Mashhur nemis faylasufi Fridrix Nitshe umr bo‘yi o‘lmas mavzu — Insonning zamindagi o‘rni xususida o‘yladi va aytdi. Uning bitiklarini ilg‘ash uchun esa o‘quvchi muayyan tayyorgarlikka ega bo‘lishi lozim. Inkorona va isyonkorlik ruhi bilan to‘lib-toshgan, hayot falsafasining o‘zanlaridan biri — «Zardo‘sht tavallosi» asarining adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov tomonidan tarjima qilinishi adabiyotda o‘ziga xos voqea bo‘ldi.
Quyida tarjimon bilan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.
— Isaak Nyuton yaratgan qonunlardan birini fiziklar uchta so‘zda jamlashadi: ta’sir — aks ta’sir. Ya’ni bir jism ikkinchi jismga urilar ekan, bir-birini quvvatlantiradi, o‘zaro ta’sirlashadi. Shundan kelib chiqqan holda, jamiyat ongi va ijodkor ongini ham shunga muqoyasa qilsa bo‘ladimi? Zotan, Fridrix Nitshe o‘z zamonasi tafakkuridan ancha ilgarilab ketgan edi…
— Odam — odamning sayqali. Baliq okean bilan tirik. Odam uchun ham jamiyat shunday. Jamiyatda bir odam ikkinchi odamning misoli oynasi. Jamiyat va inson, ijtimoiy ong, uning turlari va ijodkor ongi o‘rtasidagi munosabatlarda xuddi mana shu do‘lvor va dono qoida hamisha istisnosiz tarzda amalda bo‘ladi.
Nitshening Zardo‘shti bir o‘rinda: «Kim qoni bilan rivoyatlar yozarkan, u o‘zini shunchaki o‘qishlarini emas, yodlab olishlarini istaydi», deb aytadi. Nitshe dastlab Yevropaning eng tushkun va musiqiy faylasufi Shopengauerga, uning g‘aroyib «Dunyo: iroda va tasavvur sifatida» asariga oshiq va maftun bo‘lib qoldi. So‘ng shu majnunona oshiqligi darajasida turib, uni go‘yoki qalbaki tangalar — soxta g‘oyalar yasagan va o‘ylab chiqargan kimsa kabi boshdan-oyoq inkor etdi. O‘zining faol nigilizmi — rad va inkorga — tan olmaslikka asoslangan falsafasini qurdi. Nitshe yigirma besh yoshida buyuk kompozitor va donishmand Rixard Vagner bilan ko‘rishdi. Vagner o‘shanda Yevropaning musiqa va tafakkur timsollaridan edi. Nitsheda Vagnerning asarlariga nisbatan buyuk bir muhabbat uyg‘ondi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay u Vagnerning g‘oyalarini shunday shiddat va jo‘shqinlik bilan inkor etib, «Nitshe Vagnerga qarshi» degan ruhda asarlar yozdiki, Yevropa bunday inkor va raddiyadan tug‘iladigan original qarashlar va g‘oyalarga ilgari sira duch kelmagan edi. Nitshe favqulodda ehtiros va aqliy qudrat bilan Shekspir, Volter, Platon, Vagner, Shopengauer, qadim yunon tragediyalari, Dostoyevskiy asarlari ichiga kirib bordi. Ularda bayon qilingan ta’limotlarni o‘zlashtirdi. U tom ma’noda Platon, Vagner, Shopengauer, Zardo‘sht va hattto ilohiy kitoblarga, havoriylarning maktublariga evrildi. Ular qobig‘iga kirgach, Platonni — Platon, Vagnerni Vagner bo‘lib inkor etdi. Mana shu inkor — buyuk faollikdagi nigilizm dovullarida uning hayot va inson mezonlari to‘g‘risidagi hukmronlik irodasi, qayta yaralish, boshdan-oyoq qayta baholash, alo odam (tarjimon ruscha sverxchelovekni shu ibora bilan ifodalaydi — U.O‘.) to‘g‘risidagi yangi qarashlari va g‘oyalar sistemalari dunyoga keldi.
O‘z davrida Nitshening asarlari juda kam nusxalarda chiqdi. Ularni juda oz, lekin Yevropaning asil ziyolilari, fikr egalari o‘qidi. Uning to‘rt ming yillik insoniyat falsafasi, axloqi, aqidalari bilan rostmana jangga kirishganligi va bu alo odam — eng oliy kamolotga yuksalgan insonni ko‘rish, yaratish orzusida olib borilgan favqulodda muboriza ekanligini o‘shanda kam odamlargina tushundilar.
— Nitshe odamzotni mukammal ko‘rishni ulug‘ orzu hisoblaganligi asaridan anglashilib turibdi. Ammo «Zardo‘sht tavallosi»da inson haqida qiziqqonlik bilan hukm aytish hollari ham mavjud: «Bir zamonlar siz maymun edingiz va hatto hozir ham aksar maymunlardan ko‘ra ko‘proq maymundirsiz».
Insonni ulug‘lagan daho ijodkorning bu so‘zlarini «hazm» qilib bo‘larmikan?
— Albatta, bu va bunga o‘xshash Nitshe asarlarida sochilib yotgan yuzlab, minglab fikrlarni uning asarlari hamda faylasufning yaxlit, butun sistemasidan ajratib olib qarasangiz, rostdan ham «hazm» qilib bo‘lmaydigandek tuyuladi. Nitshe biror o‘rinda «yiqilayotgan kimsani itarib yubor» yoki «Kant — tentak» degan iborani qo‘llagan bo‘lsa, buni matndan yulib olib tahlil va talqin etish birinchidan juda noto‘g‘ri, ikkinchidan esa, johillik bilan Nitsheni buzib ko‘rsatishdan boshqa narsa emas. Gautama Budda: «U yuzingga ursalar, bunisini tutib ber», degan axloqiy fikrni aytgan bo‘lsa, buni yalang‘och — qanday bo‘lsa, shunday talqin qilish — falsafani anglamaslik, bilmaslik, tushunmaslik, ko‘p hollarda tushunishni istamaslikdan o‘zga narsa emas.
Yiqilayotganni — yiqit. Bu g‘ayriinsoniy falsafa emas. Nitshedan kelib chiqsak, bu inson yiqilib, yiqilish azobini boshidan kechirsin, oqibatda chiniqsin, tajriba orttirsin va hech qachon qayta yiqilmaydigan bo‘lsin deganidir. Nitshening alo odami toblangan, chiniqqan, buyuk insoniy tajribalar orttirib kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilgan inson. «Zardo‘sht tavallosi» alo odamning buyuk riyozat yo‘li haqidagi asardir. Boshqa bir yoqdan qarasangiz, odamzot bir xil emas. Axir inson jamiyatlarida o‘zini maymun kabi tutuvchilar yo‘qmi? Agar maxluqot yo‘sini bilan aytiladigan bo‘lsa, to‘ng‘izlar, chumolilar, to‘tilar, kapalaklar, burgutlar, tuyalar, arslonlar, qo‘ylar-chi?! Insoniyatning to‘rt ming yillik ijodi, mifologiyasi bunday rang-barang timsollar bilan to‘lib-toshib yotibdi-ku! Nitshe siz aytgan o‘rinda butun insoniyat haqida emas, muayyan maymunlik darajasidan chiqmagan, alo odam bo‘lishga intilmaganlarni nazarda tutayotir. Nitshe insonni ojiz bo‘lib qolmaslikka chaqirganda, iroda hukmronligi to‘g‘risidagi qarashlarini keng yoyganda hech kimga o‘xshamagan toza va ulug‘vor insonparvarlikni nazarda tutadi. Faqat bunga u keskin, shiddatkor, o‘ta jo‘shqin inkor, rad qilish — faol nigilizm yo‘lidan boradi. Shunday yo‘ldan borib, bunga erishishni taklif etadi. Amir Nizomiddin Alisher Navoiy buyuk «Xamsa» yaratib, Nizomiy, Dehlaviyni inkor qildi, deb aytsak, bu oz deganda shakkoklikday qabul qilinadi. Lekin aslida u o‘ta faol va jo‘shqinlik bilan inkor etmasa, hech qachon yangi yo‘nalishdagi turkiy «Xamsa»ni yaratolmasdi. Navoiyning g‘azaliyotidagi, axloq falsafasidagi, xamsachilikdagi kashfiyotlari — hammasi, uning jangovar inkor ruhiga ega bo‘lgani uchungina tug‘ildi. Yevropa ustozlar qanchalar ulug‘ bo‘lmasinlar, ularni inkor qilishni taraqqiyotning mahsuldor yo‘li, usuli, deb biladi. Sharq esa ustozlarni ulug‘lash va rioya etish yo‘lini tutadi. Lekin haqiqiy inkor bo‘lmasa — o‘sish bo‘lmaydi. Tabiat qonuni shunday. Urug‘ning zamiriga inkor joylashgan. Urug‘ o‘zini inkor qilib kurtak yozadi va yangidan hosilga kiradi. Inkor — mangu. Adabiy bahslarda Tolstoyning Shekspirni butunlay inkor etganligi, Dostoyevskiy Tolstoyni «hazm» qilolmaganligi haqida bahslar bo‘lib turadi. Bu juda tabiiy hol. Hazrat Navoiy o‘z «Xamsa»sini yaratish jarayonlarini o‘ta jangovar so‘zlar bilan tavsiflaydi. Esingizdami? Ganjaviy qadim Rumni oldi, Xisrav tig‘i zabon chekib Hindustonni fath etdi, Jomiy Ajamda navbat urdi (ruslar buni «nabat» deyishadi, Navoiy esa, qarangki, «navbat urdi» deb go‘zal tarzda qo‘llaydi…) va butun Arab mulklarida ko‘si shavkat chaldi, Navoiy bo‘lsa cherik chekmay butun turk uluslarini o‘z taxti farmoniga bo‘ysundirdi, mulklarni zabt etish uchun she’riy devonlar yubordi. Navoiyning nima uchun «Xamsa»ga qo‘l urganligini izohlab keltirayotgan shiddatli, jangovar iboralariga — maydon tiliga — jang maydoni tiliga e’tibor berayapsizmi? Mana shunday zabtkorlik va uning zamirida inkor bo‘lmasa, albatta, ulug‘ insoniy ishlar ro‘yobga chiqmas edi.
Navoiyning ajoyib-g‘aroyib jangovarligi, doim maydonlarni chog‘lab turishi bilan Nitshening to‘rt ming yillik falsafaga jang ochishi o‘rtasida favqulodda o‘xshashliklar ko‘zga tashlanadi. Ibtidosi Pifagor va Falesdan boshlanadigan falsafa Suqrot, Aflotun, Arastu, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino timsolida hech qachon ehtiroslarga berilmas edi. Falsafaning tili vazminlik, xolislik, jiddiylik, sokinlikni tanlagan edi. To‘rt ming yillik falsafa shunday libosni kiyardi. Falsafa Nitshe qiyofasiga kirib, tamomila ehtirosga chulg‘andi. U shiddatkor kuch va shiddatkor ruh kasb etdi.
— «Suratsiz asarlar emas, g‘oyasiz asarlar kitobxonni uxlatib qo‘yadi», — degan edi ijodkorlarimizdan biri. «Zardo‘sht tavallosi» esa o‘zi ozchilik o‘zbek kitobxonlarini uxlatib qo‘ymoqda. Buni faqat o‘rganib qolganimiz — asar voqealari albatta tadrijiy rivojlanishi lozim degan aqidaga mos kelmaganligi bilan izohlash kerakmi?
— Kitobxonning «uxlab qolishi»ning sabablari ko‘p. Kitobxonning o‘zi asli uxlab qolishga, uyquga moyil bo‘lsa uni «uxlatib qo‘yadigan» yoki uxlatib qo‘yishga urinadigan hodisalar oz emas. Odatda, zerikarli yozilgan, o‘ta salohiyatsiz asarlar, ma’nosi eski gilamdek qoqib tashlangan, ma’nosizlik ma’nodorlikka aylangan, hatto muallifning o‘zi amal qilmaydigan nasihatlar, «kavsh qaytarishlar» odamni bezori jon qilib yuboradi. Kitobxon bunday be’maniliklarning zaharidan o‘zini saqlash uchun uyquni afzal ko‘radi. Miya va ruhiyat bema’niliklardan saqlanish uchun shunday yo‘l tutadi. Bu bema’nilikka qarshi turishning eng passiv, eng ojiz va eng talofotsiz yo‘lidir. Lekin «Zardo‘sht tavallosi» o‘zi ozchilik o‘zbek kitobxonlarini uxlatib qo‘ymoqda, deb aytish qanchalik to‘g‘ri bo‘larkan? Buni Nitshening mazkur shoirona falsafiy asari kitobxonlarni gipnoz qilmoqda, ohangrabosiga solib allalamoqda, deb tushunish ham mumkin-ku! «Uxlatib qo‘ymoqda» degani bezdirmoqda, ixlosini qaytarmoqda degani emasdir? Axir Budda hikmatlari, «Dhammapada», Konfutsiy, Lao Sze, Yassaviy, Boqirg‘on, Narekatsining «Musibatnoma»si, Abu A’lo al-Maarriy kitobxonni uxlatib qo‘yadimi? Ular va ularning doxiliy so‘rovlarsiz so‘zlari insoniyatni koinot qa’rlarida tutib turuvchi o‘zak emasmi? Nabiylar, valiylar, havoriylar, faylasuflar, allomalarning fikrlari garchi suratsiz bo‘lsa-da, mangu uyg‘oq va ular mangu insonparvarlikka chorlab turadi. Nitshe ham shunday uyg‘oqlar sirasiga kiradi. Dunyoda Nitshe asarlari kabi fikr va tafakkur okean misol hayqirib yotgan kitoblar barmoq bilan sanarli. Zardo‘sht qiyofasiga kirib, Zardo‘sht timsolida qayta tirilganday bo‘lib, o‘z boshidan insoniyatning tuya, burgut, arslon, ilon va go‘dak holatlarini ham kechirib, insonning madaniy tarixigacha bo‘lgan holatlarini ham boshidan o‘tkazib, tarixgacha bo‘lgan o‘tmish bilan XX asr oralig‘ida hayqirib yotgan Zardo‘sht — Nitshe, tog‘u tosh sahrolarida sof va toza, asil haqiqatlarni izlab nola-faryodlar ko‘targan Nitshe Yassaviy, Boqirg‘on, Ibn Sino, Navoiy, Mashrabga qanchalar yaqin. Ular koinotda mangu hukmron zulmatning qora o‘pqonlaridan chiqqan, insoniyatga fayz yo‘lini sog‘ingan yulduzlar…
Navoiyda bilasiz:«getinamo» degan so‘z bor. Bu so‘z Zardo‘shtdan qolgan. «May o‘lur getinamoyu Jamshid ani ichgan gado». Jamshid ko‘p hunarlarni ixtiro etgan, 700 yil podshohlik qilgan farovon zot. Singan sopol parchasiga solingan may butun olamni uning sirlari bilan birga ko‘rsatadigan getinamoga aylanishi mumkin ekan. Getinamo degani bu yerda butun olamni ko‘rsatuvchi, namoyish qiluvchi degani. Jamshiddek olamgirning shu getinamodan mast bo‘lib gadoga aylanishi favqulodda ma’noga ega holat. Bu may so‘fiyona bo‘lganda, uning mastonaligi ham so‘fiyonadir va bu ikki so‘fiyonalikdan yana o‘z navbatida so‘fiyona getinamolik hosil bo‘ladi. Yevropaning so‘fiysi Nitshe xuddi mana shu maydan ichgan, mana shu getinamoni ko‘rgan va mana shunday xayol gadosiga aylangan. Jamshid va Nitshening shu holatlarini tasavvurimizga sig‘dirolsak, tabiiyki, biz o‘zi hali nimani o‘rganibmiz? — degan savol tug‘iladi. Zardo‘sht, bu — koinot. U tasavvurimizga sig‘maydi. Nitshe ham koinot. Balki, tasavvurimizga sig‘magan narsalar bari bizni uxlatib qo‘yar. Tinimsiz hayqirib yotgan tafakkur dunyolarida biz o‘zimizni qanday tutamiz? Bu zulmatning olovli sellariga yuragimiz dosh beradimi? Toqatimiz yetami? Darrov zerikib qolmaymizmi? Boshimiz og‘rib ketayotganidan shikoyat qilib yurmaymizmi?
— Ibrohim aka, nima deb o‘ylaysiz, Nitshe vafot etgach, «Zardo‘sht tavallosi»ning tahrirchilari bo‘lganmikan?
— Nitshening o‘limidan so‘ng uning poyonsiz qo‘lyozma, yozishmalarini nashr etish singlisi Elizabet Fyorster-Nitshega qoldi. U nemis millatchisi bo‘lgan erining ta’sirida Nitshening ko‘p qo‘lyozmalarini, talay g‘oyalarini, qarashlarini soxtalashtirishga urindi. Uning va natsizm mafkurasi ta’limotchilarining ta’sirida Nitsheni iroda hukmronligi kuychisi, faylasufi sifatida talqin va taqdim qilishga, Nitsheni mafkura qolipiga solishga ko‘p razil urinishlar bo‘ldi. XX asrning 50-yillaridan keyin Nitsheni, uning asarlari va g‘oyalarini soxtalashtirishlarga butunlay barham berildi. Nitsheni inson kamoloti to‘g‘risida qayg‘urgan daho faylasuf va shoir kabi anglash, tushunish, qabul qilish tufayli u bugun, XXI asrning chinakam faylasufi va shoiri kabi gavdalanmoqda. Nitshedan oltitagina hikmat o‘qib, buning mag‘zini chaqqan odam umr bo‘yi unga ergashishi tabiiydir.
— Nitshe alo odamga borish yo‘lida inson ruhining kamolotini uch bosqichda ko‘radi: tuya, arslon va bola ruhi. Asar butunligicha shu formulaga asoslanadi. Ya’ni Zardo‘shtning ruhi dastlab tuya bo‘lib («Dengizimning qa’rlari sokin; uning tublarida tasqara maxluqlarning yashirinib yotishi kimning ham xayoliga kelibdi!») o‘z-o‘zini yengadi. So‘ngra uning ruhida arslonga xos hukmdorlik va kibr («Siz ko‘tarilmoqchi bo‘lganingizda tepaga qaraysiz. Men esa pastga qarayman, zero, men ko‘tarilib bo‘lganman») aks etadi. Keyin esa ruhning bola misol («Olam naqadar teran, o‘y o‘ylab yetmas yoron») hayrati. Shundan kelib chiqqanda, inson ruhini formulaga bo‘ysundirish mumkinmi?
— Nitshe «Yaxshilik va yomonlikning narigi yonida» deb nomlangan asarida: «Odamda maxluq va xoliq birlashib ketgan… odam bu — gil, ma’nosizlik, xaos… shu bilan birga, odam, bu — yaratuvchi, me’mor, ilohiy tomoshabin, cho‘qmordek shiddat…» deb yozadi. Ruh maxluq va xoliqni birlashtirib turadi. Xudo odamni Aql va Ruhning shakli sifatida yaratgan. U — hamma narsaning mezoni. Ruh shaklga buysunmaydi, lekin shaklsiz yasholmaydi.
— Asarda Zardo‘sht ko‘nglidagi gaplarini ramzlar vositasida zikr tushib aytadi. Burgutning bo‘yniga chirmashib olgan ko‘yi qulog‘iga nelarnidir shivirlayotgan ilon, kavsh qaytarayotgan sigir, tinimsiz to‘r to‘qiydigan biy yoki «raqs qo‘shig‘i». Undan tashqari, mifologik obrazlar.
Fridrix Nitshening «Zardo‘sht tavallosi» asari o‘zbek adabiyotida ham zamonni cheklagan ramziy adabiyotga «yo‘lak» ocharmikan?
— Odamning ichida maxluq va xoliq doim kurashib turadi. Bu kurash bir zum ham to‘xtamaydi. Maxluq va xoliqning kurashi, ayniqsa, tushda juda rangin hamda o‘ta ibtidoiy, o‘ta sirli shakllar kasb etadi. Odam mana shu kurashda o‘zini qaytadan yaratadi. Men o‘zgardim. U o‘zgardi. Odamlar o‘zgarib ketdi. Bunday gaplarni kundalik hayotimizda bot-bot takrorlaymiz. Bu o‘zgarishlar ularning mazmunidan qat’i nazar maxluq va xoliq o‘rtasida to‘xtovsiz borayotgan kurashning natijasi. Inson o‘zini xoliq kabi bunyod etoladimi, alo odam darajasiga ko‘tarila oladimi? — hamma gap shunda. Nitshe: «Meni yaxshi o‘qishni o‘rganing!» — deydi. Nitsheni yaxshi o‘qigan kishi Inson muammosi borasida buyuk tasavvurga ega bo‘ladi. Maxluq va xoliq kurashida o‘ziga g‘olib bir yo‘lni tanlash qurbatini qozonadi.
Umid Yoqubov suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 13-sonidan olindi.