Halima Xudoyberdiyeva: “Men Turonning qadim qo‘ng‘irog‘i…” (1997)

Men kasbim yuzasidan ustoz, O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning Mohi va Kamola ismli jondan aziz farzandlari bilan o‘zbek tili va adabiyoti yuzasidan yil davomida mashg‘ulotlar olib borganman. Dars mashg‘ulotlarimiz gohida shoiraning uyida, ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tar edi. Darsdan so‘ng gohida opa bilan adabiyot, she’riyat, ijod, ulug‘lar ruhi, merosi, davr, evrilishlar xususida ham soatlab suhbatlashar edik. Bu haqda ustoz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diyga  aytganimda, ustoz menga “Halima bilan suhbat uyushtir” degan taklifni berdi. Ustozning bu takliflarini Halima opaga aytganimda, opa nihoyatda xursand bo‘lgan edilar. Xullas, bu suhbatimiz shu asosda dunyoga kelgan. Ustoz Mahmud Sa’diy suhbatni 1997 yil “Guliston” jurnalining  5-sonida nashr qildirgan. Hozir oramizda bu ikki ulug‘ ijodkorlarimiz, so‘z ustalarimiz yo‘q. Olloh rahmatiga olsin! Ammo ulardan so‘z mulki, ko‘ngil mulki bizga meros bo‘lib qoldi.

— Halima opa, xalqimiz bog‘ning ko‘kalamzorligi birinchi yomg‘irning ta’siri bilan chiroyli bo‘ladi, deyishadi. Shoirning ilk ijod namunasini ham ma’lum ma’noda birinchi yomg‘ir tarovatiga qiyoslasak mubolag‘a bo‘lmas. Birinchi she’ringiz nima haqida edi va nima deb atagansiz?

— Birinchi she’rim otga bag‘ishlangan. Yettinchi sinfda adabiyot o‘qituvchimiz bittadan she’r yozib kelishni vazifa qilib topshirganlar. Men o‘shanda “Olaqashqa” degan she’r yozanman, oldin ham yozib yurardim. Otamning Olaqashqa nomli arabiy otlari bo‘lib, rangi qoramtir ko‘k, peshonasida oqi bor edi, o‘ziyam otmisan ot edi-da! Xullas, bu she’r uchun o‘qituvchimdan iliq, samimiy maqtovlar eshitganman. O‘qituvchim she’rimni rayonimizning “Lenin yo‘li” gazetasiga jo‘natganlar. Matbuotda ko‘rinishim o‘shandan boshlangan.

— Ilk to‘plamingizni, adashmasam, yigirma yoshingizda kitobxonlarga hadya etgansiz. Kitobga nomni hukm va xulosangiz go‘zal tashbehga omuxta bo‘lgan “Ilk muhabbat” nomli to‘rtligingiz asosida qo‘yganmisiz?

— O, ilk muhabbatim, iliq muhabbat,
Totli tuyg‘ularga to‘liq muhabbat.
Bahor quyoshiday issiq bo‘lginu
Bahor havosiday o‘zgarma faqat.

To‘plamga mana shu to‘rtlik asosida nashriyotdagilar nom qo‘yishgan. Lekin o‘zimga ham bu nom ma’qul kelgan. To‘plamdagi she’rlarimni Rasul Hamzatov, Mejelaytes ta’sirida yozganman. Rasul Xamzatovning to‘rtliklarini, Mejelaytesning “Inson” kitobini o‘quvchilik davrimda yoddan bilardim. Yonib o‘qirdim. Otamning ismlari Ummatqul edi. Abdurahmon aka degan ulfatlari bor edilar, uyimizga kelsalar otam: “Abdurahmon, mening qizim butun kitobni yoddan biladi, ishonmasang so‘rab ko‘r, o‘zimning qizim-da!” – deb maqtardilar.

— Halima opa. She’rni qaysi vaqtda yozasiz? Tundami yoki sahardami?

—Faqat tunda ishlaganman. Umr bo‘yi. Men tundagi ishdan qoniqaman, fikrim tunda quyilab keladiganday tuyuladi. O‘quvchilik davrimda ham tunlari o‘tirib ishlardim, bu holatimdan onam tashvishga tushardilar. Esimda, ba’zan yarim tunlari koyib, chiroqni o‘chirib ketardilar. “Uvuz etida kuyib ketadi” deb bezovta bo‘lar ekanlar. Hammasi uyqu, orom evaziga, o‘rniga bo‘lgan-da, lekin ularni azob deb o‘ylamayman.

— Qaysi she’rlaringizda biror aniq voqea yoki shaxs taqdiri makon topgan?

Deyarli har bir she’rimning o‘z tarixi, zamini bor.

“Ilinj” dostonim onam Sharofat Xonnazar qizining hayoti haqida. Dostonni boshdan-oxir yig‘lab yozganman. Onam o‘ttiz besh yoshlarida olamdan o‘tganlar. Paxta dalasida ishlab yurganlarida dorilangan suv ichib qo‘yganlar… Men u paytlarda ikki  yoshda ekanman, onaizorimni eslay olmayman,  loaqal bir dona rasmlari ham qolmagan. Shu yoshdan boshlab xolam bilan amakimning qo‘lida katta bo‘lganman. Onamning o‘limoldi holatlarini xolam aytib berganlar. Dostonda onam timsolini Gulnor obrazida tasvirlaganman. Onam qazo qilgan kundan xolam menga o‘zini “ona” deyishga o‘rgatgan ekanlar.

— Bilasizmi, Halima opa, dono xalqimizning “Ota-onaga suyangan farzand soyadek yerga yiqilmaydi” degan hikmati bor. Tushunsak, bu hikmatda ham gap katta ekan, ba’zan men ham otamni sog‘inib ketaman, ko‘rgim keladi, maslahat va tanbehlarini eshitgim keladi. Shunday paytlarda Sizning “Qo‘msash”, “Oq olmalar pishganda” she’rlaringizni o‘qib bir taskir topaman. So‘ng xayolimda otam: “O‘kinma, qizim, ko‘nglingni hech qachon yarim qilma, birovning noniga ko‘z tikma, do‘st-dushman oldida ko‘zyosh to‘kma, qayerda yurma, qayerda  bo‘lma doim ruhan o‘zim qo‘llayman, madad bo‘laman deganday bo‘laveradilar. Men ham: “Otajon, Siz uchar bo‘lsak qanot, qo‘nar bo‘lsak ravom edingiz. Ruhingiz qo‘llasin”, deb xuddi o‘ngimda gaplashganday bo‘laman.

— Umuman, Robiya, odam bolasini o‘tmishi, kechmishi shoir qiladi, ijodga yo‘llaydi. Menimcha, bolalikda ko‘rgan, eshitgan, his qilgan tasavvurlar va gaplar qo‘llaydi. Esingizda bo‘lsa, jumhuriyatimizda “Abadiy qadriyatlar va Ahmad Yassaviy” xalqaro ilmiy anjumani bo‘lib o‘tgandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya vav Boshqirdistondan vakillar, ko‘plab mehmonlar ishtirok etishdi. Juda savobli ish bo‘lgandi. Mazkur anjumanda men ham chiqish qilishim kerak edi. O‘shanga tayyorlanishda ham onamning xolamga aytgan vasiyatlariga tayandim, maqolani juda yengil va qisqqa muddatda yozdim. Onam bu foniy dunyoda umrguzaronliklarini tugatib, holdan toyib borayotganlarida shunday degan ekanlar: “Qarshigul, sen hech narsani ko‘rayotganing yo‘q, qoshimga bir oppoq soqolli nuroniy odam kelyapti. Nazarimda. Muhammad payg‘ambarimiz, qara, ul zoti pokning chehrasidan nur taralyapti. Menga bir bilakuzuk tashladi, qaragin, qanday chiroyli-ya. Meni olib ketsalar kerak.  Bolalarimga o‘zing onalik qil”.

— O‘sha chiqishingizni eshitgandik, matbuotda o‘qigandik. Odam qalbini qalqitadigan chizgilaringiz yodimga keldi: “Ey qadim Turkistonning mo‘minu musulmonlari, muslim va muslimalari, oyoqqa qalqing, bugun qanday ulug‘ kunlar kelganligining xushxabari har biringizning ko‘nglingizga borib yetsin. Xuddi hayotlik vaqtlaridagidek gurkirab, pok chehralarining ilohiy nuri to‘rt tomonni birday yoritib maqolati oliy va karomati cheksiz valiyulloh Ahmad Yassaviy kelmoqdalar. Atroflarida turkiy dunyoning piru buzruklari Yusuf Hamadoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Sulaymon Boqirg‘oniy, Yunus Emro, Vaysal, ulug‘ Navoiy. Sohibqiron Temur… Shoshilaylik. Azizlar, tavofga shoshilaylik. Faqat biz ularning huzurlarig‘a boshimizni ikir-chikir noqis fikrlardan, qo‘limizni bor keraksiz narsalardan bo‘shatib, poklanib yorug‘ yuz bilan chiqaylik. Tariqatimizning taqozosi shu”.

— Rahmat. Arman xalqining ijodini ko‘zlariga surtib o‘qiydigan klassik shoiri Narekatsi besabab butun boshli bir kitobni “Bul kitob ohu fig‘onimdir mening” deb atamagan. Kulfatda shuhrat, shuhratda ofat bor, – kabi hikmatlar bejiz dunyoga kelmagan. Onam, otam haqida she’rlarim ko‘p. “Bir o‘rim soch tarixi” nomli she’rim xolam-onam Qarshigul Xonnazar qizining hayot yo‘li haqida.

— Halima opa, mana, xalqimizning qadimiy an’ana vav urf-odatlari qayta jonlanmoqda. Demoqchimanki, adabiyot ham milliy an’analarga tayanadigan so‘z san’ati. Undagi ruhiyat, tasavvur, e’tiqod ruhiy qarashlarning o‘ziga xos ko‘rinishi milliy xususiyatlarga yo‘g‘rilganligi bilan ajralib turadi. Umr bo‘yi hayotning ichida bo‘lgan shoir, xalq turmushini, talab ehtiyojlarini ko‘zi bilan ko‘rib, yuragi bilan anglab turadi va ijodiga singdirishni shoirlik burchi deb biladi, natijada, ijodida xalqchillik, milliylik chuqurlashadi. Biroq insonning ma’lum bir ma’naviy olamini berishda urf-odatlarni aynan keltirish, poetik materialga aylantirish, qiyosga tortish shoirdan mahorat talab qiladi. Sizning ijodingizda ko‘pkari o‘yini, momojon va onajonlarimizning urchuq, ip yigirish, o‘rmak to‘qish odatlari, qaynona va kelin munosabati bilan bog‘liq an’analarimiz asosida, yordamida chiroyli, jonli xalqona obraz. Lavhalar chizgansiz, fikr mulohazalar bayon etgansizki, bu ayniqsa, “Kimdir o‘rmak to‘qir”, “Bekachim, pishiqroq yigirgin meni”, “O‘zgalar o‘rmagi”, “Chevaramga yozganlarim”, “Yo, falak”, “Sayram baxshining aytganlari” kabi baxshiyonalaringiz, she’rlaringizda yaqqol seziladi. Bu nozik nuqtalarga ko‘proq murojaat qilishingizning sababi nima?

Xalqimizning qadimiy an’analari, odatlari yo‘qolib ketmaydi. Bu qadriyatlar xalqning ko‘ngil ko‘zini ravshan qiladi. Men ko‘proq murojaat etgan nuqtalar esa go‘dakligimdan tanish, ya’ni, ko‘z o‘ngimda o‘tgan. Men shunday muhitda o‘sganman. Otam chavavndoz bo‘lgan.

Qishloqda to‘ylar ko‘pkarisiz o‘tmasdi, o‘zimiz ham ba’zan ot minardik. Men otni yaxshi ko‘raman, ot deganda menda bir ilohiy kuch gavdalanadi. Qadimgi rivoyatlarda, afsonalarda otni quyoshga mengzaydilar. Ot hamma hayvonlarning tilini bilgan Sulaymon payg‘ambar davridan boshlab inson xizmatiga, izmiga tushgan ekan. Egasiga juda vafodor jonzot, shu bois bo‘lsa kerak xalqimiz “Ot aylanib qozig‘ini topar”, “Ot bitdi – qanot bitdi”, “Ot – yigitning qanoti”, “Ot oyog‘idan topar, odam qo‘lidan” kabi hikmatlar yaratgan.

Men yoshligimdan boshlab xolam-onajonimning yonlarida o‘tirib iroqi do‘ppi tikardim, gilam, pat turlarini chalardim, yetti-sakkiz, o‘n ikki, o‘n to‘qqiz juft, qoqma, g‘ajari kabi olacha, gilamlar turlarini to‘qirdik. Hozir ham o‘zim nusxalar chiqarib, to‘qiy olaman. Bular xalqimizning o‘ziga xos tomonlari. Qishloqlarimizda bu odatlarimiz hamon saqlanib qolgan, davom etib kelayapti.

— She’rni she’r qilgan, unga qudrat baxsh etgan vositalardan biri obrazdir. U shoirning g‘oyaviy estetik niyatini ifodalashda muhim rol o‘ynaydi. She’rlaringizda olma (oq olma), olcha guli (oqish, qizg‘ish) kabilarni poetik obrazga tez-tez tortib turasiz. Olma folklorning turli janrlarida muhim badiiy detal bo‘lib keladi. Olma bilan bog‘liq olma farzand, olma otib yor tanlash, olma yeyish – visol, olma – muhabbat kabi motivlar mavjud. Sizda esa yuqorida keltirilgan motivlardan tashqari yo‘qotish, sog‘inch, xotira kabi ohanglar ham borligini ko‘ramiz. “Yillar osha ukalarim takrorlab yurar mendek: “Biz otamdan ayrilganmiz oq olmagan pishganda”. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin, keng qo‘llashingizning sababi nima?

Sirdaryoning  Boyovut tumanida bizning juda katta bog‘imiz bo‘lar edi, hozir ham bor, siyraklashib qolgan. Bog‘imiz olmazor va olchazor edi, katta-katta oq olmagan bo‘lardi. Otam doimo bog‘da ishlar, payvand qilishga usta edilar. Otamning kurtaklarga puflab payvand qilishlari hozir ham ko‘z o‘ngimda turibdi. Otam bog‘da ishlaganda bizga ko‘p narsalar aytib berar va “Aylansin quling” ohangida ajoyib qo‘shiqlar kuylardilar. Hamon quloqlarim ostida ovozlari jaranglab turadi. Otam ayni olma pishig‘ida o‘tdilar… Umuman, bolalikdagi hayrat, to‘lqin, tabiatga yaqinlik tufaylidir.

— Hazrat Ali: “Aql yurakda joylangan”, degan ekanlar. Badiiy kalomga, Sizningcha, aql, idrok, yurak qanday madad beradi?

Men bu narsalarni o‘zaro bog‘liq deb o‘ylayman. Aql, idrok va yurakda katta jasorat bo‘lmasa, ijod uzoqqa bormaydi, yarim-yorti yo‘lda qolib ketadi. Mening maqsadim: “Yashashmi – yonib, yengib yashash. Boshqasi ortiqcha gap”.

— Bilasizmi, Halima opa, sug‘batimizdan Sizning iste’dod va ijodingizning yana bir xususiyatini sezdim. Deyarli barcha she’rlaringizni yoddan bilar ekansiz, Yusuf Xos Hojib bobomiz shuaro ahlini so‘z teruvchilar deydi. Shunday ekan, so‘z terishdagi badiiy mahorat degani nima?

Ajoyib baho. Mahoratni mehnat deb bilaman. Erinmay qilinadigan qora mehnat yuksak mahoratni keltirib chiqarsa ajabmas. Bu haqda rus shoiri Robert Rojdestvenskiy: “Eng qora ish, eng toza ish – bizning ishimiz”, – deb to‘g‘ri e’tirof etgan. Uzoq ishlamasam, ijod ma’nosida, savodsiz odamga o‘xshab qolaman. Mahoratni mehnat yaratadiyu, albatta, ko‘radigan ko‘z, his qiladigan qalb bo‘lishi kerak. Har kimga Xudo bersin. Xudoning marhamatimi, zahmatimi, har holda bergani yaxshi-ku! Xalqimizda “Suyak suradi” degan gap bor, otamning onalari Oltin enam el ustida yuradigan baxshi bo‘lgan. Onamning onasi Tillo enam so‘zga chechan bo‘lgan. Ba’zida qarindoshlar “oltin bilan tilloning qorishmasi” deb hazillashishadi. Mamatqul amakim bo‘lsa, do‘mbira chalib, doston kuylab davralarga, to‘y-ma’rakalarga fayz berib yurganlar. Baxshiyonalarimdan “Baxshining to‘ydagi kurashda aytganlari”, “Ko‘zi borlar to‘g‘ri yo‘lda yurmasa” kabi asarlar shu Baxshi Mamatqul amakim haqidadir…

Hazrat Navoiyni oling, ba’zan shunday zotning yashab o‘tganiga hayratlanaman. Chingiz Aytmatov, Abdulla Oripovdagi samimiyat  tortadi, ular yerdagi odamlar emas. Nazarimda ular yerdan balanddagi sirli salohiyat.

— Halima opa, ijodingizni sinchiklab kuzatar ekanman, ularning umumiy ruhida men qadimiy an’analarimizga sadoqqat, o‘tmish salaflarimizga mehru muhabbat bilan bir qatorda merosiy go‘zal bir da’vogarlikka duch kelaman. Xususan, “Inshoolloh” she’ringizda aytganingizday:

         Inshoolloh, bo‘lsa umr vafosi
         Men xalqimning suyanch tog‘i bo‘lurman.
         Nodiraning qayta kelgan sadosi,
         Turk Turonning qo‘ng‘irog‘i bo‘lurman.

Shunday g‘ururni ko‘taradigan, insonni ko‘zlagan katta maqsadlar yo‘lida oyoqqa qalqitadigan, kuch beradigan tuyg‘ular oqimi qanday paydo bo‘ladi? Shu haqda bir-ikki og‘iz gapirib bera olmaysizmi?

Robiyajon, o‘zingiz “tuyg‘ular oqimi” deb to‘g‘ri qayd  etdingiz. Bu xil  tuyg‘ular oqimi haqida gapirib berish qiyin. Uni faqat his qilish mumkin deb o‘ylayman. Vujud-vujudim bilan qanday his qilsam, shunday qog‘ozga tushiraman. Bu tomoni endi qodir Ollohning inoyati deb o‘ylayman. Sal oldinroq xuddi shu ruhda kichkina bir she’r yozgandim:

Men Turonning qadim qo‘ng‘irog‘i men,
         Jarang bersam qir-dalasi uyg‘onar.
         Arosatda biroz tindim chog‘i men
         Sahar ko‘nglim shalolasi uyg‘onar.
         Bolam kimsan, kim bobongning qotili?
         Bilarmisan turkning to‘qson zotini?
         Tomirimda chiqqudayin otilib,
         Nayman onaning nolasi uyg‘onar.
         Qo‘ymam to‘ngan ko‘l, g‘amlarga cho‘mgani,
         Yerparchin ham ko‘taradi o‘mganin.
         Tobutda har manguga ko‘z yumgani,
         Beshikdagi har bolasi uyg‘onar.
         Men Turonning qadim qo‘ng‘irog‘iman.

— Halima opa, o‘tmish shoirlarimizdan kim ko‘proq ko‘nglingizga yaqin?

Ularni sanab ado etib bo‘lar ekanmi? Hazrat Yassaviymi, hazrat Navoiymi yo ulug‘ Boburmi? Aytaylik, o‘z ko‘z yoshlariga o‘zi toyilib borayotgan Ogahiymi yoki har bir to‘rtligi butun fikrat dunyosini ag‘dar-to‘ntar qiladigan Puryovaliy Pahlavon Mahmudmi… Mana bu to‘rtlikka e’tibor bering:

         Yo‘lga qara, yo‘lni ko‘rarlar ketdi,
         Boshla o‘zing, boshda yurarlar ketdi.
         Qavmingga borib, holini so‘r, qil yo‘qlov,
         Yo‘qlab seni, holingni so‘rarlar ketdi.

Bugun bizga ona bo‘lgan bu tabarruk tuproq, Vatan, dunyoga mana shunday betimsol piri komil, piri murshid, valiyullohlarni berganki, ularga haqiqiy muridlik ham har kimning qo‘lidan kelmaydi deb o‘ylayman. Keyingi vaqtlarda ko‘proq dilimga Bedil yaqin. Quyidagi yanglig‘ she’rlar meni larzaga keltiradi:

Foniy bo‘lsam-da baqo shul yerdadir,
         Baxtu kulfat mutlaqo shul yerdadir.

         O‘z dilimni tark etib ketgum qayon,
         Bor umid, bor muddao shul yerdadir.

         Pok dil, xurram yasha borliq aro,
         Garchi husni bevafo shul yerdadir.

         Yo‘q, buningdek fazlu nuqson, izla ming.
         Ming saodat, ming balo shul yerdadir.

         Zorman… diydorga eltar karvon,
         Qo‘ng‘irog‘idan sado shul yerdadir.

“Shul yer” haqida bundan xush nafasroq, tamannoliroq. Chiroyliroq, zamonaviyroq she’rni uchratganmisiz? Jannatmakon klassiklarimiz, ustozlarimiz hamisha hamma zamonlarning eng tiniq, eng go‘zal va eng zamonaviy shoirlari bo‘lib qolaveradilar.

— Yasholmayman quvonib yo g‘am chekib kam-kam,
Hayotim yo jannat bo‘lur, yo dud, jahannam.

Halima opa, bu satrlaringiz menga Lermontovning keskin, aniq, jozibador xulosali she’rlarini eslatadi. Siz bu xulosaga qachon kelgansiz? Demoqchimanki, yuqoridagi satrlar bilan tugallangan she’ringizni necha yoshingizda yozgansiz?

Adashmasam,  universitetning 2-kursida o‘qirdim. Bu juda eski she’r.

— Qozoq xalqining bugungi jasoratli shoirlaridan Xonimoy Yesenqorayeva bilan tanishib qoldim. Xonimoy opaning e’tiroflaridan oralaringda katta do‘stlik borga o‘xshaydi. Bu do‘stlik qanday boshlangan?

Biz Xonimoy bilan xalqimizning og‘ir, qayg‘uli, dardli kunlarida tanishganmiz. Farg‘ona. Qo‘qon faryodlari unutilmagan, O‘sh-O‘zgan fojeasining olovlari charsillab turgan vaqtlar edi. Biz ildizi bir, bir-biriga yovuq ikki xalq farzandlari sifatida yaqinlashganmiz, do‘stlashganimizdan yayradik. Boshimizdagi falokat, qora g‘amlardan ezildik. Birgalashib yig‘ladik. O‘shanda mening “O‘sh-O‘zgan fojeasi” turkum she’rlarim “Adabiyot va san’at” gazetasida bir bet bo‘lib bosilgan edi. Honimoy o‘sha she’rlarimning hammasini bir hafta ichida qozoqchaga o‘girdi. Talant bilan, asliday o‘girdi va tez orada o‘zlarining “Nurli jol” gazetalarida e’lon qildi. Ko‘zingiz tushgan  bo‘lsa, gazetada o‘sha she’rlar “Unutganning kuysin ikki dunyosi” nomli umumiy sarlavha ostida bosilgandi. Hech  narsa, hech qachon – yaxshi kun ham, yomon kun ham – unutilmasligi kerak. O‘shanda u kunlarning og‘riqlari his etib turiladi.  O‘shanda o‘shanday kunlarni qaytarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Men hozir sizga o‘sha she’rning oxirini  aytaman:

O‘tgan o‘tdi, bo‘lmas ortga qaytarib,
         Faqat yurak zirq-zirq sanchgan paytlari
         Ota Turkdan tarqalganga aytarim:
         Unutganning kuysin ikki dunyosi.

— Halima opa, sherlaringizni mutolaa qilar ekanman, oq bilan qora, rost bilan yolg‘on, diyonat bilan xiyonat, qabohat oralig‘idagi mojarolar, munosabatlardan hayrat, hayajonga tushaman, ba’zan ko‘ksimga og‘riq turib, ko‘zimga yosh to‘lsa, ba’zan sururlanib havolanaman. Ayniqsa, ko‘tarinki, da’vatkor she’rlaringizda. Masalan, “Bolalarim, qadni ko‘taring!” she’ringiz qachon, qanday turtkilar sabab dunyoga kelgan?

To‘g‘ri aytdingiz, Robiyabonu, hech narsa besabab dunyo yuzini ko‘rmaydi. Agar bir xalq sifatida, shaxs sifatida silliq yashab kelganimizda. Yo‘limiz tekislik va o‘nqir-cho‘nqirlar, ko‘tarilish va pasayishlardan iborat bo‘lmaganda haqiqatan ham, ehtimol, asarlarimiz silliq, ziddiyatli ranglarga qorishmagan bo‘larmidi… Qayerdadir eshitganim bor. To‘p, oddiy to‘pni yerga qanchalik kuch, zarb bilan urilsa, to‘p shunchalik yuqoriga sapchishi haqida…

Buyog‘i Farg‘ona, Parkent, Bo‘ka, Qo‘qondagi fojealar, buyog‘i paxta yoki “O‘zbek ishi”day xalq boshiga tushgan qora kunlar to‘zonlari… Bu voqealar ruhni iskanjaga olmasligi, yerga urmasligi yoki ko‘kka sapchitmasligi mumkinmidi? “Bolalarim, qadni ko‘taring!” o‘sha to‘fonli kunlar to‘zonlari orasida yozilgan:

O‘tgan qora kunlardan hali-hanuz karaxtman
         Har yaprog‘i yurakday titrab turgan daraxtman.
         Shu holda ham oldinga tashlanguvchi tik shaxdman,
         Bolalarim, qadni ko‘taring.

         Tekinxo‘r ataldingiz, bu xo‘rlik meni yedi,
         Mushtumzo‘r ataldingiz, bu zo‘rlik meni yedi,
         Bu karlik meni yedi, bu ko‘rlik meni yedi,
         Boshimdan zulmatni ko‘taring!

         Tushlarimda To‘maris yuraklari uzilib,
         “Tuyoqlarim to‘zdi”, deb yig‘layverar ezilib,
         So‘ng, tongacha uyqu yo‘q… chap ko‘krakni tig‘ tilib,
         Ko‘ksimdan bu dodni ko‘taring!

         Bobo Temur uyquda… Temurlarim siz turib,
         Qo‘zg‘olgan yetmish ikki tomirlarim siz turib,
         Ishongan hoqonlarim, amirlarim siz turib,
         Xokisor millatni ko‘taring!

         Qalbga ening,
         Qadim turk chinorlari tiklansin.
         Qon-qardoshning chin do‘stu chin yorlari tiklansin.
         Har yurakda bir Turon minorlari tiklansin.
         Ulug‘ mamlakatni ko‘taring!

— Halima opa, qadim xalqimizning hamma zamonlarda ham “bir qadam oldinga o‘tgan”, kelayotgan to‘fonlarga qalqon bo‘lgan fido farzandlari, vatanparvarlari, millatparvarlari bo‘lmaganda, u xalq sifatida o‘zini bugungiday butun va tik saqlab qololarmidi? Yuki juda zalvorli bo‘lgan erk bayrog‘ini o‘z qo‘llarida tutib turolarmidi? Umuman, mana shunday xalqning o‘sish, o‘tish jarayonlarida ijodkor o‘rnini qanday belgilaysiz?

Juda oddiy. Xalqqa tarqatilishi, singdirilishi kerak bo‘lgan ma’naviyatday yukning asosiy qismini ijod ahli ko‘tarishga mas’ul. Shuning uchun ham ijodkorlikni, shoirlikni – qismat deyishsa kerak. U tirik ekan (dunyodan o‘tib ketganda ham) har qanday sharoitda ogoh qo‘ng‘iroqday jaranglab turmoqqa mahkum. Bu haqda otashnafas, isyonkor shoirimiz, rahmatli Shavkat Rahmon naqadar o‘rinli aytgan:

         Nahotki she’rlar aytdim bo‘shliqqa qarab,
         Nahotki sovrildi olov so‘zlarim.
         Nahotki haq bo‘lsa elu yurt asli
         Quruq so‘zlar degan gumroh do‘stlarim?

         Nahot bekor o‘tdi
         Gulday umrimning
         Ming yilga tatirlik oltin choqlari,
         Nahot biror ruhni uyg‘otolmadi
         Shoir yuragimning qaldiroqlari?..

         Nahotki birorta dilga yetolmay
         Behuda sarflanib qancha kuch, chidam.
         Kelib ketaverar yorug‘ dunyoga
         Kelib ketaverar menday kuychilar?

         Menga minbarlarmas, Unvonlar emas,
         Latta chechaklaru ehsonlar emas,
         Olov bir sahroni, yurtim xayoli
         Nurda gurkiragan sahro bering, bas

         Erku muhabbatning muxtor elchisi
         Yotmasman tuproqda do‘nib, tinchlanib,
         Jasadim tirikdir yorug‘ dunyoda
         Oyning sinig‘iday chaqnar sinchlarim.

         Agar yetti qavat yerning qa’rida
         Yotsam-da larzaga solib havoni,
         Elimning yuragin  Topar bari bir
         Jismimni kuydirib uchgan ovozim.

Yo‘q, betimsol shoir yuragining tug‘yonlari behuda sarflanmadi! Bugungi Ona O‘zbekiston erkining himoyasida turgan botir o‘g‘lonlar safida o‘zbek she’riyatining o‘lmas Shavkat Rahmonday daryosidan suv ichgan jangari, jismi-joni o‘t-olov bolalar bor!

Afsuslar bo‘lsinki, bu maqomi baland qo‘ng‘iroq jarangini tirikligida biz oz eshitdik, oz ko‘rdik. U juda kamsuqum yashab o‘tdi.

— Halima opa, Siz muqaddas xalq, yurt, Vatan kabi mavzularga qo‘l urganingizda o‘zingizning qayerdadir ishlatgan bir iborangiz bilan aytganda, “bir darajada ko‘tarilasiz”. Ovozingiz balandlaganday, qulochingiz, qanotingiz kengayganday tuyuladi mening nazarimda. Tabiatda fasllar almashinib turganday, inson qalbida ham turfa xil jarayonlar kechadi. Bugun-chi, Halima opa, bugun bu xususdagi fikrlaringiz qanday?

— Robiyajon, bir-ikki kun oldin Olloh menga bir she’r bergandi. Oxirgi she’rim o‘sha edi, shekilli. Hozir o‘shani o‘qiyman. Savolingizga shu she’r javob bo‘ladi deb o‘ylayman.

HAQQIM YO‘Q…

Bilaman, na siymu, na zar ketsa ham,
Yonimdan do‘stimu digar ketsa ham,
G‘amlardan qon bo‘lib jigar ketsa ham,
Ko‘zga yosh olmoqqa mening haqqim yo‘q.

Tungi dashtlari-yu darasidan-da,
Kir-chir yomg‘irlarin orasidan-da,
Men ovoz beraman kutilmagan dam,
Ko‘zdan yo‘qolmoqqa mening haqqim yo‘q.

Vatan, kulsin doim boshingda omad,
Xush kuning bo‘lsam ham unutilgan xat.
Qo‘pmasin, boshingda qo‘nsa qiyomat,
Chekkada qolmoqqa mening haqqim yo‘q.

Bosmasin, yov bossa erkning rohini,
Qon bilan yozgayman elning ohini,
Boshim ketganda ham jang kulohini,
Boshimdan olmoqqa mening haqqim yo‘q.

— Halima opa, Siz kuni kecha Turkiston safari, Ahmad Yassaviy hazratlari ziyoratidan qaytdingiz, ko‘nglingizdan qanday tuyg‘ular kechayapti?

— Qaytib kelgan piri-komillarimiz oyoqlarining gardi ko‘zlarimizga to‘tiyo bo‘lsin. Tuyg‘ular dedingizmi… ko‘ngildagi tuyg‘ular xususida Olloh umr bersa, xali umr bo‘yi o‘ylaymiz, yozamiz, chog‘i. Hozir qisqacha shunday deyish mumkin.

Turk dunyosida qachonki inqirozlar davri bo‘lgan bo‘lsa, bu o‘sha bizning qadimiy bebaho meroslarimiz – suluklarimiz – Yassaviya, Naqshbandiya va boshqa tariqu tamoyillarimizdan chekinish davrlariga to‘g‘ri kelgan. Jamiyatdagi inqirozlar, ko‘ngildagi buzilishlarning ildizlarini men o‘sha suluklarimizdan yiroqlashib ketganligimizda deb bilaman.

Rasuli Akram bir hadisi shariflarida “O‘lmasdan burun o‘linglar” deb marhamat qilgan ekanlar. Ma’nosi budir, siz bu dunyoga kelgan ekansiz, o‘zingiz o‘lmasdan burun nafsingizni o‘ldiring, o‘z ichidagi nafs balosini o‘ldirib ko‘ngil ko‘zini to‘qlab olmagan odam ustozi ulug‘ Ahmad Yassaviydek:

Oqil ersang g‘ariblarning ko‘nglin ovla,
Dunyoparast nojinslardan bo‘yin tovla,

kabi  satrlarni bitmoqqa o‘zida ma’naviy huquq sezarmidi?

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, Halima opa!

— Omon bo‘ling, Robiyabonu!

Suhbatdosh:   Burobiya Rajabova

“Guliston”. 1997. 5-son. 26-30-betlar.