Muammoning ko‘zi ochilsa (Ibrohim Haqqul bilan suhbat) (2013)

%image_alt%– Ibrohim aka, suhbatlaringizdan birida: “Buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lishning bosh shar­ti – xuddi o‘shalarga o‘xshab doimiy va qat’­iyat ila oldinga harakat qilish”, degan edingiz. Ayting-chi, bugungi avlodning ajdodlar oldidagi qarzi nimada?

– O‘shalarga o‘xshab tabiiy, to‘g‘ri va erkin umr kechirishni eplay olishida. Qachonki til bilan dil, so‘z bilan amal orasida uzilish bo‘lsa, ajdodlar bilan avlodlar o‘rtasidagi uzilish ham shu bo‘ladi. Bunday paytda tarixiy siymolarni maqtash o‘z ojizliklarini yashirish niqobiga aylanadi.

– Avlodlar almashinuvi har qaysi jamiyatga xos xususiyat. Tabiiyki, har qanday avlod vakillari ma’lum jihatlari bilan farq qiladi, o‘z navbatida, bir-birini to‘ldiradi. Siz avlod tushunchasiga qanday qaraysiz?

– Avlod tushunchasi bo‘lgan. Bor. Keyin ham bo‘­ladi. Bir avlod ikkinchisidan fikr-qarashlari, mas­­­lagi, jur’at-jasorati, qay maqsadlar uchun ku­rash­ganligi bilan ajralib turmasa, avlod degani ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy qiyofadan mah­rum to‘dadan hech farq­lanmaydi. Sho‘ro davlati hukm yuritgan davrlarda bir necha avlod zulm va qaramlik qurboni bo‘lishgan. Bu fojiani unutmaslik kerak.

– Sizning avlodingiz(bu iborani alohida ta’­­kidlagim keladi) faqat adabiyotdagina emas, ij­timoiy hayotda ham faol, kezi kelgan­da, murosasiz edi. Sizlar o‘shanda “Dunyoni ada­­bi­yot qut­qaradi” degan aqida bilan yashagan­ga o‘x­shaysiz. Bu urinishlaringiz besamar ket­ma­gani aniq. Nima deysiz, bugungi avlod davr eh­tiyojlariga munosib javob bera ol(a)dimi?

– Biz uchun adabiyot chindan ham muqaddas bir mav­judlik edi. “Dunyoni adabiyot qutqaradi” degan aqi­da bilan yashamagan bo‘lsak-da, adabiyot hayotni, insonni o‘zgartirishiga ishonardik. Tengdoshlarimdan ko‘pchiligi shaxsiy hayot tashvishlarini nazarga il­may adabiyot, haqiqat, hurriyat dardi bilan kun kechirishgan. Bugun bunday holatni kuzatish qiyin. Yosh ijodkorlarda davr, zamon, kelajakka munosabatda qandaydir torlik, mahdudlik borga o‘xshaydi.

– Butun ilmiy faoliyatingiz O‘zbekiston Fan­­lar akademiyasi Til va adabiyot instituti bilan bog‘liq holda kechayotir. O‘tgan yillar davomida necha-necha yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlari muhokamasida qatnashgansiz. Bugungi nav­qiron ilm, bo‘lg‘usi olimlar haqida fikrlaringiz qanday? Ular faoliyati sizni qoniqtiradimi?

– Ilmga yangi kirib kelganlar oldingi avlod vakillaridan albatta o‘zib ketishadi, degan fikr yaqin-yaqingacha menda barqaror edi. Hozir unday emas. Chunki did, saviya, dunyoqarash va shaxsiyat xususida jiddiy o‘ylab, qattiq zahmat chekilmasa, olimlik ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Yoshlarimiz faoliyatini im­kon daraja­sida kuzataman. Ammo ular safida his qilish, ang­lash, harakat borasida salohiyati yuksaklari ancha siyrak. Vaholanki, mustaqillik shart-sharoitida o‘zi­ga ishonchi baland, ko‘ngli ham, fikri ham erkin iste’dod so­hiblarining soni yildan-yilga ortib bor­mog‘i kerak. Bu haqda yoshlarning o‘zi ko‘proq fikrlashi lozim, deb o‘ylayman.

– Maqola va suhbatlaringizda ijod va e’ti­qod vobastaligi haqida ko‘p ta’kidlaysiz. Biz yosh­lar e’tiqodni juda tor ma’noda, aso­san, diniy istiloh sifatida tushunadi­gan­­ga o‘xshaymiz. Ay­ting-chi, yosh avlodning hayo­tiy e’ti­qodi uchun nimalar muhim? Umuman, e’ti­qod tarbiyalanadimi?

– E’tiqodning poydevori, albatta, din. Diniy ishonch va tushunchalardan ajralish – o‘zni ru­ho­niyat­siz­­­lik ofatiyu dahriylik kulfatlariga mah­kum aylash demak. Ayni paytda e’tiqodni diniy va ilohiy mazmun-mohiyat bilan cheklab ham bo‘lmaydi. Ishq, Ma’rifat, Haqiqat… – bularni e’tiqoddan ay­ri holda tasavvur etish mumkinmi? Or-nomus, hayo, g‘urur singari be­za­vol tuyg‘ularning muhofizi ham, avvalo, e’tiqoddir. In­­­­son irodasi qancha baquvvat bo‘lsa, e’tiqod ham o‘shancha kuchga to‘ladi. Odamning eng katta dushmani – qo‘rquv va tahlika. E’tiqod ana shu g‘animni tanish ham­da unga qarshi turishga rag‘batlantiradi. Umuman, e’tiqodsizlikdan xalos bo‘lishning yagona chorasi hayot sinovlaridan o‘tgan e’tiqodga suyanish hisoblanadi.

– Shu paytgacha ijodingizning asosini mum­­­toz adabiyot, xususan, Navoiy ijodini o‘r­ga­nish, tadqiq etishga bag‘ishlagansiz. Nazarim­da, biz Navoiyni o‘rganish uchun o‘sha davr – XV asr­ga bormoqchi bo‘lamiz va bu mumkin emas. Vaholanki, mutafakkir bobomiz vaqt ma­­­sa­la­sida ham shunchalar ilgarilab ketganki, cheksiz imkoniyatlar asri avlodi hali-beri uning eta­gini tuta olmasa kerak. Garchi bu borada ko‘p fikrlar bildirgan bo‘lsangiz-da, so‘­ra­moq­chiman: Navoiyni qanday qilib XXI asrga qay­ta­rish mumkin? Buning eng samarali yo‘l­larini sanab o‘tsangiz.

– Navoiyni hech bir ma’noda o‘z asri va zamonidan ajratib bo‘lmaydi. XXI asr o‘quvchisi Navoiyni bilishga kuchli ehtiyoj sezsa, maqsadga yetishmoq uchun til, tarix, an’ana yoki din va falsafadan bir yo‘l izlashga kirishadi. Buni birov san’at va mahorat jozibasidan, kimdir hayotiy taassurotlar tasviridan, boshqa biri tasavvufiy tushuncha va timsollar ifodasidan topishi mumkin. Muhimi, u yoki bu asosga tayanish.

Navoiyni Navoiyning himmati va yordamisiz o‘qib-o‘rganish ancha qiyin. Bu nima degani? Avvalo, dunyo­ga, hayot va insonga mutafakkir shoir nigohi bi­lan qa­­rash­­ga urinish degani. Navoiy yoqlagan va ulug‘lagan ha­­qiqatlarni yurakdan o‘tkazib, qoralagan narsa va tushunchalarni dil-dildan inkor aylashga bel bog‘lang, kutilmaganda ko‘ngilda o‘zingizdan norozilik hissi bosh ko‘taradi. Ana shunda Navoiy so‘zlarini anglash va hazm qilishda tafakkur kuchi bilan birga ma’naviy-ru­hiy quvvat zarurligiga to‘la iqror bo‘lasiz. Ulug‘ shoir qit’alaridan birida, mana, nima deydi:

Kimki maxluq xizmatig‘a kamar,
Chust etar – yaxshiroq usholsa beli.
Qo‘l qovushturg‘ucha bu avlodur,
Ki aning chiqsa egni, sinsa ili.
Chun xushomad demakni boshlasa kosh,
Kim tutulsa dami, kesilsa tili.

Ya’ni: Kimki manfaat tufayli o‘ziga o‘xshash bir banda – maxluqning xizmatiga qattiq bel bog‘lasa, bun­­­dan ko‘ra uning beli shikastlangani yaxshiroq. Qo‘l qovushtirib qulluqbozlikni qoyillatishdan ko‘­ra esa odamning yelkasi chiqib, qo‘li singani avlo. Agar til xushomad aytishga boshlasa-chi? Unda nafas tutilib(yoki chiqmay), tilning kesilgani maqbuldir.

Go‘yo qarg‘ish “til”i bilan bitilgan bu qit’a she’rxonni ham o‘ziga, ham o‘zgalarga nisbatan murosasiz bo‘lishga chorlaydi. Lekin amaliy urinish va qiyosiy fikrlash so‘nggida o‘quvchi ichki azobdan boshqa bir ni­ma topmaydi. Tirikchilik tashvishu armonlari bilan qurshalgan xaloyiq asrlar mobaynida hurlikdan mute’lik va to­belikni, g‘ururdan g‘urursizlikni, rostgo‘ylikdan xusho­mad va tilyog‘lamalikni afzal ko‘rgan. Zero, nima yashashga yengillik berib, qulaylik tug‘dirsa, inson undan ajralishni xohlamaydi. Demoqchimizki, Navoiy talqin qilgan haqiqatlarning mohiyatiga yetish, zamon talablariga muvofiq ravishda ularni rivojlantirish uchun o‘quvchida nainki aqliy, balki ma’naviy-ruhiy imkoniyat ham baland bo‘lmog‘i shart.

– Ochig‘i, bir jihatdan, bugungi yosh avlod Navoiyni tushunmayotganidan (o‘qimayotganidan deya olmadim) xursand bo‘laman ham. Negaki, orada besh yarim asrdan ziyod vaqt (ammo ulug‘ shoir hamon asrimizdan oldinda ekanini aytib o‘tdik) yoki murakkab til, ajnabiy so‘zlar emas, butun bashariyatga ma’naviy rahnamo bo‘lgulik ulug‘ daho “to‘siq” bo‘lib turibdi. Boshqacharoq aytsak, biz yoshlar Navoiyni tushunmayotgan ekanmiz, bunga buyuk mutafakkirning o‘zi “aybdor” go‘yo. Zamonaviy til bilan aytganda, “supperinson” – Navoiy olamiga bo‘ylashga har kimning, ayniqsa, hali deyarli hech narsa qo‘lidan kelmaydigan beqaror tuyg‘ular egasining yuragi betlarmidi? Shuning uchun ham men o‘z-o‘zidan “Navoiyni o‘qiyapman” deya ko‘krak kergan tengdoshimning gaplaridan shubhalanaman. Albatta, bu yerda gap uqib o‘qish haqida ketmoqda. Tabiiyki, Navoiyni o‘qiyotgan yoshlar o‘zi sezgan-sezmagan holda boshqalardan o‘zini ustunroq qo‘ya boshlamasligiga kafolat yo‘q. Ulug‘ daho dunyosiga hanuz oshno bo‘lib kelayotgan inson sifati­da fikrlarimni malol olmaysiz, degan umiddaman. O‘zingiz “Navoiyni ma’lum manfaatlar, aq­­­liy muddaolar nuqtai nazaridan turibgina o‘qimaslik kerak”, deysiz. Aytmoqchi bo‘lganim, Navoiyni o‘qish uchun, avvalo, ichki ehtiyoj va ruhiy yaqinlik bo‘lishi kerak emasmi? Bugunning yoshlari orasida Navoiyga botinan bog‘langanlari bormikan? Yosh navoiyshunoslar orasida-chi?

– Bilasizmi, Alisher Navoiy ijodiyotiga te­ran­roq kirib borish kishini “maydagina g‘olib, maydagina mag‘lub”lik qismatidan bir qadar qutqazadi. Navoiyshunos bo‘lishning asosiy shartlaridan biri “o‘zlik imorati”ni buzish, ya’ni sifat e’tibori bilan o‘zini o‘zi isloh aylashdir. Bu ishning o‘ziga yarasha qiyinchilik va azoblari borki, bularni hech kimga suyanmasdan, har kimning o‘zi hal qiladi. Navoiyni puxta o‘qib, yaxshi tushungan yoshlar “o‘zi sezgan-sezmagan holda boshqalardan o‘zini ustunroq qo‘ysa”, buning hech yomon joyi yo‘q. Navoiyni bilish, istang-istamang, odamni ma’nan va ru­han balandga ko‘taradi. Ana shunda ruhda cheksizlik, sa­­moviylik ishtiyoqi qanot yozadiki, botiniy hayotda ajab holat va manzaralarni ko‘rib hayronlar qolasiz. Hamma daho san’atkorlar singari Navoiy ijodiyoti ham qalbni so‘ngsizlik zavq-shavqi bilan orziqtiradi. Ruhan Navoiyga yaqinlashishni ko‘zlagan kishi buni albatta e’tiborga olmog‘i lozim…

– Maqola va suhbatlaringizda Navoiyni Navoiyga yaqinlashtirish yoki Navoiyni Navoiydan yiroqlashtirish borasida gapirib, bugungi ma’naviy muammolarimizning aksariyati klassik me­­rosdan uzoqlashish tufayli kelib chiqqanini kuyinib ta’kidlaysiz. Shaxsan menga mumtoz va zamonaviy adabiyotni bir-biridan ayirmasligin­giz, aksincha, birini ikkinchisiga uzviy bog‘liq hol­da o‘rganishga da’vat etishingiz juda ma’qul tu­shadi. Yana, ulkan ijodkorlar fikriga tayanib, zamon adabiyoti namunalari o‘quvchi diqqat-e’tiborini o‘ziga chuqur jalb eta bilmasa, mum­toz adabiyot bilan aloqa ham susayib boradi, deysiz. Demak, klassik merosdan uzoq ekanimiz zamonaviy adabiyot bilan bog‘liq ekan-da?

– Hech bir davr, hech qaysi zamonda adabiyot hayot haqiqati va inson taqdirini o‘zi istagan darajada erkin hamda haqqoniy tarzda tasvirlab bera olgani yo‘q. Bunga qarshi kuchlarning qo‘li esa doim baland bo‘lgan.

Badiiy asar qachon qiziqib o‘qiladi? Qachonki xalq unda o‘z turmushi, ijtimoiy ahvoli va g‘am-g‘us­salarining rost, tabiiy tasvirini ko‘rsa. Bir davr adabiyoti bilan ikkinchi bir davr adabiyotini mus­tahkam bog‘laydigan “oltin zanjir” ana shu tajribadir. Shu ma’noda shijoatsizlik, qaramlik xastaligiga yo‘liqmagan zamonaviy adabiyot namunalari mumtoz adabiyotni bilish istagini jonlantirib yuboradi. Odam qaysi davr adabiyotini o‘qimasin, unda ich-ichdan o‘zini ko‘rgisi, his-tuyg‘ulariga muqobil hol va holatlarni kechingisi keladi. Demak, zamonaviy va mumtoz adabiyotni birlashtiruvchi “ko‘prik” shaxsiyatini butunlashtira olgan kitobxondir.

– Zamon o‘zgardi. Ideallar o‘zgarib ketdi. Shu o‘rinda ideal tushunchasiga oydinlik kiritib o‘tishingizni xohlardim. Ehtimol, bizning bu bo­radagi tasavvur va tushunchalarimiz o‘ta yuzakidir. Yoshligingizda kimni yoki nimani ideal deb bilgansiz? Ideal(lar)ingiz bugun o‘z­garmadimi?

– Mening qo‘lim yetmagan yulduz,
Tushlarimda seni ko‘rgayman,

– deydi shoir. Menimcha, ideal degani ana shu: qo‘­­­ling yetmaydi, lekin orzu va intilishdan ham to‘x­ta­maysan. Yoshligimdan to bugungacha mening idealim Hur­riyat – Shaxs erkinligi. Odamlarga tegishli ideal­ga kel­sak, allaqachon u parchalanib ketgan. Axir, tog‘ deb yurgan­laring tepa, daryo deb bilganing irmoq ham emasligini anglagach, ne ahvolga tushishni tasavvur qi­lavering.

Ammo ideal o‘laroq Yassaviy, Rumiy, Navoiy, Boburga munosabatim zarra qadar ham o‘zgargan emas…

– Kuzatsangiz, axborot va ilg‘or texnolo­gi­­­­ya­­­­lar asri yoshlari bir g‘aroyib. Atrofga aql­­­­­ni­­ng sovuq nigohlari bilan boqayotgan “te­mir odam­cha”larni ko‘rib qo‘rqib ketasan ki­shi. Bir to­­­­­­mondan, hamma narsa borgan sari arif­me­tik a­n­­­i­q­­­­likka bo‘ysunayotgan – hisob-ki­­­­tobli, mod­­di­yat­­­­­pa­­­­­­­rastlik urchigan davr o‘z­garishlariga real qa­­ra­yot­­­­gan “aqlli”larni tushunging keladi: axir, hayot o‘zi shunaqa! Ammo ko‘ngil, oriflar Allohning na­zar­go­­higa mengzagan o‘sha Ko‘ngil-chi? Ko‘ngil vodiysi­ga deyarli bo‘ylamay qo‘ygan, tuy­g‘ulari quruqshab bo­ra­yot­­gan “robotsifat”lar ha­­­­­qida nima deysiz? Ko‘n­­gil­shunos olim sifatida tuyg‘ular tarbiyasi qan­day bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?

– “Temir odamcha”larga doir gaplaringizga qo‘­shi­­­­laman. Ularni ko‘rib, kuzatib men ham ah­vol­la­ri­ga achinaman. Ishqilib, ularga shundoq toleni ravo ko‘rganlarga Alloh insof bersin.

Ko‘ngil tarbiyasi barcha tarbiyaning tamali bo‘lib, unda hayotiy, axloqiy, diniy, irfoniy tuyg‘ular bir-biridan ajralib qolmasligi lozim. Va ko‘ngil nomidan gapirib, ko‘ngil dardi, ko‘ngil hukmi nimaligini bilmaydigan kimsalar soni keskin kamayishi kerak. Aks holda, ko‘ngil degan so‘zni tilga olishga noloyiq max­­luqlar qurshovida qolish ham hech gapmas.

– “Vatan avomlik balosidan forig‘ bo‘lganda qudratli yurtga aylanadi. Vatanda hech kim olomonning nomidan ish yuritmasa va hech kim olomondan tayanch axtarmasa, bu o‘lkaning har go‘shasi ma’rifat va ma’naviyat, tafakkur va haqiqat poytaxtiga teng bo‘ladi”. Bu – sizning fikrlaringizdan iqtibos. Hozir butun dunyoni xavotirga solayotgan “ommaviy madaniyat” (“olomon madaniyati”) mohiyatan ushbu so‘z­laringizga qarshi ish ko‘radi. Jonkuyar ziyoli sifatida bu “madaniyat”ga qarshi kurash “usul”ingiz bormi?

– Qadimgi Rim faylasufi Seneka “Olomonga qi­ziq bo‘lgan hamma narsadan qoch!” deydi. O‘zimcha men shu gapga amal qilishga intilaman va olomonning qo­nini qizdiradigan hirs hamda mayllarni hozir oson payqayman. Eng yomoni, bugun ziyoli degan so‘z ham nisbiy tushuncha bo‘lib qoldi. Chunki ularning aksariyati aynan olomon vakilidir. Adabiyot, san’at, televideniye, radio – hamma-hammasida olo­mon nigohi, olomon his­siyoti, olomon ovozi va mas­lagi ustunlikka talpinayotir. Bunga qarshi dadil kurashilmasa, ma’naviyat, madaniyat, komillik to‘g‘risidagi fikrlarning bora-bora bir chaqalik ham ahamiyati qolmaydi…

– So‘z, so‘zsiz mo‘jiza. Ayniqsa, ijodkor xal­qi bunga shak keltirmaydi. “So‘z ruhning qanotidir”, deb yozasiz. Bu ulug‘larning ulug‘ so‘zlari ta’siridan bo‘lsa, ajab emas. Bugun esa So‘z ham bozorga chiqdi. Yo‘q, uni sudrab, oyoq-qo‘llarini kishanlab olib borishdi savdo rastalariga. Achinarlisi, ustoz darajasidagi ba’­zi adiblar ham so‘zbozorda sarson. Biz aslida So‘zni najot farishtasi deb bilguvchi edik. Fahmimcha, hozir uning o‘zi yordamga muhtojdek, bir zamonlar osmonlarda ozod ruhga evrilib parvoz qilgan So‘z bugun poygaklarda loyga qo­rishgan holda insoniyatdan najot kutayotgandek…

– Millionlab odamlar tinglaydigan zamona­viy qo‘shiq va ashulalarni aytmay qo‘ya qolaylik. Gazeta, jurnallarda va kitob shaklida bosilayotgan “she’r”larni o‘qish, menimcha, so‘zning qandoq qiy­noqlarga solinib, qanday tahqirlarga giriftor etil­ganini bilish uchun yetarlidir. So‘zni xoru zor aylash va qulog‘idan cho‘zib istalgan joyga olib chiqish haddi a’losiga yetdi. Ammo so‘z ahvolidan ochiq bahs yurituvchi kishi yo‘q, hisobi. So‘zga bunday munosabat kechirilmas gunoh ekanligini ilm va adabiyot ahli anglatmog‘i ham qarz, ham farz.

– Aksariyat yoshlarning she’r, umuman, adabiyot va san’at borasidagi tushunchalari ham o‘zgacha, aniqrog‘i juda sayoz, mavhum. Axir, she’r “omon”ga “yomon”ni qofiya qilish emas-ku! Ammo yoshlar shu qabilidagi gaplarni she’r deb qabul qilyapti, o‘qiyapti, yod olyapti… Qisqasi, bu masalada xos doira bir tomon, omma yana bir tomon. Eng yaxshi she’r­lar esa “nafis majlislar”dagina qolib ketayotganga o‘xshaydi…

– Bir hind donishmandi “Insoniyat saraton(rak) kasalligiga davo topishi mumkin, ammo sayozlikka davo topishi dushvor”, deydi. Chindan ham, sayozlik davosiz bir xastalikdir. Siz ta’riflagan yoshlarning ko‘pchiligi sayozlikning “jujuq”laridir. She’r nimaligini o‘zi ang­lamasa, nimani yozib, nimani yozmaslikni o‘zi hal etolmasa, yozib e’lon qilgan narsasidan uyalish hissi paydo bo‘lmasa – ularga hech nimani tushuntirolmaysiz. Shu bois ham xaltura va qofiyabozlik musobaqasi keyingi yillarda juda avj olib ketdi.

– Shu o‘rinda o‘quv yurtlari uchun chiqarilgan adabiyot darsliklari, hozirgi til va adabiyot ta’limi to‘g‘risidagi fikrlaringiz, taklif-mu­lohazalaringizni aytib o‘tsangiz.

– Bir adabiyot darsligi haqida gapirib balo­larga qolay dedim… Shunga qaramasdan aytay: dars­lik yozishdan oldin ko‘zlangan talab va natijalar aniq belgilanishi kerak. Adabiyot darsligi o‘quvchining aql-idroki barobarida ruhi, ko‘ngli, ta­savvur va xayolotiga ham ta’sir o‘tkazishi zarur. Undagi til va ifoda tiniqligi, tahlil va talqin aniqligini o‘quvchi uzoq payt eslashi lozim. Milliy tuyg‘u, haqiqat va hurriyat hissi, go‘zallik va nafosat zavqini navqiron avlod qalbida, avvalo, darslik kurtaklantiradi. Bunaqa darslik borligini shax­­san men hali bilmayman.

– Adashayotgan bo‘lsam uzr-ku-ya, menimcha, ki­tobxonlik ham tug‘ma fazilat bo‘lsa kerak. Eh­timol, kun sayin kamyob bo‘lib borayotgan bu xislat ham suyak surar, qondan o‘tar. O‘zimizni aldab nima qilamiz, yoshlarda borgan sari kitobning qudratiga ishonch yo‘qolib ketyapti. Sababi ayon: hech kim kitob o‘qib “shahar olib” bermayapti. Yillab, balki, umr bo‘yi qo‘liga ki­tob olmaydiganlar ham binoyiday yashayapti. Bundan tashqari, mutolaa ham mehnat. Un­dan ko‘ra yashashning osonroq yo‘llarini qidirgan ma’qul. Ko‘plab yoshlarda ana shunday kayfiyat hukmronga o‘xshaydi. Shundanmi, ular moddiy-maishiy orzular ortidan ergashib bo­rayot­ganini anglab-anglolmay qolishayapti, she­­­killi. O‘lguday kitobxo‘rlarni ko‘rib, ularning hayoti haminqadar ekani yosh qalblarni qo­niq­tir­mayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ba’zan haqiqiy kitobxonlarning o‘zi ham boshqalarni kitobdan “sovitayotgan” ko‘rinadi. Ularning “g‘a­lati” qi­liqlari, o‘ta odamoviligi salbiy ta­assurot uy­­g‘otadi… Bundan tashqari, “Yoshlar kitob o‘qi­mayapti” degan ta’na-dashnomlarda ko‘proq badiiy adabiyot nazarda tutilayotganga o‘xshaydi. Axir, kitob faqat badiiy bo‘lmaydi-ku. Ilmiy, siyosiy, diniy… adabiyotlar degandek… Umuman, kitob o‘qish bo‘yicha nima­larni tav­siya etasiz? Qaysi kitoblarni mutolaa qil­gan maqbul?

– Bir paytlar maktab darsligida Abdurahmon Jomiyning “Jahonda kitobdan yaxshi yor bo‘lmas” satri bilan boshlanadigan ruboiysini o‘qiganmiz. Oradan qancha vaqt, qancha zamon o‘tdi, lekin men yuqoridagi misrada aytilgan fikrga bugun endi to‘liq ishonaman. Ishonaman de­yish kamlik qilar – kitobdan beg‘araz, kitobdan beminnat musohib topilmasligiga iqrorim ham bor. Shunday bo‘lsa-da, kitobni ko‘klarga ko‘tarib maqtab, unga ko‘r-ko‘rona topinish tarafdori emasman. Odamlar har xil bo‘lganidek, kitoblar ham turlicha: biri mohiyatan yaroqsiz, ikkinchisi yolg‘on va aldov targ‘ibotchisi, boshqa birlari iste’dodsizlik va o‘rtamiyonalik namunasi… Shuning uchun hamma kitob ong va idrokka yaxshi ta’sir o‘tkazib, fikrni bo­yitadi, degan gapni esdan chiqarish kerak. Negaki, zehnni o‘tmaslashtirib, did va saviyani buzadigan kitoblar ham dunyoda kam emas. Masalan, yozuvchi, shoir va olimlardan ko‘pchiligining shu kunlarda nashr etilayotgan kitoblarini o‘qimagan kishi hech nima yutqazmaydi. To‘g‘ri, kitobdan yiroqlashuv og‘riqli bir masalaga aylanib qoldi. Ammo buni fojiaga qarab burmaslik kerak. Tasavvur etaylikki, hamma birdaniga kitobxonlikka sho‘ng‘ib ketdi – nima o‘zgaradi? Ilm-fan, badiiy adabiyot tarmoqlariga qarab odamlar on­gida avvalgiga nisbatan fakt va ma’lumot ko‘proq yig‘iladi, fikr-tushunchalarda ba’zi o‘zgarishlar yuzaga chiqadi. Biroq odamning O‘zligi, ya’ni bashariy “men”ida hech qanday siljish, yangilanish ro‘y bermaydi. Bunga sabab nima? Sabab – din, falsafa, adabiyot, san’at va siyosatga bag‘ishlangan ko‘pdan ko‘p asarlarning inson Ruhiga teran ta’sir o‘tkazolmasligi hamda uning ishonch “qal’a”sini ishg‘ol eta olmasligidadir.

Shunday kimsalar borki, xastalikni xastaliklari uchun, riyoni riyokorliklari uchun sevishadi. Va shu sevgi tug‘yoni bilan boshqalarga tashlanishadi. Tashlangan sari go‘yo botinlari yorishadi. Bunday kin va adovat qashqirlarining fe’l-atvorini hech qanaqa kitob bilan isloh qilib bo‘lmaydi. Bas, shundoq ekan, kitobni kitobdan favqulodda jiddiyat ila farqlab, keyin uning kuch-quvvatini baholash joiz.

Ayrim kitoblar o‘quvchining hayotga aralashish eh­tirosini pasaytirib, unda kitobiylik ko‘­nik­ma­sini orttiradi. Oqibat nima bo‘ladi? Hayotiy his-tuyg‘ulardan kitobiy mayllar g‘olib chiqib, inson vo­qelikka hurkib, cho‘chib-qo‘rqib qaraydigan va quruq mushohadadan nari o‘tolmaydigan bir jonzotga o‘x­shab qoladi. Odatda, ma­na shunday kimsalarning ki­tobxo‘rlik “talant”i yoshlar ongiga yomon ta’sir o‘t­kazadi.

Xullas, hadeb kitob o‘qimaslikning ziyoni haqida gapiravermasdan, kitob o‘qishdan tug‘ilajak zararlardan ham so‘zlash kerak. Ana shunda muammoning “ko‘z”i ochilib, tanlab o‘qish malakasi ustida jiddiy bosh qo­tirilishi mumkin.

“Ommabop kitoblarda badbo‘ylik bor. Chunki ularga mayda odamlarning hidi singmish”, deydi F.Nitshe. Bu – to‘g‘ri fikr. To‘g‘riligi uchun ham bora-bo­ra bunaqa kitob­larni qo‘lga olib varaqlash istagidan tamoman forig‘ bo‘lamiz.

Behzod Fazliddin suhbatlashdi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 3-son.