Atoqli avar shoiri Rasul Hamzatov (1923–2003) asarlari o‘zbek o‘quvchilariga yaxshi tanish. Rasul og‘aning nafaqat falsafiy she’riyati, ayni chog‘da qizg‘in ijtimoiy faoliyati ham e’tiborga molikdir. Uning til, millat, tabiat, an’ana va qadriyatlar haqidagi publitsistik chiqishlari doimo bahs-munozara uyg‘otgan. Quyida 2002 yil avgust oyida dastlabki soni chiqqan “Dog‘iston” jurnali muharriri Murod Ahmedovning adibdan olgan intervyusi e’tiboringizga havola etilmoqda. Mamlakatimizda ma’rifat targ‘iboti kuchaygan, kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan keng miqyosli islohotlar davom etayotgan bugungi kunda Rasul Hamzatovning vafotidan bir yil avval adabiyot va uni rivojlantirish, tarjimachilik, tanqidchilik kabi dolzarb masalalar tegrasida bildirgan qimmatli fikr-mulohazalari o‘ziga xos muhim ahamiyat kasb etadi.
– Rasul Hamzatovich, adabiyotning tarbiyaviy ahamiyati va uning tafakkurni boyitishi haqidagi gaplar mamlakatimiz kitobxon bo‘lgan davrda juda o‘rinli edi. Bugun ko‘pchilik maktab o‘quvchilari ham taniqli yozuvchilardan ko‘ra xonandalarning turmush tarzini yaxshiroq bilishadi. Hozirgi kunda adabiyotning vazifasi qanday, har tomondan yopirilayotgan “ommaviy madaniyat”ga vazminqadam yozuvchilarimiz nimalarni qarshi qo‘yishlari mumkin?
– Har doim adabiyotga insonshunoslik sifati berilgan. Men ham bu bahoga to‘liq qo‘shilaman. Lekin hozirgi kunda adabiyot insonshunoslik bilan chegaralanmasdan, insonparvar ham bo‘lishi lozim. Hozir adabiyot insonlar bilan emas, o‘zi alohida qadam tashlayapti. Ko‘pchilik yozuvchilar hayotdan, uning mavjud muammolaridan ajralib qolishgan. Axir, haqiqiy adabiyot o‘ylab topilmaydi, hayotda ro‘y berayotgan voqealarni aks ettiradi.
Agar kimyo yoki fizikaga oid ilmiy ishni o‘qiyotgan bo‘lsak, bizga muallifning kelib chiqishi unchalik muhim emas. Muallifi ham ilmiy ishiga yurti va tilining o‘ziga xosligini jo etishiga hojat yo‘q. Ammo adabiy asar muallifi ijod mahsuliga o‘z yurti, xalqi va tilining ruhini singdirishi, shu bilan birga faqat o‘z vataniga taalluqli muammolarni birinchi navbatda qalamga olishi darkor. Shundagina bu asar xalqqa yaqin va tushunarli bo‘ladi. Shoir ijobiy ma’noda millatchi bo‘lishi kerak, agar uning she’rlarida yonidan oqib o‘tayotgan jilg‘aning shovullashi, onasining allasi va tilining jozibasi jaranglamasa – barcha yozganlari behuda. Yesenin jonajon Ryazanining kengliklarini, maysazorlarini, oq qayinlarini kuylagani uchun butun Rossiyaning, jumlai jahonning sevimli shoiriga aylandi. Men Yesenin ijodiga kechroq murojaat qildim. Endi esa, undan ajrala olmayman.
Yozuvchining jonli so‘zi har doim kerak. O‘zim ham keyingi paytlarda jamiyatimizda she’riyatni tushunuvchilar kamayib bormoqda, deb o‘ylay boshlagandim. Shukurki, yanglishgan ekanman. Yaqinda bir qancha she’riyat kechalarida ishtirok etdim, odamlarga she’riy ifodalar yaqinligini, she’rlarni tushunib, berilib tinglayotganini ko‘rdim. Ko‘pchilik ziyolilar mening va boshqa shoirlarning she’rlarini yoddan o‘qishib, lol qoldirishdi. Tushundimki, ular uchun yozishim kerak.
– Bir necha yil ilgari o‘sha vaqtdagi tsenzura adabiyotning rivojlanishiga to‘sqinlik qilganini aytish urf edi. Shu haqda fikrlaringizni bildirsangiz.
– Men har doim nazorat bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Albatta, o‘sha paytdagiday mayib-majruh shaklda emas. Lekin sog‘lom nazorat baribir zarur. U badiiy shakl va timsollarga aralashmasligi kerak.
Eslang, XIX asrda Rossiyada adabiyot ustidan kuchli nazorat o‘rnatilgandi. Lekin bu asr insoniyatga qanday adabiyot durdonalarini in’om etdi. Nazorat qaysidir ma’noda yozuvchini hayotdagi og‘riqli masalalarni topishga va ular haqida haqqoniy – shubha qoldirmaydigan tarzda mahorat bilan badiiy asar yozishga undaydi. Shubhasiz, nazoratning nazoratdan farqi bor. Agar nazoratchi yetarli bilimga ega bo‘lib, yaxshini yomondan ajrata olsa, bunda hammasi o‘zingga bog‘liq. Agar asarlar mafkuraviy yoki biron sharoitni hisobga olib chop etilsa, bundan yomoni yo‘q. Hozir bizda nazorat yo‘q deymiz. Keling, o‘zimizni o‘zimiz aldamaylik. Nazorat bo‘lgan, bor va bo‘ladi. Hozir hech kim markaziy matbuotda sho‘ro daholariga bag‘ishlangan she’rini e’lon qildirmaydi. Holbuki, ilgari bu odatiy holat edi. Nazorat adabiyotni chiqindilar bilan to‘ldirishga urinadigan yozish kasaliga mubtalo bo‘lganlardan himoya qiladi. Bugun shunday vazifani astoydil bajaradigan nazoratga ehtiyoj juda kuchli. Ko‘chada yalang‘och yurish mumkin bo‘lmaganiday, to‘g‘ri kelgan narsani chop etish ham aqldan emas. Jamiyatning qonun-qoidalari bo‘lganiday, adabiyotning ham o‘z mezonlari bor.
Mening nazarimda, adabiyot rivoji bevosita nazoratga ham bog‘liq. Agar o‘tgan davrda qattiq nazorat bo‘lmaganida, unga qarshi kurashda iste’dodi ochilgan Soljenitsin bo‘lmasmidi? Agar adabiyot issiqxona sharoitida rivojlanganida, taniqli shoir va yozuvchilarimiz, ehtimol, mashhur asarlarini yozmasmidi? Hozirgi kunda ijod ahli uchun hech qanday nazorat, mafkuraviy chegara qo‘yilmagan, nega unda bebaho adabiy asarlar yaratilmadi, nega mamlakat miqyosida voqeaga aylangan roman, qissa, she’r yozilmadi? Hatto eski madhiyamizga qaytishimizga to‘g‘ri keldi, muallifidan matndagi so‘zlarini yangilab berish so‘raldi. Chunki keyingi o‘n yillikda madhiya bo‘lishga arziydigan she’r yaratilmadi.
– Dog‘iston Rossiyadagi Yozuvchilar uyushmasini saqlab qolgan respublikalardan biri hisoblanadi. Har narsaga shubha bilan qarovchilar orasida o‘zi shunday tashkilot kerakmi, degan iddaolar yuribdi. Ularga qanday javob bergan bo‘lardingiz?
– Hatto ular shu darajaga borishdiki, Yozuvchilar uyushmasini amaldorlar tashkiloti deb atashmoqda. Bu bilan ular meni va taniqli yozuvchi hamda shoirlar – Magomed Ahmedov, Shayitxonim Alisheva, Jamidin, Marina Ahmedova, Suguri Uvaysovni adabiyot amaldorlari qatoriga qo‘shib qo‘yishdi. Bunday quruq tuhmatlar bilan Dog‘iston adabiyoti uchun hech narsa qilmagan, lekin o‘zgalarni asossiz yomonlash orqali soxta obro‘ topmoqchi bo‘lganlar shug‘ullanishmoqda. Har bir jamiyatning o‘z tashkilotlari bor. Xalq birlashib davlat bo‘lgan, ishchi-xizmatchilar kasaba uyushmasiga birlashgan. Shunday birlashtiruvchi tashkilot yozuvchilarga ham kerak. Yozuvchilar uyushmasi boshqacharoq shaklda Amerika, Yevropa, Osiyo davlatlarida ham bor. Yozuvchilar uyushmasiga ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘linadi.
Albatta, men Yozuvchilar uyushmasi o‘tmishimizning qora kunlarida bajargan vazifasini – o‘zgacha fikrlaydigan odamlarni qoralashni, she’r, kitob va hatto ayrim shoirlarning butun ijodini o‘qishni taqiqlashini qaytadan bajarishini hech qachon istamayman. Afsuski, ba’zan Yozuvchilar uyushmasidan tinchlantirish va bo‘ysundirish uchun foydalanmoqchi bo‘lishadi. Holbuki, uyushmaning asosiy vazifasi tamomila boshqa. Ya’ni Yozuvchilar uyushmasi – yozuvchilar uchrashib, bir-biri bilan fikr almashadigan, yangi asarlarini muhokama qiladigan, kelajak rejalari haqida maslahatlashadigan joy. Shunday tashkilotsiz yozuvchilar o‘zlarining ijtimoiy masalalarini yechishi qiyin kechadi. Har narsaga gumonsirab qaraydiganlarga kelsak, Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasi yuqoridagilarning xohishiga ko‘ra saqlanib qoldi, deb xato o‘ylashadi. Uyushma adabiyotimizga sadoqat bilan xizmat qilayotgan yozuvchilar xohish-irodasi tufayli faoliyatini davom ettirayapti. Demak, ularga shunday tashkilot kerak.
Dog‘iston adabiyotini turli o‘yinlarga tortmoqchi bo‘layotganlar Yozuvchilar uyushmasini nishonga olishayapti. To‘g‘ri, bir vaqtlar Yozuvchilar uyushmasisiz ham Pushkin va Lermontov, Tolstoy va Dostoyevskiy barakali ijod qilishgan. Ammo bugun boshqa davr. Yozuvchilar uyushmasi birinchi navbatda o‘z hayotlarini adabiyot bilan bog‘lagan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun kerak. Shuningdek, umrini adabiyotimiz rivojiga bag‘ishlagan keksa yozuvchilarimizga ham yordam ko‘rsatishimiz zarur. Mana shunday dolzarb vazifalar bilan Yozuvchilar uyushmasi shug‘ullanmoqda. Bizga shunday tashkilot kerakmi deb iddao qilayotganlarga javobim shu. Shaxsan menga ham adabiyot bilan shug‘ullanmaydigan ko‘plab vazirlik va qo‘mitalar borligi yoqmaydi, lekin ularga qarshi biron e’tiroz bildirmayman, chunki ularning vazifalari boshqa.
– Keyingi yillarda kitob do‘konlari adabiy tanqid talablariga javob bermaydigan “kitob” deb atalgan mahsulotlarga to‘lib-toshib ketdi, ularning katta qismini hech kim sotib olmaydi. Bu kitob mahsulotlari muallifning shaxsiy hisobidan yoki nimaga pul berganidan bexabar homiylar hisobidan chop etilgan. Bunday adabiy kasallik nega paydo bo‘ldi va uni davolash mumkinmi?
– Adabiy kasallik – tabiiy holat. Chunki adabiyot – tirik organizm. Ammo Dog‘istonimizda yozish kasaliga chalinish yuqumli tus oldi. Bugun hamma, to‘g‘rirog‘i, erinmagan odam borki, yozayapti, ular bu ishni haddidan oshirib bajarishayapti. Natijada adabiyotimizda mayib-majruh yozma narsalar paydo bo‘layapti. Ilgari bunday holatni tasavvur qila olmasdik. She’rgina emas, doston yozish ham oson janrga aylandi. Ularning ko‘pchiligi amaldor yoki bank boshliqlariga bag‘ishlanadi. Afsuski, ko‘plab yosh shoirlar shu yo‘ldan borishmoqda. Qofiyalangan so‘zlardagi laganbardorlik oddiy holga aylanib qoldi. Keyingi yillarda paydo bo‘lgan mana shunday narsalarni jamlagan palapartish yozma mahsulotlar kitobxonlar didiga ham ta’sir qilmoqda.
Haqiqiy adabiyot har qanday vaziyatda bunday muvaqqat yozma narsalardan ustun turadi. Yurtimizda ajoyib yozuvchi va shoirlar avlodi yetishib chiqdi: Badavi Ramazonov, Nuriddin Yusupov, Alirizo Saidov, Muso Magomedov, Sulaymon Rabadanov, Umarhoji Shaxtamanov. Yaxshi so‘z hamisha qadrlanadi. Shoirlari vafot etishganiga qaramay she’rlari o‘qilmoqda, ularga kuy bastalanayapti.
– Shu o‘rinda so‘ramoqchi edim: bugungi va ertangi Dog‘iston milliy adabiyoti to‘g‘risida qanday fikrdasiz?
– Dog‘iston adabiyoti mustaqil ravishda rivojlangan bo‘lsa ham, unga rus adabiyoti sezilarli ta’sir etdi va buning ahamiyatiga mensimasdan qarash mumkin emas. Xabaringiz bor, o‘tgan asrning 90-yillarida adabiyotshunoslar arab tilidagi Dog‘iston adabiyoti va Turkiyada yashovchi dog‘istonliklar adabiyoti ta’sirini haddan ziyod ulug‘lashga harakat qilishdi. Ammo sharoitga mos fikr bildiraman deb, haqiqatga zid borib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bu adabiyotlarda ham qiziqarlilari bor, lekin Dog‘iston adabiyoti rivojiga rus adabiyoti ulkan ta’sir ko‘rsatganini isbotlashning hojati yo‘q.
Endi kelajagi haqida gapiradigan bo‘lsam, bu adabiyot ufqida yangi yozuvchilar paydo bo‘lishiga bog‘liq. Iste’dod har doim kutilmaganda tug‘iladi. Hech kim oldindan Batiray, Mahmud, Hamzat Sadasa dunyoga kelishini aytib berolmas edi. Yozuvchilar uyushmasi she’r yozishni o‘rgatmaydi va hech kimni shoir qilib tarbiyalamaydi, faqat iste’dodlarga yordam beradi. Haqiqiy shoir tashqi sharoit qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z vijdoni va iste’dodi amri bilan yashaydi.
Bugun Dog‘iston adabiyotida yangi asarlar yozilayotgani meni xursand qilayapti. Ilgari adabiyotimizda yozma narsalar chop etilayotgandi, endi esa asarlar yaratilayapti. Chunonchi, lezgin shoiri Arben Kardash ajoyib doston yozdi, qo‘miq shoiri Badriddin Magomedovning dostoni ham adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholandi, avar shoiri Magomed Gamzayev yorqin timsollarga boy she’rlarini chop ettirdi, Dog‘iston xalq yozuvchisi Magomed Rasulning yangi qissasi ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Afsuski, yozuvchilar ko‘p vaqtini o‘z ijtimoiy masalalarini hal etishga sarflayapti. Ijod mahsullari moddiy jihatdan yetarlicha qadrlanmagani uchun ular radio yoki tahririyatda ishlashga majbur bo‘lishayapti. Bundan adabiyot foyda ko‘radi, deb bo‘lmaydi. Ilgari tilning harakatlantiruvchi kuchi yozuvchilar edi. Endi bu vazifani jurnalistlar bajarayapti. Bunday bo‘lishi to‘g‘ri emas.
– Hozirgi kunimizni og‘ir va murakkab davr deyish odat tusiga kirgan, lekin, tarixning guvohlik berishicha, hech qachon oson davr bo‘lmagan. Shu bois sizdan so‘ramoqchi edim: keyinchalik taqdirimizdan, qilmishimizdan nolib yurmasligimiz uchun bugun hayotimizda, adabiyotimizda qaysi narsalardan butunlay voz kechishimiz kerak?
– Avvalo, biz haqiqatdan yuz burmasligimiz kerak. Chunki o‘zimizni va boshqalarni aldamoqchi bo‘lganimiz uchun boshimizdan ko‘plab kulfatlarni kechirganmiz. Bizda hanuzgacha katta gapirish, maqtanchoqlik, biron ish va kishiga yolg‘ondakam yuqori baho berish uchraydi. Hayotimizga, adabiyotimizga ucharlar, soxtapurushlar, amalparastlar yopirilib kirishdi. Bunday hol yuz berishidan o‘z vaqtida Effendi Kapiyev juda tashvishlanar edi. Adabiyotga samimiy, nafis va qudratli ovozlar kerak.
Hozirgi kunda hamma joyda, shu jumladan, adabiyotda ham bitta aqidaga rioya qilinadi: baliqsiz suvda qisqichbaqa ham baliq o‘rniga o‘taveradi. Bunday yondashuv bizni qanoatlantirmasligi kerak. Talab mezonlarini yuqori ko‘tarishimiz lozim. Bugun talabni haddan ziyod pasaytirib, bo‘shashtirib yubordik. Chunki bu holatda adabiyotni qanday baholay olamiz? Katta mezon bilan qarasak – kichik adabiyot, o‘rtacha mezon bilan qarasak – o‘rtacha adabiyot, kichik mezon bilan qarasak – katta adabiyot. Bugun bir necha qofiyadosh misra yozgan o‘zini shoir sanaydi, keyin yupqagina taxlam chop ettiradi va tan olishimizni so‘raydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, adabiyotimiz ixtiyorida qit’alararo uchadigan raketalar yo‘q, faqat o‘rta va yaqin masofalarga yetadigan raketalar qoldi. Ko‘plab shoir va yozuvchilar balandlikni zabt etish haqida o‘ylashadi, lekin asarlarining teranligiga e’tibor qaratishmaydi. Bu bilan o‘zimiz adabiyotimizni obro‘sizlantirayapmiz. Ayrim oliftalar sho‘ro tuzumi davridagi adabiyotni o‘chirib tashlashni istashadi. Holbuki, bu davrda ulkan adabiyot yuzaga keldi. Agar biz o‘quvchilarimizga Bunin va Nabokovni qaytarib bergan bo‘lsak, bu adabiyotimizdan Simonov va Sholoxovni chiqarib tashlash kerak degani emas.
– Milliy adabiyotimizning rivojlanishi ularning badiiy tarjimasi muammolariga bevosita bog‘liq. Bu yo‘nalish kelajakda qaysi yo‘ldan yurishi kerak deb o‘ylaysiz?
– Biz birinchi navbatda o‘tgan yillarda shakllangan tarjima maktabimiz an’analarini davom ettirishimiz kerak. Bilasiz, ko‘plab mahoratli tarjimonlar Dog‘iston shoirlarining she’rlarini rus tiliga o‘girishib, keng o‘quvchilar ommasiga tanishtirishgan edi. Dog‘istonning yozuvchi va shoirlari ham bir-birlarining asarlarini o‘z ona tiliga tarjima qilishardi. O‘zim ham jahon adabiyoti namunalarini avar tiliga o‘girganman. Pushkin va Lermontovning betakror she’rlari, Yeseninning “Anna Snegina” dostoni shular jumlasidandir. Tarjima – juda ajoyib janr. Afsuski, Yakov Kozlovskiy, Naum Grebnev kabi fidoyi tarjimonlar bizni tark etishdi. Bugungi kunda sanoqli ijodkorlargina tarjima bilan shug‘ullanishmoqda. Adabiyotga kirib kelayotgan yoshlar tarjima maktabimiz an’analarini o‘rganishlari kerak. Axir, tarjima ijodning alohida turi bo‘lib, tarjimonning ham, muallifning ham yangi iste’dodi qirralarini kashf qiladi. Chunki bitta she’r turli tillarda turlicha ohang taratadi, ular bir-birini to‘ldiradi va boyitadi.
– Bugungi Dog‘iston adabiy tanqidi haqida qanday fikrdasiz?
– Ilgari adabiyotimiz yuqoriroq turgan vaqtida adabiy tanqidchilar ko‘pchilik edi. Hatto muvaffaqiyatli yozilgan asarlardan ham malakali tanqidchilarimiz ayrim kamchiliklarni topishardi. Bugungi kunda adabiyotni soxtakorlik egallagan vaqtda tanqidchilar ham kamayib ketdi. Go‘yo soxtakorlik adabiyot ustidan g‘alaba qozonganday taassurot qoldiradi. Albatta, bizda hozir ham yetarli adabiyotshunos va tanqidchilarimiz bor. Ular o‘zlarining ijodiy ishlarini taqdim etib turishibdi. Lekin tahliliy va tanqidiy adabiy maqolalar yetarli darajada emas. Nahotki dog‘istonlik yozuvchilar shu darajada iste’dodli bo‘lib ketishganki, ularning qalin jildli kitoblarida biror kamchilik bo‘lmasa? Yozuvchilarning adabiy tanqidsiz yashashi oson, lekin adabiyotga bu narsa og‘ir ta’sir qiladi. Shubhasiz, tanqid achchiq dori-darmonga o‘xshaydi. Ba’zan dori qancha achchiq bo‘lsa, shuncha yaxshi ta’sir qiladi. Buni unutmasligimiz kerak.
– Siz Dog‘iston xalq shoirisiz. Bu unvon siz uchun qanday ahamiyatga ega? Umuman, unvon-mukofotlarga munosabatingiz qanday?
– Bu yuksak unvon men uchun juda aziz. Unvon berilganida shunga munosibmanmi, deb xijolat bo‘lganman, lekin bu menga oldindan bildirilgan ishonch ekanligini, bu yuksak ishonchni bir umr oqlashim va unga loyiq bo‘lishim kerakligini his qilganman. Ammo keyingi vaqtdagi ayrim salbiy holatlar unvon va mukofotlarga munosabatimni o‘zgartirdi. Chunki hozirgi kunda yozuvchilarning maqsadi asar yozish emas, unvon olish bo‘lib qoldi. Ahvol shu darajaga yetdiki, yozuvchilar o‘zlarini unvonga tavsiya etadigan, boshqalarning bu mukofotga noloyiqligini, o‘zi esa adabiyotda shunday balandlikka erishganini ta’kidlaydigan bo‘lishdi. Respublikamizda 18 nafar xalq shoiri va yozuvchisi bor. Bu qolgan shoir yoki yozuvchilar xalqqa aloqasi yo‘q degani emas-ku. Adabiyotni sportga aylantirib bo‘lmaydi. Yozuvchilar unvon va mukofotga intilgan sari adabiyotdan uzoqlashib bormoqda. Rus yozuvchisi Mixail Prishvin hech qanday unvon va mukofotsiz vafot etdi, lekin uning adabiyotga qo‘shgan hissasi zarracha kamayib qolgani yo‘q. Podshoning farmoni bilan Pushkinga Rossiya xalq shoiri unvoni berilishini hatto tasavvur ham qila olmaymiz. Lekin Pushkin xalq shoiri edi va shunday bo‘lib qoladi.
Rus tilidan Asror Mo‘min tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 4-son