Iskandarning shoxi bor!.. (shoir Odil Hotamov bilan suhbat) (2017)

— Sizda adabiyotga havas qachon uyg‘ongan, matbuotdagi ilk chiqishlaringiz, so‘ngra, birinchi kitobingiz o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan damlarni bir eslab o‘tsangiz.
– Bu savolingiz menga olis bolalik yillarimni yana bir marta eslatdi. O‘tgan asrning elliginchi yillaridagi maktab darsliklari, badiiy kitoblar, ayniqsa, xalq ertaklari ko‘z oldimga keldi. O‘sha paytlardagi imlo qoidalariga binoan “o‘quvchi” so‘zi “o‘quchi”, “bilan” so‘zi “blan” tarzida yozilar edi.
Uy to‘ridagi tokchalarni otam o‘qigan, endi o‘qiydigan kitoblar egallagan. Hali harf tanimagan to‘rt-besh yoshlarimda ularni menga Zulfiya opam (meni ko‘tarib katta qilgan xolam Zohida Mamanazarovani hammamiz Zulfiya opa der edik) o‘qib berardilar. “Uch og‘ayni botirlar”, “Muqbil toshotar” va boshqa xalq ertaklari menga yod bo‘lib ketgan.
Qahraton qishda haftalab, ba’zan oylab yerlarni shudgor qilishga ketgan otam kerosin, solyarka hidi o‘tirib qolgan ki­yimlarini almashtirib, yuvinib, sandali (tancha)ga o‘tirar, choy ichib bo‘lgach, biroz mizg‘ib olardi. Keyin tokchadagi kitoblar sandali ustiga tushardi. Otam o‘zbek tilida, men hali tushunmaydigan rus tilidagi kitoblarni avval bir varaqlab, so‘ng o‘qishga kirishardilar. O‘qib-o‘qib uxlab qolardilar. Otamning ustiga ko‘rpa yopib qo‘yardim.
To‘g‘ri, u paytlarda “adabiyot” so‘zining lug‘aviy ma’nosini tushunmaganman. Tengdoshlarim qatori men ham harf tanib, savod chiqardim. Maktabda ona tili, matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlari qatori adabiyot ham o‘qitilardi.
Onam har ikki gaplarining biriga maqol, turli iboralarni qo‘shib ishlatardilar. Masalan, “Bunga soya ham kerak emas, hamsoya ham…” kabi.
Qachonki, adabiyot haqida o‘ylasam, onam bilan Zulfiya opamning quyoshday chehralari ko‘z oldimga keladi.
Demak, adabiyotga ilk havas bolaligimda uyg‘ongan. Maktabni shu qadar yaxshi ko‘rar edimki, qaytishda kimdir meni sudrab uyga olib ketayotganday tuyulardi. Ikki ko‘zim orqada: maktabda…
Birinchi sinfni bitirgach, yozgi uch oylik ta’til men uchun it azobiga aylandi. Kunda-kunosha borib maktabimni, sinfimizni, o‘tiradigan birinchi partamni ko‘rib kelaman. “Partangni hidlab keldingmi?” deb qo‘yardilar opam.
Oxiri, “Maktabimni sog‘indim” sarlavhali “she’r” yozib yubordim deng.
Zulfiya opam maktabda yoshlar yetakchisi edilar. Mening aji-buji yozgan “she’rim” maktab devoriy gazetasiga chiqib, ovoza bo‘lib ketdi. O‘sha yillari hamqishlog‘imiz, bo‘lajak shoir Sulaymon Rahmon maktabimizning to‘rtinchi yoki beshinchi sinflarida o‘qirdilar.
– Shu “she’r”ni o‘zing yozdingmi yoki opang yordamlashdimi?
Sulaymon akaning savoliga javobim shu bo‘ldi:
– O‘zim yozdim. Maktabimni sog‘indim-da!
– Yaxshi! Ko‘proq she’r yodla!
Tuman gazetasida chop etilgan birinchi maqolam paxta yig‘im-terimida qatnashgan cholu kampirlar haqida edi. Ismi shariflari gazetada chiqqan bobolaru momolarning menga aytgan rahmatlari hamon qulog‘imda.
Xudoning bergan kuni tuman gazetasi tahririyati yo‘lini chuqur qilar edim. Yozib borgan uch-to‘rtta “maqolam”dan bittasi chiqsa ham men uchun bayram. Adabiyot fani o‘qituvchimiz Uzoq aka Hayitov meni qo‘llab-quvvatlab turadilar. U kishi tuman gazetasining qishlog‘imizdagi eng faol muxbiri. Mahmud Sa’diy ta’biri bilan aytganda, “she’r” deb atalgan “timtimak”larimning barchasi tahririyatga borgan xatlarning ro‘yxatini oshirgan, xolos…
Toshkentda o‘qib yurgan yillarimda bekobodlik do‘stlarimdan biri ikki-uchta mashq she’rimni oqqa ko‘chirib, Bekobod tumani gazetasiga olib borgan. Rauf Parfi ko‘pincha “Bu voqea qachon sodir bo‘ldi?” deb qo‘yardi. Alqissa, men uchun bu “tarixiy” voqea 1970 yil 9 may kuni yuz berdi… O‘shanda 20 yoshda edim.
Birinchi to‘plamim 1985 yili G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida (“Buloq ko‘z ochdi” jamoa to‘plamida) “Kechki maysalar” nomi bilan chop etilgan. O‘sha yillari she’r yozish mas’uliyati juda yuksak, to‘plam chiqarish esa o‘hhu-u!.
Farg‘ona viloyatidagi bir necha maktab o‘quvchilari ushbu kamtarona to‘plamdagi she’rlarimga munosabat bildirishgan. Poytaxtimizdan, boshqa viloyatlardan bo‘lgan hayajonli telefon qo‘ng‘iroqlari… O‘zimcha osmonu falakda uchib yurgan kunlarim… Adabiyotshunoslardan biri ba’zi kamchiliklarimni yozib, biroz tanobimni tortib qo‘ygan. Tortinchoqligim tufayli tengdoshlarim orasida hayot ne’matlariga keyinroq erishganman.
Xullas, yozaversam, gap ko‘p.

— Qanday ustozlarning ta’limini olgansiz? Ular turmush tarzingizga, ijodiy faoliyatingizga qanday ta’sir etgan?
– Avvalo, dunyodan o‘tgan ustozlarimning aziz ruhlarini Allohim o‘z rahmatiga olgan bo‘lishini tilayman.
Otam, onam, Zulfiya opamni, adabiyot muallimlarimiz – Uzoq Hayitov va Norqul Ahmedovlar birinchi ustozlarimdir. Universitetda Begali Qosimov, G‘aybulloh as-Salom, Botirxon Akramov, Tal’at Solihovlarning o‘y-xayollarimiz, orzularimizga qanot bog‘lagan uzundan-uzoq ma’ruzalari… Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatovlarning donishmandona davra suhbatlari… Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva mushoiralari…
Kursdoshlarimizdan birining ta’biri bilan aytganda, Tal’at Solihov domlamiz Mopassanning “Do‘ndiq” hikoyasini mohir jarroh singari “operatsiya” qilib, hikoya qanday yozilishini ko‘rsatib berganlar.
Ular mening hamdu sanolarimga, olqishlarimga, boring, ana, maqtovlarimga muhtoj emas.
Begali Qosimovning ilm-fan rivoji yo‘lidagi fidoyiligi tillarda doston.
Shogirdparvar G‘aybulloh as-Salom domlamizdan olgan insoniylik saboqlarimiz bizga hozir ham asqotmoqda.
Botirxon Akramov esa (mus­tabid tuzum davrida) jonini garovga qo‘yib, Payg‘ambarimiz hadislarining mazmun-mohiyatini ongu shuurimizga singdirganlar.
Tal’at Solihov, G‘aybulloh as-Salom chet el adabiyotining zukko bilimdoni sifatida biz uchun hamon tirik.
Ozod Sharafiddinovning “sopini o‘zidan chiqaruvchi” yengil yumorga, kulgiga boy o‘gitlariyu suhbatlarini unutib bo‘lar ekanmi…
Yoshlarning sevimli ustozi Umarali Normatovning yuragi, butun ilmiy va badiiy faoliyati mehr bulog‘iga qiyos…
Ustoz Erkin Vohidov adabiyotda ulkan maktab yaratib ketdi. Bu maktab xalqimizning kelajakda hayotga qadam qo‘yadigan millionlab farzandlari uchun yuksak insoniylik dorulfununi bo‘lishi aniq.
Shak-shubhasiz, Abdulla Oripov she’riyati millatimiz qadri, sha’ni, oriyati uchun tiklangan haykal – badiiy obida.
Talabalik yillarimizda Rauf Parfi ijodidagi vatanparvarlikka, millatparvarlikka, majnunona fikrlash tarzidagi tafakkur salohiyatiga havasimiz yuz emas, ming chandon edi, hozir ham.
Menga qolsa, Halima Xudoyberdiyeva she’rni erkakchasiga yozadi. Hozirgi ayrim “timtimak”lardan Halima opaning bir misrasi avlo. Xudo xohlasa, hademay o‘zining yetmishinchi bahoriga qadam qo‘yadigan opaning asarlarida buyuk To‘maris mehri, Shiroq shiddati-shijoati mujassam…
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, rahmatli Qosim Hasanovdan kasbga, oilaga, do‘stlarga sadoqatni o‘rganganman. Tahririyatimiz darvozasi yonida ustoz Qosim akaning marmarga ishlangan surati bor.
Saydi aka Umirov domlamiz bilan hozir ham goho telefon orqali hol-ahvol so‘rashib turamiz, gohida esa vatanparvar fotograf Abdug‘ani Juma ustaxonasida hozirgi adabiy jarayonlarning u boshidan kirib, bu boshidan chiqamiz.
Hayotimda ul-bul “nimarsalar” qoralashimda kamina uchun g‘oyat aziz bo‘lgan bu insonlarning o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Tug‘ilajak farzandga ota-­onani tanlash imkoniyati yo‘q. Shogirdda esa… Mabodo, Xudoning qudrati bilan qaytadan dunyoga keladigan bo‘lsam, yana shu aziz ustozlarimning etagidan mahkam tutardim.

— Odil Hotamning ijodxonasi qanday olam? U asarlarini qanday yaratadi? Ijod jarayoningizdagi iztirob va sevinch haqida so‘zlab bersangiz…
– To‘g‘risi, bu savolingizga javob qaytarish men uchun biroz emas, juda noqulay.
Bir necha yil ilgari poytaxtdagi ijodkorlardan biri og‘zini to‘ldirib shunday deb qoldi:
– Ustozim uyimizga kelganida “Ijodxonangni ko‘rsatasan?” deb turib oldi. Olib kirdim. Rang-quti uchib ketdi: “Mening ijod namunalarim – asarlarimni nega ish stolingga qo‘ymading? Ular sen uchun adabiyot darsligi-ku! Mana bu burchakka Afrodita haykalini qo‘y! Uyga o‘tsang, dunyoga mashhur rassomlarning asarlari ro‘yxatini beraman. Kamida o‘n-o‘n beshtasini tanla! Eng so‘nggi modadagi gilam ham keltir. Har kuni ikki dona atirgul bo‘lsin! Kelinga ayt, kunda-kunosha erinmay ularni almashtirib tursin!” dedilar. Yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim. Ustoz topshiriqlarini bajardim, faqat Afrodita haykali topilmadi. Bir shogirdimning otasiga zakaz berdim. Ikki-uch kunda tayyorlab yetkazadi. Ustozim aytganlariday – “bu haykalcha ilhom manbai”.
… Obbo!.. Ana, bo‘lmasam… menda bunaqa muzey– ijodxona yo‘q, o‘zimga yarasha ijodiy olamim bor, xolos.
Kechirasizu “asarlarim” de­yishga tilim bormayapti. Nimani qoyil qilib yozib qo‘ydim, o‘zi… To‘g‘ri, bir necha to‘plamim chop etilgan.
She’r qog‘ozga qanday tushadi? Ba’zan bir misra yoki bittagina so‘z haqida yillab o‘ylaysiz… Goho kutilmaganda…
Ijodiy olamning darvozasi ham, ta’bir joiz bo‘lsa, poydevori ham, boring, ana, havosi ham SO‘Z… Yaqin do‘stingizga, qadrdoningizga aylangan kitoblar. Benazir ustozlarning o‘gitlari. Ko‘p yillik tajriba… Men uchun buyuk tariximiz, bugungi ulug‘vor evrilishlar, atrofimizdagi odamlarning orzu-armonlari, biz yetishga ilhaq bo‘lgan kelajak qog‘ozga tushadigan bitiklar beshigidir.
Ijodiy jarayonning o‘ziga xos iztiroblari, sevinchlari xilma-xil, unutilmas… Anton Chexov siyohdon haqida roman yozishi mumkinligini aytganidek, ular xususida yostiqday-yostiqday kitoblar yozsa bo‘ladi. Boringki, shunday kitoblar yozildi ham deng, ammo sanoqli kishilardan boshqa hech kimga ularning keragi yo‘q.
Har bir ijodkorning o‘z ijodiy olami bor, bo‘lgan, bo‘ladi.

— Ayting-chi, shu paytgacha chop etilgan kitoblaringizning soni, umumiy adadi qanchaga yetdi? Ularning hammasidan ko‘nglingiz to‘lganmi?
– Shu paytgacha mening nomim bilan beshta she’riy to‘plam, bitta hujjatli qissa chop etilgan. O‘ndan ortiq jamoa to‘plamlarini hisobga qo‘shmadim. “Onajon” to‘plami bir necha yil mobaynida uch marta nashr etildi.
Shu o‘rinda o‘tgan asrning 80-90-yillarida shoirning birinchi kitobi 10 ming nusxada, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa mashhur shoirlarimizning to‘plamlari 35 ming nusxada, ulkan adiblarning romanlari 80 ming nusxada chop etilgani bor gap.
Necha yillar ilgari yozuvchi Ashurali Jo‘rayev taniqli shoir Xurshid Davron asarlarining adadi bir million nusxadan ortgani haqida hazilnamo bir narsa yozgan edi.
Keyingi yillarda “Sharq” nashriyot– matbaa kontsernida taniqli shoirlarning asarlari besh ming nusxada bosilmoqda. Umuman olganda, hozir xalq shoirlariyu xalq yozuvchilari ham kitobi adadi bilan maqtanolmaydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan “Iste’dod maktabi” respublika yosh ijodkorlar seminarida nashrga tavsiya etilgan “Birinchi kitobim” ruknidagi to‘plamlar “Ijod” fondi tomonidan moliyalashtirilib, 20 ming nusxada chop etilishi yosh ijodkorlarimizga qanot bo‘layotgani shubhasiz.
Nashriyotlarda yildan-yilga kitobning narxi oshib borayapti.
Hozir internetdan dunyodagi taniqli adiblarning istagan asarini sanoqli daqiqalarda chiqarib olish imkoniyati bor.
Bir zamonlar poytaxtimizda bir yil Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi kino ijodkorlari festivali bo‘lib o‘tsa, keyingi yili xuddi shu qit’alar yozuvchi va shoirlarining xalqaro anjumanlari, mushoiralari tashkil etilar edi. Kelgan yozuvchi va shoirlar kitoblarining adadi 200-300 nusxadan ortmasligini ko‘rib, taajjubdan yoqa ushlar edik.
So‘zlarimni ajoyib adib va adabiyotshunos Ahmad A’zamning “Til nomusi” (Toshkent “Akademnashr”, 2013) kitobidagi misol bilan davom ettirsam: “Sakson yettinchi yilmidi, yozuvchilar uyushmasiga Parijdan “Aksion poetik” degan jurnal vakillari keldi. Ular bilan tanishdik, suhbatlashdik. Gapdan gap chiqib, qaysimizdir bizda Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning she’riy to‘plamlari sakson-yuz ming nusxada chop etilishini aytgan edi, frantsuzlar angrayib qoldi. “Sizlarda qancha nusxada bosiladi?” – deb qiziqdim, e-e, bularni toza urib ketgan ekan-ku degan ma’noda. Ulardan biri: “Yuz-ikki yuz nusxada. Buni ham shoirning o‘zi chop qildiradi, yoru do‘stlariga tarqatadi, o‘tsa, yana chiqaradi. Katta tiraj besh yuzga boradi-da”, – dedi. Men ajablanib: “Dunyoga mashhur shoirlaringiz ham shu ahvoldami?” – deb so‘radim. “Ha, men buyuklarni aytayapman”, – dedi. “She’riyat bunday bo‘lsa, prozaning ahvoli qanday? Masalan, Frantsiyada yashayotgan Nobel mukofoti laureati Semyuel Bekket asarlari qanchadan bosiladi?” – deb so‘rasam, “Bekketni uni tushungan odamlargina o‘qiydi. Bular ham ko‘p emas. Bekket teatri ham bor, unga ellik-oltmish xos muxlislargina tushadi”, – dedi. Men Chingiz Aytmatovni so‘radim, “Uning asarlari katta tirajlarda bosilar ekan-ku sizlarda ham?” degan savolimga: “Ha, Aytmatov katta tirajda bosiladi. Lekin u bestseller”, – deb gapni lo‘nda qildi”( 81-82-betlar).
O‘zimni jabrdiyda qilib ko‘rsatmoqchi emasmanu keyingi yillarda o‘ndan ortiq she’riy va nasriy to‘plamlarimni turli nashriyotlarga olib bordim. Narxi osmonda. Oradan yillar o‘tib, ularning deyarli barchasini qaytarib oldim. Farzandlarimni o‘qitdim, oila, ro‘zg‘or tashvishlari, deganday. Ayrim katta-katta puldor tashkilotlar rahbarlariga she’r bag‘ishlab kitob chiqarishga esa hech uquvim yo‘q. Bu bilan shunday qilayotganlarning ustidan kulmoqchi emasman. Adabiyot har qanday shaxsiy manfaatlardan ustun va xoli bo‘lishi kerak-ku, axir…
“Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, “Sharq ziyosi” va boshqa gazetalarda muntazam qatnashib kelaman. Mashqlarni kanda qilganim yo‘q.
Shu paytgacha chiqqan kitoblarim haqida turli fikr-mulohazalar bildirildi. Ularni to‘g‘ri qabul qildim. Har kimning o‘z qarichi bor, albatta.
Maqtanish yoki katta ketish emas-ku, rahmatli shoir do‘stim Nazar Shukur xotirasiga bag‘ish­langan “Yuksakdagi daraxt” hujjatli qissa haqida Qashqadaryoda, Navoiyda, poytaxtimizda ancha-muncha samimiy munosabatlar bildirildi. Xatolarim o‘zimniki, agar bor bo‘lsa, yutuqlarim, ozmi-ko‘pmi, kitobxonlarniki. Bu to‘plamlarimdan ko‘nglim to‘ldi, degani emas.

— Xotiralarda o‘qiymiz: bir vaqtlar shoirlar varanglatib she’r o‘qishgan, tinglovchilar olqishlagan. Bugun bu hol yo‘q. Bunga ba’zilar hozir she’rni hamma o‘zicha – telefonda, kompyuterda o‘qiydi, eshitadi, deb izohlashi mumkin. Lekin boshqa holat ham bor: bugun davrada she’r o‘qishga ko‘pchilik iymanadi. Shuni siz ham sezganmisiz? Buning sababi nimada?
– Ha, aytganingizdek, bir vaqtlari shoirlar varanglatib she’rlar o‘qishar edi. O‘tgan asrning 70-yillarida bir mashhur shoir Toshkentga kelib, “Zalda besh ming kishi bo‘lmasa she’r o‘qimayman” deb turib oladi.
Bilmadim, Toshkentda qanday, lekin joylarda mushoiralar, olqishlar hamon avjida. Masalan, Navoiy davlat pedagogika va konchilik institutlarida shunday. Bu oliy ta’lim dargohlari o‘qituvchilarining aksariyat qismi shoir. Ularning shoirlikka aslo da’vosi yo‘q…
Aytganingiz to‘g‘ri: hozir hamma telefonda, kompyuterda yozadi, o‘qiydi, tinglaydi.
Quyidagi misol joyiga tushadimi-yo‘qmi, bilmadim. Bir payt­lari universitetdagi domlamiz – masalchi shoir Muxtor Xudoyqulov yangi masal yozib, bizga o‘qib bergani yodimda. Uning mazmuni shunday: “Bir kurka to‘qay to‘rida uchish nazariyasi bo‘yicha burgut polaponlariga uzundan-uzoq lektsiya o‘qiydi. Semestr yakunida imtihonlarni a’lo va yaxshi baholarga topshirganlarning quvonchi cheksiz. Domlaning ham kayfiyati zo‘r. Nega a’lo bo‘lmasin, axir, shogirdlar havo sokin yoki turli darajada shamol turganda necha gradus burchak ostida qanot yozish kerakligini yaxshi o‘zlashtirib olishdi.
Kurka xursand holda so‘nggi savolini o‘rtaga tashladi:
– Kimda qanday savol bor?
Oxirgi qatordagi endigina tuxumdan chiqqan polapon o‘ng qanotini ko‘taradi. Ustozdan ijozat bo‘lgach, savol beradi:
– Domla, hammasi yaxshi bo‘ldiyu, shu…
– Xo‘sh?
– Bi-i-ir uchib ko‘rsatmadingiz-da, ustoz!
Domlaning hamon shashti baland:
– Uchishni boshqa domladan o‘rganasizlar!
Shu bilan semestr yakunlanadi…”
Viloyatimizga bir shoir keldi. Tesha tegmagan savollar, kutilmagan javoblardan hamma hayratda.
Tadbir nihoyasida zal adog‘idan bir qiz shoirdan she’r o‘qib berishini iltimos qildi.
– Hammang mana bu kitobimdan sotib olgansan, to‘g‘rimi?
– Ha! – zalning turli joylaridan uzuq-yuluq tovushlar eshitildi.
– Uyga borib, yonboshlab bemalol o‘qiyverasanlar! Men aeroportga shoshayapman!
Har-har joyda shap-shup chapak­lar… Shu bilan shoir birorta ham she’r o‘qimay kelgan joyiga jo‘navordi…
Agar zerikmagan bo‘lsangiz yana boshqa bir misolni aytsam…
80-yillar o‘rtalarida bir to‘yga bordik. To‘yni qaysi bir tumandan kelgan 35-40 yoshlardagi kishi olib bordi. Ishonasizmi, qariyb ikki-uch soat davom etadigan davra shiddatli she’rlar bilan boshlandi. Taklif etilgan sozandayu xonandalarning toqati toq. Tasavvur qiling: “otarchi”lar “qistir-qistir”dan qolishayapti. Raqqosalar alamidan achchiq-achchiq sharob ichmoqdalar. “Sostav” “kattasi” to‘y egasiga o‘dag‘aylaydi.
– Sizlarga kelishilgani bo‘­yicha to‘layman! – deydi to‘y egasi. – Men bu yigitga havasim ketib olib kelganman. Qarang, Erkin Vohidovdan, Abdulla Oripovdan qanday zo‘r she’rlar o‘qiyapti!
– Biz qancha navaldan qolayapmiz! – jazavaga tushadi “katta”.
– Bo‘lmasam… Hozir, shunisini tugatsin! O‘zim aytaman!..
Shu orada chiroq o‘chsa bo‘ladimi… Davra raisi mikrofonsiz she’r o‘qiyverdi. Keyin tovushi chiqmay qoldi. Davraning erkak­lar o‘tirgan tomonida “jangu jadal” avjida: shaqaru shuqur!!!
– She’rni zo‘r o‘qir ekan-ey! – deydi birovi.
– Och qoringa she’r yoqadimi, ha, jigar…
Yana shaqara-shuqur…
Yarim soatlar o‘tdimi, chiroq yondi. Musiqa varanglab, “La’lixon” hammani davraga chorladi: “kishan-kishan” boshlandi. Qolganlar alanglaydi: haligi she’r o‘qigan davra raisi ko‘rinmadi. Bitta-ikkitasi to‘y egasidan so‘radi, u yelka qisdi.
Raqqosalar davra aylanishga tushishdi. Pullar daryosi… Buning oti – “naval”…
Oradan ancha vaqt o‘tib, kimdir gap topib keldi. Haligi yigit huv naridagi “Jiguli” ichida mast bo‘lib yotgan emish… Ertasiga ma’lum bo‘ldi: bu ishni “otarchi-san’atkorlar” uyushtirishibdi… Shu-shu o‘sha yigit qayta to‘yga chiqmaydigan bo‘ldi…
Menimcha, bugun ko‘pchilikning she’r o‘qishga iymanishining sababi…

— Yozish qachon ehtiyojga aylanadi? Shoir uchun yozolmay qolish nima?
– Eshitgansiz… Iskandarning shoxi bor!.. Yozish ana shunday o‘jar ehtiyojga aylanishi kerak. Usmon Nosirning so‘nggi kunlarini xayolan ko‘z oldingizga keltiring… Menimcha, yozolmay qolish shoir uchun Usmon Nosirning so‘ng­gi kunidir.
Shu paytgacha yozganlarim oltin suvi yugurtirilgan baytlar emasligi o‘zimga ayon.
Shoir yozolmay qolishidan O‘zi asrasin.

— Adabiyotning, ijodning, ilhomning ilohiyligi haqida nima deysiz? Shoirga ilhom qanchalik zarur?
– Bunga Alisher Navoiydan, Lev Tolstoydan, jahonga mashhur boshqa ijodkorlardan istagancha misollar keltirish mumkin. “Xudo yuqtirmasa, mol bozoriga dallol ham bo‘lolmaydi” degan mazmundagi gap bor. “Iste’dodning 99 foizi mehnat” degan hikmatni eshitgansiz. Qolgan bir foizi yuqoridan.
Bani basharga suv bilan havo, olov bilan tuproq qanchalik zarur bo‘lsa, shoir uchun ilhom ham xuddi shunday… O‘tkir Hoshimovning “Asar ilhom bilan yaratilishi kerak” degan mazmundagi gapini yaxshi bilasiz. Menimcha, ilhom holati ijodkorning qaysidir ma’noda Ollohga yaqinlashishidir. Mendan oshirib ta’riflaydiganlarning haloli bo‘lsin.

— Bugungi kunda ko‘pchilik ijodkorlar, ayniqsa, yoshlar ijodida madhiyabozlik kuchayib ketganday. Yosh qizchalar, deylik qo‘g‘irchog‘i mushugi, ha, ana, dugonasi, onasi haqida yozishi tabiiymasmi? Nainki, vatanparvarlik, unga jon fido qilishni qalamga olsa… Bu hol soxtalikni keltirib chiqarishga va alal-oqibattuyg‘uni o‘tmaslashtirishga xizmat qilmaydimi?
– Boshqalarni bilmadimu, menbop savol. Buning hayotiy sababi bor, albatta.
Gap shundaki, qariyb qirq yildan buyon tahririyatimiz huzuridagi “Chashma” adabiy to‘garagi mashg‘ulotlarini o‘tkazib kelaman. To‘garagimizning sobiq a’zolari tumanimiz, viloyatimiz, respublikamiz miqyosidagi turli matbuot nashrlarida, radio va televideniyeda, boshqa sohalarda qizg‘in faoliyat ko‘rsatishmoqda. Ko‘pchiligining necha-necha kitob­lari, tarjima asarlari yorug‘lik yuzini ko‘rgan. Ulardan bir necha nafari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
To‘garagimiz a’zolarining aksariyat qismini shoira, qizlar tashkil etadi. Agar vaqtingizni olmasam, jurnalxonni zeriktirmasam, ikkita misol keltirsam maylimi?
– Marhamat!
– Rahmat! Yigirma yilcha ilgari 2– yoki 3-sinfda o‘qiydigan bir qizaloqni otasi tahririyatimizga yetaklab keldi:
– Qizim Vatan haqida she’rlar yozgan. O‘shalarning to‘rt-beshtasini Toshkentga yubormoqchiman!
– Hali shoshmay turing, vaqti bor! Qizimiz to‘garakdagi akalariga , opalariga yetib olsin. Qo‘li kelgach, Siz aytmasangiz ham nafaqat Vatan haqidagi, balki boshqa she’riy mashqlarini ham o‘zim respublika gazeta va jurnallariga yuboraman! – So‘ng qizaloqqa yuzlandim:
– Uyingda olma daraxti bormi?
– Sizga nechchi kilo olma kerak! Hozir keltirib beraman! – dedi u.
Oradan ikki-uch kun o‘tib yana keldi:
– She’r chiqaradigan joy bilan gaplashdim, “yuboring” de­yishdi.
– Onasi, olma daraxti, qo‘g‘irchog‘i, tovug‘i, mushukchasi haqida yozsin, demoqchiman.
Ota bezovtalandi:
– Nima, Vatan haqida yozmasinmi? Nega unga qarshilik qilasiz?
– Qizimiz ulug‘ Vatan tuyg‘usini hozircha siz yoki menchalik his qilmaydi-ku.
– Siz nimani ham tushunardingiz! – dedi otasi.
– Hali ham kech emas, yubormang! Qo‘li to‘g‘ri bo‘lsin! Shoshqaloqlik qilmang!
– E!..
Ertasiga u menga qo‘ng‘iroq qildi:
– Yubordim!
– Obbo!..
Ikki-uch haftalar o‘tibmi, u suvga tushgan lattaday bo‘lib keldi…
– Xo‘sh?
– “She’rlaringizni oldik, yozavering!” degan javob xati keldi.
– Shu bilan qizingiz iste’dodli bo‘lib qoldimi?
– Sovg‘a-povg‘a yuborishadimi, deb o‘ylagan edim.
U indamay chiqib ketdi… Qizi to‘garagimizga qayta qadam bosmadi…
Ikkinchisi esa quyidagicha: maktablardan birining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari ikkita papkani stolimga qo‘ydi:
– Yettinchi sinfda o‘qiydigan bir qizimiz zo‘r she’rlar yozib, to‘plam tayyorlagan. Mana bunisi lotinda, bunisi kirillda. Otasi nashriyot bilan gaplashgan. So‘zboshi yozib berasiz. Kitob qilib chiqaramiz!
Papkalarni ochdimu…
– Domla, shoshmayapsizmi?
– Yo‘q, nimaydi?
– Men hozir…
Qo‘shni kabinetga o‘tib shoir, tarjimon Vafo Fayzullohning “Jon yo‘li” she’riy to‘plamini keltirdim-da, papkalar ustiga qo‘ydim:
– Bunisi lotin imlosida, bunisi kirilldagisi!..
Muallima avvaliga hayron qoldi, so‘ng kitoblarni varaqladi, papkalarni ochdi, solishtirib ko‘rdi. Haligi qiz kitob muqovasidagi muallif o‘rniga o‘zining ismi sharifini qo‘ygan, to‘plam nomi o‘zgargan. Qisqasi, kitobni nuqta-verguligacha ko‘chirib olgan.
– Kechirasiz!..
Muallima ko‘zda yosh bilan chiqib ketdi. Keyin eshitsam maktabga qizning ota-onasini chaqirtirib, muhokama qilibdi…
Afsuski, bunday misollar bitta-ikkita emas.
Shunday holda his-tuyg‘ular qanday o‘tkirlashsin? Har qanday sharoitda ham yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish bizning vazifamiz. Ulardan umidimiz katta.

— Adabiyotning jamiyatda tutgan o‘rnini siz qanday tasavvur etasiz va adabiyotimizda qanday an’analar davom etishini, qanday illatlar barham topishini istar edingiz?
– Ko‘ngilga o‘tirishadigan savol, unga javob qaytarishim shart va zarur, albatta.
Ernest Xeminguey “Chol va dengiz” asari uchun olgan o‘sha Nobel mukofotini. Nega aynan shu qissa uchun? Negaki, bu mo‘jaz asarda inson matonati ulug‘lanadi.
Adabiyot – adab, odob. Adabiyotsiz jamiyat bir qadam ham olg‘a siljimaydi. Menga qolsa, jamiyat ulkan mashina bo‘lsa, adabiyot uni harakatga keltiruvchi kuch.
“O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Navoiy”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Yulduzli tunlar” asarlari milliy adabiyotimizning noyob durdonalari. Ularda an’analarimiz betakror yorqin bo‘yoqlarda muhrlangan. Tabiat tasviri, qahramonlar portreti…
Keyingi yillarda yaratilayotgan ayrim nasriy asarlarda qahramonning asl qiyofasini ilg‘ay olmaysiz.
Rahmatli Ahmad A’zam vafotidan bir haftami-o‘n kun ilgari qo‘ng‘iroq qilib qoldi.
– Nimalar yozayapsiz? – so‘radim undan.
– Ha, shu, sog‘liq…
– Xabarim bor, lekin siz bekorchi emasligingizni yaxshi bilaman.
– Bir narsalar qoralayapman, jo‘ra. Asar dialoglardan iborat bo‘ladi. Tabiat manzaralari ham, qahramonlar portreti ham suhbat jarayonida ochilib boraveradi…
Ahmadning bu qo‘lyozmasi nihoyasiga yetganmi-yo‘qmi, bilmayman.
To‘g‘risi, hozir yaratilayotgan asarlarning ayrimlari jahon adabiyotining ba’zi namunalariga taqliddan boshqa narsa emas.
Nazar Eshonqul, Xurshid Do‘stmuhammad asarlari bundan mus­tasno. Haqiqiy milliy asargina o‘z e’tibori, qadrini topadi, o‘sha mashhur masalda aytilganiday: “Tarixda misollar juda ko‘p bunga…”
Darvoqe, illatlar haqida… O‘rik, gilos, olmalar pishishi bilan oilamiz bekalari ulardan murabbo tayyorlab, qishga olib qo‘yishadi. Agar “banka” talab darajasida qaynatilmagan, meva-cheva yaxshi yuvilmagan bo‘lsa, vaqti-soati bilan o‘sha “banka” qopqog‘i albatta “otiladi”. Mabodo, qopqoq otilmasdan avval kimdir uni iste’mol qilsa, zaharlanishi, shubhasiz. Xoh kattami-kichikmi, bunday “asar” o‘quvchi qalbini zaharlashi tabiiy.
Mazmuni hamdu sanolardan iborat, yaltiroq muqovalarda chop etilgan ana shunday “kitob”larni ko‘rganimda Abdulla Qahhorning “Bu asarni “do‘ppimni hidlab-hid­lab o‘qidim” deb yozgani yodimga tushadi. Jasoratli adabiyotshunos olim, hozirgi zamonaviy til bilan aytganda, bitta tahliliy maqola bilan ana shunday “kitob­”­­­­­­­­­larning “joyini ko‘rsatadigan” Ozod Sharafiddinovni eslayman…
Qani Ozod akaday adabiyotshunoslar!
Biz ulkan taraqqiyot asri fuqarolarimiz. Ayni shu kunlarda Sahroi Kabirda ulfatlari bilan gap-gashtak, masalan, pivoxo‘rlik qilib o‘tirgan Majnunning (Xudo kechirsin!) Taklamakan cho‘llarida sochini qirqtirib, qoshlarini terdirib, (Astag‘furulloh!) dugonalari bilan “kola” ichib turgan Layliga SMS orqali sevgi izhor qilishini bir tasavvur etib ko‘ring… Bu aqlga sig‘adimi?..
Gapni ko‘paytirmay. Menimcha, illatlar haqida adabiyotshunoslar gapirgani ma’qulmikan… Chumchuq so‘ysa ham…

— Bugungi o‘zbek adabiyotini yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish zarur deb hisoblaysiz?
– Menga qolsa, ayrim yozuvchi, shoirlarimiz manmanlik, kibru havo, mahalliychilik osmonidan bir zamonlar ularni ulg‘aytirgan yerga qaytib tushsalar…
Oydami-yildami, ozib-yozib viloyatlardan poytaxtga bir borib qolgan, nashriyotlar eshigida sarg‘ayib turgan ijodkorlarga ham odamday muomala qilsalar, hech bo‘lmasa, o‘zbekchiligimizni unutmay, odamday salomlashishga odatlansalar… Haddingiz sig‘ib, bir zamonlar sizga tanish bo‘lgan ijodkor huzuriga borasiz… U esa… “osmonni ushlab” turibdi. Agar u qo‘yvorsa bormi…
Davlatimiz tomonidan adabiyotimiz ravnaqi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Shoir, yozuvchi, umuman, ijodkorlar xalqni ezgulikka boshlovchi kishilar ekanligi ayon haqiqat. Goho “Ijodkorlarning axloq kodeksini tuzish kerakmikan?” degan xayollarga borganimni bilmay qolaman.
Nima bo‘lganda ham xudo har kimning o‘ziga insof bersin! Har kim o‘z ajali bilan o‘ladi. Har kim o‘z qo‘li bilan yozadi.
Qolgani – VAQTning oliy hukmida…
Hurmat qilib suhbatga chorlaganingiz uchun ming rahmat!..

Suhbatdosh – G‘iyosiddin O‘NAROV

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 2-son