Tursun Ali: «She’riyat — ko‘ngillar rozi» (2007)

Istiqlol erkin ijod imkoniyatini yaratib berdi. Hozirgi o‘zbek adabiyotida qizg‘in kechayotgan o‘zgarish va yangilanish jarayonlari shundan dalolat berib turibdi. Ayni paytda, jahon adabiyotining sara namunalari ona tilimizga tarjima qilinib, chop etilayotgani ham ijodiy izlanishlarning samarali kechishiga turtki bo‘layotir. Taniqli shoir Tursun Ali bilan suhbatda dunyo xalqlari adabiyotlarining, xususan, she’riyatning o‘zaro ta’siri va buning shoir ijodidagi belgilari, tarjima masalalari xususida so‘z yuritiladi.

— Biror-bir milliy adabiyot o‘z qobig‘ida rivojlana olmaydi. Insoniyat badiiy tafakkuri barcha zamonlarda o‘zaro ta’sir, ijodiy muomala-munosabatlar orqali yuksalib borgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi adabiy jarayonda qanday o‘zgarishlar, yangilanishlarni ko‘rasiz?
— Hozirgi o‘zbek she’riyatida yangicha ruh, yangi falsafa yaqqol ko‘rinib, o‘zining teran ifodasini namoyon etayotir. Izlanishlar shakliga, turfa xilligiga qaramay, inson ruhiyatini zamonaviy uslubda badiiy tadqiq etishga qaratilgan. Bu, albatta, o‘quvchidan nozik didni, o‘tkir zehnni, qolaversa, jahon adabiyotidan xabardorlikni talab etadi.
Darvoqe, mashhur yapon adibi Kavabata Yasunari “Go‘zallikning kashf etilishi” maqolasida: “Hozirgi zamon tsivilizatsiyasiga qo‘shilish boshlangan paytda keskin parvoz yuz berdi, iqtidorli yozuvchilar paydo bo‘ldi. Lekin ular o‘zlarining o‘smirlik yillarini g‘arb adabiyotini o‘rganish va o‘zlashtirishga bag‘ishlashlari kerak edi. Bu yozuvchilar umrlarining yarmida ma’rifat bilan shug‘ullandilar, shuning uchun ularning ko‘plari yapon yoki sharq adabiyoti ruhida yozilgan asarlarida takomilga erisha olmadilar”, deb kuyinib yozgan. Haqiqatdan, bugungi iqtidorli yosh shoir dunyo adabiyotini o‘rganmasdan turib she’rxonni hayratlar dunyosiga olib kirolmaydi.
Shu ma’noda, men bugungi ijod jarayoniga xos bo‘lgan ikki jihatni ta’kidlab o‘tishni istardim. Bir muhim jihat shuki, iste’dodli ijodkorlarimiz dunyo adabiyotini o‘qishayotir, o‘zlashtirishayotir, saralarini tanlab ona tilimizga tarjima qilishayotir. Bundan nafaqat ularning o‘zlari naf ko‘rmoqda, ya’ni qalamlari charxlanib, badiiy tafakkuri kengaymoqda, balki kitobxonlar ommasi ham chinakam badiiyat namunalaridan bahramand bo‘lishmoqda. Biroq o‘zbek she’riyati namunalarining jahon tillariga tarjimasi sust kechayotganidan ko‘ngil bir qadar to‘lmaydi. Axir, bizda dunyo adabiyoti bilan bellasha oladigan she’riyatimiz bor!
To‘g‘ri, kanadalik tarjimon, adabiyotshunos Garri Dik hazrat Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonini inglizchaga hammualliflikda tarjima qildi. Hamid Ismoil Alisher Navoiy va Mashrab g‘azallarini Parijda chop ettirdi. Yosh shoir-tarjimon A’zam Obid ellikka yaqin ijodkor she’rlari jamlangan “Osiyo ohanglari” to‘plamini tayyorlab, ingliz tiliga o‘girib, nashr ettirdi… Biroq bu kabi misollarni hecham qoniqarli deb bo‘lmaydi. “Zamonaviy o‘zbek she’riyati hozirgi amerika she’riyati uchun “o‘zgacha”dir, unga qarab amerikalik shoirlar o‘zlarining ishlarini yangicha baholashi, u bilan “muloqotga kirishishi” mumkin. Albatta, buning uchun biz o‘zbek she’riyatini amerikaliklarga (balki faqat uni qabul qilishga qodir muxlislarga) yetkazishimiz shart”, deb yozadi Michigan universitetining o‘qituvchisi Reychel Xarel “Jahon adabiyoti”dagi maqolasida.
Muhimi esa, bugungi o‘zbek she’riyati jahon adabiyotidan o‘rganib, jahonga chiqish ishtiyoqida.
— “Sokin hayqiriq” nomli to‘plamingizda yapon, xitoy, viyetnam xalqlari she’riyatlariga xos xususiyatlar ko‘zga tashlanadi. Bu usullarga murojaat qilishingizning sababi nimada?
— Adabiyot, umuman, san’at yangilanib turmasa, ko‘lmakka aylanadi.
Bugun she’riyat tobora yangilanib borayapti. “Aslida adabiyot yangilanmaydi. So‘zga, insonga, fikrga, go‘zallikka bo‘lgan tasavvur yangilanadi”, deydi yozuvchi Nazar Eshonqul. Haqiqatdan, adabiyotni yangilash uchun ijodkoru o‘quvchida tasavvur yangilanishi kerak. O‘shanda adabiyot o‘z-o‘zidan yangilanadi. Zotan, har bir davrning o‘z rang-ro‘yi bo‘lganidek, o‘z she’riy shakli ham bo‘lishi tabiiy. Bugungi o‘quvchi ruhiyatning turfa ranglarini, turfa ko‘rinishlarini aks ettiruvchi she’riyatni istab qolgan. Shu boisdan ham, dunyo adabiyotida bo‘lgani kabi o‘zbek adabiyotida ham insonning ruhiy olamini tadqiq etishga urinish kuchayib borayotir.
Menga xitoy, yapon va viyetnam she’riyati qisqaligi, tabiat orqali ko‘ngil suvratini berishi, har bir satrdan so‘ng kutilmagan satr kelishi bilan, satrlar orasidagi masofaning, ma’nolarning teranligi, holatlar garmoniyasi (ayniqsa, xitoy she’riyatida) juda yoqadi. Bilasiz, mumtoz xitoy she’riyatidan tarjimalar qilganman. Ayniqsa, “Xitoy peyzaj lirikasi” kitobidan ko‘p foydalanganman. Boshqa Sharq xalqlari kabi xitoylar ham she’riy timsollarni, so‘zning ko‘p ma’noliligini, ma’no tovlanishlarini yaxshi ko‘rishadi. She’riyatda har bir daraxt, gul va maysaning o‘z ramziy ma’nosi bor. Masalan, qarag‘ay-sarv ma’naviy, ruhiy qudrat va uzoq umr, hayotsevarlik timsolidir.

Qarag‘ay tebranar
Qoyada yolg‘iz.
Dalada shamollar esar shitob, tez.
Naqadar
Qahrli uvillar dovul.
Sindirmoqchi bo‘lar
Qarag‘ayni ul!
Qish kelar,
Beshafqat qirov ham, muz ham,
Qarag‘ay bariga chidaydi bardam.
U pisand qilmaydi ayozni nechun?
Qarag‘ay-sarv
Kuchli bo‘lgani uchun!

Yapon she’riyatini esa, asosan, xokku va tanka kabi she’r usullari belgilab turadi. Har ikki she’r shakli shoir qalbidagi tug‘yon, tabiat manzarasi orqali tasvirlangan ruhiyatning musavvirona suvratlari. Bu ikki she’r shakli yapon adabiyotida juda qadimdan mavjud. Uch va besh satrdan iborat bu she’r shakllarida hodisa aytilmaydi, balki suvratlanadi:

“Xazon fasli keldi!”
Qulog‘imga shipshidi shamol
Shundoqqina bag‘rimda yotib.

Ushbu uch qatorda butun bir qismat ko‘rsatib berilayotir. Bu yapon she’riyatining teranligi va go‘zalligidir. Bugungi viyetnam she’riyatida ham, xitoy va yapon poeziyasi yanglig‘, manzara bilan ko‘ngil suvrati aks etadi:

Bananni yashnatar quyosh issig‘i,
Oqshom salqinida anqiydi xushbo‘y.
Yaprog‘i buklangan qog‘oz singari —
Unga bitilgandir sevgi maktubi
Muhabbat maktubin ochgil, ey shamol!

XV asrda yashagan viyetnam shoiri Nguyen Iayning ushbu she’rini o‘qiganimda sharqona so‘z san’atining iforli nazokatini his etaman. Tuyg‘ular suvratini so‘zning ibtidoiy mohiyatidan kelib chiqib tasvirlash, so‘zning sarkash tabiatini ohang, shakl va talaffuz orqali namoyon etish viyetnam she’riyatining eng namunali xususiyati sanaladi… Bu she’riyatda inangu she’r shakli rivojlangan. Bu shivirlab aytiladigan she’r turidir.
— Xorijlik olimlarning aksariyati “O‘z adabiyotimizdan charchadik”, qabilidagi mulohazalarni aytishadi. Binobarin, deylik, Yangi Zelandiyada yashovchi so‘z san’ati muxlislari daf’atan o‘zbek adabiyotiga ixlos qo‘yishi mumkin. Adabiy asarlarni muntazam ravishda ayirboshlash zamoni kelmadimikan?
— Yuqorida aytib o‘tganimday, adabiyot hamisha yangilanib turishi kerak. Badiiy asarning o‘zagidan tortib, ildizigacha yangilansa, jozibasi, sehri ortadi. O‘shanda kitobxonlar ham, adabiyotshunoslar ham charchoqni his etishmaydi. Kolumbiyalik adib Gabriel Markes asarlarini qiziqib o‘qishimiz yoki braziliyalik yozuvchi Paolo Kaeloning “Alkimyogar” romanini uch ijodkorimizning tarjima qilgani, yana ko‘plab xorijiy adabiyot namunalarini o‘z tilimizda o‘qishimiz — yangilikka intilishimizning dalilidir.
Adabiyot bir millatga, bir yurtga emas, insoniyatga xizmat qilishi kerak. Bizning adabiyotimiz nafaqat Yangi Zelandiyada yashovchi so‘z san’ati muxlislari, balki dunyo so‘z san’ati muxlislarining e’tiboriga tushishini xohlayman. Eng yaxshi asarlarimizni saralab, tarjima qilishimiz, internet saytlariga kiritishimiz lozim. Endi “Olma pish, og‘zimga tush”, deydigan davrlar o‘tdi.
— Badiiy asar — intellektual mulkning bir turi, ochig‘ini aytganda, intellektual tovar. Tovarni jahon bozoriga olib chiqishni mualliflarning o‘zi hal qiladi. Negadir, ijodkorlarimiz jahon axborot bozori — internet saytlariga unchalik qiziqishmaydi. Siz o‘zingiz she’rlaringizni boshqa tillarga tarjima qildirib, internet veb-saytlariga kiritish masalasini o‘ylab ko‘rganmisiz?
— To‘g‘ri, asarini tarjima ettirish, internet saytlariga qo‘ydirish ko‘proq muallifning o‘ziga bog‘liq. Tarjima muvaffaqiyatli chiqsa yaxshi. Biroq, ko‘ngildagidek chiqmasa-chi?..
1982 yili G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida rus tilida yosh ijodkorlar almanaxini tayyorlashga kirishilganda mening ham she’rlarimni moskvalik Anatoliy Ivanushkinga tarjimaga berishdi. U she’rlarimni tarjima qilib, “Smena” jurnalida “Bir she’r tanlovi”da e’lon ettirdi. She’rim g‘olib topilib, bir turkum she’rlarim yana o‘sha shoir tarjimasida “Smena”da chop etildi. Biroq bu tarjimalar meni quvontirmadi. Tarjimada gapim boru, she’rim yo‘q. O‘sha-o‘sha tarjimadan ko‘nglim sovigan. Meni tushunadigan, ruhiyatimga kira oladigan tarjimon topilsa, she’rlarim tarjima qilinib, internet veb-saytlariga kiritilishini istardim.

Suhbatdosh: Bahrom Ro‘zimuhammad
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 8-sonidan olindi.