1. Kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir buning aksini tasdiqlaydi. Sizningcha, qay biri haq va nega?
2. Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng ko‘p tashvishga soladi? Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yo‘lini ko‘rsata olasiz?
3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan kimlarning kitoblarini o‘qidingiz? Qaysi asar sizga ma’qul keldi-yu, qaysi asardan ko‘nglingiz to‘lmadi? Buning sabablari nimada?
Mazkur anketa yordamida bugungi adabiy jarayonning yutuq va kamchiliklari haqida bir qur fikrlashib olsak, foydadan xoli bo‘lmas. Axir, aytadilar-ku, “Kengashli to‘y – tarqamas”, deb. Shunday ezgu niyat ila anketamiz savollariga navbatdagi javobni e’tiboringizga havola etayotirmiz.
1. Bugungi adabiyotning ahvoli haqida qat’iy hukm chiqarish qiyindir-ku, ammo shu sohaga ozmi-ko‘pmi aloqador kishining bu xususda o‘z mulohazayu xulosalari bo‘lmasligi ham mumkin emas.
Har kun jild-jild kitoblar nashr etilyapti, adabiyotshunoslik ularni tinmay tadqiq qilyapti, ba’zi adiblarimiz asarlari dunyoning turli mamlakatlarida chop etilayotgani haqida xabarlar kelib turibdi… Ayni holat kimgadir yuksalish bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lsa ajabmas. Ammo bu – hali miqdor, xolos. San’at va Vaqtning o‘z mezonlari bor. Hamma zamonlarda adabiyotning xos o‘quvchilari bo‘lgan. Ular shon-shuhratniyam, mukofotu yorliqlarniyam tan olmaydi. Ularga hayot haqiqatining go‘zal badiiy talqiniyu bundan qalbning teran larzaga tushishigina muhim, xolos. Deylik, Rumiy, Navoiy yoki Tolstoyni o‘qib-his etgan o‘quvchi “yuksalish pallasi” degan iborani qo‘llashda saxiy bo‘lolmasligi aniq.
Badiiy ijod – o‘ta ichkin, individual hodisa, shu bois adabiyot rivoji hamisha alohida nomlar bilan bog‘liq. Ulug‘ asar, buyuk ijodkor ijtimoiy voqelik bilan chambarchas bog‘liq holda uzoq yillar, ba’zan asrlar bo‘yi yetiladi. Ha, so‘z daholari chaqmog‘i har kun chaqnamaydi, bu – qonuniyat. Lekin u chaqmoqdan bu chaqmoqqacha kichik-kichik ko‘tarilishlar bo‘lib turishi ham ayni haqiqat.
Bugun xalq ulkan tarixiy hodisalar ichida yashamoqda. Globallashgan dunyo, tez-tez o‘zgarayotgan ijtimoiy ideallar, tobora yuksalayotgan moddiyat bayrog‘i, hidoyat va zalolat oralig‘ida tebranib turgan insoniyat… – milliy adabiyotimiz shularning bari haqida o‘z so‘zini aytishga mas’ul.
Adabiyotning asl mohiyati – dunyoni, inson fikri va qalbini o‘zgartiruvchi kuch ekanidadir. Bu asl mohiyat yalang‘och shiorlarda, quruq da’vat va targ‘ibotda emas, odamlar qalbida ezgulik va go‘zallikka muhabbat uyg‘otish orqali jamiyatning mo‘tadillashuvida ifoda topadi. Hayot haqiqatlarini ko‘rsatish orqali Insonga o‘z haqqini tanituvida ifoda topadi.
Bizning asrimizda adabiyot asl mohiyatidan tobora uzoqlashib, havasgami, ermakkami aylanib qolayotgandek… To‘g‘ri, kimlardir so‘z san’atining asl mohiyatini saqlab qolishga jon-jahdi bilan harakat qilyapti. Adabiyotni jamiyatning havotozalagichiga aylantirishga urinyapti. Biroq aksar bitiklarda jonsiz bir bayon, ne bir asarlaru adiblar “soya”si bordek. Sirtida adabiyot bor-u, ammo ichida adabiyot yo‘qdek. Nedir bir zo‘riqish, zo‘rma-zo‘rakilik; to‘qima voqealaru hissiz… his-tuyg‘ular bordek. Adabiyotninggina ziyrak ko‘zlari ilg‘aydigan voqeliklar yo‘qdek. O‘quvchigami, so‘zgami pisandsizlik bordek. Aks holda, bugungi adabiyot ayol go‘zalligini “Atlas ko‘ylak-lozim kiygan, yaltirab turgan sochi taqimini o‘padigan, oppoq yuzli, kipriklari uzun-uzun, jismi nozikkina…” qabilida no‘noq bir hikoyachidek naridan-beri tavsiflashdan istihola qilgan bo‘lardi. Bu kabi g‘arib ifodalarni yaqin-yaqinlarda ham “Anoyining jaydari olmasi”, “Olis Artek xotiralari” kabi yuksalishlari bo‘lgan o‘zbek adabiyoti nomidan taqdim etishga shoshilmagan bo‘lardi.
Darvoqe, “Anoyining jaydari olmasi”da hayotning shunday bir ko‘z ilg‘amas fojiasi qalamga olinganki, hikoyani o‘qigandan so‘ng ancha vaqt o‘tgach his etasiz uni: bu shafqatsiz dunyoda pokiza tiynating ham boshingga balo bo‘lar ekan!
Darvoqe, “Olis Artek xotiralari” ham insonning ruhiy shijoatini bildirmay sindiradigan osuda fojia haqida…
Darvoqe, bular – so‘z san’ati!
2. Albatta, badiiy ijodda iste’dod – bosh masala va u bizning ixtiyorimizdan tashqaridagi hodisa. Qolganlari haqida esa gapirish mumkin. Adabiy jarayondagi deymizmi, adabiyotdagi deymizmi – muammo shuki, Yaratgan yaxshigina iste’dod bilan siylagan adiblar ham bugun ijodga yengil-elpi qarayotgandek tuyuladi. Balki zamonning shiddatkorligi sababdir. Balki muvaqqat bir nimalar nog‘orasi asl hodisalar ovozini bosib ketayotgani sababdir. Bilmadim. Men adabiyotni to‘la-to‘kis tasvir, ijodkorni so‘z musavviri deb anglayman. Nazarimda, bugungi adabiyotimiz mushohada maydoniga aylanib qolgandek. U g‘oya gegemoniyasidan haliyam xalos bo‘lolgani yo‘q; negadir adabiyotshunoslik, tanqidchilikni ham ko‘proq g‘oya, so‘zga mohirlik qiziqtirayotir.
Albatta, badiiy so‘z ijtimoiy, axloqiy yoki shunga o‘xshagan mazmunsiz mavjud bo‘lolmaydi, azal-azaldan shunday. Ammo adabiyot, tarix yoki didaktikadan farqli o‘laroq, tirik borliqdir. Bu borliq jibilliy dard, so‘z tuyg‘usi, yorqin tasvir, hayot tafsilotlaridan nafas oladi; bil’aks, u o‘ladi yoki pajmurdaga aylanadi. Uzluksiz iztirob chekib yashamoq, dunyoni fojeiy idrok etmoq, hayotni mayda ikir-chikirlarigacha o‘rganmoq; so‘zda surat chizmoq, beshafqat tahrir qilmoq – badiiy so‘z tirikligining asosiy shartidir. Vaholanki, bugun nasrda syujet dramasi, she’rda tuyg‘u dramasi yetishmayapti. Nasrniyam, she’rniyam quruq bayon falaj etib tashlagandek…
Bugungi adabiyotda “TIRIKLIK” muammosi bor va uni, meningcha, “Ijod – azobu mashaqqatdan boshqa narsa emas”, degan adiblargina yecha oladilar. “Adabiyot o‘zingcha o‘ta muhim deb bilganing bir g‘oyani o‘ylab chiqib, unga popugu shokila taqib chiqish emas, adabiyot o‘sha g‘oyani achchiq ichakday cho‘zish emas, adabiyot tor shaxsiy kechinmalardan iborat ming‘ir-sing‘ir emas”, degan adiblargina yecha oladilar bu muammoni. Hayotning boshqa barcha lazzatlarini Adabiyotga qurbon qilganlar yecha oladilar. Xullas, neki muammo bo‘lsa, yechimi – shart-sharoitda, tanqidchida, o‘quvchida emas, aynan IJODKORdadir.
Bugungi adabiyotda “Tikti ko‘ksim chokinu, tiyg‘in tanimda qildi gum, / El eshikni qulf etib tufroqqa ko‘mgandek kalid” (Alisher Navoiy) kabi sinchkov nigohni, oddiy el turmushiga ichkin, qizg‘in muhabbatni sog‘indik…
Bugungi nasrda “Ra’noning sochi gungurt-qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora ko‘rinsa ham, quyoshda bir oz sarg‘ish bo‘lib ko‘rinar edi” (Abdulla Qodiriy) qabilidagi badiiy so‘zga o‘lmas joziba, haroratli nafas bag‘ishlaydigan inja kuzatuvlarni, hayotning jonli manzaralarini sog‘indik…
Bugungi she’riyatda “Anor donasidek qatoring o‘rtab / Bag‘rimdan sitilib ketding-ku, bolam” (A.Oripov) singari yorqin chizgini, “o‘rtab”, “sitilib” yanglig‘ o‘tlig‘ nafasi yuzimizga urilib turgan so‘zlarni sog‘indik…
3. Keyingi paytlarda ko‘proq yoshlar ijodini o‘qiyapman. Professionallar o‘ta professionallashib ketgandek tuyulyapti. Adabiyotni qismat deb biladiganlari saralangunga qadar — hozircha ular juda ko‘pchilik va yoshlikning baland zavqu shavqi bilan ijod qilmoqda.
Javlon Jovliyevning hikoyalarida inson hayotining fojia va dramalari ko‘zyoshdek tiniq lirizm bilan uyg‘unlashib ketgan. Ifoda uslubida boshqalarda ko‘rilmagan porloq samimiyat, daryo kabi tabiiy ravonlik bor. Asl adabiyot ko‘ngilochar qissayu romanlarga berib qo‘ygan qiziqarlilik bor.
Madina Norchayeva ham yonib-yonib yozyapti. Madina hayotni dramatik idrok etadi, olamni kutilmagan obrazlarda ko‘radi.
Jontemirning she’rlarini o‘qiyapman. Unda Boburning qizg‘inligini, Lermontovning shiddatini, Yeseninning hurriyatini, Rauf Parfining kuyuk bag‘rini his etyapman. U tortinmay, ovozini baralla qo‘yib kuylayapti. Jontemirda olamning turli jabhalariga oid ancha chuqur bilim, tafakkur ham bor. Darvoqe, shoirlik uchun qariyb unutilayozgan narsa bu… Darvoqe, Abdulla Oripov “Muso iltijosi yetdi-yu go‘yo / Haq tur tog‘i uzra ko‘rsatdi jamol” deb yozganda necha yoshda edi?
Yosh do‘stlarimning ko‘pini o‘qisam, g‘alati his ichida qolaman. Ularda adabiyotga daxldor hamma narsa bor, lekin… yurak junbishga kelmaydi. O‘ylab topilgan obrazlar, chiroyli paradokslar, aqlli gaplar, so‘z o‘yinlari bor; ammo Qalbni chirmab olgancha gulzorga aylanuvchi gulxan yo‘q – taxminan shunday desa bo‘ladi. O‘z xochini ko‘tarib o‘ulqof sari borayotgan Iso iztirobini tuymay turib, shoir bo‘lish dargumon. Nechunkim, shoirlar ham qutqaruvchilardir…
Nodira Afoqova, filologiya fanlari doktori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 44-son