To‘ra Mirzayev. Suhbatlar davom etadi (2018)

Qadimgi yunon akademiyalarida ilm suhbatlarda tug‘ilib, suhbatlarda kamolga yetgan. O‘qish va o‘qitishning, o‘rganish va o‘rgatishning bu an’anaviy usuli sharq ilm akademiyalari uchun ham begona emas. Qurilgan madrasalar, xonaqohlar, ustoz uyidagi maktablar buning isboti. Suhbat asnosida ustoz-shogirdning nafaqat bilimiga, muayyan kasbni egallashiga, balki uning insoniy fazilatlariga ham ishlov bergan. Ustoz shogirdida taqdirdoshlik tuyg‘ularini uyg‘otgan.

Shu ma’noda akademik To‘ra Mirzayevning “Hodi Zarif suhbatlari” kitobi katta qimmatga ega. Bu kitob va kitobdan joy olgan suhbatlar bizni baxshilar dunyosiga bog‘laydi. Bugungi suhbatimizda biz olim To‘ra Mirzayev orqali o‘zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarif, Hodi Zarif orqali o‘zbek baxshichiligining bulbuli Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining dostonchilik olamiga yanada yaqinlashishni niyat qildik.

Shahnoza Nazarova: Ustoz, ayting-chi, Hodi Zarif Ergash Jumanbulbul o‘g‘li bilan ilk marta qayerda ko‘rishgan, qanday tanishgan? “Hodi Zarif suhbatlari”ga kiritilmagan xotiralar ham bordir?

To‘ra Mirzayev: Suhbatimizni savolingizning ikkinchi qismiga javob berishdan boshlay qolay. Ustoz Hodi Zarif bilan mening ustoz-shogirdlik muloqotlarim o‘n bir yil muttasil davom etgan (1961–1972). O‘sha yillari birgalikda ishlash davomida deyarli har kuni uchrashib turar edik. “Hodi Zarif suhbatlari” kitobi esa bu muloqotdan qirq yil keyin yozilgan. Ayrim qaydlarni hisobga olmaganda, bu suhbatlarni men o‘z vaqtida yozib bormaganman. Shunday qilmaganim keyinchalik menga bir umr armon bo‘lib qoldi. Bunday holatda suhbatlarning qaybirlari unutilgan bo‘lishi, qaysilaridir kitobga kiritilmaganligi tabiiydir.

Jumladan, men hali aspiranturaga o‘qishga kirmasimdan oldin, 1960 yilda Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani, Jaloyir qishlog‘ida yashovchi Mamadra­yim baxshidan (1889–1971) ikkita folklor asari yozib olgan edim. Baxshi uning birinchisini “Bir boy qizining tushi”, ikkinchisini “Qadimgi hikoya” deya aytib bergan edi. Birinchisi shunday boshlanadi:

Qiz tushini chechasiga aytib turgani:

Och gazadan chang chiqdi,
U nimadir, chechajon?
Jo‘ra otli bir chiqdi,
U nimadir, chechajon?..

Shu tariqa qiz o‘z tushini o‘ttiz misrada o‘n besh savol tarzida bayon etadi. Chechasi (yangasi) ham uni shu maromda ta’bir qiladi:

Och gazadan chang chiqsa,
Sovchi kelar, ona qiz.
Jo‘ra otli bir chiqsa,
Quda kelar, ona qiz…

Ikkinchisi aytishuv tarzidagi yana bir boshqacharoq namuna edi:

Eshikdan keldi bir gado,
Hassasin tirab: – Huv, – dedi.
Uydan chiqdi bir mohpora:
– Uyning egasi yuq, – dedi.

Keyinchalik suhbatlarning birida ushbu namunalarni ustozga o‘qib berib, ularning janr mansubiyati haqidagi mulohazalarini so‘raganimda, shunday javob bergan edilar: “Bu namunalar qaysidir epik asarning uzindi parchalariga o‘xshaydi. Ular qaysi asar tarkibida kelganligini, ya’ni asl manbani hozircha men ham ayta olmayman. Shu sababli ularning birinchisini mavjud mustaqil holida to‘y marosimi uzvlari bilan bog‘liq yaxlit syujetli, savol-javobga asoslangan murakkab topishmoq, ikkinchisini aytishuv tarzidagi lirik qo‘shiq sifatida baholash mumkin”. O‘shanda suhbat davomida kutilmaganda, ikkinchi namunaning birinchi bandini o‘zlaricha xirgoyi qilib, uni 1927 yilda Termizdan qaytib kelgan taniqli folklorshunos va dramaturg G‘ulom Zafariy kuylab berganligini aytib, o‘zbek folklorining dastlabki to‘plovchisi va tadqiqotchilaridan biri G‘ulom Zafariy haqida qiziqarli ma’lumotlarni so‘zlab bergan edilar… Shuningdek, Elbek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Shayxzodalar bilan bog‘liq suhbatlar ham kitobga kirmay qolgan. Ulug‘ olim bilan bo‘lgan suhbat va muloqotlar mavzu doirasi jihatidan keng va xilma-xil bo‘lganki, ularni bir kitob doirasida bayon qilish imkoniyatdan tashqari. Agar diqqat qilgan bo‘lsangiz, kitobda maishiy-axloqiy mavzudagi suhbatlar butunlay chetlab o‘tilgan. Asosiy diqqat folklorshunoslar, folklor yoki folklorshunoslikning ayrim masalalariga Hodi Zarifning munosabati va qarashlarini bayon qilishga qaratilgan. Shu sababli “Hodi Zarif suhbatlari” kitobining to‘ldirilgan ikkinchi nashrini amalga oshirish yoki boshqa bir kitob yaratish kerak bo‘ladi. Bu endi kelgusining vazifalaridandir.

Endi savolingizning asosiy qismiga kelsak, men ustozdan o‘z vaqtida ulug‘ dos­tonchi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li bilan ilk marta qayerda ko‘rishgani, qanday tanishganini so‘ramagan ekanman. Ammo shuni qat’iy aytish mumkinki, Hodi Zarif Bokudagi O‘qituvchilar seminariyasini bitirib, 1926 yilda O‘zbekiston Maorif komissarligi Ilmiy Markazining O‘zbeklarni o‘rganish qo‘mitasida ish boshlaganining dastlabki kunlaridanoq Samarqandda atoqli dostonchi bilan tanishgan. 1927 yilning may oyida, ikkinchi ma’lumotga qaraganda, iyul oyida Xatirchi tumani Qatag‘on qishlog‘iga – Po‘lkan shoir hovlisiga borib, bu yerga yetib kelgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li bilan birgalikda tog‘ oshib, Ergash shoirning yurti – Qo‘shrabot tumanining Qo‘rg‘on qishlog‘iga borib, Qo‘rg‘on baxshilari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Afsuski, bu uchrashuv va suhbatlarning yozuvlari saqlanib qolmagan. O‘shanda Hodi Zarif, o‘zining aytishicha, professor Abubakr Divayev maslahati bilan o‘zbek xalq maqollarini 1923 yildan boshlab yig‘ishga kirishgan, Bokuda bo‘lganida ozarbayjon otalar so‘zlarini o‘rgangan, xalq ijodi namunalarini to‘plashda muayyan tajriba orttirgan, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, 21-22 yoshlardagi navqiron yigit, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li esa Buxoro madrasalaridan birida bir muddat ta’lim olgan, baxshilik san’atining barcha nozikliklarini ipidan ignasigacha puxta bilgan o‘ta mahoratli dostonchi, 58 yoshdagi donishmand mo‘ysafid bo‘lgan. Yosh jihatidan ular orasida katta farq bo‘lishiga qaramay, bu ikki buyuk inson umrlarining oxirigacha bir-birlariga nisbatan katta hurmat, mehr-oqibat va sadoqat bilan yashaganlar, hatto men aytar edimki, ularning o‘zaro ijodiy hamkorliklari ota-o‘g‘il munosabatlari darajasidan ham yuksakroq bo‘lgan. Chunki ularni bir oliyjanob maqsad – xalq dos­tonlarini mumkin qadar ko‘proq yozib olish va saqlab qolish, Ergash ota ta’biri bilan aytganda, “maorifga xizmat qilish” birlashtirib turar edi.

Bunday ijodiy hamkorlikni Ergash shoir dostonlarini yozdirayotganda qistirma misralarda va termalarida bot-bot takrorlab berganligi ham to‘la tasdiqlaydi.

Bizlar suxanvarlardirmiz,
Shoirlarga rahbar Hodi,
Toshkent elda o‘z xiliga
Hammasiga sarvar Hodi.

Yoki:

To‘rt shoir kelibdi, Hodi rahbari,
Lekin suxanvarning o‘zgan sarvari.

Yoxud: “Xoldorxon” dostonini yozdirar ekan, lirik chekinish qilib, folklorshunos va dostonchi munosabatlariga doir quyidagi misralarni qistirib ketadi:

Suxanvar ham afta bersa,
Gapi ketmasin ko‘payib,
Bo‘lak so‘zni aytibsan, deb
Mulla Hodi yursa koyib.
Endi gapni qo‘yayik,
Ketmasin gap ko‘p bo‘p boyib.
O‘tgan katta shoirlarga
Gap aytmoqqa menman noyib.

O‘z navbatida Hodi Zarif ham Ergash shoir ijodi va dostonchilik mahoratiga yuksak baho berib, uni doimiy ravishda tadqiq etib keldi. Umrining so‘nggi yillarida shoirdan yozib olingan doston va termalardan iborat besh jildli kitobni nashrga tayyorladi. Shunda ustozga: “Xalq dostonlari asrlar davomida kuylanib kelinadi. Ularni bir baxshi muallifligidagi asarlar to‘plami tarzida nashr etsak, qanday bo‘lar ekan? Ergash shoir o‘tganlarga nisbatan bir ijoddosh-ku”, – deya savol berganimizda, ulkan olim shunday javob bergan edi: “Yo‘q, unday bo‘lmaydi. Besh jildliga “Bulbul taronalari”, deya umumiy bir ramziy nom beramiz. Chunki ilgari o‘tgan baxshilar ham “Bulbul”, Ergash shoirning ota-bobolari va momolari ham “Bulbul”, dostonchining o‘zi ham “Bulbul”. To‘plamning bunday nomlanishida asrlar davomida xalqimizning hamkorlikdagi og‘zaki ijodkorligi bardavomligi hamda Ergash otaning ulkan ijoddosh-san’atkor ekanligi o‘zining yaqqol ifodasini topadi. Kelgusida “Fozil shoir kuylaydi” degan umumiy nom ostida ulug‘ baxshidan yozib olingan doston va termalardan iborat o‘n jildlikni ham tayyorlash lozim”. Shu tariqa “Bulbul taronalari” besh jildligi 1971–1973 yillarda nashr etilgan edi.

Bugungi kunda Qo‘shrabot tumani, Jo‘sh dahasi, Qo‘rg‘on qishlog‘ida Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining uy-muzeyi tashkil etilgan. Nurota tumani markazi va Qo‘rg‘on qishlog‘ida shoirning haykallari, Samarqandda esa ulug‘ san’atkorlar – Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan, Islom shoirlarning suhbatlashayotgan hamda doston kuylayotgan holati tasvirlangan monument o‘rnatilgan. Hodi Zarif tayyorlagan va nashr etilgan “Bulbul taronalari” besh jildligi, shuningdek, rus tilida olim tartib bergan “Pesnya Bulbulya” nomidagi uch jildlik kabilar ham ulug‘ dostonchi xotirasiga qo‘yilgan o‘ziga xos bir tarzdagi munosib haykaldir.

Bu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlash lozim: Hodi Zarif vafot etgach, uning qabriga yodgorlik lavhasi o‘rnatishga qaror qilindi. Shunda xotira lavhasida odatdagi rasmiy yozuvlardan qochib, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining “Shoirlarga rahbar Hodi” termasidan bir necha satrlarni o‘yib yozishga kelishildi. Natijada, xotira lavhasi quyidagicha ko‘rinish oldi: “Hodi Zarif. O‘zbek folklor­shunosligining asoschisi. 20.3.1905 – 13.1.1972.

Hodi elning bilimdoni,
Hodiday er yigit qani?!
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li”.

Bu ham ramziy ma’noda folklorshunos va dostonchi xotirasini abadiylashtirishning, ular orasidagi ijodiy hamkorlik bardavomligini avlodlarga yetkazishning o‘ziga xos bir yo‘lidir. Zero, yaxshi amallar hamisha boqiydir.

Umuman olganda, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan shoir va boshqa baxshilarning aniqlanishi hamda ular repertuaridagi dostonlarning yozib olina boshlashining o‘zi bir tarix. O‘tgan asrning 20-yilariga qadar, baxshilar o‘zlari yashayotgan hududlarda to‘y-tomoshalarda, bayram va tantanalarda tanilgan bo‘lsalar-da, ularning nomlari, kuylayotgan asarlari ilm ahliga, keng xalq ommasiga ma’lum emas edi, vaqtli matbuotda ham bu haqda aytilmasdi. Shu sababli XX asrning boshlarigacha hatto eng ilg‘or Yevropa fanida ham o‘zbek xalq eposining jonli og‘zaki epik an’analari saqlanib qolmagan, ko‘p asrlik mumtoz adabiyoti va yuksak darajadagi shahar madaniyati uni siqib chiqargan, degan xato fikr hukmron edi. Shu ma’noda jonli og‘zaki epik an’analarda yetib kelgan xalq dostonlarini bevosita baxshilar og‘zidan yozib olina boshlanishi o‘zbek fanining buyuk kashfiyoti bo‘lgan edi, deya dadil ayta olamiz.

Shuni aytish kerakki, baxshilarning, jumladan, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining birinchi aniqlanishi G‘ozi Olim Yunusov nomi bilan bog‘liq. Olim 1922 yilning yoz oylarida hozirgi Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va qisman Farg‘ona vodiysida to‘rt oy davomida xalq urf-odatlari, urug‘lar, folklor asarlari, atamalar to‘plash uchun ekspeditsiyada bo‘lgan. O‘shanda birinchi marta Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Hamroqul baxshi bilan uchrashib, “Alpomish” dostonidan parchalar yozib olgan va bu parchalar “Bilim o‘chog‘i” jurnalining 1923 yil 1-2-qo‘shma sonida nashr etilgan edi.

Keyinchalik O‘zbekiston Xalq Maorif komissarligi Ilmiy markazining O‘zbeklarni o‘rganish qo‘mitasi xalq dostonlarini muntazam ravishda to‘plashga kirishdi. O‘shanda birinchi doston Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan yozib olingan. Yozib olish ishlari asosan 1926–1928 yillarga to‘g‘ri keladi. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan shoirlarning o‘zlaridangina 40 dan ortiq xalq dos­tonlari hamda o‘zlarining asarlari yozib olingan. Bu asarlarning yozib olinishi bevosita Hodi Zarif nomi bilan bog‘liq. Hodi Zarifning o‘zi Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan “Ravshan”, “Xoldorxon”ning bosh qismi, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan “Yodgor”, “Rustamxon”, Po‘lkan shoir va Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan “Yusuf bilan Ahmad” dostonlarini yozib olgan. Bir qancha dostonlarni boshqa to‘plovchilar yozib olgan bo‘lsa ham, shu ishni tashkil qilgan olim Hodi Zarif hisoblanadi.

Hayot qiziq ekan. Baxshilar yashaydigan qishloqlarda dostonlarni yozib olishga deyarli sharoit yo‘q. O‘sha yillarda O‘zbekistonning poytaxti bo‘lgan Samarqandga olib kelingan baxshilar o‘z qishloqlariga tez-tez ketib qolaverishgan. So‘ng O‘zbeklarni o‘rganish qo‘mitasi 1926–1928 yillarda Bulung‘ur tumanining Qirqshodi qishlog‘ida yashovchi Muhammadisa Ernazar o‘g‘li hovlisidagi bir mehmonxonani ijaraga olib, yozib olish ishlarini tashkil etgan. Baxshilar shahar muhitiga moslasha olmagach, shunday yo‘l tutilgan. Shu tariqa hatto dostonni kuylash sharoiti ham yaratilgan. Baxshilar vaqti-vaqti bilan shu qishloqda yashaganlar. Hodi Zarif o‘z maqolalaridan birida: “Qirqshodi qishlog‘i mashhur o‘zbek xalq shoirlari – Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkanlarning qarorgohlaridan biri, folklor asarlarini to‘plashdagi faoliyatning qishloqdagi muhim punktlaridan biri bo‘lgan”, – deb yozgan edi.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li xalq baxshilarini aniqlash jarayonida ko‘plab ma’lumotlar bergan. Hodi Zarif e’tiroficha, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li bunda xalq baxshilarini olg‘a yetaklagan. Mana bir misol. Po‘lkan shoir 1926 yilda negadir ilmiy xodimlardan qocha boshlagan, yashiringan. Hatto qishloq sho‘rosi raisi bilan kelishibmi, Xatirchidan o‘zi haqida “o‘ldi” degan soxta ma’lumot ham jo‘nattiradi. Po‘lkan shoir Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ta’siridagina xatosini tushunib yetadi va Qirqshodi qishlog‘iga kelib dostonlarini yozdira boshlaydi. Mana sizga Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ma’rifatparvarlik qiyofasi. Xalq baxshilari savodsiz edilar, degan gapga Hodi Zarif mutlaqo qarshi bo‘lgan. Ular ulkan og‘zaki bilimga ega bo‘lgan o‘ta donishmand kishilardir. Imloni bilmaslik ularni savodsiz deyishga asos bo‘lmaydi, deb hisoblagan. Bu yerda bevosita Hodi Zarifning o‘zi bilan bog‘liq qiziq bir holat bor. Hodi Zarif 1927 yilda yangi tashkil etilgan Samarqand pedagogika akademiyasi (hozirgi SamDU filologiya fakulteti)ga o‘qishga kirgan, ikki-uch oy o‘qigach, ixtiyoriy ravishda o‘qishni tashlab ketgan. Keyin biror oliy o‘quv yurtida tahsil olmagan. Nomzodlik, doktorlik ilmiy darajalari ham e’lon qilingan ishlari bo‘yicha berilgan. Olim oliy o‘quv yurtini tashlab ketishining asosiy sababi qilib baxshilar bilan uchrashuvlarini ko‘rsatadi. “Xalq baxshilari timsolida buyuk bir xazina topganday bo‘ldim, oliy o‘quv yurti darsxonalariga qatnashdan ko‘ra o‘z vaqtimni baxshilar bilan muloqotlar va ular bilgan asarlarni yozib olishga sarflashni afzal bildim. Shu ma’noda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li kabi ulkan doston­chilar mening ma’naviy ustozlarim bo‘lganlar”, degandi. Buni olimning, folklor tadqiqotchisining xalq baxshilari yuksak og‘zaki bilimga ega ekanliklarining o‘ziga xos e’tirofi deb tushunmoq kerak. Olim ularning o‘zini bir doril­funun deb qabul qilgan. Shuning uchun ham butun kuchi, imkoniyatini baxshilar repertuaridagi asarlarni yozib olish, nashr etishga sarflagan. Haqiqatda ham bugungi O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti folklor arxivida saqlanayotgan materiallarga bir nazar tashlasak, badiiy jihatdan eng go‘zal asarlar xuddi shu yillarda – 1926–1930 yillarda yozib olingan.

Sh.N.: Hodi Zarifning olim sifatida shakllanishiga universitet ta’limi emas, balki baxshilar ta’limi sabab bo‘lgan ekan-da. Olim va baxshi munosabatini shunday qabul qilishimiz mumkinmi?

T.M.: Yo‘q, to‘la ma’noda bunday qabul qilish mumkin emas. Chunki baxshilar ta’limi bilan tadqiqotchilik ijodkorlikning boshqa-boshqa yo‘nalishlaridir. Chunki Hodi Zarifning olim sifatida shakllanishida, o‘zining e’tiroficha, mustaqil o‘qib-o‘rganish, tinmay o‘z ustida ishlash, doimiy ravishda malakasini oshirib borish asosiy rol o‘ynagan. Bir gal atoqli olimdan ustozlarini so‘raganimda: “Ana, mening ustozlarim”, deya javonda terib qo‘yilgan kitoblarni ko‘rsatgan edi. So‘ng uni xalq maqollarini to‘plashga undagan toshkentlik etnograf, professor Abubakr Divayev xizmatlarini, folklorshunoslikda muqim qolishida tog‘asi, birinchi o‘zbek professori, o‘sha yillarda O‘zbekiston Maorif komissarligi Ilmiy markazining O‘zbeklarni o‘rganish qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan G‘ozi Olim Yunusovning doimiy rag‘batini, keyinroq tadqiqotchilik salohiyatining yanada o‘sishida rus folklorshunosi, akademik Yu. M. Sokolov bilan uchrashuvlarning ahamiyati mislsiz bo‘lganligini so‘zlab bergandi. Bular haqida “Hodi Zarif suhbatlari” kitobida batafsil yozilgan. Endi ustozning baxshilar bilan ijodiy aloqasi haqida so‘zlaganda shuni alohida ta’kidlash kerakki, olimlar orasida “Tadqiqotchi salohiyatining yanada yuksalishida tadqiqot ob’ektining, uning tekshirish mavzusi doirasi xilma-xilligining ham katta ahamiyati bor” degan gap yuradi. Shu ma’noda Hodi Zarifning xalq ijodining barcha nozikliklarini puxta biladigan chinakam olim bo‘lib yetishishida xalq baxshilari, xususan, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li va Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining munosib o‘rni bor. Xalq ijodining mohiyatini to‘la ravishda anglashda ular katta ko‘mak berganlar. Shuning uchun ham olimning baxshilar haqidagi kuzatishlari bugungi kunda ham hech qiymatini yo‘qotmagan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li va Hodi Zarif munosabatlari, hamkorligidagi ikkinchi bosqich 1936 yildan boshlanadi. O‘sha yili Hodi Zarif to‘rt baxshi – Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Abdulla shoir va Po‘lkan shoirlarni ulardan dostonlarini yozib olish uchun Toshkentga olib keladi. Toshkentda baxshilar ma’lum bir muddat turgach, o‘z yurtlariga qaytib ketadilar. Ergash shoir esa qoladi va 1937 yilning erta bahorigacha Hodi Zarifning uyida yashaydi. Shu yerda olim va baxshi uzoq kechalar ko‘p-ko‘p suhbatlar qilishadi. “Bulbul taronalari” 5-jildiga kiritilgan “Ustozlar bisotidan” fasli va “Oysuluv” dostoni o‘shanda yozib olingan. “Xushkeldi” dostonini shoirning o‘zi yozib topshirgan. Ergash shoir bu suhbatlarda olimga ko‘nglini ochgan, butun ajdodlari – bulbulnafas Jumanbulbul, momolari Tilla kampir, Sulton kampir tarixidan so‘zlagan, armonlari haqida gapirgan. Yaxshisi, bu haqda Hodi Zarifning o‘zidan eshitaylik: “Suhbatlarning birida Ergash shoir, – deb yozadi Hodi Zarif, – XIX asr o‘zbek dostonchilarining mashhurlaridan Katta Bo‘ron, Kichik Bo‘ron, Amin baxshilarni buyuk hurmat bilan ta’riflar ekan, shu davrning keksalaridan Sulton kampir va Tilla kampir nomi bilan dong qozongan ikki shoira xotinning chechanligi, talanti, dostonchilikdagi mavqeini ustod darajasiga ko‘tardi. Bu vaqt ana shunday zabardast shoirlarning shogirdlaridan yoshlikda ko‘proq ta’lim ololmay qolganiga afsuslanib, menga shunday degan edi: – O‘g‘lim! Yoshlikda bilmabmiz, besh-olti og‘iz qo‘shiqni o‘rganib olib, shunga ko‘nglimiz o‘sib, hech yerda bolalarga gap bermay: “Men Jumanbulbulning o‘g‘li bo‘laman, qo‘shiqni ham o‘zim topib beraman, gap desang, xirmoni bilan uyib beraman”, deb keta beribmiz, bu zamonga kelib, kerak qiluvini bilmabmiz. Yoshligimizda elda yurgan shoirlarning qadriga yetmadik. Otamiz bechora, u ham shu gapni aytar edi: “Yoshlik qildik, Tilla kampirdan gap – qo‘shiq o‘rganmadik. Birimiz – Jossoq, shoirlarning ustodi. Birimiz – Bulbul, bulbul bilan qo‘shiq aytishganda, o‘rtadagilar biznikini qiladi ma’qul, Tilla kampirning ham topgani shul, deb o‘ta berdik. So‘ng bilsak, biz toy ekanmiz, u – tulpor, biz jilg‘a ekanmiz, u – buloq, biz daryomiz deganda, u – dengiz ekan”.

Sh.N.: Hodi Zarif Fozil shoirni ham, Po‘lkan shoirni ham yaqindan bilgan. Meni ko‘proq qiziqtirayotgan narsa shuki, Ergash shoirning Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lida yoki Po‘lkan shoirda bo‘lmagan qaysi xususiyatlarini qadrlagan va shunchalik o‘ziga yaqin olgan?

T.M.: Hodi Zarifning Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidagi eng qadrlagan sifatlar uning mahoratli dostonchi bo‘lish bilan birga dunyoviy va diniy ilmlar, shuningdek, mumtoz adabiyotni puxta bilishligidir. U boshqa baxshilardan farqli o‘laroq folklor asarlarini o‘ziga xos ravishda baholovchi ijodkordir.

Bu o‘rinda Hodi Zarif maqolalaridan kattaroq bir xulosaviy ko‘chirma keltirish bilan yuqoridagi mulohazalarni tasdiqlamoqchimiz: “U ustodlariga katta hurmat bilan qaragan holda o‘rgangan dostonlarini qayta ishlar, ijodiy qobiliyatini ishga solib, dostonlarning badiiy qimmatini oshirish uchun tirishar edi. Ergash yozma adabiyotdan ham bahramand bo‘lgani uchun Navoiydek ulug‘ shoirlarning san’atlaridan oziqlanganidan sheriklariga nisbatan yana ham so‘zga boyroq edi. Uning dostonlari “Ravshan”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Dalli”, “Kuntug‘mish” va boshqalar respublikamizdagi bizga ma’lum xalq shoirlarining dostonlaridan badiiy ishlanishi jihatidan ancha ustun turadi. Dostonlarimizning ko‘pida she’r tuzilishida primitiv shakllar ko‘zga tashlanib turgani holda, Ergash dostonlarida she’r­larning ma’lum bir qolipga solingani va aksar izchillik bilan davom etganini ko‘ramiz. Ergashda qofiyalar rang-barang. U radifdan ko‘p foydalanish bilan barobar qiyin shakllarni ham topib ishlata biladi. Ergash dostonlaridagi vazn ham boshqa dostonlarimizga nisbatan boyroq. Ergashning katta talant egasi ekanini uning hamma asarlarida ko‘rish qiyin emas. She’rda so‘zlarni mumkin qadar iqtisod qilish, ortiqcha so‘zlar bilan tizimni cho‘zish kabi hollardan qochib, har narsaning o‘z xarakterini ifoda eta biladigan so‘zlarni tanlab, bir-ikki bayt yoki band bilan butun bir hayotiy lavha berishga intilishda Ergash hamma dostonchilarimizga namuna bo‘la oladi”.

“Ergashdagi hofiza quvvatining kuchliligi, – deb yozgan edi Hodi Zarif, – kishini hayratga soladi. U o‘zbek tilidagi biror she’riy asarni ishtiyoq bilan bir-ikki marotaba eshitsa yoki o‘qib chiqsa, boshdan-oyoq esida qolar edi”. Ustoz Ergash shoirdagi bu tengsiz qobiliyatni, uning badihago‘ylik san’atini og‘zaki suhbatlarda ham tez-tez takrorlab turardi: “Men hayotimda noyob xotiraga ega ikki kishini ko‘rganman. Biri – tilshunos Ye. D. Polivanov, ikkinchisi – Ergash otadir. Ergash ota bir ko‘rgan narsasini ipidan-ignasigacha xotirasida saqlab, batafsil aytib berish qobiliyatiga ega edi”.

Baxshilar bir-birlaridan o‘rganar, o‘zaro suhbatlarda bo‘lar ekanlar, epik asarlardagi ba’zi chiroyli tasvirlarni, hatto butun dostonlarni ayrim yetakchi, iste’dodli shoirlar nomlari bilan bog‘laydilar. Ularning umumiy tan olishicha, “Alpomish” dostonining badiiy jihatdan eng yuksak talqinini Bulung‘ur dos­tonchilik maktabi vakillari bergan bo‘lsa (bu narsa Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li variantida o‘z ifodasini topgan), “Ravshan” dostonining badiiy barkamol talqini Qo‘rg‘on dostonchilik maktabining mevasidir (bu holatni Ergash Jumanbulbul o‘g‘li varianti o‘zida to‘la saqlagan). Hatto “Ravshan” dostonini Jumanbulbulning “uch haydagan shudgori” hisoblaydilar. Ergash shoir yanada aniqroq qilib, “Ravshan” dostonidagi “Bizning yorni ko‘rgan bormi, Yor daragin bergan bormi?”, “Qalpoq bozori qaysidi?”, “Qunduz bilan Yulduz” dostonidagi “Zangi bilan parvoz qilib, Ustingdan Yulduz o‘tdimi?” kabi she’riy parchalarni Jumanbulbulning ustodi Bo‘ron baxshi (Kichik Bo‘ron) nomi bilan bog‘laydi. “Alpomish” dostonidagi qalmoq alplarining mubolag‘aviy portretlari tasvirini XIX asrning birinchi yarmida yashagan mubolag‘a uslubining yirik namoyandasi Amin baxshiga nisbat beradi. XVIII asrning oxiri va XIX asrda o‘tgan baxshilarga nisbat berilgan bunday parchalarni Ergash shoir Hodi Zarifga aytib bergan, olim ularni yozib olib, keyinchalik “Bulbul taronalari”ning 5-jildida e’lon ham qilgan. Ergash ota Amin baxshidan mana bu mubolag‘ali parchani aytib yurishni yaxshi ko‘rar ekan:

Ariq bo‘yinda andiz,
Daryo tubinda qunduz,
Tog‘larni osmonga oting,
Tutday to‘kilsin yulduz.

Shu to‘rtlik aytilganda davrada o‘tirgan Ergash ota zavqdan “hm..m, hmm…m, hmm…m” deb chayqalib qo‘yar, “Mana ko‘rdingizmi, hatto tog‘larni osmonga oting, tutday to‘kilsin yulduz, deya tasvirlagan-a”, deya to‘lqinlanib, harakatlarda ham ko‘rsatib berar ekan.

Ergash shoir aytib bergan hamda Hodi Zarif yozib olgan, o‘tgan shoirlarga nisbat berilgan u yoki bu badiiy parchalarni aynan o‘sha baxshilar yaratiqlari namunalari tarzida qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi, balki ular aniq bir ijroda badiha yo‘li bilan namoyon bo‘lgan ijod (qayta ijod) lavhalaridir. Masalan, “Alpomish” dos­toni variantlarini qiyosiy o‘rganish, shuningdek, Amin baxshiga nisbat berilgan parchalarni Fozil shoir va boshqa baxshilar variantlarining ayni o‘rinlariga solishtirish shuni ko‘rsatdiki, qalmoq alplarining mubolag‘aviy tasviri ancha qadimiy bo‘lib, ular Amin baxshigacha ham bo‘lgan. Amin baxshi esa uni yanada chiroyli, badiiy go‘zal bir tarzda kuylagan bo‘lishi kerak. Kichik Bo‘ron, Jumanbulbul haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. Chunki “Ravshan” dostoni jonli og‘zaki an’anada ilgaridan kuylanib kelingan. Kichik Bo‘ron va Jumanbulbul esa uni yanada badiiy barkamol bo‘lishiga, poetik sayqallanishiga ulkan hissa qo‘shganlar. “Jumanbulbulning uch haydalgan shudgori deganda, ilgaridan mavjud “Ravshan” dostonini u yanada badiiy yuksaklikka ko‘tarib, unga o‘zining ijodiy hissasini qo‘shib, mahorat bilan kuylaganligi ta’kidlangan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li dostonchilik faoliyatiga yaxlit baho bersak, u o‘z repertuaridagi an’anaviy dostonlar va termalarni kuylash, yangi asarlar yaratishda o‘z zamondoshlariga nisbatan ancha olg‘a ketdi, doston va dostonchilikni estetik baholovchi xalq donishmandi sifatida maydonga chiqdi. Uning o‘z avlodi, xususan, otasi Jumanbulbul, ukasi Abduxalilning san’atkorligi haqidagi mulohazalari o‘tgan baxshi-shoirlarga baho berishda naqadar odillik bilan yo‘l tutganligi va ularning dostonchilik uslubidagi juda nozik tomonlarni ziyraklik bilan farqlay olganligini ko‘rsatadi. Shoir beshinchi otasi Yodgorga “chechanlikda hech kim barobar bo‘lmagan”ligini, to‘rtinchi otasi Lafas “o‘z vaqtida so‘zini eldan o‘tkazib, to‘ylarda o‘lanni, gapni o‘ylab turmagan”ligini, uchinchi otasi Mulla Tosh “dono, oqil, sohibi kengash” ekanligini, bobosi Mulla Xolmurodning “so‘zga dehqon”ligini, amakilari Jossoq “shoirlikda ko‘p shogirdlar chiqargan” bo‘lsa, Yorlaqabning “tamom umri elga shoirlik qilib” o‘tganligini alohida ta’kidlaydi. U otasi Jumanbulbulning elga mashhur bo‘lib, dostonchilik uchun juda muhim bo‘lgan soz va so‘z, kuy va ovoz birligini to‘la saqlay olganligiga alohida e’tibor beradi:

Dovushi soz edi, quloqqa mayin,
Dovushiga muvofiq soz chertishi. 

“Elida Bulbul atangan” bu shoirning “ovozasi juda uzab ketdi”. Chunki:

Yigirma xil ohang bilan so‘z aytib,
Yigirma xil nag‘ma do‘mbira chertib,
Xohi katta, xohi kichik eshitsa,
Har qanday odamni balqitib, eritib,
Shuytib o‘tgan u zamoni Bulbulning.

Ergash shoirning ta’kidlashicha, otasi Jumanbulbuldagi bu sifatlar ukasi Abduxalilda ham mavjud edi. Chunki u ham dostonchilik yo‘llarini puxta o‘rgangan bo‘lib, “sozini qo‘shiqqa muvofiq qilib” o‘tgan baxshi. Xuddi Jumanbulbulday:

Do‘mbirani yigirma xil chertadi,
Shu chertishga muvofiq qib aytadi,
Har usulga solib qo‘shiq aytgan so‘ng,
Kim eshitsa, nag‘ma-ohang eritadi.

Ergash shoirning kuzatishicha, Abduxalil dostonlarni juda ham jozibali, lirik kuylagan. U “har nima deb so‘z dashtida uloqqan sandirovchi” baxshilardan keskin farq qilib, dostonchilikda o‘z yo‘lini topgan ijodkordir. Uning yo‘li, amali esa ijodiy xarakterga ega. Shuning uchun ham bu yo‘l hammaga ma’qul va e’ti­borlidir:

Chechanlikda so‘zga suvdayin oqqan,
Aytgan so‘zi hamma odamga yoqqan,
O‘tirishi, aytgan so‘zi adabli,
So‘zga libos berib, gavharlar taqqan. 

Shoirning Abduxalilning doston kuylash uslubi, manerasi, tinglovchilar diqqatini to‘la saqlay olish qobiliyati haqidagi kuzatuvlari nihoyatda xarakterlidir:

Bir fasl yig‘latib, bir dam kuldirib,
Hammasiga chechanligin bildirib,
Goh bo‘sh qilib, uzun-cho‘zib aytadi,
Goh vaqtida cho‘rchitib, sakrab, yeldirib.

“Uzun-cho‘zib”, “bo‘sh qilib”, “yig‘latib”, “kuldirib”, “cho‘rchitib”, “sakrab”, “eldirib” kuylash doston ijrosi bilan bog‘liq turli holatlar bo‘lib, baxshining ijrochilik va ijodkorlik mahorati shular bilan belgilanadi. Ergash shoir she’riyatga, poetik so‘zga juda yuqori baho bergan ijodkordir. Uningcha:

So‘z degan bir qimmatbaho gavhardir,
So‘zni farq qilmagan, do‘stlar, bekordir,
Asli bilsa, suxanvarning farqi ko‘p,
Kim aytadi: “Hamma so‘z barobardir”.

Ulug‘ shoir badiiy asarning, demakki, folklor namunasining xalqqa maqbul va manzur bo‘lishini asosiy talab qilib qo‘yadi va o‘zi ham shunga harakat qiladi. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan shoirlar xalq dostonlariga mukammal bir tartib berib, uni kuylash va ijro etishda muayyan uslub yaratganlar. Baxshining vazifasi ana shu yo‘lni halollik bilan davom ettirib, unga sodiq qolish, so‘z va suxan qadrini baland ko‘tarishdir.

Bu o‘rinda yana bir masalada oydinlik kiritishga to‘g‘ri kelib qoldi. Gap shundaki, Ergash shoir taxminan qirq yoshlaridan keyin doston kuylamay qo‘ygan. Ammo dostonlarni o‘rni kelganda og‘zaki, do‘mbirasiz aytib berishda va shogirdlar tarbiyalashda davom etgan. Uning shogirdlaridan Rahmatilla Yusuf o‘g‘li ulug‘ shoirning ana shu yo‘lini davom ettirgan. Rahmatilla Yusuf o‘g‘lining guvohlik berishicha, uning boshqa bir shogirdi – Usta Xolqul dostonlarni mahorat bilan kuylashda qariyb Po‘lkan shoir darajasida bo‘lgan. Shoir umrining keyingi yillarida, qariyb o‘ttiz yil davomida surunkali doston kuylamay qo‘yganligiga asoslanib, undan yozib olingan yoki o‘zi yozib bergan dostonlarga soya tashlash, ulardan qandaydir o‘zgacha ma’nolar qidirish mumkin emas. Shoir dostonlariga qaysi nuqtai nazardan yondashsak ham ular folklor asarlari bo‘lib qolaveradi.

Gapning indallosi shuki, Ergash ota 1937 yilning aprelida Oqtovning narigi betida yashayotgan Jumanbulbulning shogirdlari – usta do‘mbirachilarni topib, ular yordamida o‘zining do‘mbira chertish salohiyatini yanada yuksaltirib, yangidan qo‘liga do‘mbira olib, Toshkentga qaytib kelishini aytib, Hodi Zarif bilan xayrlashadi…

Shunday qilib, Hodi Zarif Ergash shoirni bilimli, dostonlarining badiiyligiga alohida e’tibor beradigan san’atkor, doston va dostonchilikni xalqona baholovchi donishmand sifatida e’zozlagan. Biz Ergash otadan avval aytilgan dostonlarni bilmaymiz, keyingilaridan xabardormiz. Agar Ergash shoir kuylagan asarlarni, deylik Po‘lkan shoirdan yozib olingan namunalar bilan qiyoslasak, kompozitsion jihatdan ham, she’r qurilishi, she’r vaznlari xilma-xilligi, she’riy bandlarning izchilligi, hatto 50–60 misrali triadalarning mavjudligi, qofiyalarining takrorlanmasligi va originalligi jihatidan ham alohida o‘rin tutadiki, Hodi Zarif Ergash shoir dostonchilik mahoratidagi mana shu tomonlarni alohida qadrlar edi.

Sh.N.: Ustoz, fikrlaringizdan olim va baxshi bir-birini shakllantirgan, bir-birini tarbiyalagan, ko‘mak bergan va o‘rtada shu ilm yuzaga chiqqan, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi?

T.M.: Bunday xulosaga kelish bir tomonlamadir, balki to‘g‘ri emasdir. Chunki fanning yangi yo‘nalishining, bu o‘rinda folklorshunoslik ilmining shakllanishi va yuzaga kelishi o‘nlab omillar bilan bog‘liq. Yuqorida bayon qilingan Ergash otaning doston va dostonchilik haqidagi mulohazalari, boshqacha aytganda, Ergash shoirning badiiy-estetik qarashlari uning bir jihati, xolos. Aslini olganda folklorshunos va dostonchi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir biz o‘ylagandan boshqacharoq. Savolingizga bir misol bilan javob beraman. 1937 yildagi suhbatlarning birida Ergash shoir baxshilar orasida keng tarqalgan hamda Go‘ro‘g‘li tilidan aytiladigan “Armonim qolmadi” termasini aytib beradi. Uni tinglagan Hodi Zarif: “Ota, juda yaxshi terma. Lekin uning ayrim bandlarida biroz umidsizlik ruhi bor. Bulut chaynab, muzni purkab g‘ururlanib yurgan Go‘ro‘g‘lida unsizlik kayfiyati seziladi”, degan.

O‘shanda Ergash ota bu e’tirozga munosabat bildirmagan. Ammo biroz jiddiylashganligi, e’tirozni to‘la ma’noda ma’qullamaganligi qiyofasidan bilinib turgan. Bunda muayyan asos ham bor edi. Chunki bu terma baxshilar orasida mustaqil ravishda keng kuylanishi bilan bir qatorda ayrim dostonlarning yakuniy tarkibida moslashtirilgan holda turli hajmlarda ijro etilardi. Jumladan, Ergash shoirning o‘zi ham shu termani 1927 yilda “Xoldorxon” dostoni tarkibida 103 band, 1926 yilda “Qunduz bilan Yulduz” dostoni tarkibida 43 band hajmida aytib bergan. Bu termadagi g‘urur va armon ruhi baxshilar orasidagi “Kunlarim”, “Kunlaring”, “To‘ramsan”, “Sultonim”, “Bormi jahonda”, “Go‘ro‘g‘lining hasrati” kabi termalarda ham o‘z ifodasini topgan.

Ertasiga shoir shu termani “Armoning qolmasin” nomida qayta aytib beradi hamda 37 bandli bu asarni Hodi Zarif yozib oladi. Bunda shoir yangidan nimalarnidir ijod qilmaydi, balki to‘rt misrali bandlarning to‘rtinchi misrasidagi so‘zlarning shaklini o‘zgartirgan holda yangi ma’no tashuvchi beshinchi misrani yaratadi. Bunda biror so‘z qo‘shilmaydi, balki to‘rt satrdan iborat bo‘lgan bandlar besh misrali tizimga aylanadi. Terma avvalgisida shunday boshlangan:

Avval bu dunyoga keldim,
Misli gulday bo‘p ochildim,
Dushman elda g‘arib bo‘ldim,
Bo‘ldim, armonim qolmadi.

Keyingi, qayta aytilgan variantda:

Avval bu dunyoga keldim,
Misli gulday bo‘p ochildim,
Dushman elda g‘arib bo‘ldim,
Bo‘ldim, armonim qolmadi,
Bo‘lma, armoning qolmasin. 

Yoki:

Xitoy, Xo‘tan kezib yurdim,
Osmon ostini qidirdim,
Er yuzini bir-bir ko‘rdim,
Ko‘rdim, armonim qolmadi,
Ko‘rgin, armoning qolmasin.

Qarang, Hodi Zarifning birgina e’tirozi termaga yangi ruh baxsh etgan. Agar termaning ayrim bandlarida umidsizlik kayfiyati sezilgan bo‘lsa, uning nomining o‘zgartirilishi hamda to‘rt misrali bandlar oxiriga bir misra qo‘shilishi bilan, aytish mumkinki, yangi bir asar paydo bo‘lgan.

Ustozim menga bularni so‘zlab berayotganlarida so‘radim: “Domla, baxshilar aytganini o‘zgarishsiz yozib olish kerak degandingiz-ku. O‘zingiz matnni buzgan bo‘lib chiqmaysizmi?” “Yo‘q, – dedilar, – qo‘shilgan bir misrani men to‘qiganim yo‘q. Termada faqat qanday ruh borligini aytdim. Baxshining o‘zi kechasi bilan o‘ylab, shu bir misrani qo‘shish orqali yangi bir asar yaratgan. Bu aralashish yoki tahrir emas”. Bu baxshining chiroyli bir topildig‘idir.

Sh.N.: Ustoz, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lini Hodi Zarif o‘rgandi, sizlar o‘rgandingiz. Keyingi avlod folklorshunoslari baxshining qaysi jihatlarini o‘rganishi kerak, nimalar qolib ketdi, deb o‘ylaysiz. Ustozingiz qaysi tomonlari yetarlicha tadqiq etilmadi, deya armon qilgan edilar?

T.M.: Savolni shunday qo‘ydingizki, unga javob berish uchun butun boshli kitob yozish mumkin. Chunki o‘zbek xalq dostonchiligi, jumladan, Qo‘rg‘on baxshilik maktabi, shu maktabning ulkan ijodkori Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ijodi shu qadar poyoniga yetib bo‘lmas xazinaki, uni o‘rganganimiz sari kam bilishimiz, nihoyatda kam o‘rganganligimiz, ular kuylab kelgan asarlarning atigi yarminigina yozib olganligimiz ayonlashaveradi. Bu o‘rinda bir-ikki jihatni qayd etish bilan cheklanaman.

Avvali shuni aytish kerakki, Ergash shoir ijodini, umuman, folklor masalalarini tadqiq etmoqchi bo‘lgan har bir kishi avvalo Hodi Zarif tadqiqotlarini puxta o‘rganishi lozim. Chunki biz bugungi kunda o‘tgan olimlar, jumladan, Hodi Zarif asarlarini mutlaqo o‘qimay qo‘ydik. Ergash shoirning:

Tog‘ning adiri o‘radi,
O‘raga qo‘ylar o‘radi,
Uch tol qilib sanamlar

Chochini mayda o‘radi, – degan bir to‘rtligi bor. Shoir ijodining bunday namunalarini Hodi Zarif “tajnisli to‘rtliklar” deb atagan. Shu to‘rtlikka bag‘ishlangan Hodi Zarif tahlillarini to‘la keltirishni lozim ko‘rdik. Zero, Hodi Zarifdagi masalaga keng va har tomonlama yondashish, folklor asarlarini xalq maishiy hayotining turli jihatlari bilan bog‘lab o‘rganish, birinchi navbatda ularning badiiy-estetik maohiyatiga alohida e’tibor berish boshqa tadqiqotchilarning ham e’tiborini tortsa. “Birinchi satrdagi o‘ra so‘zi ot bo‘lib, deb yozgan edi Hodi Zarif, inson va hayvon uchun mashaqqat bilan asta-asta ko‘tariladigan yuksaklikni bildiradi. Jumlaning boshlanishidagi tog‘ning adiri, deb qayd etilishi (so‘z har bir adir ustida emas, qir adirlari ham ko‘p. Unga chiqish uchun ko‘p urinish ham kerak emas) havas bilan, zavq, tilak bilan yuqoriga intilish, ko‘tarilish, bu esa fazilatda yuksalish simvoli sifatida keng ma’noga ega. Bu hol ayniqsa, o‘zbek xalq dostonlarida qahramonning o‘z orzu-tilaklariga erishish uchun safarda toqqa ko‘tarilishi epizodlarida ham an’anaviy badiiy bir uslub darajasida mustahkam o‘rin olgan.

Ikkinchi satr yana shu tilak bilan bog‘liq. O‘zbekistonning juda ko‘p yerlarida kun qizig‘i bilan dasht o‘tlari tezda qovjirab qolib, chorva mollari toqqa qarab haydalar edi. Chorva oziq uchun ko‘k o‘t orzusida sekin-sekin tog‘ oralariga o‘rmalardiki, bu tabiiy talab ayrim joylarda hozir ham bor, chunki hayot shuni talab qiladi.

To‘rtinchi satrdagi sa’jli qofiya ayollarning soch o‘rishi haqida bo‘lsa ham, buning yuqoridagi ikki satrga mantiqiy bog‘lanishi bor, deb tushunamiz. Uch tol qilib sanamlar, Chochini mayda o‘radi jumlasidagi marhumlarga folklorshunos sifatida nazar tashlasak, o‘zbek qizlarining qiyofiy go‘zallik belgilaridagi nafosatdan kichkina, lekin muhim, e’tiborga loyiq etnografik detallar ko‘z o‘ngimizdan kechadi. Qora sochni ikki o‘rim qilib sallonish go‘zallik me’yorlaridan biri sifatida ayolni ham, erkakni ham qanchalik o‘ziga jalb etsa, sochning bir necha tolasini birlashtirib, silay-silay go‘yo bir tolga keltirib, uch tolni barmoqlar orasida unisidan-bunisiga, u qo‘ldan bu qo‘lga o‘tkaza-o‘tkaza mayda qilib o‘rib chiqish, keyin qirq kokilni orqa bo‘ylab yoyib, zavq bilan yurish o‘shanchalik jozibadordir. Bunda go‘zallik, zavq-shavq tajassumi bor. Endi ko‘kalamzor tog‘ bag‘riga o‘rmalab turgan qo‘ylarni, ularning xatti-harakatlarini uzoqdan kuzatilgandagi zavqni eslasak, bir-biriga mutlaqo aloqa bo‘lmaganday ikki baytdagi parallelizm bir daraja anglashiladi”.

Ergash shoir ijodi va repertuarining birinchi tadqiqotchisi Hodi Zarifning birgina to‘rtlik tahliliga bag‘ishlangan mulohazalarini to‘la keltirishdan maqsad, bir tomondan olim tafakkur doirasining miqyosdorligini ko‘rsatish bo‘lsa, ikkinchidan, uning folklorga yondashuv usulini targ‘ib qilish, undan o‘rganishga da’vatdir. Chunki har qanday yangi tadqiqot mustahkam ilmiy asosga ega bo‘lishi zarur. Zero, shoir ijodi va repertuarining salmog‘i, uning g‘oyatda badiiy o‘ziga xosligi yangi-yangi tadqiqotlarga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirmoqda.

To‘g‘ri, Ergash shoir ijodi va hayoti, uning boy repertuarini o‘rganishda o‘zbek folklorshunosligida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, undan yozib olingan asarlar deyarli to‘la ravishda nashr etildi. Ammo uning “Xoldorxon”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Dalli”, “Xushkeldi” kabi keng miqyosli dostonlari hamon tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda. Shoirning sho‘ro davri o‘z ijodi ham yangicha baholashni talab qilmoqda. Shoir qoldirgan ulkan adabiy meros asosida folklor poetikasi va baxshi badiiyati, an’anaviy janrlar va poetik janrlar rivoji, dostonchilikning stadial taraqqiyoti, baxshilik maktablaridagi uslubiy o‘ziga xosliklar va boshqa o‘nlab muammolar bo‘yicha yangi tadqiqotlar yaratilishi zarur.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 11-son