yashaydigan, to‘yib xayol suradigan, yayrab sevadigan olam emaski, qalamni bor kuchingiz ila ushlasangiz.
Har bir iqtidorli ijodkor qachonlardir idrok tanazzuli pallalarini boshidan kechiradi. Deylik, botiniy xafagarchilik yoxud ichkilikka mukkasidan ketish singari holatlar o‘sha jarayon alomatlaridir. Ruhiy karaxtlik ham toliqtiradi odamni. Ana o‘shanda malomat toshlari ostida ezilayotganingizni payqaysiz. Asarlaringiz qanchalik ardoqlanayotgan bo‘lmasin, shaxsiyatingizni ro‘kach qilib, sizni yomon ko‘ra boshlaydilar. Men bu gaplarni barcha avlod vakillariga daxldor hisoblayman. Binobarin, tanadan energiya sarflab qalam tebratish oson amal emas.
Biz tengi avlod vakillari (Abduvali Qutbiddin, Aziz Said, Eshqobil Shukur, Halima Ahmedova va boshqalar) 1985 yillarga kelib o‘zligini namoyon qila boshladilar. Bu o‘n yillik g‘ala-g‘ovurga to‘laligi bilan yodda qoldi. Shu o‘n yillikda she’riyatimiz eng baland nuqtaga ko‘tarilgani chin. Saksoninchi yillarning birinchi yarmida ovozaga aylangan Rauf Parfi qalamiga mansub “Qaytish” kitobi yangi bir avlod shakllanishiga yo‘l ochib bergan. Shaxsan men Rauf Parfini avlodboshi sifatida qadrlaganman. Tengqurlaridan ozgina keyin tanilgan Muhammad G‘affor, Tursun Ali, O‘roz Haydar, Said Murod, Shermurod Subhon singari turlicha uslubda yozadigan shoirlar aslida Parfining izdoshlaridirlar. Qalamkash do‘stlarimizdan biri bu yo‘nalishni hazil tariqasida “parfizm” deya nomlagan edi.
Bashorat qilishni unchalik xush ko‘rmayman. Ammo menga shunday tuyulyaptiki, 2030 yillarga kelib nazmda ham, nasrda ham buyuk ko‘tarilishlar maydonga chiqadi. Realizm va modernizm boshqacha ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Xalqaro adabiy aloqalar gullab-yashnaydi. Yevropa ham, Amerika ham o‘zlarining adabiyotlaridan toliqadilar. Xuddi o‘zbek qovunlariga tashnalik kabi ma’naviy chanqoqliklarni payqaymiz. Islom dini falsafasi, ochiqroq aytsam, so‘fiylik qiziqishlar markazida turadi. Jahon bo‘yicha Alisher Navoiyning kashf etilishi o‘zbek adabiyoti obro‘sini yanada oshiradi. Albatta, Olloh umrini uzun qilgan tengqurlarimiz ko‘rishadi yuksalish faslini…
Hozirgi davrda she’riyatda intim lirika ko‘proq ko‘zga bo‘rtib tashlanayotgandek, nazarimda. Deylik, Go‘zal Begim, Oydinniso, Akmal Tosh, Davron Rajab, Bektemir Pirnafas, Habib Abdinazar, Gulbahor Said G‘ani, Ibodat Rajabova, Boltaboy Bekmatov, Nilufar Umarova, Mahfuza Saloh kabi shoirlar dunyoni o‘ta shaxsiy kechinmalar ko‘magida anglashga intiladilar. Bu shoirlar ijodida ijtimoiy muammolar ko‘ndalang qo‘yilmaydi. Yaqinda men Muhammad G‘afforning “Cho‘milayotgan daryo” to‘plamidagi ayrim she’rlarni qaytadan o‘qib chiqdim. Said Murod to‘plamini yana bir bor mutolaa qildim. Bir-biriga o‘xshamaydigan ikkala shoir ijodiga unchalik e’tibor qaratmaganimga ich-ichimda iqror bo‘ldim. Ha, haqiqatan ham she’r ta’mini ilg‘ash jarayoni yillar o‘tgach davom etishi ham mumkin ekan.
Har xil usullarda asar bitadigan shoirlarni bir avlodga mansub deyish o‘rinlimi? Menimcha, yo‘q. Bir maktabga daxldor deyish boshqa narsa. Bizning aksariyatimiz “parfizm” maktabi saboqchilarimiz degan fikrdaman.[1]
3. Yuksak adabiyotning missiyasi haqparastlikdir. Hazrati Alisher Navoiy ijodiyotining qadr-qimmati shu boisdan ham balandki, ul zot nazmida haqparastlik mustaqil ko‘ngil mevasi maqomiga chiqqan. E’tibor qiling: mutafakkir bobomiz yashirin qavatlarni qay zaylda tasvir etgan:
Seni topmoq base mushkuldurur, topmaslig‘ osonkim, Erur paydolig‘ing pinhon, vale pinhonlig‘ing paydo.Haqni izlayotgan banda malomat o‘qiga nishon bo‘ladi. Ayniqsa, hissiy bilish yo‘li qo‘rqinchliroq. Aynan xudoni ko‘p izlagani bois ham ba’zan shoir falak qahriga uchraydi. Umuman olganda, shoir qavmi – xudo “qarg‘agan” qavm. O‘sha “qarg‘ish” bois hayot g‘aroyib, tobora g‘aroyib ko‘rinib boraveradi. O‘z navbatida shoirlar birdaniga o‘zgarib ketishi ham bor gap. Menga A.Oripovning o‘n yetti-yigirma ikki yoshlarida yozgan she’rlari xush yoqadi. O‘sha she’rlaridagi ruh Haynrix Hayne bitiklarinikidan-da baland. Shoir she’riyatda o‘z maktabini yaratdi. Oripov Dantening durdona asarini tarjima qilganidan so‘ng yanada o‘sdi. Xullas, shoiru yozuvchilarimiz o‘z savollariga jo‘shqinlik ila javob axtargan paytlarida betakror asarlar yaratadilar. Javob axtarish maromi pasayganda esa o‘zlarini o‘zlari takrorlashga tushadilar.
4. Fizikada inertsiya tushunchasi mavjud. Deylik, mashina motori o‘chirib qo‘yilsa, inertsiya bois ko‘p vaqtlargacha harakatlanaveradi. Ayniqsa, tepalikdan tushayotganida… Bugungi kunda So‘z kishilaridan mutlaqo o‘zgacha asarlar kutish maqsadga muvofiq emas. Adabiyot kecha kimning yonida turgan bo‘lsa, bugun ham unchalik olis masofaga bosh olib ketib ulgurmadi. Shu sababdan ham, deylik, modernist deya qaraladigan ijodkorlarga u qadar ko‘p ishonishmaydi. Umuman olganda, bu savolingizga, Ulug‘bek, yana o‘n-o‘n besh yildan so‘ng aniqroq javob qaytarish mumkin.
5. Menimcha, postmodernizm modernizmdan unchalik ham tafovut qilmaydi. Deylik, modernizmni qizil tusga qiyoslasak, postmodernizmni qip-qizil rangga o‘xshatsa bo‘ladi. Adabiy istilohlarning ko‘pchiligi reklama maqsadida ishlatiladi. Biz 2003 yilda hammualliflikda “O‘zbek modern she’riyati” bayozini tuzgan edik. Bayoz GFR va AQSh adabiy doiralarida ham dovruq qozondi. Agarda bayozga, masalan, “Ko‘k qarg‘a” deb nom qo‘yganimizda xos davralarning nazariga tushmas ham edik.
Navoiy hazratlari g‘azallaridan so‘ng eng ko‘p o‘qiganim Nozim Hikmat she’rlaridir. Ayniqsa, shu shoirning “Sochlari somon sarig‘i, kipriklari moviy” nomli she’rini (Turkchadan Miraziz A’zam tarjimasi) o‘qisam, yangi bir oziqlarni olaman.
Modernistlarni tanqid qilib yuradigan yozuvchi og‘amiz Norto‘xta Qilich bundan yarim yilcha muqaddam menga “Ikki olam aro” nomli munaqqashasini o‘qishga berdi. O‘qisam, asarning ayrim joylarida postmodernizm unsurlari yaraqlabgina turibdi. Shu to‘g‘ridagi mulohazalarimni adibimizga yozib ham berdim. Xullas, postmodernizmni xushlamaydigan ijodkor ham shu ko‘chadan bilib-bilmay o‘tib ketishi mumkin ekan. Ammo hadeb oqimlar nomini ta’kidlayverish allergiya qo‘zg‘ab qo‘yishi ham bor gap. Biz modernchi deyilganimiz sari xalq orasida o‘quvchilarimiz kamayib borayotir. Poytaxtdan olis-olislardagi ayrim qishloqlarda asarlarini o‘qimay turib, modernistlardan darg‘azab bo‘lib yurganlarni o‘zim ko‘rganman.
6. Boshqotirma, krossvordni adabiyotga nisbatan qo‘llanishiga qo‘shilmayman. Chunki, deylik, krossvordni o‘ylab-o‘ylab yechadilar. Adabiyotdagi o‘yin boshqotirma singari yechilmaydi. O‘yinni ko‘rish uchun o‘ylash, chuqur o‘ylash shart emas, shunchaki sezimlaringiz o‘yinlarga moslasha bilsa… shuning o‘zi kifoya.
DARDni har kim har xil tushunadi. Dard ko‘p, hamdard esa oz. Deylik, men o‘zim chin shoirlar yolg‘izlikda qiynalib yashaydilar, deb o‘ylayman. Hazrat Navoiy, saviyasi yuksak do‘stlari ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar, tanholikda og‘rinib yashagan. Shuning uchun ham she’r yozgan.
Aslida, hayotning o‘zi – o‘yin. O‘ynatuvchi – Olloh. Maftunkor musiqalar chalinar ekan, o‘yinga tushmasdan ilojingiz qancha?! Hazrat Navoiy ham yozgan-ku, axir:
O‘ynay-o‘ynay bog‘ladi uyqumni fusundin, To g‘amzasi ul nargisi jodu bila o‘ynar. Tong yo‘qki, ko‘zung bo‘lsa ko‘ngul birla muloib: Majnung‘a ajab yo‘q, agar ohu bila o‘ynar.So‘z afsungarining ko‘p g‘azallari o‘yin asosiga qurilgan. Hattoki, jiddiy tuyuladigan g‘azallarining ba’zi joylarida muallif “qah-qah otib” qo‘yadi. Deylik, “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay” matlai ila boshlanuvchi g‘azalni olimlarimiz jiddiyliklarini avj oldirarak sharhlaganlar. Aslida, bu boshlama g‘oyatda falsafiy tuyulsa-da, g‘azal oxirida istehzoga duch kelamiz:
Besha ichra devlar maqtuli o‘lsun, ey pari, Gar Navoiy yona azmi Astirobod aylagay.Bu g‘azalni bobomiz hokimlikdan bo‘shab, Hirotga qaytayotganida yo‘lda yozgan bo‘lishi ham mumkin. Agarda shunday bo‘lsa, ilk baytda podshohga tashakkur izhor qilgani tasdiqlanadi. Oxirgi baytda esa shoir o‘z ustidan kulmoqda. Agarda yana Astrobodda qoramni ko‘rsatsam, meni devlar tutib olib, changalzorda o‘ldirsinlar, demoqda.
“Alkimyogar” asarini jahon miqyosida ommalashuviga ham o‘yin usuli sababchi. P.Koelo Sharq so‘fiylik adabiyoti unsurlarini Yevropaga moslab o‘yin qiladi. Aslini olganda, bu asarda odamni favqulodda junbishga keltiradigan biror lavhani ko‘rmaysiz. Demak, goho o‘yin usullari asarga jozibali ruh bag‘ishlab berar ekan.
“O‘yin”ga berilib ketish ham yaramaydi. Sababi, shoiru yozuvchilikdan muddao o‘yinlarnigina tasvirlash emas. Adabiyot ma’no tovlanishlari ko‘magida odamlarni yupatishi, ularga tasalli berishi ham kerak. Dardning o‘zi odamni toliqtiradi, charchatadi. Muttasil ijod o‘yi bilan yashagan kishilarda asab zo‘riqishi xastaligi uchrashini bilamiz. Umuman olganda, adabiyotga o‘ta jiddiy nazar tashlasangiz, horiysiz, yengil qarashlar ham fikr salmog‘ini tushiradi. Oltin oraliqni axtarib topmoq darkor.
7. Men o‘zim ham yuzdan ortiq adabiy-tanqidiy maqolalar yozib, matbuotda e’lon qildirganman. Har doim ham o‘ylaganlarimni ayta olganim yo‘q. Chunki birovni xafa qilib qo‘yishdan cho‘chiyman. Shu nuqtai nazardan qaralganda, xolis bo‘lish – mushkul amal. Olimlarimiz imkoniyati darajasida xolislikka intilyaptilar. Ammo adabiy tanqidchilikning nazaridan chetda qolib kelayotgan yozuvchilarimiz ham bor. Bular: Olim Otaxon, Temur Po‘latov, Yusuf Latif… Negadir saksoninchi yillarda maqtalgan shu yozuvchilar dorulfanoda bormi-yo‘qmi – hech kim qiziqib ko‘rmadi.
8. Adabiyot maydonidagi kurashda g‘irromlik ishlatilmagani ma’qul. Sof raqobat bo‘lgan joyda adabiyot taraqqiy etadi, muxlislar saviyasini o‘tkir qiladi. Noan’anaviy usullarda asar bitadigan ijodkorlarga qarshi buyurtma yo‘sinida maqola yozdirishga urinishlarni ham ko‘rgan edik. Adabiyot maydonidan seni supurib tashlayman, qabilidagi iddaolarni eshitganmiz.
Radiodagi chiqishida yosh olimlardan biri, men butun umrimni modernizmga qarshi kurashga bag‘ishlamoqchiman, deganini eshitganman. Raqobat chog‘ida kuch, tazyiq ishlatilsa, johil kimsalardan nima farqimiz qoladi, axir?! Agarda haqiqatan ham realizm va modernizm oqimlari bor deya tan olinsa, ushbu oqim vakillariga teng imkoniyatlar yaratib berilishi joiz, deb hisoblayman.
9. Menimcha, ijodkorning ijodkorlik va fuqarolik burchlari – bir narsa. Ya’ni ijodkor hayotdagi o‘z missiyasini bajaradi. Agarda missiyasini bajarmasa, lazzatlana olmaydi. Missiya ado etilganidan so‘ng ijodkor ruhan “o‘ladi”. Fuqarolik burchi o‘shanda nihoyasiga yetadi.
Yozuvchilarimiz qariganini tan olganida nuroniy bo‘lib ko‘rinadilar. Yozganlaring zerikarli tuyulaversa, o‘z-o‘zingni takrorlayversang, odamlar seni ichida koyiydilar. Qachonlardir adabiyot bilan xayrlashganingni tan olasan…
10. Bugungi kunda omma adabiyotining targ‘iboti kuchli. Badiiy nashrlarning aksariyati poytaxtdan ming kilometr naridagi qishloqlarga yetib bormayapti. Qishloqlardagi maktab kutubxonalariga borib ko‘rganmisiz? Ayrim maktablarda kutubxona yo‘q darajada… O‘n-o‘n besh badiiy kitob, yigirma-o‘ttizta darsliklarni yig‘ib, shuni kutubxona deyishadi. Bugungi kunda hech bo‘lmasa, XX asrning she’riy, nasriy, maqolanavislik antologiyalari har bitta umumta’lim maktabi kutubxonasida bo‘lmog‘i lozim. “O‘zbek adabiyoti” darsliklarini sal boshqacharoq tarzda yaratish davri kelmadimikan? Masalan, umumta’lim maktablariga mo‘ljallangan “XXI asr o‘zbek adabiyoti” qo‘llanmasi yaratilsayu shu qo‘llanma qishloq maktablarigacha yetib borsa… Har holda, jiddiy adabiyotga qiziqish maktab partasidan boshlansa, yomon bo‘lmas edi.
Men o‘smirlik chog‘larimda O‘tkir Hoshimovni yaxshi taniganman. Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romanini o‘qib, hattoki unga taqlidan qissa yozgan edim. Hozirgi vaqtda qishlog‘imiz bolalari, deylik, Ahmad A’zam, Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton kabi yozuvchilarning asarlarini o‘qish tugul, ism-shariflarini ham bilishmaydi. Chunki bu yozuvchilarimizning kitoblari maktab kutubxonalariga yetib bormaydi. Bir-ikki yilcha muqaddam Turkmaniston Respublikasi chegarasida joylashgan umumta’lim maktab kutubxonasini borib ko‘rdim. Ishonasizmi, Qodiriy va Cho‘lponning bir-ikkita kitobidan boshqa hech vaqo yo‘q. Jamoa iltimosiga ko‘ra, shaxsiy kutubxonamdagi ayrim nasriy kitoblarni shu maktabga jo‘natdim. Qishloqdoshlarim, ayniqsa, o‘quvchilar, uy bekalari jiddiy adabiyotga qiziqishar ekan.
Shu o‘rinda qiyos sifatida hayotiy voqeadan so‘z ochmoqchiman. Birinchi kursdaligimda poyezdga minib, qishloqqa kelayotganimda sotuvchi xuddi sovunga o‘xshagan, yaltiroq qog‘ozlarga o‘ralgan allanarsani taklif qila boshladi. Men besh-olti donasini sotib oldim. Birini ochib, tishlab ko‘rsam, ta’mi nordon. Uyimga olib borsam, qavmu qarindoshlar nima opkelding, deya kulsalar kerak, deb o‘z-o‘zimcha xijolat tortdim va xaridlarimni poyezd derazasidan uloqtirdim. O‘sha pishloqlar sahro yumronqoziqlariga yem bo‘ldi.
Oradan uch-to‘rt yil o‘tgach, dadam poytaxtga keldi. Qo‘shjonov domlaning shogirdi, qishloqdoshimiz Baxtiyor Qurbonboyev bizni mehmonga taklif etdi. Dasturxonga xuddi o‘sha narsa qo‘yilgan ekan. Dadam indamay yeya boshladi. Men ham unga qo‘shildim. Ana shundan beri pishloqxo‘rga aylanganman. Bularni yozish barobarida nima demoqchiman? Poytaxtimizdan ming chaqirimlar narida yashovchilar, deylik, Kafka, Kamyu, Joys asarlarini taklif etsangiz, dastlab peshonalarini tirishtirishlari mumkin. Ammo, keyinchalik, ta’mini bilgach, “mazaxo‘rak” bo‘lishadi. Kitob sotib olib, shaxsiy kutubxona tashkil etishni an’ana tusiga kiritadiganlar topilib qolishi ham mumkin. Xususan, bizning qishloqda ayrim odamlar boyib ketayotganini ko‘rdim. Yevropacha usulda qurilgan uylarning yonidan o‘tarkanman, tush ko‘rmayapmanmi, deb ham o‘yladim. Avvallari qishlog‘imizda uch-to‘rt nafar kishi mashina minardi. Hozirgi davrda biz tengi ba’zi odamlar tasarrufida hattoki ikkitadan mashina bor. Biroq ma’naviyat, ma’rifat targ‘iboti bilan astoyidil shug‘ullangan fidoyi odamlarni ko‘proq ko‘rging keladi qishloqlarda! Boyib borayotganlar ham goho shunday noliydilarki, ularga qarab yuragim orqaga tortib ketadi. “Og‘a, bularga kitob tugul, qog‘oz haqidayam gapirmang – jahllari chiqadi”, dedi bir gal ukam.
Yaqinda men Marks Jumaniyozov qalamiga mansub “Esimda qolgan onlar” avtobiografik kitobini o‘qib chiqdim. Bu odamni jiddiy adabiyotga qattiq qiziqqanini hech bilmagan ekanman. Marks og‘a bilan uchrashganimizda ham adabiyot to‘g‘risida jiddiy gaplashmagan edik. Bu inson bultur dekabrda bandalikni bajo keltirdi. Ammo shu kitobi tarix bo‘lib qoladi. Kitobda shunday tasvirlar mavjudki, xuddi kino ko‘rayotgan kabi bo‘lasiz.
Adabiyotparastlar mamlakatimizning ko‘p olis shaharlarida, qishloqlarida yashayaptilar, uylarida kutubxona tashkil etyaptilar. Biroq biz bularni bilmaymiz, tanimaymiz-da, hech kim kitob o‘qimayapti, deyarak oh tortamiz.
Xudoga ming qatla shukrki, bizda zehnli odamlar ko‘p. Ammo kitob chiqarish, kitoblarni kutubxonalarga jo‘natish, ularni savdoga qo‘yish, eng asosiysi, kitob targ‘iboti tizimining yangicha mexanizmlarini ishlab chiqish – davr talabi. Xulosa shuki, jiddiy adabiyot targ‘iboti asr muammosi sifatida kun tartibiga olib chiqilmog‘i lozim.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil.