Usmon Azim: “Adabiyotni halol odamlar yaratadi” (2013)

– Ko‘z tegmasin, eng sermahsul ijodkorlardan birisiz. She’r ixlosmandlari orasida hatto “Usmon Azim she’rlarini qoralama qilib o‘tirmay, to‘ppa-to‘g‘ri kompyuterda yozaverar ekan” degan “zamonaviy rivoyatlar” yuradi. Yana siz haqingizda “she’r yozish texnikasini puxta egallab olgandan keyin yozaveradi-da”, deyishadi. Nahotki, muntazam ijod jarayoni uchun faqat she’r yozish texnikasining o‘zi kifoya qilsa?

– Endi… Juda sodda qilib aytsam, hamma ham ish bitirishning qulay yo‘llarini izlaydi. Kemalar bahri muhitlarni kesib, oylab suzgan manzillarga tayyoralar bir necha soatlarda yetayapti. Ijodkor ham ishining ijoddan xoli taraflarini tezroq bitirish yo‘llarini izlagan-da! Bilasiz, Alisher Navoiy hazratlarining huzurida yozganlarini oqqa ko‘chirguvchi xattotlar xizmat qilgan. Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik”ini rafiqaci Sofya Andreevna, adashmasam, yetti marta boshdan-oyoq ko‘chirib chiqqan. Tolstoy Dos­toyevskiyning mehnatkash rafiqasi haqida “shunday xotini bo‘lsa, hamma ham katta yozuvchi bo‘lar edi” degan gapni aytgan. Rahmatliklar “yo‘q, hammasini o‘zim qoyillataman!” demagan-ku! Xullas, real ko‘makchilari va imkoniyatlari bor ijodkorlargina o‘zlarining iste’dodlarini to‘liq namoyish eta olganlar. Imkoniyatlari yo‘qlar esa, Xudo bergan iste’dod azobini qog‘ozga yetkazolmay, dardlarini o‘zlari bilan tuproqqa olib ketavergan. Bu hol juda achinarli – dunyoning beshafqat, adolatsiz bir o‘yinidir. O‘ylang, bunday imkoniyatlari bo‘lganida, Maxmur yoki Gulxaniy kabi iste’dodlardan ehtimol buyuk asarlar qolgan bo‘lardi. Poshsho xizmatini or bilgan, saroydan naridagi azobli hayotni ro‘y-rost yozishga jur’at etgan bu shoirlar o‘zlari bilan qog‘ozga tushirolmagan ko‘p narsalarni olib ketganlar. O‘sha payt uchun imkoniyati behad Amiriyning jimjimador she’rlardan iborat devoni esa e’zozlanib, go‘zal kitoblar holiga keltirilgan. Mana, sizga imkoniyatlarning taqqosi. Shu sababli, Sharqda shoirlar o‘ziga to‘q odamlar bo‘lgan. Ahvoli nochorlar esa biror-bir ma’rifatparvar hukmdorning saroyiga tiqilishga majbur bo‘lganlar. Bu yo‘lga kirolmaganlar esa qog‘ozga tushmagan ilhom selida oqib, sarosar ketganlar, yo‘qlikka yuz tutganlar.

Yaqingacha, texnik vositalar yetishmagani sababli yozuvchilik ishi juda-juda sermashaqqat mehnat edi. Ilhomli va zavqli yozish jarayonidan keyin qora mehnat boshlanar, bu mehnatni esa yordamchilarsiz hamma ham ko‘tara olmasdi.

Ammo dunyo o‘zgarayapti. Zamon bir joyida turgani yo‘q. Ijodkorlarga ham madad bo‘lguvchi ko‘makchilar paydo bo‘lmoqda. Mana, bizning zamonda yozuvchiga kompyuterlar yordamga keldi. Men ijod ishiga nima yordam bersa, “Allohning in’omi” deb, minnatdorchilik bilan qabul etganman va shu sabab, bu yangilikni juda tez qabul qildim. Chunki kompyuter paydo bo‘lguncha, ancha qiynalganman. Mening yozishim jarayoni allaqanday talvasali – bir fikr ortidan bir fikr juda tez almashadi. Hozir yozganim satrning, so‘zning o‘rniga, o‘zimcha durustroq deganim boshqa satr­lar, so‘zlar shoshqin bir tarzda oqib keladi. Yozilgan fikrlar o‘rnini kutilmagan fikrlar egallaydi… Bu o‘zgarishlar butun sahifa bo‘ylab sachragan ko‘yi davom etadi. Qog‘oz bir damda o‘chirilgan so‘zlar, o‘rni almashgan satrlar tufayli bo‘yalib, bir-ikki kundan ke­yin o‘zim ham o‘qib chiqolmaydigan ko‘rinish oladi. Buning ustiga, yozish jarayonida vujudi ruhimni qamrab olgan g‘ujur ta’sirida ruchkani juda ham qattiq ushlayman. Natijada, o‘n-o‘n besh daqiqa o‘tmasdan qo‘llarimga og‘riq kiradi. Barmoqlarim zirqiraydi… Bu yozishda kattaroq asarlarni udda qilish juda azobli ish. Ha, yana anchagina pala-partishligim bor…

Men bu tarzda yozish jarayonimga o‘zgartirish kiritish lozimligini doim his qilganman. Chunki kaminaga faqat yozish jarayonining o‘zi qiziq va qog‘ozga tushganni qayta ko‘chirish, birovga mashinkalatish kabi alohida uquv talab qiladigan ishlar hamma vaqt zerikarli edi. Men hamma vaqtimni yozishga bag‘ishlamoqchi bo‘lganman. Ichimda esa, sezishimcha, mudom yozadigan gapim ko‘pday tuyulgan. Ularni yozib qolish imkoniyatini axtarganman. Dastlab, ilk hikoyalarimni (“G‘oz”, “Siz bilmaydigan zamonlarda” va hokazo) mashinkada yozdim. Va nasrni bu tarzda yozish mumkinligini o‘zimga isbotlagan bo‘ldim.

Kompyuter chiqqach esa, imkoniyatlarini birovlardan so‘rab bilganim sayin, unga qiziqishim osha boshladi. Bu mo‘jiza aynan men uchun yaratilganday tuyuldi.

Oradan olti-etti yil o‘tib, bir balo qilib, pul to‘plab, ishlatilgan bir kompyuter sotib oldim va o‘g‘lim, uning nimalarga qodirligini menga namoyish etganda, hayratga tushdim. Qariyb tong otguncha, komyuterda qanday yozib, qanday tahrir qilishni o‘rganib chiqdim. Uning ruhimga mos moshin ekanligi shundoq ayon – bu texnika, aniq, menga Parvardigorning in’omi edi. Va o‘sha kundan boshlab, she’rni hech ikkilanmasdan kompyuterda yoza boshlaganman. “Kuz”, “Yurak”, “Fonus”, “Jimlik”, “Adibning umri” kabi kitoblarim shu tarzda yozilgan. Men she’rimni ishlash uchun, tahrir uchun cheksiz imkoniyat bergan Parvardigordan minnatdorman. Ha, aytganday, men bu mo‘jizadan faqat yozuv uskunasi sifatida foydalanaman va unda boshqa bir amallarni amalga oshirishni bilmayman. Masalan, internetga kirish menga qorong‘u bir yo‘l. Rosti, bunga qiziqmaganman. Men mudom ichimdagini yozib ulgurishim kerakligini anglaganman, xolos.

“She’r texnikasini o‘zlashtirgandan keyin yoza­ve­radi-da” deydiganlar haqida. Bu – ijodning mohiyatini bilmaydiganlarning gapi. Yangilikni il­g‘ashni istamaydigan erinchoq pisandasi. Ha­vas­korning – tagida nochorlik yotgan – bepisand lafzi. Chunki she’r texnikasi o‘rganilmaydi. Shoir bo‘ladigan odam bolaligidayoq ko‘ngliga uchib kirgan allaqanday ohanglarni she’riy satrlarga aylantirishni o‘z-o‘zidan biladi. Bu narsa uning vujudida bo‘ladi. Nazarimda, she’r texnikasini ataylab o‘rgangan shoir bo‘lmasa kerak. She’rning qanday bo‘lishini, ohangini, shaklini ichingda yaralgan ohang belgilab beradi. Betinim izlanish, ko‘ngil va ruhni toza saqlash; mutolaa, hayotga va jamiyatga munosabat; bu dunyodan hayratlanish, ta’sirchanlik (bular – dunyoni his etishdagi turfa antennalar) shoirning yozishiga muntazam turtki bo‘ladigan vositalardir. Men ijodda “uzluksiz ilhom” maqomiga ko‘tarilish haqida ilgari yozganman. Muhimi, mana shu maqomga yetib olish…

– O‘z yuragiga shafqat qilmagan ijodkorgina chinakam shoir bo‘ladi. Chunki dunyo she’riyatining eng go‘zal, eng unutilmas namunalari mana shu shafqatsizlikning mevalaridir. Ayting-chi, siz aytgan “she’riyatning pichog‘ini qalbga sanchib” yashash shoirdan qanday fidoyilikni talab qiladi?

– O‘zining iste’dodini xor qilmaslikni, uning qarg‘ishiga qolmaslikni, umrini o‘zi yaxshi ko‘rgan ishiga bag‘ishlashni, mehnat qila bilishni, ilhom bilan hamnafas yashashni o‘rganishni va buning ustiga, she’rga o‘xshab yashashga intilishni ham talab etadi. Mana bu she’rdagiday:

Men yolg‘on yozdimmi she’rda ataylab,
Yoxud martaba deb gapimdan qaytdim?
Yoxud so‘z kelganda – jonni avaylab –
Nodon shevalarda madhiya aytdim?
Qara, kuyib bitgan jonimga, qara,
So‘zimga qaragin: ushlasang – olov.
Otashin tuyg‘ular – umrimni qamrab –
Alanga ichiga otar – beayov.
Bo‘g‘zimga yopishgan dunyo bilan bahs,
Hayotni ichaman – og‘udir asru…
Men – umrim tongidan – she’r yozishnimas,
She’rday yashamoqni etganman orzu.

Mening Shoirlarga (bu so‘zni kengroq ma’noda o‘qing) talabim juda katta. Chunki bizning ma’rifatli xalqimizda Shoirga mudom shoirlikdan kattaroq talablar bilan qaralgan. Chunki ular hamisha muallimlik vazifalarini ham bo‘yinlariga olganlar. Xalqning og‘ir kunlarida ular erku ozodlik uchun kurashga boshchilik qilganlar. Ularning kichkina odam bo‘lishga haqlari yo‘q.

– Shu paytgacha nashr etilgan katta-kichik kitoblaringizni ko‘zdan kechirgan o‘quvchi ijodingizda “Alpomish” dostoni muhim o‘rin tutishini anglaydi. Doston ta’sirida go‘zal she’r­lar, baxshiyonalar, keyinchalik kinodoston va hikoyalar yozdingiz. “Siz bilmaydigan zamonlarda” va “G‘oz” nomli hikoyalarni o‘qiy turib, baxshi tugallagan joyda dostonni shoir davom ettirishi ham mumkin ekan deb o‘yladim. Nazarimda, Usmon Azim yuragida uning o‘z dostoni, o‘z “Alpomish”i bor va u shoir hayoti qadar davomiydir…

– Alpomish haqidagi o‘qiganlaringizga “Alpomishning qaytishi” va yaqinda Milliy teatr sah­na­lashtirishni boshlagan “Tong otgan taraflarda” pesalarini qo‘shib qo‘ysangiz, ro‘yxat to‘liqroq bo‘ladi. “Alpomish” dostoni mening jon-qonimga singigan. O‘zim qo‘ng‘irotlardanman. Buning ustiga boysunlikman. Bolaligimdan men bu dostonni baxshilardan eshitib, kitobdan o‘qib katta bo‘lganman. Menga Alpomishning nevarasi ekanimni ko‘p ta’kidlashgan. Hozir ham Alpomishning qoni tomirimda gupirib turganini har lahza his etaman. Yozish uchun, hayotga tik qarash uchun Alpomish bo‘lish kerakligini ham aniq bilaman. Haqiqiy Adabiyotni faqat va faqat mard, halol odamlar yaratadi deb o‘ylayman. Faqat Adabiyotning emas, hayotning hamma jabhasida Alpomish kerakligini tuyaman…

– Odatda, shoirlar yoshi ulg‘aygani sayin mumtoz janrlarga murojaat eta boshlaydi. G‘azallar, muxammaslar degandek… Sizda esa, aksincha, an’anaviy she’rdan sal uzoqlashib, modernga yaqinroq uslubda yozayapsiz. So‘nggi yillarda nashr etilgan “Kuz” va “Fonus” nomli she’riy to‘plamlaringizni o‘qib, shunday xulosaga kelish mumkin.

– Men Xudo ko‘nglimga qanday solsa, shunday yozaman. An’anaviy yozishni ham, zamonaviy yozishni ma’lum bir darajada udda qilaman. Shoir faqat bu tarzda yozishi lozim deb turib oladigan nodonlardan uzoqroq yuraman. Ular faqat qo‘lidan keladigan bir uslubni maqtashga kirishadilar. Mening nazarimda esa, shoir she’riyatdagi hamma yo‘nalishni o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Bu uning ijodida rang-baranglikka olib keladi.

“Modern” haqida. Bu so‘z ko‘pincha o‘ziga bino qo‘yish uchun ishlatilyapti. Bu so‘zdan meni ozod etishingizni so‘rayman. Men “izm-izm”lardan to‘ygan odamman. Qariganimda qandaydir “dernchi” bo‘lishdan Xudo saqlasin. Bu so‘zni bo‘ynimga olib, kimning oldiga boraman? “Jahon adabiyoti” jurnalida yaqinda gapirib berishdi. O‘zini qaysidir bir yo‘nalishning yo‘lboshchisi deb e’lon qilgan shoirga tarjima uchun she’rlar berishgan ekan, u bir necha kundan keyin she’r­larni qaytarib olib kelib shunday debdi: “Qofiyali she’rlar ekan, tarjima qilolmayman. Agar bo‘lsa, qofiyasiz she’rlardan beringlar!..” Shumi shoir? Eshitgan qu­loqqa erish tuyuladi.

Siz she’rlarimda ko‘rayotgan yangiliklar haqida aytsam, men yangilikka o‘ch odamman. Ruhu qalbim juda yosh. Yutoqib, hapriqib yashayman. Birgina vujudimda juda ko‘p shoir bor. Ularning hammasini kuylatgim keladi.

– She’r she’rdan tug‘iladi, degan fikr bor. Qolaversa, har qanday ijodkorning o‘z ilhomchisi bo‘ladi. Shu ma’noda sermahsul shoir Usmon Azimning ilhomchilari hazilakam ijodkorlar bo‘lmasa kerak? Kutubxonangizda siz qayta-qayta murojaat qiladigan kitoblar bormi va ular qaysilar?

– Bu savolga aniq javob berolmayman. Men ma’lum bir guruh adibu shoirlarning ijodi bilan bog‘lanib qolmaganman. O‘rgangan adiblarim nihoyatda ko‘p. Alisher Navoiydan tortib Qodir baxshigacha, Homerdan tortib, deylik, zamonaviy g‘arb yozuvchilarigacha, turk shoirlaridan tortib mumtoz yaponu xitoy she’riyatigacha, rus adabiyotidan Amerika qit’asi adabiyotigacha… Men asosan o‘quvchiman.

– Kitoblardan ozmi-ko‘pmi o‘qiganmiz: Ab­durahmon Jomiy, Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy kabi shoirlar o‘z zamonasining axloq bobida benazir kishilari bo‘lgan. Shoir va shoh Husayn Boyqaro “Risola” asarida Alisher Navoiyning axloq bobidagi komilligiga baho berib, hatto uni farishtaga tenglashtiradi. Undan keyingi zamonlarda ham ijod ahli axloq borasida boshqalarga o‘rnak bo‘lgani aniq. Xo‘sh, bugun-chi? Bugun shoir desa, ko‘pchilik sal telbanamo, ko‘pincha sal shirakayf yuradigan, ust-boshi haminqadar odamni tasavvur qilishi odamga alam qiladi. Nahotki, ijod ahli birlashib bu munosabatni o‘zgartira olmasa? Umuman, ijodkor axloqi haqida qanday fikrdasiz?

– Men ijodkor qiyofasini, yoki siz aytganday, “axloq”ini yozganlaridan izlayman. Duppa-durust odamlarning manfaat va mukofotlar yo‘lida, qilpanglab ijod qilishlari meni uyaltiradi. Adabiyot buzuq ayolday sotilmasligi kerak. Adabiyotning Parvardigor tomonidan berilgan vazifasi borligini his qilmog‘imiz zarur. Axir, shuning uchun ham iste’dodlar dunyoga kelgani kelgan. Shoirning qanday ki­yinishi haqidagi gap esa juda bahsli. Masalan, deylik, Mashrab, yoxud Maxmur qanday kiyingan ekan? Hozirgi shoirlarning kiyinishiga kelsak, mening davramdagi odamlar juda qoyilmaqom kiyinishadi. Albatta, g‘arb ijodkorlarining erkin va odmi kiyinishi tobora bizda ham rasm bo‘lib bormoqda…

Ammo, tan olishimiz kerak, kiyinish ham insonning jamiyatdagi o‘rnini belgilab beradi. Ehtimol yozganiga munosib qalam haqi to‘lanmaydigan (yoki umuman to‘lanmaydigan) shoirlarning yaxshiroq kiyinishga moddiy rag‘batlari yetmas. Bu juda o‘ylab ko‘riladigan masala. Hukumat qarori bo‘lishidan qat’iy nazar, nash­riyotlar mualliflarga ko‘rsatilgan qalam haqini to‘lashdan shu kungacha bosh tortib kelyaptilar. Keling, avval ishni birgalashib shundan boshlaylik.

– Sharq she’riyatida azaldan inson ru­hiya­tidagi evrilishlarni tabiat manzaralariga uyg‘un ravishda tasvirlash an’anasi mavjud. Bunga sizning ijodingiz yaqqol misoldir. Bahor, yoz, kuz va qish manzaralari tasvirlangan ko‘plab she’rlaringiz bor va ular bir-birini tak­rorlamaydi. Nazarimda, eng ko‘p she’rlaringiz kuz haqida. Tiyramohning ilk kunlarida qog‘ozga tushgan, hali hech kim o‘qimagan she’r jurnalxonlar uchun ajoyib sovg‘a bo‘lar edi.

– So‘nggi yozgan she’rim mana bu…

MAKTUB

Ko‘chang boshida bir tol bor edi. Bormi? Xabar bergin.
Meni ko‘rmoqqa zor erdi. Hanuz zormi? Xabar bergin.
 
Holing so‘rsam, og‘ib qismat xatarlarga ketar bo‘ldi.
Faqat tolning holidin, yor, xabar bersang, yetar bo‘ldi.
 
Yashnaganmi? Ko‘karganmi? Bo‘yi necha quloch o‘ldi?
Yoki o‘zga imoratga meningdek bir og‘och o‘ldi?..

Suhbatdosh: Gulnoz Mo‘minova

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 9-son.