Qalam ahlining jon ozig‘i – til (taniqli adib, tarjimon Ahmad A’zam bilan muloqot) (2013)

— Ahmad aka, ona tilimizning jozibadorligi, uning sofligini saqlash, shuning bilan bir qatorda til qonuniyatlarining buzilishi haqda matbuotda qilgan turkum chiqishlaringiz barchaga mas’uliyat yuklaydi. Siz tilni ulkan bir daraxtga o‘xshatasiz. Uni tarbiyalash, oziqlantirish, kerak bo‘lsa, bachki navdalardan tozalab turish zarurati haqida omadi gaplar aytilgan. Haqiqatan ham tilimizning hozirgi holati bir daraxt misolida juda sodda va yaqqol ifodasini topgan.

Bugungi suhbatimiz mavzusi – til qonuniyatlarining buzilishiga sabab bo‘layotgan omillar, albatta, juda ko‘p. Bu haqda o‘z firklaringizni qisman bayon qilgansiz. Maqsadga o‘tadigan bo‘lsak, o‘zingiz ta’kidlagan “avom”da ham ayb yo‘q. U ko‘rganiga, eshitganiga amal qiladi. Bizningcha asosiy muammo ona tilini hurmatlash, to‘g‘ri qo‘llash, undan foydalanish jarayonida saviya, malaka, balki, mas’uliyatning yetishmayotganidandir. Boshqa millatning tilida gapirayotib, iborani xato qo‘llasangiz, darhol to‘xtatadi. So‘zni to‘g‘ri ifodalab, yo‘lga soladi. Bu shaxs­ning ko‘nikmasiga bog‘liq bo‘lsa kerak. O‘zingizga ma’lum. Odam gapirmasdan turolmaydi. Yoki unday gapir, bunday gapirma ham deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, insonda tilga munosabatni, uni hurmat qilish ko‘nikmasini qanday shakllantirish kerak? Odam gapirayotganida qanday taomillarga rioya etgani ma’qul, nima deb o‘ylaysiz?

— Unday gapir, bunday gapirma degan tarbiya oiladan berilib, til muhitida – jamiyatda kamol topib boradi. Bu kamol topish – o‘sish beso‘naqay bo‘lib ketaverishi ham mumkinki, bu ham shu til muhitiga bog‘liq. Hozir chet istilohlar aralashmagan, matbuot tili ifodalarini o‘zgartirmagan bironta mutlaq sof sheva qolmagan, eng ovloq tog‘larimizda yashayotgan el-elatlarimiz borki, radio, TV, gazeta-jurnal yetib borayotgan bo‘lsa, bu yerdagilarning lahjalari zamon ravishidan ta’sirida, ya’ni o‘zgaryapti: ham boyimoqda, ham qashshoqlanmoqda.

Men Toshkentning qadim mavzelaridan biri qadim mahallada turaman. Mahallamiz ko‘chasi yoqalab chetlari semon qilingan bir ariqcha jildiraydi, unda suv bo‘lib suv emas, mag‘zava bo‘lib mag‘zava emas, ishqilib irganch bir suyuqlik, odamlarning uyidan chiqqan yuvindi, oqindi va hatto… mayli, bu yog‘ini aytmay, lekin oqadi. Uzoqdan rosmana ariqchaga ham o‘xshaydi. Bir kuni ariqchamiz to‘xtab qoldi – suv quvurlarini ta’mir qilayotgan edilar. Bir yoshi o‘tgan qo‘shnim bilan gaplashib turgan edim, shu kishi: “E-e, buni qarang-a! Bolaligimizda shu ariqda cho‘milar edik, non oqizoq qilib yer edik!”, deb hasratini aytib qoldi. Temir-beton semon o‘zanchasida allambalolarni yumalatib o‘tadigan ariqcha jonivorga qarab, hayfim keldi: nahotki shundan bir vaqtlar toza suv oqqan bo‘lsa! “Ellik yilning nari berisida-ya! – deb amaki yana hasratlandi. – Ota-bobolarimiz suv ichgan ariq! Yana ellik yildan keyin nima bo‘lar ekan!”.

Bu misolni nimaga aytayotganimni tushunib turibsiz, buni hammamiz tushunamiz: tabiat o‘zgaryapti, tabiatni bashariyat buzyapti – buni tabiatning ichida ko‘rib-bilib o‘tiribmiz. E-e, tavba, hatto yer kurrasi atrofi koinotni ham millionlab chiqitga to‘ldirib tashlabmiz, raketa, sun’iy yo‘ldoshga o‘xshagan har xil uskuna qoldiqlari sayyoramiz tegrasida g‘ij-bij g‘ujg‘on aylanib yotibdi ekan. Moshdayi to‘qinib ketsa, o‘sha ming tonnali raketani granatadek portlatib yuboradi. Astag‘firulloh!

Nima qilyapmiz?

Men tug‘ilgan qishloqdan Bulung‘ur arig‘i o‘tadi. Tiyramohdan ko‘klamgacha suvi, tagidagi chashmalardan yig‘ilib oqqani bois, tiniq, top-toza bo‘lar, hovuchlab ichib, obkashlarda uyga tashirdik: ro‘zg‘or shu zilol suv bilan edi.

Hozir uning suvini ichib bo‘lmaydi.

Uyimizning oldginasidan Qipchoqariq o‘tadi, uning suvi oqova aralashgani uchun sal bo‘tana, bo‘z tusda, lekin kuz-qishlarda uni ham ichsa bo‘lardi. Hozir… buni siz ham o‘z qishlog‘ingizda ko‘rib turibsiz.

Bunga ham o‘rganib qoldik, eng yomoni ham shu o‘rganib qolayotganimizda. Yana shu o‘rganib qolayotganimizni eslatib, bu yaxshi emas, degan gapga g‘ashimiz kelishida. Buning ham sababini bilamiz: tabiatning buzilishini to‘xtatishga ko‘p urinyaptilar, mashvarat-kelishuvlar bo‘lyapti, xalqaro qonunlar qabul qilinyapti, davlatlarga majburiyatlar yuklanyapti, ammo baribir buzilyapti, uni baribir buzyapmiz, tiklashga endi uning o‘zidek kuch qerak, har xil texnik xarajatlardan orttirib texnogen jarayonga mablag‘ ajratishga kuchimiz yetmaydi.

Biz esa tilimizni gapiryapmiz.

Ona tilimizning hoziri va taqdirida ko‘p ko‘rgulik sinovlar bor, lekin buzilishi bu qadar muqarrar emas deb, bandai ojiz, umid qilaman. Negaki, u yaralgan – yaratilgan, hayotiy, o‘zini o‘zi tuzatadi, jilla qursa. O‘zi uchun o‘zi kurashadi, uning tabiati shunday. Uni xalqning ming-ming yillik tafakkur tajribasi vujudga keltirgan, vujudning tirikligi esa odamlarning o‘ziga bog‘liq. Bevosita – qalam ahliga, bilvosita afkor ommaga, keng ma’noda butun xalqqa. Binobarin, madaniy saviyamiz tilimizning bugun qanday ahvolda ekanini belgilaydi. Bu muammoni har birimiz o‘ylashimiz kerak desak, uning faqat yuza qisminigina ko‘rayotgan bo‘lamiz. Masala tubdan ko‘tarilishi lozim.

— Maqolalaringizda ta’kidlagan so‘zlardan tash­qari turmush tarzimizga kompyuter barobarida uning bilan bog‘liq talaygina so‘zlar ham iste’molga kirib keldi. “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “statistika”, “Internet global tarmog‘i”, “mobil aloqa”, “interaktiv xizmatlar” “elektron to‘lovlar”, “onlayn aloqa”, “elektron tijorat”,“SMS-banking”, “Mobil-banking”, “plas­tik karta” va hokazolar. Bunday bo‘lishi tabiiy. Chunki, turmushimiz shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu kabi so‘zlarning muqobilini topishga zukko tilchilar ham ulgurolmaydi. Insoniyat esa kutib turolmaydi. Kundalik hayotimizda ma’lum bir fikr­ni ifodalash uchun o‘zlashtirma so‘zlarga ehtiyoj shu tariqa ortib boryapti. Taraqqiyot shiddatiga nazar solsangiz bu hol hali uzoq davom etishiga amin bo‘lasiz. Qaysidir ma’noda ularni aslicha qo‘llashga majbur bo‘layotgan matbuot xodimlarini ham ayblab bo‘lmaydi. Sababi har kim bilganicha muqobil izlasa, har xillik vujudga kelishi tayin. Bilasiz, kechuvdan o‘tayotganda otni almashtirib bo‘lmaydi, degan naql bor. Shunday kezda qanday yo‘l tutgan ma’qul?

— Shunday qo‘yib qo‘ysak, tilimiz ham ayni global girdobga cho‘qib ketadi. Siz misol keltirgan va keltirmagan istiloh, iboralar havodan tushmagan, yo lotindan qolgan, yo ingliz, yo nemis, yo rus tilidan o‘tgan, o‘sha tillarda bu so‘zlarning ma’nosi, lug‘aviy ildizlari bor. O‘sha jahoniy tillar hozir bizga yangidan kirib kelayotgan tushunchalarni ifoda eta oladigan darajada taraqqiy topgan, shu tushunchadagi so‘zlarni yaratgan. Shundoq ekan, biz nimaga yaratmasligimiz kerak? Albatta, bu eshikni batamom tambalab, bironta ham chet istilohni kiritmaslik degani emas. Ammo… nimaga o‘zbek turkiysidan muqobilini izlamaslik yoki yondosh ma’nodagi so‘zlardan yangisini yasamaslik kerak? Biz shuni qilmaymiz. Qilsak ham, ona tilimizdan shu qadar uzoqlashyapmizki, bir chet tildagi istilohni o‘zimizga yaqin tuyulgan bosh­qa bir chet tildagi istiloh bilan almashtirib olamiz: “sivilizatsiya” – “tamaddun”, “astronom” – “munajjim”. Bu chet atamalar azaldan iste’molda bo‘lgani bois tilimizga singib ketgan, Lekin yangilarini ham kirityapmiz. Chiqib ketganlarini yana qaytarib olib kiryapmiz: “buxgalteriya” – “muhosiba”… Mustaqillikning ilk yillarida istilohlarni o‘ylamay shunaqa “milliylashtirish” oqibatida lug‘atimizni forsiy “goh-goh” bosib ketdi: “ilmgoh”, “oliygoh”, “o‘yingoh”, yana bir nima “goh”lar bor edi. “Institut”, “universitet”, “stadion” turaversin edi, butun dunyo shunday ishlatadi. Eslang, o‘zimizda tayyor “qo‘nal­g‘a” atamasi tayyor turgan holda “tayyoragoh” deb qoldik: yarmi arabiy, yarmi forsiy bu “ijod”dan “ayeroport”ning o‘zi yaxshi emasmidi? Baynalmilal “rayon”ni forsiy “nohiya”ga almashtirdik. Yaxshiki kimdir baraka topgur, hay, nima qilyapsizlar, deb qoldi shekilli, bu olamshumul “milliy tajriba” vaqtidan sal o‘tib to‘xtatildi. Lekin forsiy “-noma”lar qoldi: “dalolatnoma”, “bayonnoma”, “ishonchnoma”. “Majlis bayonnomasi” deymiz, o‘zi shu majlisning bayoni yozilsa, yana nimaga noma qilamiz? Axir, nomaning o‘zi ham bayon-ku. “Buxgalteriya”, mayli arabiy bo‘lsin, o‘rganganimiz “hisob” desak bo‘ladi, shunday ishlata boshlasak, so‘z ayni buxgalteriyaning ma’nosini qamrab oladi. Avval “hisob bo‘limi” deylik, keyin jarayonda ixchamlashib, “hisob” so‘zi “buxgalteriya” tushunchasini ifodalaydigan bo‘ladi. Mana, yana bir misol, “tanqidchi”. “munaqqid” istilohini biz arabchadan olganmiz, shu ma’noni beradigan turkiy atamani ishlatmaymiz, Holbuki, o‘z tilimizda bor – “sinchi”. Qo‘llab boshlaylik shuni, dastlab g‘alati tuyuladi, keyin o‘rganishga aylanib, ayni shu tanqidchi ma’nosini to‘la ifodalaydigan bo‘lib ketadi.

Deylik, misol uchun uyg‘ur tilida “televizor” – “sinolg‘u”, “radio” – “unolg‘u”. Bu bilan uyg‘urlar zamondan orqada qolgani yo‘q, bu atamalar o‘z ma’nosini to‘la oqlaydi (“sin” – ham ko‘rinish, ham sifat, ham qiyofani bildiradigan keng ma’noli umumturkiy so‘z, “sinolg‘u”ni men qiyofa, manzarani olib ko‘rsatuvchi, “unolg‘u”ni, tabiiy, un – ovoz, tovush, ohangni olib beruvchi deb tushunaman). Endi biz shunday o‘zgartiraylik demayapman, misol qilyapman. Mana, o‘zim ham gaplarim til haqida bo‘lgani uchun “tilshunos” istilohini qo‘llayapman, o‘rganib qolganman, nimaga “tilchi” demayman? Ko‘pchilik qilgan ishni qilish kerak. Ko‘pchilik fanniy sohalarni forsi-tojikiydan olib “…shunoslik”, olimlarni “-shunos”, turkiy “-chilik” bilan “-chi” qo‘shimchalari bilan yasaladigan so‘zlar qashshoqlik qiladigandek. O‘z tilimizni o‘zimiz qadrlamaymiz.

Tilimiz tarixiga qaraylik, ayni qanday yo‘l tutish ko‘rsatilgan, tajribadan o‘tgan: atamalar muqobili bilan baravar qo‘llangan, natijada keragi kerak o‘rinda saqlanib qolgan. Masalan, “Banotunna”sh – “Etti qaroqchi” (kitoblarda ruschadan o‘girib olingan “Katta ayiq” istilohi-da bor); “Kahqashon” – “Somon yo‘li”; “Dubbi akbar” – “Temir qoziq” , ba’zan “Oltin qoziq” (xalq tilida), kitoblarda “Qutb yulduzi”.

Bizda bu tushunchalarni beradigan istilohlar yo‘q, bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi endi deb o‘tiravermaslik kerak. Tilni qanday sekin-sekin buzgan bo‘lsak, endi shunday sekin-sekin, ammo muqarrar tiklashimiz zarur. Avval, misol uchun, baynalmilal terminni muqobili yo tarjimasi bilan beraylik, “baynalmilal”, “ya”ni millatlararo” tarzida, aralash ishlataylik, vaqti bilan saralangani tasarrufda o‘zi qoladi, unisi sekin chiqib ketadi. Biz esa bunaqa ishlarga hali qo‘l urganimizcha ham yo‘q. Boshlaylik, yo‘lning o‘zi ko‘rinish beradi.

— O‘zingizga yaxshi ma’lum, xalq og‘zaki ijodidan ham, mumtoz adabiyotdan ham zamona zayli bilan endilikda talaffuzimizga kirib kelayotgan xalqaro miqyosda qo‘llanayotgan so‘zlarning muqobilini izlab topib bo‘lmaydi. Shunday deymizu ammo Vladimir Dalning lug‘atshunoslik faoliyatidagi fidoyiligi, ona tilini boyitish borasidagi jonbozligi kishida havas uyg‘otadi. Sizning turkum maqolalaringiz tufayli tilga hurmat, e’tibor masalasi yana yuzaga qalqib chiqdi. Buning uchun rahmat, albatta. Ayting-chi, lug‘atshunosligimizning yuzini yorug‘ qila oladigan tajribali qalam sohiblari topiladi, bor bo‘lsa, kimdir mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, deb o‘ylaysizmi?

— Bu ulkan yumushga bir yoki ikki odam aql bo‘lolmaydi. Aytyapman-ku, masalaning tubi juda chuqur, men yuza qismini o‘zim bilgancha aytyapman.

Til jarayoni o‘zicha osoyishta oqayotgan daryoga o‘xshaydi, ammo uning gumlarida nima bo‘layotganidan bexabar qolyapmiz.

Tajribali qalam sohiblarimizdan bir necha mard balki o‘z zimmasiga olar, ammo ish ayni shu lug‘atchilarimizsiz unmaydi. Tilshunoslik – tilchilik fanida neki soha bo‘lsa, hammasining bilimdonlari nafaqat bosh qo‘shishi, boshlarni qovushtirishlari kerak. Chunki qilinadigan ishning ko‘lami nihoyatda keng, e’tiborsizligimiz esa battar yalpaytirib yuborgan.

Solih Mutallibov nashrga tayyorlab bergan “Devoni lug‘otit turk”ning bosilganiga qancha bo‘ldi? 1960 yili ekan, ellik uch yil bo‘libdi. Buyuk til obidasi “Qutadg‘u bilig” zahmatkash olim Qayum Karimov tengsiz mehnati bilan tabdil qilinib, 1971 yili bosilgan (aytishlaricha, shu kishi “Qutadg‘u bilig” lug‘atini ham tuzgan, afsus, bu lug‘at dunyo yuzini ko‘rmagan, qo‘lyozmasining taqdiri ham noma’lum). Keyin Boqijon To‘xliyev, Sa’dulla Ahmad tabdillari bosildi, yaxshi, lekin Qayum Karimov tabdilni asl matn bilan yonma-yon bergan. Nimaga bu asarni mustaqil bo‘lganimizga shuncha yil bo‘lib, haligacha qayta nashr qilmaymiz? “Sangloh”, “Abushqa”, “G‘iyosul lug‘ot”, “Lug‘ati chig‘atoy” kabi tilimiz xazinayu safinalari nimaga nashr etilmaydi? FA Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi muzey fondlarida yana nima xazinalar ochilmay yotgan bo‘lsa. Hali-hanuz xalq og‘zaki ijodi, dostonlarimiz lug‘ati yo‘q. Sheva, shevalararo lug‘atlar yaratilmayapti, yaratilayotgan bo‘lsa-da, dunyo yuzini ko‘rganicha yo‘q. Turkiy tillarning qiyosiy, solishtirma, aralash lug‘atlari yo‘q. Bularsiz ona tilimizga qanday yaqinlashamiz? Ayni bugungi kunda chet istilohlarning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan, bugungi zamon tafakkuridagi tamo­yil-tushunchalarni ifoda eta oladigan qanchadan-qancha duru gavhar tarix qatlarida ko‘milib qolyapti. Albatta, chet atamalarni olibu o‘rniga shundoq qo‘ysa bo‘ladigan istilohlarimiz tayyor turgani olma pish – og‘zimga tush emas, ularni izlash kerak, ustida ishlash kerak.

Siz Vladimir Dalni aytyapsiz. Ruslarda bunday olimlar ko‘p bo‘lgan, Dal – ko‘zga ko‘ringanlaridan biri. Ularda tilchilik bo‘yicha bugun qilinayotgan ishlar ham ibratli biz uchun. Lekin bizda ham til zahmatkashlari ancha bo‘lgan, hozir ham borlar, ammo ularga e’tibor kam, ichki rag‘bat ham yetmaydi. Fitrat, Ayub G‘ulomov, Olim Usmonov, Xudoyberdi Doniyorov. Bolta Jo‘rayev, Ergash Rustamov, Rahmatilla Qo‘ng‘urov, Qayum Karimov, Qozoqboy Mahmudov (o‘tganlarini Olloh rahmat qilsin!) qilgan ishlar hazilakam bo‘lmagan. Bugungi kunda Alibek Rustamiy, Bozorboy O‘rinboyev, To‘ra Nafasov, Bosim To‘ychiboyev, Qozoqboy Yo‘ldoshev kabi tilchi domlalarimiz o‘zlarining tajribayu tadqiqotlari bilan, qani shogird, qani nashriyotlar, deb turibdilar. Bu ustozlar mening bilganlarim. Lekin, gap shundaki, endi tilchilikni kimlar davom ettiradi, kimlar yaratilgan yoki yangi yo‘ldan olg‘a ketadi? Umid qilamiz, shu kimlar ham yetishib chiqar. Agar bir joyda depsinib qolmasak, o‘zimiz oldinga yursak. Universitetda o‘qiganda “Hozirgi zamon o‘zbek tili” kurslaridan tashqari “Eski o‘zbek tili”, “Dialektologiya” darslarini tinglab, sinovlar topshirganmiz. Hatto eski o‘zbek tili – O‘rxun-enasoy Yozuvi, ya’ni o‘sha tilimizda bayon ham yozganmiz. O‘sha “budun”, “qoon”. “ochun” kabi qadimiy turkiy so‘zlar haligacha yodimda. Eslasam, aytsam, tomirdagi qon ekan-da, shirin titroq beradi. Demak, ildizlarimizdan uzilib ketganimiz yo‘q, aksincha, o‘sha ildizlardan yangi nihollar, tilni daraxt desak, yangi novdalar undirishimiz kerak, bu novdalar barg bersin.

— Tabiiyki, “til daraxti” o‘sishdan to‘xtamaydi. Ammo uning bachkilab ketishi ham yaxshi emas. Ma’lumki, talaffuzimizga “infarkt” degan so‘z kirib kelganiga ancha bo‘lgan. Avom orasida ayollar ko‘proq qo‘llaydigan bir qarg‘ish bor. Yomon ko‘rgan odamiga nisbatan “Hu, yurakkinang sitilsin” degan ibora ishlatiladi. Yurakning sitilishini tasavvur qiling. Ya’ni qayg‘u alamga botgan odamning yuragi zardobga to‘ladi va u bir kunmas bir kun sitiladi. Infarkt holati ham deyarli shunday. Demak, izlansa so‘zlarning muqobili yo bo‘lmasa xalqona biror bir tushunarli ibora topiladi. Shunday emasmi? So‘zga chechan adib, publitsist, tarjimon sifatida qolaversa, fuqarolik burchi nuqtai nazaridan bunga haqlisiz. Siz til qo‘rg‘onida qalam ko‘tarib yurgan yosh ijodkorlarga yana qanday talablar qo‘ygan bo‘lardingiz?

— Misol uchun – Bosim To‘ychiboyev bilan Qozoqboy Qashqirlining “Zominning til qomusi” kitobini bir varaqlang, shu birgina hudud shevasidan hozir siz aytganga o‘xshagan ma’no ko‘lami keng va ayni zamonga mos o‘nlab istiloh, so‘z, iboralar topasiz. To‘ra Nafasovning “Qashqadaryo xalq so‘zlari” kitobida shunaqa tesha tegmagan, adabiy tilimizga kirmay qolgan guruh-guruh so‘zlardan hayratga tushib, “E-e. o‘zimizda ham bor ekan-ku!”, deb yuborasiz. O‘zbek adabiy tiliga qarluq-chigil uyg‘ur shevalari asos qilib olingani bilan hali bu shevalarning o‘z so‘z boyliklari ham batafsil o‘rganilmagan. O‘g‘uz shevasi borasida ham biron kattaroq tadqiqot qilinganini eshitmaganman. Muhim madaniy, ma’rifiy va, tabiiyki, siyosiy markaz Toshkent shevasining, xususan, lug‘aviy xazinasi maxsus o‘rganilganmi yo‘qmi, masalan, men bexabarman. O‘ziga xosligini faqat “votti-votti”da deb o‘ylaymiz. Unda adabiy tilga kirishi kerak bo‘lgan, lekin kirmagan nimaginalar bor ekan? Qipchoq shevasida esa tog‘lar ko‘milib yotibdi. To‘g‘ri aytyapsiz: savolingiz javobini adabiy til tarixi bilan bir qatorda shevalardan izlash kerak. Izlansa, chet istilohlarga muqobil yo muqobillikka nomzod ko‘p “zirava” chiqadi.

Talabga kelsak, ularni yoshlarga biz qo‘yishimiz emas, yoshlar bizdan so‘rashi kerak – qani bizga nima qilib berdingiz, deb. Ular biz qilgan ishlarni, agar qilolsak, o‘rganishi lozim. Bizning qilolmayotgan ishlarimizni ba’zilarini aytdim. O‘zbek adabiy tilining olis va yaqin tarixida yaratilgan shoh asarlarimiz, shohona obida – til yodgorliklarimiz bor: “Devonu lug‘otit turk”, yuqorida tilga olingan yana lug‘atlar, “Qutadg‘u bilik”, “Hibatul haqoyiq”, “Qisasul anbiyo”, “Boburnoma”. Lutfiy, Atoyi, Sakkokiy g‘azaliyoti, xalq dostonlari. Qissalari… Ularni qo‘lga oling, o‘qiysiz, tushunishga birpasda ko‘nikasiz, so‘z, ma’no tovlanishlari ohanglaridan olam jahon zavq olasiz, ham… tilimizni birmuncha asl holida o‘rganasiz. Yassaviy g‘azallarini qarang, bugun xuddi tabdil qilinganga o‘xshaydi – asil matni shu qadar ravshan, ko‘ngilga qadr­don. “Boburnoma”ni (tabdilini emas!) men bir doston qadar kengaygan g‘azalni kuyga solib o‘qigandek bo‘laman. Odamning ruhiyatida muazzam bir kuy turadi. Men yoshlarga talab qo‘ymagan, balki ulardan o‘tinib so‘ragan bo‘lur edim: buyuk til obidalarimizni so‘zima-so‘zi o‘qing, har bir ifodasi ustida to‘xtang, o‘ylab oling – shu sizni Yozuvchi qiladi. Shu paytgacha biz qilgan xatolar hammamizga ko‘p yillar yetib ortadi. Siz o‘z tilingizni puxta-pishiq egallab jahon til muhitiga chiqing, u tillardan ham jilla qursa, ikki-uchtasini egallang: bundan keyin zamonning ravishi shunday ketadi. Ona tilini puxta bilishingiz esa xamisha o‘zligingizga zamin. Unutmangki, qalam ahlining jon ozig‘i – til!

— Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat, ijodingizga baraka, umringiz ziyoda bo‘lsin.

O‘ktam Mirzayor suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2013).