Vaqt va makon asos bo‘lgan hayotimizning tadrijiy rivoji bugun internetga tamomila bog‘liq. Hatto unga ixtiyoriy bandi hammiz. Bizni o‘rab turgan jamiyat hayotidan, tashqi dunyo yangiliklaridan tortib eng murakkab yumushlargacha internetsiz hal bo‘lmaydigan davrga keldik. Internetdan ozgina boxabar kishi esa suhbatdoshimiz Davronbek Tojialiyevni, u asos solgan Ziyouz.uz portalini ham biladi. Suhbatdan muddao ana shu sohilsiz dengiz qoshida turgan insoniyatning ruhiyati, kayfiyati, istiqbolini tasavvur etishdir.
— Bir ulkan ilon yer sharini quchib turibdi. U o‘z dumini tishlab olgan. Har yili bir bo‘g‘im yutadi. Natijada, yer kichrayib boradi. Uch kunlik yo‘l uch soatda bosib o‘tiladi. Odamning yemishi kamayadi, soni (turi) ko‘payadi. Tashvishi ortadi, barakasi ozayadi…
Bu rivoyatni 100 yoshli bir otaxondan eshitgandim.
Bilasizmi, vaqtning ma’no-mohiyati o‘zgarayotganga o‘xshaydi. Dunyoni anglashning, tafakkur qilishning yo‘li, usullari o‘zgargandek… Biz axborotni og‘zaki eshitib boxabar bo‘lardik. Keyinchalik bosma nashrlar orqali anglardik. So‘ngra radio va televideniya axborot dunyosiga hukmini o‘tkazdi. Bugun esa yuqorida sanalgan vositalar ham urfdan qola boshladi. Odamlar televizor ham ko‘rmay qolishyapti.
Odamzod tafakkurining xohlaymizmi-yo‘qmi tamomila yangi erasi boshlanyapti.
Davronbek, siz ana shu virtual olamga birinchilardan bo‘lib qadam qo‘ygansiz. Ziyouz.uz portali o‘tgan davrda ancha katta yo‘lni bosib o‘tdi. Onlayn olamni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunadigan odam sifatida, axborot kelajagini, umuman kelajakni qanday tasavvur qilyapsiz?
— Darhaqiqat, Internet atalmish texnika mo‘jizasi inson hayoti, ongu tafakkur, dunyoqarashini o‘zgartirib, misli ko‘rilmagan boshqa o‘zanga burib yubordi, taraqqiyot kemasi harakat maromini jadallashtirdi. Odamzot, xususan, keyingi 30 yilda qo‘lga kiritgan yutuqlari uchun internetdan har qancha minnatdor bo‘lsa arziydi. Bugun aloqa-telekommunikatsiya, bank-moliya tizimlari, biznes, ommaviy axborot vositalari, yuqori texnologiyalar (Hi-Tech), ta’lim sohalarini internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Texnika-texnologiya kashshoflari insoniyatni hayratga solishni bas qiladiganga o‘xshamaydi. Kunda-kunora inson og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladigan virtual xizmatlar paydo bo‘layotgani shunday nekbin xulosaga undamoqda. 2022 yil 22 aprel holatiga ko‘ra, sayyoramizning 5 milliard aholisi internetning doimiy foydalanuvchisi sanaladi. Yer yuzi aholisining 4,65 milliardi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchisidir. 2022 yil boshida O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 27,2 milliondan oshgan, shundan mobil internet foydalanuvchilar 25,3 million kishini tashkil etadi.
Axborot miqdori geometrik progressiya asosida oshib borayotgan bir paytda qilni qirq yoradigan mutaxassislar ham internetning ertasi haqida uzil-kesil fikr aytishga jur’at qilolmayotir. Ilm-fan va axborot texnologiyalarining yuksak darajada rivojlanishi oqibatida insoniyat turli sohalarda yangi ufqlarni kashf etishi bilan birgalikda bir qancha muammolar girdobida ham qoladi. Bu narsa hozirda ijtimoiy tarmoqlar, uyali aloqa vositalari orqali siz haqingizda tinmay yig‘ilayotgan axborotlar asosida inson ongini boshqarish texnologiyasining tatbiq etilishi; tobora virtuallashgan jamiyatlarning an’anaviy ijtimoiylashuvni barbod etishi; sun’iy intellekt rivojlanishi bilan juda ko‘p sohalarda inson omilining ishtiroki kamayib, ishsizlik yuzaga kelishi va boshqa omillar bilan ifodalanadi.
— Bugungi kunda axborot texnologiyasi (IT) yo‘nalishida juda ko‘plab yoshlarimiz ta’lim olishmoqda. Bu jarayonga qiziqib, sal-pal tushungandek bo‘ldim va bugungi texnologik jarayonlar shiddati oldida o‘zimni ibtidoiy odamdek nochor his qildim. Biz biladigan Windows dasturlari va kompyuterdan foydalanish tarzimiz bilan ITning yangi yutuqlari orasida o‘roq bilan atomgacha bo‘lgan masofa bordek tuyuldi.
Hozirgi media olamda xavfsizlik, axborot ishonchliligi kabi omillar juda muhim. Shu o‘rinda minglab yosh ITchilarimizni nimadan ogohlantirgan bo‘lardingiz?
— Hozirgi axborot olamida eng katta muammo foydalanuvchilarning ma’lumotlari xavfsizligidir. Taassuf bilan aytish mumkinki, bugungi kunda har qanday internet, smartfon va kompyuter foydalanuvchisi to‘liq axborot axborot xavfsizligiga ega emas.
Biz ishlatadigan internet va ijtimoiy tarmoqlar, smartfon va kompyuterlar, turli elektron gadjetlar tarmoqdagi har bir harakatimizni yozib oladi va siz haqingizda ma’lumot to‘playdi. Bu haqda elektron xizmat va mahsulotlarning ko‘pincha biz o‘qib ham o‘tirmay, “Roziman” tugmasini bosib yuboradigan uzundan uzoq foydalanish shartlarida yozib qo‘yilgan. Bundan tashqari tarmoqda izg‘ib yurgan minglab noqonuniy bot va yashirin virus dasturlar bo‘lib, ular asosan reklamalar va aldamchi havolalar orqali qurilmangizga kirib olib, siz haqingizdagi ma’lumotlarni uchinchi tomonga uzatadi.
Bunday ma’lumotlar asosan marketing tadqiqotlari va reklama uchun ishlatiladi. Katta kompaniyalar norasmiy tarzda bunday ma’lumotlarni sotib oladi va sizdan reklama quroli sifatida foydalanadi. Hech e’tibor berganmisiz? Internet qidiruvdan biron telefon markasi haqida qidirsangiz, bir haftagacha qaysi saytga kirsangiz o‘sha telefon reklamasi chiqib keladi.
Mutaxassislar internetdagi aksar mashhur sahifalarni “shishirib” turadigan qurollardan biri botlar deb aytishadi. ITchilar tomonidan yaratilgan bunday botlar trafikni sun’iy oshiradi, “layk”lar bosib chiqadi, “komment”lar yozadi va yana boshqa xos vazifalarni bajaradi. Har sohada bo‘lganidek ITda ham halollik mezoni birinchi o‘rinda bo‘lsa, dasturchining ishida baraka bo‘ladi.
— Barcha narsa insonga xizmat qilishi kerak! Umummanfaati ham insonni qayg‘urishi kerak. Dunyomiz shunday gumanistik tamoyilga qurilgan. Bunga qay darajada erishyapmiz, bu boshqa gurung. Lekin yangi davrning farzandlari uchun qadriyatlar ham o‘zgarib borayotganga o‘xshaydi. Bunga sabablardan biri albatta, zamonaviy axborot oqimi, uning turlari, shakllari…
Savolim: Biz shu matohlar asiriga aylanib qolmadikmi, aslida ular bizga xizmat qilishi kerak edi-ku..?
— Hammasi o‘zimizga bog‘liq. Tarmoqda ezgu qadriyatlarimizni targ‘ib etish, yoshlarni internet kitobxonligiga, ilm-ma’rifatga jalb etish, onlayn tanlov, viktorinalar uyushtirish, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan samarali foydalanish, olim, yozuvchi, shoir hamda jamoat arboblarining saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini rivojlantirish, ommabop saytlarda mazmundor kitoblar reklamasini kuchaytirish orqali internetda o‘zbek tili, tarixi, adabiyoti va ma’naviyatini keng targ‘ib qilish mumkin.
O‘zbekiston xalq shoiri, xalqaro tarmoqning faol foydalanuvchisi Xurshid Davron aytmoqchi, “Internet bamisoli dudama pichoq: birovning qo‘lida u olma po‘stini chiroyli aylana qilib archadi, birovning qo‘lida go‘dak joniga qasd qiladi”. Demak, bu “dudama pichoq”dan faqat ezgu maqsadda foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish juda muhim.
— Ziyouz.uz portali asosan kitoblar, kitobxonlik targ‘ibotiga xizmat qiladi. Bu ma’naviy fidoyilik uchun sizga bir foydalanuvchi sifatida tashakkur deyman.
Saytning kitob targ‘iboti bilan shug‘ullangani yaxshi, lekin biror yozuvchi yillar davomida yozgan, nashr ettirgan kitobni o‘quvchi do‘konlardan izlamay turib, shundoqqina Ziyouz.uz saytidan topib olishi, o‘qib yurishi adolatdanmi? Muallifning haq-huquqlari sizning saytingizda qanday himoyalangan, ta’minlangan?
Siz kitobxon sifatida kitobni qay shaklda o‘qiysiz?
— Men portal ishini boshlagan yillar (2004 yil) internetda o‘zbekcha saytlar, manbalar barmoq bilan sanarli edi. Bu vaziyatda mening asosiy maqsadim tarmoqda o‘zbek tilidagi manbalarni ko‘paytirish bo‘lgan. O‘sha paytlari hali internet nimaligini yaxshi tushunmaydigan aksar ziyolilar orasida asar va kitoblarning internetga joylanishiga qarshilik kayfiyati ham bo‘lgan. Bu borada keyinchalik fikrini o‘zgartirib, portalga asarlarini taqdim etgan ijodkorlar ko‘p bo‘lgan.
Portalga kiritilayotgan kitoblarni joylashda mualliflik huquqiga amal qilishga harakat qilyapman. Aksariyat kitoblar mualliflarning ruxsati bilan joylanadi. Mualliflarning o‘zlari ham kitoblari Ziyouz.uz portalida chiqishidan manfaatdor bo‘lyapti. Buning asosiy sabablaridan biri saytdagi ma’lumotlar Google qidiruv tarmog‘idan qidirilsa, asosan ilk sahifada chiqadi.
Oxirgi yillarda yurtimizda elektron kitob do‘konlari ham tashkil etildi. Shu bois portalda yangi chop etilgan kitoblarni e’lon qilmayapman. Toki o‘quvchi kitobni sotib olib o‘qisin.
O‘zim ma’lumotlarni tezkor topish uchun elektron kitoblarni, davomiy mutolaa uchun esa an’anaviy kitobni afzal ko‘raman.
— Davronbek, portalni tashkil etganingizga ham qariyb 20 yil bo‘lib qolibdi. Bu qisqa muddat emas. Bu yillar ichida necha-necha saytlar ochilib, yopilib ham ketdi. Saytni doimiy faoliyatda ushlab turish ham oson bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Shuncha yildan beri o‘z hisobingizdan portalni yuritib, hech qanday moddiy manfaatsiz faoliyatda davom etishdan nima naf? Ilk boshda portalni tashkil etishdan maqsadingiz nima bo‘lgan?
— Inson bu dunyoga keldimi, shu havodan nafas olib, shu tuproqdan ne’matlar yeb, shu xalqning tarbiyasini ko‘rdimi, endi o‘zi ham shu xalqqa nimadir xizmat qilishi kerak, deb o‘ylayman. Men portalni tashkil etayotganimda shu narsani niyat qilgandim.
Portalga joylangan ilk bitik ham uning maqsadlari haqida bo‘lgan ekan: “Ziyouz portalini tashkil etishdan maqsad insonlarga haqiqiy ma’noda ziyo ulashishdir. Zero, ziyo deb jismning o‘zidan chiqqan yorug‘likka aytiladi. Ilm ziyodir, ma’rifat ziyodir, iymon ziyodir, sabr ziyodir. Bekorga xalqimiz ilm-ma’rifatli, iymon-e’tiqodli insonlarni ziyoli deb atamaydi. Ular ilm-ma’rifat orqali insonlarga ziyo ulashadilar va ikki dunyo saodatiga erishadilar. Jamiyatni faqat ma’rifat ziyosigina zalolatdan saqlab qoladi. Haqiqatni anglash, bilish va uni tarqatish bilan inson ziyoga erishadi. Qalbida ziyo bo‘lgan zotlar hech nimadan qo‘rqishmaydi. Ularning yo‘llarini ziyo yoritadi. Ziyo ularni ulug‘likka yetaklaydi.
Ilm-ma’rifatning oramizdan ko‘tarilishi dahshat emasmi? Nega yoshlar orasida kuchli tafakkur egalari kam? Navoiylar, Ulug‘beklar bizning yoshimizda erishgan ilm cho‘qqilarining 10 dan biriga biz ham yetdikmi? Nima uchun 10 yoshgacha Qur’oni karimni yodlab mukammal bilish, ming-ming misra she’rni yoddan aytish, ma’lum kashfiyotlarni yosh bo‘laturib amalga oshirish, juda ko‘p tillarni mukammal bilish va unda bemalol ijod qilish kabi holatlar oddiy hodisa emas? Nega uyimizda kutubxonalarimiz yo‘q? Nega ilm, kitob talash emas? Nima uchun kutubxonalarimiz gavjum emas, bozorlarimizdek? Olgan kiyimimizni maqtaymizu, nega yangi o‘qigan kitobimizdan, olgan bilimimizdan maqtamaymiz? Biz — yoshlar nega dangasa bo‘lib qoldik? Turli xil kompyuter o‘yinlari, video bilan hamnafas o‘sayotgan kichik yoshlilardan keyin nimani kutish mumkin? Nima uchun ilmga rag‘bat so‘nib bormoqda? Bu kabi minglab savollar ziyo istagan ko‘ngillarni doimo bezovta qilishi aniq. Zero, bizning maqsadimiz ham yoshlarimizni ilmga, ziyoga chorlashdir”.
— Ba’zida katta avlod ziyolilari orasida “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi” degan da’vo yuradi. An’anaviy bosma kitoblarni o‘qib ulg‘aygan avlod uchun elektron gadjetlarda mutolaa qilish erish tuyuladi. Rostdan ham shundaymi? Hozirgi texnika avlodi bo‘lgan yoshlar katta avloddan ko‘ra kamroq mutolaa qilmoqdami?
— “Har avlod avvalgilardan o‘zini aqlliroq va keyingilardan donoroq deb xayol qiladi”, degan edi Jorj Oruel. Ko‘pincha katta avlod vakillaridan “yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi” degan tanbehni eshitamiz. Yaqinda bosma kitoblarni elektron kitoblardan judayam qizg‘anuvchi bir ziyoli akamiz shunday deb qoldi: “Metroda, avtobusda yoshlar telefoniga termilib, nuqul o‘yin o‘ynaydi, deb o‘ylarkanman. Keyin kuzata boshladim. Telefonida kitob o‘qib ketadigan yoshlar ham ko‘p ekan”.
Ba’zi ulug‘ yoshli ziyolilar orasida internet va elektron kitoblardan hayiqish mavjud. Mutolaaning shakli o‘zgargani bilan sifati o‘zgargani yo‘q. Aksincha, keyingi yillarda informatsiya miqdori keskin ortib, mutolaaga bo‘lgan qiziqish ham yuksalayotganini statistika ko‘rsatmoqda.
Yoshlar o‘qiyapti! Elektronmi, bosma kitobmi, muhimi – mutolaadan chekinmasak bo‘lgani!
Shodmonqul Salom suhbatlashdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022 yil 3-son