Adabiy tanqidchilik adabiyot rivojining, bosib o‘tgan yo‘lining tarixi, buguni va istiqbolining o‘ziga xos solnomasidir. Tanqid saralamoqdir, degan nuqtai nazaridan kelib chiqadigan bo‘linsa, adabiy tanqidning jarayondagi o‘lchamlarini yanada teranroq anglaymiz.
Adib, tarjimon, munaqqid Ibrohim G‘afurov bilan quyidagi muloqotimiz bugungi kun adabiy voqeligi, tarjimachilik, zamon va adabiy jarayon kabi mavzularga bag‘ishlandi.
— Adabiy jarayondan, umuman, adabiyotimizning bugungi ahvolidan ko‘nglingiz to‘ladimi?
— Keling, masalani siz o‘ylagandan ham jiddiyroq qilib qo‘yaylik. Hayotidan ko‘ngli to‘lgan odam bormikan o‘zi? Odam bolasi bugunim kechagi kunimdan, ertangi kunim bugunimdan yaxshi bo‘lsin, deya yashar ekan uning orzu-umidlari aslo nihoya bilmaydi. Bu adabiyotga ham, ijodiy jarayonga ham taalluqli. Demoqchimanki, ko‘ngil to‘lishi — bu baxt, biroq to‘liq baxt bor deb o‘ylaysizmi? Dunyoda to‘liq baxt bo‘lmaganidek, to‘liq qanoat ham yo‘q. Hammavaqt, har qanday sharoitda ishni, nafasni yaxshilash, ko‘tarish, yangilash, o‘zgartirish imkoni mavjud. Har qanday qanoat ortidan qanoatsizlik keladi. Dunyo hayoti qarama-qarshiliklar asosiga qurilgan: muhabbat tagida qayg‘u-hasrat, visol ostida ayriliq, cheksiz boylik tagida qashshoqlik va qandaydir riyo, qanoat ichida o‘ta qanoatsizlik bo‘ladi, bunday ziddiyatli hodisalarni yana cheksiz davom ettirish mumkin. Adabiyot shunday ziddiyatlar ichida yashaydi.
Mana qarang, Homerning “Iliada” va “Odisseya”(asar nomini “Odisseynoma” deb atash o‘rinliroq edi-ya.) dostonlari o‘zbek tiliga atoqli tarjimon Qodir Mirmuhamedov tomonidan tarjima qilinib nashr etildi. Bu tarjimaning tili va tanlangan odatiy usuli adabiyotlar otasining tili va ulug‘vor usuliga to‘la hamohang va voqealar ichiga shiddat bilan olib kirib ketadi. Birinchi marta bu insoniyat hayoti, tamadduni, psixik intilishlarining ibtidosi, beshigi bo‘lgan asarlarni qudratli o‘zbek tilida to‘liq o‘qiyapmiz. Ularning badiiy xazinalarini tarjimon to‘liq saqlaganidan minnatdor bo‘layapmiz. Homerni chuqur bilmay, uni sevmay, unga murid tushmay turib adabiyot, adabiyotning vakili o‘sishi mumkinmi? Oybek bu asarlardan ilk bora xrestomatik parchalarni o‘zbek tiliga ko‘chirib, uning bitmas-tuganmas shukuhi, hayotbaxshligidan bahramand bo‘lib, “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”ni yozish darajasiga o‘sib chiqqan edi. Dante, Vergiliy, Milton, Shekspir, Hyote bu asarlar poyqadamida buyuklik maqomini topgan edi. Homer!.. Cheksiz okean! Joysning “Uliss”i ham shu vag‘irlab, yerni chayqab, osmonlarga bulutlarini ufurib turgan okeandagi yana bir mislsiz, zavolsiz tirik kema. Sharq adab shayxlarimizning daho “Xamsa”lari ham Homer dostonlariga bog‘lanib ketadi, ularga izdoshlik qiladi. Zero, insoniyat uzilmas va doimo yangilanib boruvchi an’analari bilan go‘zal!
Yoki mana, hassos shoir, tillar bilimdoni Jamol Kamol Attor, Rumiy, Shekspir asarlarini asliyatlaridan o‘zbek tilida qayta yaratdi.
Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Azim Suyun, Sa’dulla Hakim, Xosiyat Rustamova, Halima Ahmedova, Mahmud Toir, Ibodat Rajabova, Bahrom Ro‘zimuhammad va yana qator-qator iqtidori zamon sinovlarida yarqiragan shoirlarning ovozlari adabiyotda Dante, Nizomiy, Navoiy, Boburning nafosat bazmlari davom etayotganligini bildirmaydimi? Nasrdagi Erkin A’zam, Ahmad A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Nodir Normat, Nazar Eshonqul, Sobir O‘nar, Ulug‘bek Hamdam, Luqmon Bo‘rixon, Abduqayum Yo‘ldosh, Isajon Sulton, Zulfiya Qurolboy qizi kabi faol adiblarning paydar-pay chiqib turgan asarlari adabiyot zo‘r berib yo‘l-yo‘riq, shakl-shamoyil qidirayotganini ko‘rsatmaydimi? Yoki qator-qator tarixiy romanlar, qissalar, hikoyalar… garchi saviya, konseptuallik, universallik, psixologizm kabi mezonlar bilan o‘lchaganda bir xil bo‘lmasa-da, lekin tarixiy tafakkur, tarixiy savodxonlik sari qadam qo‘yilayotganligi xayrli va nomlar ham xayrli.
Biroq qanoat qilib o‘tirish kerakmi? Ammo qanoat iste’molchilik dunyosida g‘oyatda dolzarb, ammo ijodning har qanday sohasida qanoat bu turg‘unlik bilan barobar.
— Domla, siz aytgan adabiy turg‘unlikni keltirib chiqarayotgan, adabiyotni oqsatayotgan omillar: texnik taraqqiyot, globallashuv jarayoni, osoniga intilish va adabiy tanqidchilikning yetarli darajada faol emasligi, deb hisoblanmoqda. Sizningcha, bunga sabab nima?
— Bu qiyin gap. Ammo adabiyotni “oqsayapti” yoki “adabiyot o‘lyapti” deb bo‘larmikin? Bunday “bashoratlarning” bahosi juda arzon. U yengiltak sensatsiyadan boshqa narsaga yaramaydi. “Xudo o‘ldi”, “Evropaning quyoshi botdi”, “G‘arb chuqur tanazzulga g‘arq” deganga o‘xshash o‘z vaqtida shov-shuv ko‘targan gaplar ham tagi puch. Shu gaplardan keyin necha o‘n yillar o‘tib ham insoniyat taraqqiyotda, chunonchi, badiiy taraqqiyotda o‘z qonun-qoidalari, izlanishlari bilan ilgarilab bormoqda. Yer yuzida ham, koinot bag‘rida ham mislsiz kashfiyotlar qilinmoqda. Aql o‘smoqda. Aql hatto hissiyotga tazyiq qilmoqda.
Xuddi gumona yosh kelinchak bag‘rida rivoj olganday, san’at, adabiyot, ilm, ixtiro bitta odamning ichida rivojlanadi. Adabiyot — san’at. Ilm yolg‘iz o‘zi rivojlanmaydi. Ularning o‘sishi ijtimoiy taraqqiyot, ong taraqqiyotining ajralmas uzvi. Va hammasi birgalikda, o‘zaro aloqadorlikda o‘sadi. Ammo o‘sish har qachon bir shaxsing ichida kechadi.
Adabiyotga talab bormi? Adabiyot, san’at doimo ijtimoiy talabga qarab qadam tashlaydi. Dostoyevskiy, Tolstoy, Turgenev, Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulomning barcha asarlari ijtimoiy talabga ko‘ra biron g‘oyaga homilador bo‘ladi. Ijtimoiy talab borki, Tat’yana Larina erga tegadi. Anna qobil erini tashlab ketadi, Zaynab kundoshini zaharlaydi. Ijtimoiy talab borki, urush adabiyoti, modern va postmodern adabiyoti dunyoga keladi. Yana hali qancha …postlar oldinda. Siz avval adabiyotga ijtimoiy talab bormi, deb so‘rang. So‘ng ijtimoiy talab borib-borib o‘ladimi yo so‘nadimi, deb qo‘ying savolni.
Jamiyat o‘z a’zolarini tarbiya qilishdan har tomonlama manfaatdor. U tarbiyaga muhtoj. U o‘z hayotiy manfaatlaridan kelib chiqib aqllarni, yuraklarni, did-farosatlarni, axloqni tarbiya qilishni maqsad qilib qo‘yadi. Tarbiyada esa adabiyotsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Adabiyotga ijtimoiy talabni mana shu tarbiyaga ehtiyojmandlik yuzaga chiqaradi. Tarbiyaga ehtiyoj yo‘qolsa, adabiyotga ham ehtiyoj qolmaydi va ana o‘shandagina “adabiyot o‘ladi”.
Ijtimoiy talab va adabiyot ustida o‘ylanib o‘tirarkanman, qora mayna tok so‘risiga sayrab qo‘ndi. U uchib kelgan tomonga boshimni ko‘tarib qaradim. Bizning qo‘noq atroflarida bo‘ladigan zag‘izg‘on Gosha maynaning butalar qorong‘uligidagi uyasiga qanotlarini tapirlatib kirmoqchi, sho‘rlikning ushoq polaponlarini o‘g‘irlab qochmoqchi bo‘lardi. Ammo changallarni yorib o‘tmasdi. Mayna esa jon holatda boyagiday chirqillardi. Zag‘izg‘onni kesak otib haydab yubordim. Qora mayna biroz o‘ziga keldi shekilli, “cho‘q-cho‘q-cho‘q-cho‘o‘o‘q”, deb chuldirab polaponlari oldiga o‘zini urdi. Qora mayna zo‘riqib sayraganda, orqasi bo‘rtib, qizarib chiqadi. Shuncha zo‘riqmasa ichidan sayroq chiqmaydi. Shu tobda Amerika postmodern ob’ektivist shoiri Maykl Palmerning she’rlari, poeziyaga qarashlarini qiziqib mutolaa qilaman. Maykl Palmer poeziyani qismat deb bilgan, unga tom ma’noda e’tiqod qo‘ygan, ingliz-amerika, g‘arb adabiyotlarini suv qilib ichib yuborgan, shu dunyolarni o‘z madaniy dunyosi deb e’zozlaydi. Mandelshtam, Pasternak, Xlebnikovlarni rosa o‘rgangan, Roman Yakobsondan she’r texnikasi ta’limotini olgan shoir; uning she’rida stsenografiya, xoreografiya g‘alati-ya! Yangi muzikalar, raqslarning topilmalari qay bir yo‘sinda bo‘lmasin o‘z aksini topadi. U she’riy formalar va she’r sub’ekti mutlaqo erkin bo‘lishini yoqlaydi.
Palmer mansub bo‘lgan she’riy oqimga nisbatan kontrpoetika, antipoeziya, bukvalizm kabi g‘arb she’riyati tushunchalarini ham qo‘llashadi va bularning nimaligini keng muhokama qilishadi. Men bir katta shayximizning yangi tafsirini diqqat qo‘yib o‘qirkanman, ilohiy mazmunlar ichiga sho‘ng‘ib, miyam, fikru-xayolim bir o‘zanga tushib qolmasin va boshqa o‘zanlarga mensimay boqmasin deb, Palmerni ham, o‘zbek shoirlarini ham o‘qiyman-da, bular ham she’r olamida faol yashayotgan qalamkashlar deyman. Palmerdan bir misol keltiray:
Sen deysan, Samolar mo‘jizasi Sen deysan Har qalay qanday ajoyib, lekin men bari bir ko‘zim qamashar Xuddi fazolardagi to‘rg‘ay kabi shodumon Sen deysan Zarracha dard yo‘q, na uning o‘zi Menda va na dashtdagi jussamda Hammasi qanday ajoyib, biroq, ko‘zim qamashar Tirik qolmoqlik, bema’nilikmi axir? Tunda meni yo‘qlashdi Soqoldor alvastilar, qalam ko‘targan malaklar Derazalardan tushishdi Ustimga yopirilishdi Yomon narsami bu Yo umuman bormi Tun bo‘yi miyamda lolalar unadi Barglarin qayiradi tong chog‘i Neki bo‘ldi, boshqa bo‘lmaydi endi Iltimos, qo‘limni surib qo‘y.Boshdan oyoq sir-sinoatga to‘la vaziyat. Yoki boshi ham, oxiri ham yo‘q sinoat. Miya o‘ta yallig‘langan. Ro‘yolar tinimsiz bostirib keladi. Chamasi, she’r sub’ekti o‘ta bosinqiraydi (qo‘li tagida qolgan). Samolarning mo‘jizalari satrlarning shaklida va predmetiga aylangan. Qanday qilib buni shayxning yangi tafsiri bilan qiyoslamay va qanday qilib Bahrom bunday hollarda obrazlar izdihomlari ichida tili sinoatdan lol tutilayotganiga boqmay, qanday qilib uzoq Amerika, Yevropa, Markaziy Osiyoning o‘rtasidagi va uning yuragi bo‘lgan O‘zbekiston fikr shalolalari qit’alar osha derazalardan tushib kelib miyalarni o‘z komiga tortayotganiga befarq qaray.
Axir siz, biz, hammamiz bilamiz-ku, auditoriyaning loqaydligi, befarqligi, sustligi, bo‘shangligi adabiyotning fojiasi, she’rga talabning yo‘qolganligi – uning o‘limi. Ammo she’rning – badiiy so‘zning talab va tarab (ya’ni kurash) maydoni yo‘qolmagan. She’r endi qayda bo‘lmasin, Amerikadami yo Osiyoda shu o‘ziga talab yo‘qolmasligi uchun kurashadi. Va o‘quvchidan karaxt bo‘lib qolgan qo‘lini ko‘tarib qo‘yish – jonlantirishni so‘raydi.
— Ijtimoiy burilishlar hamisha adabiyotga yangi havo, katta to‘lqin olib kirgan. Tarixni olib qarasak, deylik Napoleon yurishlari Yevropani ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Hayot bu olamshumul o‘zgarishlardan qattiq ta’sirlangan edi. O‘tgan asr boshlarida yoki Mustaqillik arafasida milliy adabiyotimizda ham o‘ziga xos ko‘tarilishlar bo‘lgan: erk istagi. Ozodlik epkini! Mustaqillikka erishganimizga ham yigirma yildan oshdi. Shunday buyuk voqelikdan keyin ham adabiyotimizda qandaydir osudalik… yoki chindan ham asar faqatgina darddan tug‘iladimi? Masalan, zamon qahramoni obrazi namunasini beradigan, o‘quvchini o‘ziga maftun etadigan biror asarni eslolasizmi?
— Bir tuzumdan tamomila boshqa tuzumga o‘tish oson emas. Biz bugun tarixan, butkul yangi davr va muhitda yashayapmiz. Bu yangi jamiyat, yangi dunyoqarash, yangi ideallar, yangi dunyoqarashdagi odamlar dunyosi. Turmush-tarzi, o‘y-fikrlari, orzu-armonlarigacha yangi bo‘lgan bir davr odamlarimiz biz. Garchi, insonga xos abadiy muammolar va tushunmovchiliklar, ziddiyatlar, kurashlar mohiyati o‘zgarmay qolsa-da, bu masalalarning barchasining zamini, zaminki, yangi zamini katta ahamiyatga ega. Shu erkinlikni, ozodlikni qo‘msagan xalq farzandlarining orzusi ro‘yobini topib, yangi davrga qadam qo‘ygach, uning adabiyoti ham yangilanmog‘i tabiiy. Ozod odamlar qalb kechinmalarining ifodasini butun bo‘y-basti bilan ifodalash ijodkordan ham qalban yangilanishni taqozo etadi. Adabiyotga e’tibor millat ma’naviyatiga, madaniyatiga e’tibor darajasiga ko‘tarilgan bugungi kunda bu xususda har qachongidan ham ko‘proq izlanishimiz zaruratdir.
Milliy she’riyatimizda bu jarayon sezilarli darajada o‘sdi, hosilini berdi. Bir-biridan ajoyib hikoyalar, dramalar ham yaratilgani bor gap. Ammo ijodkorlarimizdan zamon qahramonining butun qiyofasi aks etgan yirik romanlarni kutyapmiz.
Zamon qahramonlari yoki antiqahramonlarini yaratish uchun ijodkorlar xalq ichidan o‘sib chiqadi. Shunday bo‘lmaguncha, xalq ichidan o‘sib chiqmaguncha sizning idealingizdagi yozuvchi bo‘lish qiyin. Bizda rosa yetishgan odamni “ichidan pishgan” deyishadi. Juda ma’nodor gap. Ichidan pishgan odam oz – xalq ichida – uning qayg‘ulari, quvonchlari darajasida pishgan. Bu iborani o‘tmish tegirmonlaridan chiqqan barcha ziyoli ma’rifatparvarlarimizga nisbatan aytish mumkin.
Axir qarang, Halimalarning, Oydinning, Ibodatning, Usmon Azimning she’rlari – she’riy hodisalari bizni maftun qilmayaptimi? Ularda bezovta qalblarning ulug‘ sadolari eshitilmayaptimi? Agar eshitmayotgan bo‘lsak, ayb bizda, qulog‘imizda, qamashayotgan ko‘zimizda (Palmer iborasi!) emasmikin? Evoh, “ommaviy madaniyat” degan har yoqni qamragan oqim hamma narsalarni birdan bir qozonga tashlash, iste’dodni ham, iste’dodsizlikni ham, layoqatni ham, layoqatsizlikni ham, qadrni ham, qadrsizlikni ham bitta qozonga tashlash, bir xil ko‘rish, bir tusda siyqalashtirishga moyil. Jahon adabiyot va san’at maydonida shunday siyqalashtirish shiddatli oqim tusiga kirdi.
— Sermahsul tarjimonlik faoliyatingizdan kelib chiqib, o‘zbek tarjimonchiligi erishgan keyingi yutuqlar va siz dolzarb deb hisoblaydigan jihatlarga to‘xtalsangiz?
— Badiiy tarjima sohasida keyingi o‘n besh-yigirma yil davomida Qodir Mirmuhamedov, Jamol Kamol, Nizom Komil, Amir Fayzullo, Abdulla Sher, Mirzaali Akbarov, Sulaymon Rahmon, Tohir Qahhor juda katta madaniy qatlamlarni o‘zbek tili va madaniyati doirasiga kiritishdi. Attor, Rumiy, Shekspir, Dostoyevskiy, Joys, Markes, Kafka, Bayron, Yesenin xazinalari ichiga hozirgi o‘quvchi endi ona tili muhitida bemalol kira oladi. Bular eng teran hayot va ilohiyot maktabi va mangu ilhom sarchashmalari. Ular kelajak tarjimonlarini hamisha qo‘llaydi. Ular haqida doim fikr yuritish, tahlil va talqin qilish, o‘zi uchun ibrat olish muvaffaqiyatlarga garov va ziyolining vijdon ishi hisoblanadi.
— Tarjimalaringizda tilimizda avval uchramagan so‘zlarni ham uchratib qolamiz…
— Badiiy tarjimani men doim So‘z ichiga, So‘z ma’nolari ichiga, obraz ichiga, obraz olamlari ichiga chuqur kirish deb hisoblayman. Tarjimon bunda juda yuksak iqtidorli, xotirasi mahsuldor aktyorga o‘xshaydi. Aktyor obraz ichiga chuqur kiribgina o‘z san’atini yaratadi. Soxtalik, yasamachoqlik, jo‘nliklardan qutuladi. Obraz ichiga chuqur kirolmagan aktyor tomoshabin ko‘z o‘ngida ahmoq bo‘lib qoladi. Tarjimon ham xuddi shunday. Men doim o‘zimga Dostoyevskiy “Iblislar”ni o‘zbek tilida qanday yozardi? deb savol qo‘yaman. Tasavvurlarimda bu savolga javob topishga, o‘zbekcha Dostoyevskiycha jumlalar yaratish, poetika tizimini shakllantirish payida bo‘laman. Ancha vaqt, kuch, mehnat, diqqat ketadi bunga. Alohida noyob so‘zlar faqat kerak joyda estetik, badiiy qimmat kasb etadi. Bo‘lar-bo‘lmasga “noyob” so‘zlarni qo‘llayverishning hech ma’nosi yo‘q. Menga bir katta yozuvchi o‘z vaqtida “Osen patriarxa”ni “Padarning tanazzuli” deb oling deganday qimmatli maslahat bergan edi. Qanday yaxshi! Ammo yalang‘och poeziya yo‘q. Qidirib-qidirib bizning xalqimizning tarixida, Shosh, Samarqand, Paykand singari ulug‘ madaniy shaharlarning ilk dunyoga kelishi, shuhrati dunyoga yoyilishida Afrosiyobning – Alp Er To‘nganing o‘rni haqida o‘ylab o‘tirib, xayolimga birdan “buzruk” degan so‘z keldi. U “kuz” deb ichki ohangdorlikni ham topdi. Ramziy-simvolik qimmat kasb etdi. Va G. Markesning “Buzrukning kuzi” romani o‘zbek o‘quvchisi qo‘liga shu nom bilan yetib bordi. So‘zning qimmati, estetik go‘zalligi faqat kerak o‘rinda, unga talab bo‘lganda ochiladi.
— Bugun dunyoda butun-butun millatlar, qadriyatlar, an’analar ommaviy madaniyat o‘pqoniga, globallashuv girdobiga tortilib ketmoqda. Ayrimlar buni mutloq demokratiya, erkinlik deb hisoblayotir. Hayrat so‘nib, didning sayozlashib borayotgani ham, afsuski bor gap…
— Didning o‘tmaslashib borishi bu — farosatsizlik-da, to‘g‘rimi? “Ommaviy madaniyat” shunga erishdi. Endi sayoz, puch, shaqildoq “asarlar”, “tanlangan asarlar” bilan haqiqiy badiiy qimmatga ega asarlarni farqlab o‘tirmasa ham bo‘laveradigan ahvol vujudga keldi. Ushbu befarqlik, bo‘shanglik, sustlik chin adabiyotning zavoli. Did, farosat o‘lgan bo‘lsa, bunda kontseptuallik va tagma’no ham o‘ldi.
— Hozirda stadionni to‘ldirgan odamlar qarshisida she’r o‘qishning iloji yo‘q. Ammo “Bojalar” guruhining “Zo‘r-zo‘r” qo‘shig‘iga zal jo‘r bo‘lib guvillamoqda. Bu ham tabiiy holmi?
— “Ommaviy madaniyat” taomillarida ha, bu tabiiy hol. “Ommaviy madaniyat” boshqacha bo‘ladi deb o‘ylash soddalik. “Mass-media” bundan keyin bor qudratli kuchi bilan bunday sayozliklarni avj oldiradi. Hamma narsalarni soxtalashtiradi, natijada odamlar o‘rtasida g‘ayritabiiy munosabatlar ham “tabiiy”, “inson shuni istasa, qilaversin” degan hollar avj oladi.
— “O‘zbekchilik” degan so‘zni ba’zan jiddiy, ba’zan kinoya bilan tilga olamiz. “O‘zbekchilik”dan qiynalganmisiz, g‘ururlanganmisiz?
— Barcha xalqlarda ham o‘ziga xos “… chiliklar” istagancha topiladi. Bular tarixan shakllangan mentalitetning po‘panaklari. Xalq o‘zini boshqa xalqlar qatorida chuqur anglab borgan sari bu po‘panaklardan birin-sirin xalos bo‘ladi. Xalq o‘z “…chiliklari”dan kulib xayrlashadi. Ammo ba’zi “…chiliklar”, chunonchi, shovinizm, takabburlik, faqat qurol kuchiga ishonish – endigi zamonlarda faqat tuzalmas fojialarga olib boradi. Shukurkim, “o‘zbekchilik”da bunday keng yoyilgan illatlar yo‘q. “O‘zbekchilik” soddaroq odamning yaxshi yashash istagi, xolos. Ammo u shovinizm emas.
— Qilmasa bo‘lmaydigan, lekin vaqt ajratolmayotgan, biror hamkasb shogirdingiz amalga oshirsa xursand bo‘ladigan ish deb nimani ayta olasiz? Shu yoshda nimani orzu qilgan bo‘lardingiz?
— Dunyo adabiyotlari, falsafiy, ijtimoiy, ilmiy tafakkurini amaliyot manfaatlar uchun qiyosan keng miqyosda o‘rganib borish kelajak uchun ulug‘ samaralar beradi. Doim dunyo bilan bo‘ylashaylik. Har kim o‘z ishini oxirigacha o‘zi qilishi kerak. Aql va Yurak hayotning barcha holu holatlarida to‘xtovsiz ma’no kasb etishini orzu qilaman. Yurak va Aql ma’no kasb etsa, hamma sohada taraqqiyot va taraqqiyotda ma’no bo‘ladi. Bu romantik gap emas. U koinot voqeligi taqozosi.
— Bir tilak ayting.
— Dilimiz, tilimiz, tilagimiz bilan bir bo‘lsin! Xudo — mehribon!
Shodmonqul Salom suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 38-sonidan olindi.