Ma’rifatparvar ajdodimiz Abdurauf Fitrat “Ishtirokiyun” gazetasining 1919 yil 12 iyundagi 32 sonida e’lon qilingan “Tilimiz” nomli maqolasida shunday deb yozadi: “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so‘zning to‘g‘risi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili yana shu turkchadir”.
Chindan ham o‘zbek tilining keng imkoniyatini ilg‘ay olgan ijodkor uning e’tirof etilishi, e’zozlanishini istashiga haqli edi. Bugun esa ana shunday ezgu orzularning ro‘yobga chiqqani — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga yigirma yil to‘ldi.
O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Baxtiyor Mengliyev bilan suhbatimiz kishilik jamiyatida tilning paydo bo‘lishidan tortib, o‘zbek tilining qadim tarixi, buguni, qolaversa, bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida bo‘ldi.
— O‘zbek tilining qadim tarixga egaligi ko‘pchilikka ma’lum. Ammo hamma ham uning chuqur ildizidan xabardor emas. Suhbatimiz avvalida tilimizning paydo bo‘lish tirixi haqidagi fikringizni bilmoqchi edik.
— Ma’lumki, o‘zbek tili boshqa turkiy tillar bilan umumiy ildizga ega. Qarluq qavmlarining lahjalari turli davrda o‘g‘uz, uyg‘ur, qipchoq kabi turkiy, shuningdek, eroniy, arab, mo‘g‘ul kabi noturkiy qavm vakillari lahjalarini o‘ziga singdirib, IX-X asrdan e’tiboran boshqa turkiy tillardan fonetik, leksik-grammatik jihatdan farqlanuvchi til sifatida ajralib chiqa boshlaydi. O‘ziga xos shakl-shamoyildagi bu til mustaqil taraqqiyotga yuz tutgan. Asosiy negizini O‘zbekiston hududida yashovchi turkiy xalqning qarluq toifasiga mansub aholi tashkil etgan qoraxoniylar davlatining o‘rnatilishi va unda rasmiy saroy tili sifatida, Mahmud Qoshg‘ariy ta’biri bilan aytganda “turki xoqoniy”ning e’tirof etilishi yuqoridagi fikrning dalilidir.
Eski turkiy til atamasi bilan yuritilgan bu til turkiy, sharqiy turkiy, chig‘atoy tili kabi nomlar bilan ham atalgan. Ammo uning umumturkiy tildan ajralib, alohida yaxlitlik maqomiga ko‘tarilganini, boshqa turkiy tillardan farqli xususiyatini asoslash, fonetik, leksik-grammatik xususiyatlarini tavsiflash ijtimoiy, qolaversa, ulkan ma’naviy-mafkuraviy ahamiyatga ega edi va u davr talabi sifatida namoyon bo‘ldi. Bu vazifani ado etish turkiylardan yetishib chiqqan, XI asrda yashab o‘tgan tilshunos Mahmud Qoshg‘ariy zimmasiga tushdi. Bejiz u “turkiyshunoslikning otasi”, “turkiyshunoslik bahodiri” sifatlari bilan ulug‘lanmagan. Mahmud Qoshg‘ariy qoraxoniylar davlati xalqini turk (turklar) atamasi bilan qayd qildi, ularni va ularning tilini, avvalo, shu mintaqada yashayotgan o‘g‘uz, turkman va uyg‘ur kabi qavmlar hamda ularning tillaridan farqladi. Ayni shu til bugungi o‘zbek tili, dilbar ona tilimiz edi.
Mashhur turkiyshunos olimlar V.Radlov, A.Kononov (Rossiya), Mahmed Fuad Ko‘pruluzoda, Ahmad Arat, Basim Atalay (Turkiya), Kari Brokkelman, Anna Mari fon Gaben (Olmoniya), Yiliy Nemet (Mojoriston), Karl Menges, Omelyan Pritsak (AQSh) kabilarning ta’kidlashicha, qarluq (o‘zbek) tili «Qutadg‘u bilig» yoki «Devonu lug‘atit turk»da aks etgan holatiga kelishi uchun kamida 300-500 yillik tarixga ega bo‘lmog‘i kerak. Bu esa o‘zbek tilining ildizi eramizning 5-6 asriga borib taqalishi haqidagi xulosaga kelishga asos bo‘ladi. Demak, tilimiz ildizlarini ming yillar naridan izlashimiz lozim.
— Bilamizki, dunyoda hozirgi kunda umuman iste’molda bo‘lmagan bir nechta til ham bor. Hatto dunyoda ba’zi tilda 4-5 kishigina gaplashar ekan, xolos. Sizningcha, tilning iste’moldan chiqishi yoki yo‘qolib borishining asosiy sababi nima?
— Dunyoda taxminan 3000 dan (ba’zi manbada keltirilishicha, ular 7000 mingga yaqin) ortiq til bor. BMT rasman 2976 tilni qayd etgan. Tillarning ayrimida bir necha o‘n, hatto yuz millionlab kishi gaplashsa, ba’zisida bir necha ming, yuz, hatto siz aytgandek, sanoqli kishigina gaplashadi. Masalan, Kongoda aholi 500 tilda, Indoneziyada 250 tilda, Sudanda 117 tilda gaplashadi. Xitoy tilida hozirgi kunda bir milliardga yaqin kishi so‘zlashsa, chukot va vele tilida bor-yo‘g‘i bir necha yuz ming kishi muloqot qiladi, xolos. YOki Dog‘istonda 1 mln. dan ortiq kishi bo‘lib, ular 40 ga yaqin tilda gaplashadi. 2002 yilda Rossiyada o‘tkazilgan aholi ro‘yxati natijasiga ko‘ra, Dog‘istondagi bagulal tilida 40 kishi, chamala tilida 12 kishi, kaytags tilida esa 5 kishi gaplashishi aniqlangan. Yangi Gvineyada deyarli har bir qishloq o‘z tiliga ega.
Yana bir gap. Til olamida tirik va o‘lik tillar farqlanadi. Tillarning iste’moldan chiqib ketgani o‘lik til hisoblanadi. Masalan, lotin, sanskrit, qadimgi slavyan, qadimgi arab, qadimgi fors, qadimgi xorazmiy, so‘g‘d tili va boshqalar shular jumlasidandir. Tilning “o‘lishi” turli xil ijtimoiy-siyosiy jarayon, til taraqqiyotidagi mujassamlashuv (yaqin tillarning qo‘shilib ketishi) kabi omillar bilan bog‘liq. Masalan, lotin tili qadimgi Rim imperiyasining rasmiy tili sifatida mavjud bo‘lgan. Imperiya yemirilgandan keyin asta-sekin o‘lik tilga aylana borib, hozirgi davrda uning qoldiqlari ilmiy atamalar sifatida uchraydi, xolos. Shuningdek, mujassamlashuv tamoyiliga ko‘ra, yirik til ba’zi kichik tillarni “yutib” yuborishi ham mumkin. Ayrim kichik til o‘z sohiblarining ijtimoiy munosabatga kirishuviga xalal beradi. Natijada bunday til sivilizatsiya taqozosiga ko‘ra iste’moldan chiqib ketadi.
— Odam zoti yaratilibdiki, so‘zga ehtiyoj bor. Ular bir-birlari bilan fikr almashish, axborot yetkazish uchun og‘zaki nutqdan foydalanishadi. Bizgacha yetib kelgan ko‘plab manbalar esa yozma nutqning rivojlanish tadrijini ham ma’lum qiladi. Ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol esa ilk ajdodlarimiz qanday so‘zlardan foydalanishgan yoki qaysi tilda gaplashishgan ekan?
— Tilning paydo bo‘lish muammosiga yondashuv har xil bo‘lgan. Biologik yondashuv tarafdorlari ekilgan ko‘chat bir kun voyaga yetib, vaqti kelganda meva bergani kabi kishi ham ma’lum bir yoshga yetgach, tabiiy ravishda gapira boshlaydi, deb hisoblashadi. Bu g‘oyani XIX asrda Yevropa olimlari ilgari surishgan. Holbuki, uning asossizligi ulug‘ bobokalonimiz Akbarshoh tomonidan o‘z vaqtida isbot qilingan edi. Shoh olimlarning tuganmas bahsu munozaralariga chek qo‘yish maqsadida turli din va millatga mansub 12 ta chaqaloqni soqov enagalar yordamida 5-6 yoshgacha jamiyatdan ajratib tarbiyalagan. Vaqti kelib, bolalar olimlar huzuriga olib kirilganda, ulardan birortasi ham gapira olmagan va keyin ham gapirishni o‘rgana olishmagan.
Muammo qadimgi mifologik dunyoqarashlarda ham, diniy va ilohiy ta’limotlar zamirida ham o‘z ifodasiga ega. Manbalarda qayd etilishicha, qadimgi Hind, Chin, Misr, Bobil, Eron, Yunon rivoyat, qo‘shiq va ertaklarida ham tilni buyuk g‘ayritabiiy zot yaratgani va o‘z bandalariga marhamat sifatida tuhfa etgani haqida hikoya qilinadi. Yahudiy, xristian va islomning muqaddas kitoblarida ham tilning paydo bo‘lishi haqida turlicha talqinlar mavjud.
Tilning, undagi so‘zlarning paydo bo‘lishi haqida islomning muqaddas kitobi — Qur’onda ma’lumot bor. Ta’kidlash joizki, Qur’on oyatlarida Alloh taolo Odamga tilni, bayonni (fikrni ifodalashni) o‘rgatgani ko‘p oyatlarda ta’kidlanadi. Bu oyatlar — tilning ilohiy, g‘ayritabiiy hodisa sifatida qaralishining yorqin ifodasi. Islom olami, musulmon tafakkuri Allohning o‘zi Odam (Ato)ni va barcha olamni yaratgani kabi tilni ham sirli va ilohiy yo‘sinda yaratganiga shubha qilmaydi. Qur’ondan keyingi islomiy nazariyalarning barchasida ham tilning rivojlanish manbai ikkita — Alloh va insoniyat, jamiyat ehtiyoji ekani ta’kidlanadi. Alloh tilni, uning ichki qonuniyatini belgilagan va Odamga bergan. Odam farzandlari hayot va jamiyat talabi asosida uni Alloh belgilagan qonuniyat (yangi so‘z yasash, boshqa tildan so‘z qabul qilish, so‘z va qo‘shimchani boshqa — ko‘chma ma’noda qo‘llash, ijtimoiy kelishuv, shoir, voiz va adiblar nutqining ta’siri va h.k) asosida boyitib, o‘z ehtiyojiga moslashtirgan.
— O‘zbek tili turli zamonlarda turli darajada yashab keldi. So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy davrida esa ulug‘ mavqega erishdi. Ammo buni qarangki, tilimiz imkoniyatlarini keng tavsiflab bergan mutafakkir shoirning badiiy merosini biz – bugungi avlod sharhsiz tushunishga qiynalamiz. Demakki, davr o‘tgan sari til ham o‘zgarib boraverar ekan-da?
— Til hamisha taraqqiyotda. Agar u taraqqiy etmasa, o‘lik tilga aylanib qolar edi. Ona tilimizni 5 asr oldingi holatida to‘liq tushunmasligimiz tabiiy. Hatto o‘z davrida adabiy tilning yuksak namunasi bo‘lgan Navoiy asarlari tilini uning barcha zamondoshi ham to‘liq tushunavermagan, aslida.
O‘zbek madaniyatining yuksalish davri bo‘lgan XIV-XV asrda shakllanib bo‘lgan tilimiz takomillashish pillapoyasiga qadam qo‘ydi. Bu davrda o‘zbek badiiy adabiyotining yuksak namunalari yaratildi. Adabiy va jonli so‘zlashuv tili orasida farq kuchaydi. Bu esa badiiy adabiyotning erkin ommalashuviga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Shuningdek, turkiy til tarixida turkiy bilan o‘zbek qipchoq lahjasi aralashuvidan iborat “qarluq-qipchoq qorishuvi” yuz berdi. Natijada davr lug‘atchilik amaliyotini yo‘lga qo‘yishni taqozo qildi. Turli lug‘at yaratish davr talabiga aylandi. Xususan, Alisher Navoiyning ulkan ilmiy va adabiy merosini o‘rganish, tahlil qilish — so‘zlarning ma’nosiga, qo‘llanishiga e’tibor berish, izohlash, lisoniy, ma’rifiy qiymatini ochish, asarlarning tarjimasi kabi masalalar bilan shug‘ullanish bu davr leksikografiyasining maqsad va vazifasi bo‘ldi.
Ayniqsa, yaratilgan lug‘atlar sirasida Eron shohi Nodirshohning kotibi astrobodlik Nizomiddin Muhammad Hodi al-Husayni as-Safaviy (Mirzo Mehdixon) ning «Sangloh» (1760) lug‘ati alohida ahamiyat kasb etadi. An’anadagidek, bu lug‘atdan «Maboni ul-lug‘at, ya’ni sarfi va nahvi lug‘ati chig‘atoy» nomi bilan eski o‘zbek tilining grammatikasiga oid tavsif ham o‘rin olgan. Lug‘atda asosan, she’riy matndagi, shuningdek, Lutfiy, Bobur asarlaridagi tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlar izohiga, ularni fors tiliga tarjima qilish muammosiga e’tibor qaratilgan. Aytish kerakki, sharh va lug‘at masalasi ayni paytda ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
— Chindan ham til — millat timsoli, xalq g‘ururi. Mana, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ham 20 yil bo‘ldi. Xalqimiz o‘z tiliga to‘la ma’noda ega bo‘lmoqda. Ustoz, sizni tilimizning bugungi holatida nimalar quvontiradi-yu, nimalar o‘ylantiradi?
— O‘rta asrlarda bor-yo‘g‘i qabila tili bo‘lgan ko‘hna o‘zbek tilimiz murakkab tarixiy taraqqiyotni boshidan kechirib, davlat tili, davlat ramzi, milliy yaxlitlik omili, milliy madaniyat va ma’naviyatni ifodalovchi hamda ularni ajdodlardan avlodlarga yetkazuvchi, milliy tafakkur va millatlararo aloqa vositasi (xalq tili), axborot texnologiyalari tili darajasiga ko‘tarilganidan faxrlansak arziydi. Biroq tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, foydalanish samarasini oshirish borasida muammolar talaygina. Fanimiz bu borada oqsamoqda. Masalan, maktab ta’limidagi ona tili darsida o‘quvchining ongi faqatgina tilshunoslikka doir nazariy tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda. Axir, biz maktabda tilshunos olim tayyorlamaymiz-ku? Aslida bolalarimizni ona tili imkoniyati bilan qurollantirish, ularda ravon, to‘g‘ri, mantiqli va chiroyli so‘zlash, yozish malakasini shakllantirish va o‘stirish, tafakkurini, muloqot madaniyatini rivojlantirish masalasiga asosiy e’tiborni qaratishimiz lozim.
Sitora Tojiddinova suhbatlashdi
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).