Azim Suyun: “Men hech kim emasman o‘zimdan bo‘lak…” (2017)

O‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida adabiyotimizga gulduros ovoz bilan kirib kelgan shoir Azim SUYuN o‘zining ilk kitobini “Mening osmonim” deb nomlagandi. Bu nom o‘z vaqtida kimlarning hayratiga sabab bo‘lgan: qanaqasiga “Mening osmonim?..” Osmon bitta bo‘lsa…
Azim Suyunning ijod qilish tartibi juda qiziq. U kichkinagina hujrada yashaydi. Qo‘ng‘ir ayiq terisi – po‘stak ko‘rpacha ustida dam oladi. Oq bo‘ri terisi po‘stagi ustida o‘tirib ijod qiladi. Xobbisi – ov. O‘rta Osiyo tog‘larini, o‘rmonlarini, dashtu sahrolarini ko‘p kezgan. Aslida ov bahona. Shoir ovni o‘lja – go‘shti uchun emas, gashti uchun yaxshi ko‘radi. Yaqin do‘stlari aytganidek, Azim Suyun ovchi, ammo ko‘ngil ovchisi. Sevgan qushi – burgut. Azim Suyun Vatan, ta­biat va muhabbat shoiri. U zaminni, insoniyatni bir butun holatda ko‘radi. Zamin taqdirini o‘zining taqdiri deb biladi.

Ey do‘st!
Yolg‘iz turna yulduzlarga do‘nmoq istaydi,
Afsus, uning qanotlari yarador.
Yolg‘iz turna Ona Yerga qo‘nmoq istaydi,
Lekin unda yaralagan kimsa bor…

Shoirning dunyo yuzini ko‘rgan yigirmadan ortiq she’riy kitoblari, publitsis­tik asarlarida bir ruh ustuvor bo‘lib qoldi. Va bu ruh asrlar daryosida pishib yetilgan, xalqona donishmandlikning go‘zal namunalari bo‘lgan, ildizdan yaproqqacha milliy mag‘izga to‘q she’riy asarlar bo‘lib, kitobxonlar qalbiga ko‘chdi. Bugun ham shiddat bilan ijod qilayotgan ustoz shoirimizga adabiyot, ijod, shaxs, jamiyat, tabiat xususida savollar bilan murojaat qildik.

Bashorat OTAJONOVA: – Ustoz, she’rlaringiz bilan yaqindan tanish bo‘lgan muxlislaringiz bolaligingiz haqida yorug‘ xotiralarga ega bo‘ladi. Tog‘ tabiatiga xos bo‘lgan chizgilar kishini entiktiradi. Suhbatimiz avvalida bolaligingiz, bolaligingiz o‘tgan joylar, xotiralaringizda qolgan voqealar to‘g‘risida gaplashsak.

Azim SUYuN: – Yoshim o‘tgan sayin bolaligim menga yaqinlashib kelmoqda. Ko‘pincha uning xayollari bilan yashayman. Siyratimni-da, suratimni-da yolqinlantirib yuboradi xotiralar.
Janubdan Zarafshon vodiysi bilan, sharqdan Sangzor daryosi vodiysi va shimoldan Qizilqum cho‘llari bilan chegaralagan Nurota tizma tog‘lari ikki silsiladan iborat: Oqtog‘ tizmalari va Qoratog‘ tizmalari. Qoratog‘ tizmalarining eng baland nuqtasi Zargar cho‘qqisi. U Hayotboshi ham deyiladi. Unga yondosh Parrandoz va Beshbarmoq qoyalarining Samarqand tarafidagi suv oqimi bo‘ylab joylashgan Nakurt qishlog‘ida – birinchi va yagona ovloq Toshqo‘rg‘onda – Mirzaqo‘rg‘onda o‘sib ulg‘ayganman. Ota qishlog‘im ham, ona qishlog‘im ham – Nakurt!
Kindik qonim esa Nakurtning shundoq tugashidagi Ko‘lto‘sinning biqinida joylashgan Quduqcha qishlog‘ida to‘kilgan. Ota-onam keng adirlarda ko‘klamgi bug‘doy ekish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun Nakurtdan u yerga bir-ikki oyga ko‘chib enishgan va men vaqtinchalik makonimiz yerto‘la-uyimizda dunyoga kelgach –qirq kunlik chaqaloqligimda tag‘in Nakurtga qaytishgan.
Ismimni bobom Suyunning quduqchalik tojik oshnasi Mirzahamdamning qizi Ma’rifat “katta boy” bo‘lsin deb, Azimboy qo‘ygan ekan.
Beshbarmoq va Parrondoz buloqlari Qarisoy va Qorang‘ulsoyni hosila qilib, Qo‘shilish degan yerda qo‘shilishib, Nakurtsoyni tashkil qiladi. Nakurtsoy esa yo‘l-yo‘la­kay bir qancha katta-kichik dara-kamarlar hamda Garashasoy suvi ila ko‘payib, To‘sinsoyga quyiladi. Ko‘lto‘sindan “Toshkent – Marjonbuloq – Samarqand – Chelak – Payariq – ­Zarmitan – Qo‘shrabot – Nurota” yo‘li o‘tadi. Ana shu yo‘l Nakurtni dunyo bilan bog‘laydi.
Nakurt qishlog‘i tarixiga oid bir hujjat bilan tanishganman. 1888 yil buxorolik shoir Joniy Nakurt orqali Uxum qishlog‘iga (Beshbarmoq va Parrandoz qoyalari o‘rtasida ulovyo‘l bor) o‘tadi. U yo‘l xaritasini chizib qoldirgan. Nakurtni Nahrrud, Nahgrud shakllarida yozgan hamda qishloq hokimini (u paytlari qishloq oqsoqolini hokim deb atashgan, shekilli) tilga olgan. Shoir Joniy Nakurtga kelgan yili otam Olimning otasi Suyunboy, ya’ni mening bobom tug‘ilgan.
Mirzaqo‘rg‘onda bobolarim Suyun, Irzoqul, Yusuf, Qozoqboy, Mustafo, Rasul, Qodir, Dehqonboy, Jumaboylar hayot kechirgan. Bitta tog‘ kamarida – darasida – bitta qo‘rg‘onda – bitta oila bo‘lib yashash… hozir buni tasavvur qilish qiyin. Bu katta oilaga otam Olim Suyun o‘g‘li ham uylanib, alohida oila bo‘lib qo‘shilgan. Men bobolarimning farzandlari bilan bo‘y talashib o‘sdim. Kun kechirish og‘ir edi. Ammo shunday katta oilani mening ota tog‘larim ne’matlari asrab qolgan bo‘lsa ne ajab?!
Suyun bobom 1959 yilning olcha pishig‘ida dunyodan o‘tdi. U otamga ajdodlari ­shajarasini yozib qoldirdi. Otam o‘z navbatida menga va to‘rt ukamga uzatdi. Men kim, Azimboy (Azim Suyun), Azimboyning otasi mulla Olim (1907-1983, 15 yanvar), Olimning otasi mulla Suyun (1888-1959), Suyunning otasi Mirzaboy, Mirzaboyning otasi Norboy, Norboyning otasi Qo‘ygeldi, Qo‘ygeldining otasi Olloyor, Olloyorning ota­si Aqad, Aqadning otasi Ashirmat, Ashirmatning otasi Suyushxo‘ja, Suyushxo‘janing ­ota­si Churagaymirza, Churagaymirzaning otasi Shomonmirza, Shomonmirzaning ota­si ­Begixiyro, Begixiyroning otasi Xolmat, Xolmatning otasi Cho‘yankaltak, Cho‘yan­kaltakning otasi Qiroshar! Tub bobomizni O‘zg‘on degan turkiy avliyo deyisharkan.
Asli bobolarimiz Turkiston tomonlardan bo‘lib, ular Qashqadaryo tomonlarga hijrat qilishadi. Qashqadaryodan Xatirchining Oltinsoyiga ko‘chishadi. Oltinsoydan Moybuloqning Yonbosh qishlog‘iga, undan Qo‘shrabotning etagidagi Oqtepa degan joyga o‘tishadi. Oqtepadan Nakurtga birinchi bo‘lib Olloyor bobomiz ko‘chib chiqqan. U momomiz Tursun boybicha bilan bu joylarni makon tutishganda changalzorlarni o‘roq va qilichlar ila zo‘rg‘a ochib yo‘l topib yurishgan ekan.
Xullas, otamning qirq yoshida tilab olingan farzandi kamina besh-olti yoshimdanoq uning injiq hamrohiga aylanganman. Gap shundaki, otam katta savodxon bo‘lishiga qaramay “quloqning o‘g‘li” bo‘lganligi uchun majburiy ravishda unga cho‘ponlik tayog‘i sudratilgan edi. U poda boqardi. Kechayu kunduz mol orqasidan yurardi, men esa undan ajralmasdim. Birga tog‘u tosh, dala-dasht, qir-adir kezardim. Ana endi, o‘sha besh-olti yoshimdanoq baxshilarning, so‘zonlarning, cho‘pon-cho‘liqlarning, yilqichilarning, ovchilarning, go‘yandalarning, mo‘ltonilarning, yo‘lovchilarning, tog‘ ishqibozlarining afsunlar to‘la g‘aroyib turli-tuman hikoyalaridan, suhbatlaridan, gurunglaridan bahramand bo‘lganman.
Menga bora-bora otam bilan poda – qoramol orqasidan yuraverish malol kelib, Suyun bobomning panohiga o‘tib ketdim. Uning hikoyalarini eshitish maroqli kechardi. Bobom Buxoroda Mirarab madrasasini bitirgan, “quloq, dindor unsur” bo‘lib, goh qochib, goh tutilib surgunda yurgan va ne-ne savdolarni boshidan kechirib, Nakurtga qaytib kelgandi.
Mulla Suyun o‘rta bo‘yli, yelkalari keng, barmoqlari yo‘g‘on-yo‘g‘on, ko‘kish soqoldor, baquvvat kishi bo‘lib, qalin qoshlari ostidan o‘tkir ko‘zlari odamga tikka boqardi. Otamning onasi – enam allaqachon vafot etgan, bobom undan keyin ham uylangan, ammo u ham bir o‘g‘il, ya’ni otamga uka qoldirib dunyodan o‘tgandi. Bobom ana shu Tilovqobil bilan birga turardi.
Bobomning ovunchog‘i turli-tuman arabiy, forsiy va turkiy kitoblar, ov va men edim. Uning o‘n ikkinchi qo‘shog‘iz ov miltig‘i bo‘lardi. Unga Kondrat degan o‘ris men bilmagan olis yurtlardan o‘q-dori, zamcha, patron va boshqa kerakli narsalarni oyda, yilda olib kelib berardi. Kondrat, chamamda, ovchi edi. Aniq esimda, bobom uning olib kelgan narsalaridan foydalanardi-yu, ammo u bilan na choy-poy ichardi, na birga ovga chiqardi.
O‘, u yillar… Shom tushishi bilan bobomning qorayib ketgan uyiga (uyning o‘rtasida tosh o‘choq bor edi) suhbattalab keksayu yosh yig‘ilardi. Lampachiroq lipillar, qish kechalari o‘choqda tarasha cho‘g‘i lovullardi. U Ahmad Yassaviy “Hikmat”ini o‘qiganda butun olam unutilardi. Kitobxonliklar, suhbatlar, gurunglar gohida tonggacha davom etardi. Eh-he… bu kechalarda nimalar so‘zlanmasdi, nimalar eslanmasdi.
Bobom vafot etganda xudoyisini o‘tkazmoqchi bo‘ldik. So‘yish uchun bir chog‘roq serkani topdik. Odam tumonat. Men tengdosh amakim, jo‘ram Oltiboy bilan uch-to‘rt echkimizni qaytarib kelmoqchi bo‘lib, Jaylovcha degan kamarga ketdik. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, bir alqor chivin qo‘rib yotgan ekan, uzoqdan ko‘rdik. Ikkalamiz ham Dehqonboy bobomni – mulla Suyunning ukasini – qirag‘ay merganni chaqirib kelish uchun yugurdik. Dehqonboy bobom tezda miltiqni o‘qlab chiqdi. Bordik. Alqor bizni ko‘rib yugurishga tushdi… O‘q yegan, oqsoq ekan. Uni Oltiboy bilan uy-qo‘rg‘on tarafga quvdik. Xullas, oqsoq alqorni chorbog‘ tarafga haydab keldik. Alqor otildi. Xudoyini o‘tkazdik. Odamlar “Bu alqorni ham katta ilm egasi, ham imonli ovchi Suyunning xudoyisiga Xudoning o‘zi buyurgan”, deyishdi. Kim biladi, balki bu gaplarda jon bordir…
Xullas, mening bolaligim, o‘smirligim, yoshligimning ko‘p qismi Nurota tizma tog‘larini goh piyoda, goh ulovda, goh miltiq ko‘tarib, goh saltang ishqibozlik ila kezishda o‘tdi.
Shuni aytishim kerakki, Nurota tizma tog‘larining, ayniqsa Qoratog‘ hayvonot olami g‘oyat turfa, o‘simliklar dunyosiga boy, jonzotlari, parranda-darrandalari, gazandalariyu charrandalari mo‘l-ko‘l. Bu tog‘larda mo‘jiza atalmish ko‘zoynakli ilonlargacha oyog‘ing ostidan yo bir darada daf’atan yoningda paydo bo‘lishi mumkin.
Bunday kezishlar, ishqibozliklar meni hanuz tark etgan emas. Ko‘rib-ko‘rib ko‘zchil bo‘lasan. O‘ylab qarasam, juda ko‘p g‘aroyib voqealarni, sarguzashtlarni boshdan kechirgan ekanman. Ko‘zlarim ko‘rib, quloqlarim eshitgan ekan. Keyinchalik bular juda-juda asqotdi.
…To‘qqiz yoshimgacha qaylardadir maktab borligini, ularda bolalar o‘qishlarini bilmaganman. To‘g‘ri, kitobni bilganman, ko‘rganman, lekin kitob faqat mulla Suyunning uyidagina bo‘ladi, uni faqat katta otam va otamgina o‘qiy oladi, deb o‘ylaganman. Bu kitoblar Qur’oni Karim, Yassaviyning “Hikmati”, “Chor kitob”, Navoiy, Bedil, Huvaydo, Mashrab, So‘fi Olloyor, qandaydir “Muammo”, payg‘ambarlar, jangnomalar haqidagi kitoblar ekanligini keyinroq bilganman.

TOShKULBA TOKChASIDAGI KITOBLAR

Bobom toshkulbasining
tokchasida doimo
kitoblar bo‘lar edi:
“Hikmat”, Mashrab, Huvaydo.
Navoiyu “Chor kitob”,
Bedil, So‘fi Olloyor,
“Qur’on”ning yelkasini
silab turardi devor.
O‘qimasdim ularni,
chunki o‘qiy olmasdim.
Lekin bobom, otamni
o‘qitmasdan qolmasdim.
Bobom “eski” edi-da,
Otam ham edi “eski”.
Qalbimga qo‘r berardi
ammo shu “eski-tuski”.
O, qishki kechalar…
Cho‘g‘ –
bozillar tosho‘choqda.
Qorinning qayg‘usi ham
unutilar bu chog‘da.
Qulog‘im qirqta bo‘lib
tinglar edim, tinglardim.
Tog‘dan ham olislarda
bir dunyo bor – anglardim.
Ohanglar taralardi
qandaydir osmonlardan,
o‘ziga chorlar edi
qaysi bir makonlardan.
Iniga dud qo‘yilgan
tulkiday holda edim,
inidan qanday bo‘lsa
chiqqudayin yuragim…
Onamning kitobi ham
bo‘lar edi uch-to‘rtta,
ularni saqlar edi
bo‘g‘chasida – bir chetda.
“Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”ni
onamga o‘qitardim,
gohida qah-qah urib,
gohida yig‘lar edim…
keyin ketdim maktabga,
Keyin ketdim bosh olib…
Bugun o‘zimni ba’zan
urgudayman tosh olib.
O‘tdi-ketdi hammasi,
o‘tdi-ketdi “yalt” etib.
Ularning xizmatini
qilolmadim yalchitib.
Yuragim to‘la armon,
o‘zim yozaman kitob.
Chin – yolg‘onin bilolmay
qalb ipi tashlagan tob.
Uyqu elitar tez-tez,
xayol tez-tez opqochar,
G‘irko‘klar qayda ekan,
Qayda ekan Boychibor?..
Tilim-tilim tog‘ bag‘ri,
bir chetida toshkulba,
Toshkulba ham deb bo‘lmas,
shundoq yotgan xaroba.
Bunda yo‘q tosho‘choq ham,
bozillamas bodomcho‘g‘.
Bari bo‘lardi, ammo,
Azimboy… ho‘… bola yo‘q.

MAKTABGA BORIShIM QIZIQ BO‘LGAN. Bizning Mirzaqo‘rg‘ondan o‘n besh kilometr chog‘li etakda yetti yillik maktab bo‘lgan. O‘qituvchilar orasida shunday suhbat kechgan: “…mulla Olimning bir o‘g‘li bor, katta otasi mulla Suyun bilan tog‘ma-tog‘ yuradi, deb eshitganmiz. Yoshi nechada ekan?.. Katta yigitcha bo‘lib qolgan deyishadi…”
Bir kuni bir kishi uyimizga keldi. Bir to‘p bola qag‘ati (g‘alvir) yong‘oq daraxti ustida o‘ynab yurardik. U kishi bizga yaqinlab keldi, salom berdik. Qaysingning oting Azimboy, dedi. Men yong‘oqdan tushib, unga yaqinlab bordim. Yoshing nechada, dedi. To‘qqizda, dedim. Maktabga bormaysanmi, sening tengdoshlaring o‘qishyapti, o‘qishing kerak. Istasang hoziroq olib boraman, dedi.
Xullas men maktabga bordim. Yangi hayot boshlandi…
O‘sha kishi – birinchi o‘qituvchim Qirqyigit Abdulhakimov edi. Undan bir umr minnatdorman. Ovloq tog‘larda yuraverganimda nima bo‘lar edi?..
HAYoT YO‘LIM OSON, RAVON KEChGAN EMAS. To‘rtinchi sinfda maktabdan haydalganman. Bu paytga kelib otam maktabga uncha uzoq bo‘lmagan joyda ikki xonali kulba qurib, oilamizni Mirzaqo‘rg‘ondan olib chiqib ketgan va Islom oxun bobom bilan qo‘shni yashar edik. O‘zbekiston musulmonlari idorasining raisi, mufti Usmonxon Alimov hazratlarining otasi mashhur Temurxon eshon ham Islom oxunnikiga tez-tez kelib mehmon bo‘lardi, tongotar suhbatlar qurishardi. Men ularning qo‘lbola dastyori edim.
Islom oxun va otam Ramazon oyi kelishi bilan ro‘za tutishar, tarobeh namozi o‘qishardi. Men va menga tengdosh ikki-uch yaqinlarim bilan birgalikda biz ham ro‘za tutardik, namoz o‘qib, tarobehga ham qo‘shilar edik. Bu holat o‘qituvchilarimiz qulog‘iga yetibdi va “Sovet o‘quvchisi ro‘za tutishi, namoz o‘qishi mumkin emas”, deya kaminani maktabdan haydashdi. Bir hafta otam maktab direktoriyu o‘qituvchilarga yolvordi… Yo‘q, bo‘lmadi! Lekin o‘qishim kerak! Maktabni sevaman! Rayon (tuman) gazetasida she’rlarim chiqib turadi. Nima qilmoq kerak? Maslahatchilar ham topila qoldi: Ro‘zani yomonlab chiqish kerak. Uni rayon gazetasida bosib chiqarsang olam guliston!..” Shu bilan qutulamanmi?.. qutula qolay… Mana she’r ham tayyor:

RO‘ZA

O, ro‘za, tutdim seni, ammo meni xor aylading,
Kechalar uyqum buzib, tunimni bedor aylading.
Ba’zi gaplarga uchib, kuni bilan yurdim och,
Churillatib ichaklarim misli dutor aylading…

Va hokazo.
She’r rayon gazetasida darhol chop etildi. Chunki hali Ramazon oyi tugamagan edi… Shov-shuv bo‘lib ketdi. Mulla Olimning o‘g‘li, mulla Suyundek, Islom oxundek… kishilarning nevarasi Azimboy ro‘zani yomonlabdi. Nima qilay? Yuzim shuvit bo‘ldi. Ammo o‘qishim shart edi. Meni kechirdilar, maktabga qaytdim. A’lochi edim, sinfkom (sardor) edim.
BUNDAY VOQEALAR HALI TUGAMAGAN EKAN. Oltinchi sinf o‘quvchisiman. Maktabda obro‘yim baland. Betinim she’rlar, maqolalar yozaman, ulardan namunalar hatto viloyat gazetalaridan tashqari, “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarida ham bosilib turardi. Shunday kunlarning birida bir sinfdoshim – kichik jussali, ko‘zlari doim o‘ynab turadigan bola qishloqning yakkayu yagona chog‘roqqina magazinidan ruchka, qalam, daftar, o‘chirg‘ich va yana qandaydir mayda-chuydalarni derazadan kirib o‘g‘irlabdi. O‘g‘rining bola ekanligini bilgan magazinchi to‘g‘ri maktabga kelibdi. O‘sha bola o‘g‘irlagan narsalarni allaqachon hammaga ko‘rsatib ulgurgan, otam olib berdi, deya maqtangan. Magazinchi va o‘qituvchilar uni bilib, tutib olgan… sen bir o‘zing o‘g‘irlamagansan, sheriging bo‘lgan, ayt, deya qiynab-qistagan… U sinfkomni – kaminani “sherigim” degan. “Shoir”ligimni qalqon qilmoqchi bo‘lgan… Meni darsdan chaqirib, direktorning xonasiga olib bordi. Xonaga kirishim bilan kuchli zarbdan ag‘anab tushdim… tepkilab ketishdi. Ammo kim bunday qilayotganini anglamadim. Turg‘izishdi. Qarasam, o‘qituvchilarning bari tomoshabin, ko‘zlarini menga qadagan. Bir burchakda haligi bola. Bilagimni mahkam siqib turgan odamni ham tanidim – Tursunqul degan magazinchi. So‘roq boshlandi. Kimga nimani isbotlaysan… Dunyoning adolatsiz o‘yinlarini men o‘sha paytlardayoq ko‘rganman.

Qo‘y, iflos so‘zlarga solmagil quloq,
Har xil ig‘volarga bermagil quloq.
Mabodo tuhmatga yo‘liqsang agar,
O‘z joyida qaror topqusidir haq, –

deb yozganman o‘shanda.
Xullas “o‘g‘ri” ham bo‘ldim. Maktabni yig‘ishtirdim. Nomusga chiday olmay, odamovi holatiga tushdim. Otam mendan xavotirlanib, tag‘in direktoru o‘qituvchilarga yalinib-yolvorishga tushdi…
KEYIN HAM… omadsizlik iskanjasidan qutulishim oson kechmadi. O‘qiyman deb Toshkentga yo‘l oldim.
ToshDUning (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetiga 1967 yili hujjat topshirdim. O‘sha paytlar qandaydir qaror bo‘lgan: boshqa fakultetlarni bilmadimu, jurnalistika fakultetiga Samarqand viloyati­dan bitta talaba qabul qilinardi. Ikkita besh va ikkita to‘rt baho olganimga qaramasdan mandatdan o‘tolmadim. Qishloqqa qaytib ketdim. Sovxozda matlubot jamiyati degan tashkilot bo‘lardi. O‘sha yerga tog‘am Esonbek Mamadaliyev orqali bosh hisobchining kichik yordamchisi degan ishga qabul qilindim.
Qarang, endi bu yerda ham… raisimiz bu yerga qo‘l qo‘y, u yerga qo‘l qo‘y, deb qandaydir qog‘ozlarga imzo chektirar edi. Senga hech narsa bo‘lmaydi, shoirsan-ku, deb qo‘yardi. Imzo chekaveribman. Bir kuni raisimiz ishdan ketdi. Tekshiruv boshlandi. Qarasam, katta summa bo‘ynimda. Oxiri yana tog‘am jonimga oro kirdi meni bir balo qilib asrab qoldi.
1968 YIL TAG‘IN TOShKENTGA KELDIM. Universitetga hujjat topshirdim. Faqat jurnalist bo‘laman deyman. Jurnalistika fakulteti shoirlar tayyorlaydi, deb o‘ylaganman. Chunki Abdulla Oripov ham jurnalistikani bitirgan-da. Tag‘in bulturgi hol. Mandatdan o‘tolmadim. Noiloj, endi uyat kuchidan qishloqqa bormay, Payariq rayoni markaziga yo‘l oldim. Bu yerda nakurtlik Omonxon eshon bobomiz – otamning qadrdoni yashar edi. Bundan tashqari Nakurtda u kishining o‘g‘li Baxtiyorxon bilan to‘rtinchi sinfgacha birga o‘qigan edik (hozir Baxtiyorxon To‘rayev falsafa fanlari doktori, professor).
Omonxon bobom meni o‘z o‘g‘illari safiga qo‘shdi. O‘g‘illari nima yeb-ichsa, men ham shuni yeb-ichdim. U kishi she’rlar ham yozar edi. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘ngildosh edik. Keyinchalik rayon gazetasi “Kommunizm bayrog‘i” mas’ul xodimi Omon Quvvatov degan jurnalist yordami bilan rayon madaniyat uyiga bezakchi-rassom vazifasiga ishga o‘tdim.
1969 YIL. QISh QATTIQ KELDI. Martning boshlari edi. Pasport olish uchun Narimon posyolkasidan pasport stoli idorasi joylashgan Chelak posyolkasiga keldim. Pas­port­ni olib qaytayotsam… Chelak bilan Narimon oralig‘ida joylashgan Qorasuv butun bir daryoga aylanibdi. Eshitdim. Tojikistonda zilzila bo‘lgan, ulkan bir qoya qulab tushgan va Zarafshon daryosi yo‘lini to‘sib qo‘ygan, shunda daryo Qorasuv o‘zaniga yo‘l solgan.
Hamma tarafda vahima, mish-mish. Bunday damda qo‘rqmay bo‘ladimi, axir. Soyday oqib yotgan bir irmoq vahimali, kemalar o‘tishi mumkin bo‘lgan daryoga aylansa. Ustiga-ustak, qora yomg‘ir ham shappat uryapti…
O‘sha kuni bir tanishimnikida qoldim. Ikkinchi kuni daryo qirg‘og‘iga chiqdim. Narimon posyolkasi tomonga o‘tmoqchi bo‘lgan tumonat odam.
Ko‘p o‘tmay bitta tanksimon texnika, mashinalar, motorli ikki porom-kema, askarlar paydo bo‘lishdi. Yo‘lning, ayni paytdagi daryoning yuqoriroq tarafiga motorli qayiq shatakka olgan porom-kemani olib borishib, qirg‘oqdan tushirishdi. Yo‘lovchilarning bir qismini unga chiqarmoqchi bo‘lishdi. Odamlar o‘lar-tirilariga qaramay, o‘zlarini unga urishdi. Porom-kema to‘ldi. Kamina – chaqqon tog‘ bolasi allaqachon ularning orasida. Ikki askar motorni tarillatdi. Suzib ketdik. Toshqin – daryo o‘rtasiga yetib kelganda qo‘qqisdan motor o‘chib qoldi. Pishqirgan daryo parom-kemani lopillatib oqizib ketdi. Tezligi qo‘rqinchli darajada oshdi. Erkagu xotin-xalajni hammani birdek vahima, dahshat bosdi. Barcha talvasada, bir-biriga yopishadi. Qiy-chuv boshlandi. Paltolar suvga otila boshlandi. Menga ham kimdir… paltongni yechib ot, deb baqirdi. Kambag‘allik qursin, men paltomni yechmadim. Uni ikki yil tanga yig‘ib sotib olgan edim. O‘lgim ham kelmasdi…
Aqlimni yig‘ib oldim. Bu vaziyatda birovga yopishgandan ortiq xatar yo‘q. O‘zingni ham, uni ham halok etasan. Bilaman, yo‘lda ko‘prik bor. Kema to‘g‘ri o‘sha yoqqa – katta quvur tarafga lopillab ketyapti. Ammo ko‘prikning ustidan ham daryo toshib oqyapti. Kema o‘sha ko‘prikka borib urilishi tayin. Shu asno ko‘prik ustiga sakrayman deb o‘yladim. Shunday qildim ham. Odamlar faryod qilib, bir-biriga yopishib kemaning bir chetiga to‘planib qoldi. Va bu fojiaga olib keldi. Kema bir yonga og‘a boshladi. Ko‘prikka ellik metrlar chamasi qoldi… Mana, zarb… kema urildi! Kema to‘nkarila boshladi. Kemaning balandlayotgan joyiga chiqdimu o‘zimni otdim. Ko‘prik ustiga tushdim. Ko‘prik chetidagi temir panjaraga yopishdim. Va tag‘in o‘n beshga yaqin kishi mening orqamdan o‘zlarini otib ulgurgan ekan, bir-birimizga qo‘l berdik. Bu paytda kema batamom to‘nkarilib bo‘lgan edi. Quvurning ikkinchi tarafidan o‘liklar, chala jonlar qalqib-qalqib chiqa boshladi. Ular tomon qirg‘oqdagi askarlar yechinishib, o‘zlarini suvga otayotgan edi. Keyin… keyin vertolyotlar keldi. Bir hafta oqib ketganlarni izlashdi. Yigirmadan ortiq jasad topildi.
1969 YILNING MAY OYIDA ARMIYa SAFIGA KETDIM.
Ketmasdim. “Otsrochkam” bor edi. Yozishdi. “Azimboy o‘qishga kiraman, deb Sovet armiyasidan qochib yuribdi. Tog‘asi voyenkom, voyenniy bilet to‘g‘rilab bergan” deb yozishibdi. Bu gaplar to‘g‘ri. Lekin nima qilay, tezroq o‘qishga kirib, shoir bo‘lmoqchi edim. Yozishganidan xafa bo‘lmadim. Ammo qalin sinfdosh do‘stim ota­si bilan birga yozganidan xafa bo‘ldim. Tag‘in deng, jannatmonand bir tog‘da o‘sgan qarchig‘ayday yigitcha, Rabbim la’natlagan biyday cho‘l – sahrodagi quruvchi qo‘shinlari safiga tushib o‘tirsa-ya…
QISQASI, YaNA IKKI YIL O‘TDI. Maktabga 7 yoshda boradigan bola 9 yoshda maktabga bordimi? Ha! 2 yil yutqazdimi? Ha! 2 yil o‘qishga kira olmadimi? Ha! Tag‘in 2 yil yutqazdimi? Ha! Armiyada 2 yil bo‘ldimi? Ha! Tag‘in 2 yil yutqazdimi? Ha! Bu 6 yil degani! 6 yil yutqaziq… degani!
Armiyadan qaytib… tag‘in bir qiziq holat.
Soldatlikdan qaytdim. Ikki chamadon ikki qo‘limda. Og‘ir-og‘ir. Onam bechora shoshgan. Qo‘ni-qo‘shnilar kelgan. Qarindosh-urug‘lar shu yerda. Men yuz oydinlikdaman. Jamuljam bo‘lganlar onamga Azimboyning chamadonlarini oching-chi, biz ham ko‘raylik, nimalar olib kelibdi… Sodda onam bechora ikki chamadonni ochgan – ikkalasi ham liq to‘la o‘rischa kitob!
ARMIYaDAN QAYTIB… hujjat topshirishga ulgurdim. Tag‘in ToshDU. Jurnalistika! Tag‘in mandatdan o‘tolmadim. Insho yozishimdan to‘rt-besh kun oldin o‘ng qo‘limdan dahshatli og‘riq beruvchi ko‘m-ko‘k yara chiqdi. Bosh barmog‘im ostidan. Tirnog‘im yarim ochilib, osilib qoldi. Og‘riqdan kunu tun ingrab yig‘lardim.
Ammo imtihonga kirishim shart. Tag‘in deng, birinchi imtihon – inshoga. Bu yil o‘qishga kirmasam…
Qo‘lim og‘rig‘ini unutgan ekanman, u yana boshlandi. Ne azobda insho yozdim. Natija – “uch”. Shunga ham shukr qildim. Og‘zaki – “to‘rt”. Domla “besh” qo‘yar edim-u lekin inshongiz “uch” ekan-da, dedi. Bu domla Muxtor Xudoyqulov ekan. Tarixni “besh”ga topshirdim. Zuhra opa ismli ayol edi. Nemis tilidan tabiiy “uch”. Xullas, yana mandatdan o‘ta olmadim. Kimdir birov maslahat berdi: soldatlarni sirtqi bo‘limga qabul qilishi mumkin. Nihoyat, sirtqi bo‘limga ilindim.
Birinchi kursdagi darslardan biri. Serrayib oxirgi partada o‘tiribman. Dars-pars bilan ishim yo‘q. Chunki domla Yassaviydan gapirayotgan edi. Holbuki, men Yassaviy “Hikmat”ining ko‘p joylarini bolaligimdayoq yod bilar edim. Otam va bobom mulla Suyun uni qayta-qayta ovoz chiqarib o‘qiyverganidan… yod olib qo‘ygan edim.
Xullas, oldimda bir dasta she’r. Qo‘lyozma. Shu bilan bandman. Sezmay qolibman, bir payt dars o‘tayotgan domla tepamda turibdi. Bir og‘iz ham so‘z aytmay, qo‘lyozmalarimni olib qo‘ydi. Tamom, dedim, o‘zimga-o‘zim. La’nati she’rlar… g‘alva…
Dars tugadi. Hammamiz chiqa boshladik. Domla menga, siz qoling, dedi. Qoldim.
“Nega mening darsimga quloq solmadingiz? Axir men Yassaviydek ta’qiqlangan ulug‘ shoir haqida tushuncha berayotgan edim-ku”, – dedi domla bir payt. Men hayron bo‘lib qoldim. Nimasi ta’qiqlangan? Mening ota-bobolarim faqat Yassaviyni o‘qishgan-ku, o‘qiganda ham yig‘lab…
Men “Hikmat”dan o‘qiy boshladim: “Muhabbatning bo‘stoniga bulbul kabi sahar chog‘lar nola qilib qo‘ngim kelur…” Domla tek qotib qoldi. Ko‘zlari yoshlandi. “Siz o‘qiysiz!” – dedi qat’iy. Men sizni Mirtemir domlaga olib boraman. Men ham tog‘dan kelganman…
Meni taqdir ro‘baro‘ qilgan bu domla xokisor inson Botirxon Akromov edi.
MEN “MITTI YuLDUZ”DAN ChIQQANMAN… Aytganimdek, askarlik safiga kech ketdim. 1969 yil. May oyi. O‘shanda 21 yoshda edim. Qozog‘iston cho‘llarining bir nuqtasiga tushdim. Cho‘l, sahro, cho‘l, sahro. Bo‘y ko‘rsatib turgan na bir dov-daraxt, na ko‘zga tashlanguchi yirikroq biror narsa… Bepoyon sahroning har joy – har joyida qator-qator baraklar, yerto‘lalar… Ya’ni, askarlar yotog‘i.
Aytsam, tog‘lar bag‘rida o‘sgan ozod bir tog‘ alqori sahroga tushib qolsa, holi ne kechardi? Yoki erkin bir tog‘ burgutining sahroni oshyon tutishga, yer bag‘irlab uchishga majbur qilinishi tasavvuringizga sig‘adimi? Kunlarning birida, nihoyat, O‘zbekistondan menga xat, aniqrog‘i, do‘stim Lutfulla Mamasoliyevdan (Lutfulla oqibatli do‘st-qarindosh, yaxshi jurnalist edi. 2010 yil vafot etdi. Oxirati obod bo‘lsin!) quvonchli maktub va banderol keldi. Xatdan oldin banderolni ochdim. Ko‘zlarimga ishonmadim. Bu Abdulla Oripovning “Onajon” kitobi edi. Xatni ochishni unutdim – kitobni o‘qishga tushdim. Bu kitob mening qo‘limdan chiqib ketdi. Uni mening yonimdagi safdoshlarim (ularning ko‘pchiligi o‘zbek, qozoq, turk­man va tojik o‘g‘lonlar edi) qo‘lma-qo‘l o‘qidilar. Bu kitob oq qog‘ozlarga ko‘chdi – tortilib, yirtilib, sochilib ketdi, ammo bir she’r yuzlab qog‘ozlarga ko‘chdi. Yon daftarlarga tushdi, tillarga ko‘chdi, dillarga ko‘chdi… Hatto zobitlarga borib yetdi, ammo ular til bilmasdilar. Mendan so‘rashdi:
– Bu qanday kitob? Bu nima kitob?
Men ularga dedim:
– Abdulla Oripovning kitobi. Bizdan chiqqan shoir Abdulla Oripovning kitobi!
– O‘zbeklarda ham shoir bormi?
– Ha. Shoir bor!
AVVALROQ. 1965 yil edi. Kamina sakkizinchi sinfda o‘qir edim. O‘qish uchun kitob izlab, Payariq tumanining markazi – Narimonga (hozir Payariq shahri) tushdim. Tuman markazida kattagina kitob do‘koni bo‘lg‘uchi edi. Xullas, cho‘ntagimdagi pulim “Gul va ko‘ngil” deb yozilgan, ichida o‘nta shoirning kitobi joylashgan korobka – to‘plamga yetdi. Va boshim ko‘kka yetdi. Mana shu jild ichida “Mitti yulduz” degan kitobcha ham bor edi.
Men she’rlar mashq qilar edim. Ammo ular she’r edimi yoki yo‘q, bu – boshqa masala. Men shu yoshimgacha tog‘ qishlog‘ida qanday kitob bo‘lmasin, qanday risola bo‘lmasin, qanday gazet-jurnal yetib bormasin, qisqasi, qo‘limga nima tushgan bo‘lsa, o‘qib chiqqan edim. Men kitob izlardim. O‘qish uchun nimalardir izlardim.
Kitob do‘konidan chiqar ekanman, avtobus bekatigacha kitobni goh to‘xtab, goh surinib varaqlab ulgurdim. Hayajon cho‘g‘i vujudimni kuydirardi. Bu kitob varaqlarida ilohiy bir to‘lqin borligini yuragimga jo qildim. Haftadan so‘ng “Mitti yulduz” menga yod bo‘ldi.
…KEYIN NIMA BO‘LDI, DEYaRSIZ? Toshkent, 1972 yil. Bir kun ne-ne istiholalar bilan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotiga kirib bordim. Endi men 2-bosqich talabasi edim. Betinim she’rlar mashq qilardim. Ko‘nglimda bir alag‘dalik sezardim. Kimdir menga bir manzilni ko‘rsatishi kerak edi. Kim u?
Nihoyat, Abdulla Oripov o‘tiradigan xona eshigini ochdim. Uning o‘rindig‘i chap tarafda ekan. Bir shoirona nigoh menga boqdi. Juda ozg‘in, juda xipcha… Lekin ko‘zlari chaqnoq…
– Keling, – dedi.
– Abdulla aka, men sizga she’r olib keldim. Ko‘p emas, bittagina.
Men unga she’rni uzatdim. Abdulla Oripovga qaraganda men anchagina yirikroq edim, shekilli. Lekin uning nigohida kishini titroqqa solguvchi bir o‘t bor edi. U hech narsani bildirmasdan, go‘yoki ohista, yengil harakat bilan qaddini rostlab, she’rimni o‘qishga tushdi. Bu “Quyosh afsonasi” degan she’rim edi. O‘qib bo‘ldi. Ko‘zlarimga tikildi.
– Zing‘itdi, degan so‘z sizlarda ham bormi? – dedi.
– Ha, bor, – dedim.
– Yaxshi she’r ekan. Yozing. Yozavering.
– Ustoz! Yosh avlodga so‘zlab bergudek, ibrat bo‘lgudek hayot yo‘lingiz bor ekan. Shu yerda ularga tilaklaringiz, maslahatlaringiz bo‘lsa… darig‘ tutmasangiz…
– Yoshlarga tilaklarim ham, maslahatlarim ham bor. Ular, eng avvalo VAQTning, YoShLIKning qadriga yetsinlar! Qolaversa…

Yosh ijodkorlarga 12 maslahat:
1. Qalbingizni yozing.
2. Seving, sevilasiz, sevib yozing, sevib o‘qilasiz.
3. Tabiatni donishmand ustoz deb biling.
4. Tilingizni shifokorga emas, millatingizga ko‘rsating.
5. Ishtiyoqsiz (ilhomsiz) ijodga o‘tirmang. Hatto bulbul ham ishtiyoqsiz, istar-istamas tomoq bulkillatsa eshitgan quloqni lanjlik qumiga to‘ldiradi.
6. Taqliddan qo‘rqmang, taqlidgo‘y bo‘lib qolishdan qo‘rqing.
7. Adabiy o‘g‘irlikdan qoching. Adabiy o‘g‘irlik mol o‘g‘irligidan yomon: molni berkitsa bo‘ladi, ammo ko‘chirmani ham, ko‘chirmakashni ham berkitib bo‘lmaydi.
8. Gullarni yaxshi ko‘rasiz, hammasini o‘z nomi bilan atang.
9. Safarlarga chiqing, yurtlar, ellar kezing. Kitoblaringiz ham safarlarga chiqadi, yurtlar, ellar kezadi.
10. Adabiyotga hukmdorlik da’vosini qilmang.
11. Chin adabiyotni omma yaratmaydi, sovrin-sarpolar yaratmaydi. Adabiyotni ShAXSlar yaratadi. ShAXSlar tug‘ma iste’dodlardan qora mehnatlari, zahmatlari o‘laroq yuzaga chiqadi. Davr esa ularni goh munosib, goh nomunosib namoyon etadi. Mehnatni sharafga aylantiring.
12. Dil va Til birligi, Iste’dod va E’tiqod birligi, Vijdon va Amal birligi Inson komilligining oliy maqomlaridir. Unutmang!

– Suhbatni davom ettirsak…

MEN ADABIYoT UMMONIDA SUZAR EDIM.
Adabiyot qaynardi.
She’riyat qaynardi.
Bu miqyos O‘zbekiston sarhadida emasdi.
Evgeniy Yevtushenko chegarani buzardi.
Voznesenskiy she’riyat me’morchiligiga yangi g‘ishtlar qo‘yardi.
O‘ljas Sulaymonov bepoyon qozoq dashtlaridan chiqib ketgan edi.
Yuksak tog‘larda ulg‘aygan Rasul Hamzatov o‘zga yuksak tog‘larni ham kezardi.
Qaysin Quliyev tiniq-tiniq chashmalar suvini ichib, sharshara yellarini sachratardi.
David Qug‘iltinov dashtu o‘rmonlar yolqinida yonardi.
Ko‘p o‘qirdim… Tinmay o‘qirdim.
Chingiz Aytmatov olis elu elatlar, xalqu millatlar timsolida betimsol bo‘y ko‘rsatardi. Va o‘zlikni namoyon qilardi. Men uni prozaning shoiri, deb bilardim.
O‘qirdim… Pushkin, Lermontov, Bayron, Nekrasov, Yesenin, Rudakiy, I Li Bo, Umar Xayyom, Shota Rustaveli, Sa’diy Sheroziy, Hofiz, Nizomiy Ganjaviy, Robert Byorns, Shiller, Adam Mitskevich, Genri Langfello, Edgar Po, Tyutchev, Shevchenko, Bunin, Bryusov, Blok, Mayakovskiy, Anna Axmatova, Pablo Neruda, Tvardovskiy, Bella Axmadulina, Henrix Heyne, Dante, Shekspir, Petrarka, Lorka, Abdulla To‘qay, Abay, Shandor Petefi, Thokur, Nozim Hikmat, Mahtumquli, Cho‘lpon, “Ramayana”, turk she’riyati, gurji, ukrain, arman, eston, nepal, latish, litva, frantsuz, ingliz, fors, makedon, bulg‘or, o‘ris, tojik, qirg‘iz, turkman, qozoq, qoraqalpoq, alban, ozor, belorus, amerika she’riyati… o‘qirdim. Eh-he, nimalarni o‘qimadim?!
Nasrni jon-jon deb o‘qirdim. Kunduz o‘qirdim, tunlari o‘qirdim, yurib o‘qirdim, turib o‘qirdim, yig‘lab o‘qirdim, kulib o‘qirdim, o‘qirdim, o‘qirdim… Tolstoy, Sholoxov, Gorkiy, Turgenov, Dostoyevskiy, Chexov, Gyugo, Mopassan, Flober, Ernest Xeminguey, Jek London, Stendal… nimalarni o‘qimas edim! Saylab-saylab, saylab-saylamay, sevib-sevib, sevib-sevmay o‘qirdim!
O‘qirdim. Belinskiy, Chernishevskiy, Dobrolyubov… O‘qirdim. O‘zimizniki­larning ham… hammasini… Ayniqsa nazmni… Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon, tengdoshlarim… o‘qirdim…

– Bevosita she’rga qaytsak… Ijod ahli shoirga, she’rga turlicha ta’rif beradi. Sizningcha, shoiru she’r aslida kimu nima?

– Ilhom bilan mehnat yalakatmag‘iz, birga yaratilgan. Ilhom bo‘lsa-yu, mehnat bo‘lmasa, tag‘in deng, qora mehnat bo‘lmasa, natijasi yomon, palag‘da. She’riyat fido­yilik talab qiladi. Albatta, avval iste’dod. Iste’dodsiz shoir ming fidoyilik qilsin – ilk zinada depsinib qolib ketaveradi. Iste’dod ilhomi va mehnati bilan yaratilgan asarning qanoti bo‘ladi.
Keyingi yillarda men bir narsaning guvohi bo‘ldim. Ayonki, mustaqillik hur fikr berdi. Ammo bu hur fikr qaysi bir shoirga nasib etdi. O‘z tengdoshlarim misolida aytyapman bu gapni. Juda ozchilikka…
1976 yil G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida “Yoshlik bayozi” degan to‘plam nashr etilgan. Unda adabiyotga endi kirib kelayotgan qirq sakkiz shoir­ning ijodi berilgan. Hozir bu qirq sakkiz “katta” shoir qayerda?..
Kleanf degan yunon faylasufi o‘tgan. Uning bir mashhur gapi bor: “Yurishni xohlaganni taqdir yetaklaydi, xohlamaganni sudraydi”.
Ijod ahli shoirga, she’rga turlicha ta’rif beradi.
Haqiqatan ham shoir kimu she’r nima?
Azaliy va abadiy savol.
Eng avvalo, Qur’oni Karim she’riy ohanglarda nozil bo‘lganligini unutmaslik kerak.
1988 yilning 31 mayida Toshkentga qozoqning mashhur shoiri O‘ljas Sulaymonov keldi. Men Yozuvchilar uyushmasida ishlar edim. Bodomzor choyxonasida osh qiladigan bo‘ldik. Yetti-sakkiz kishimiz. Osh zo‘r bo‘ldi. Mayi noblar, buloq suvi… Suhbat qizigandan qizidi. She’rlar o‘qildi. Deyarli hammaning kayfi taraq…
G‘ira-shira qorong‘i tusha boshladi. Turdik. Ko‘chaga yo‘naldik. Men orqaroqda qoldim – choyxonachi bilan hisob-kitob qilish kerak. Uyushmaning mas’ul xodimiman, axir. Oyoqostida bir bo‘sh shisha yotgan ekan. Unga surinib ketdim, keyin jahl ustida tepib yubordim. Qarangki, bir chetda so‘rida qarta o‘ynab, oshxo‘rlik qilib o‘tirgan to‘daning dasturxoniga borib tushdi. Bari yosh-yalang. Sakrab turishdi. Menga yetib kelgan birinchi yigit kelasolib qo‘llarimni orqaga qayirdi. Qolgan sakkiz yigit ham yetib keldi. “Kechirasizlar, ataylab qilganim yo‘q, tasodif…” – dedim shosha-pisha. Bittasi, to‘xta, dedi, qo‘llarimni qayirib turgan yigitga, bu Azim Suyun-ku, O‘zbek, qachon xalq bo‘lasan, deb yozgan shoirlarimizdan. Qo‘llarimni bo‘shatdi. Hamma jimib qoldi. Haligi yigit she’rimni o‘qiy boshladi:

O‘zbekning o‘ti bor, derlar
Va lekin “cho‘p”i bor derlar.
Hayhot, bunday el ko‘rmadim,
Bir-birin kovlashib yerlar.
O‘h, botirim, qaydasan?

Biri chiqsa baland toqqa,
Biri tushar qulatmoqqa…

To‘g‘rimi, dedi, u menga yuzlanib. Ha, dedim. Quchoqlab ketdi. Dasturxonga tortishdi. Piyolalarga quyildi. Mening sha’nimga ko‘tarishdi… Choyxonachi bilan hisob-kitob qilayotganimda, u: “Xudo saqladi, ular bezorilar, nashavandlar… pichoqdan omon qoldingiz, qanday saqladi. Xudo barhaq”, deb shivirladi…
Ha, bu yerda, qarang, she’r joduli kuchga aylandi, she’r xaloskor qudratga aylandi. Mening hayotimni saqlab qoldi.
Endi she’rning sehriga qarang. Pushkin she’riyatiga oshufta bo‘lib yurgan kezlarim, “Boqchasaroy fontani” she’ri xotiramga o‘rnashib qoldi. Ko‘ngil bezov­taligi boshlandi. Pul yig‘aman… ko‘rib kelaman. 1985 yil “Qaydasan, Qrim? Qaydasan, Boqchasaroy?.. dedimu ketdim. Bordim. Ko‘rdim. O‘sha, Pushkin qanday tasvirlagan bo‘lsa, o‘shanday. Boqchasaroy favvorasi. Oppoq marmar favvora, qizil gul, ko‘zyoshlar…
Mana, bir she’r sehri. Demak, she’r bu yerda sehr. Bu sehr meni yigirma kun butun Qrimni kezishga chorladi. Pushkin yurgan yo‘llar bo‘ylab yurdim. Go‘yoki Pushkinga aylanib. Qora dengiz sohillarida dengizga qarab she’r o‘qidim, she’r to‘qidim.
Keyinroq Lermontov yurgan yo‘llar bo‘ylab ham shunday sayohat qilganman.
“She’r yozaman zerikkanimdan…” – deydi “Don Juan” asarida ingliz shoiri lord Bayron. Bu nima? Olifta gapmi? Yo‘q. Iste’dod qalbining zaruriyatini, ehtiyojini aytyapti u. She’r yozmasdan turolmasligini, she’r hayot ekanini, dilini to‘kmay yashay olmasligini aytyapti.
Sharqda esa, “She’r yozadi shoirlarning faqiri…” – deya bo‘zlaydi baxshi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li.
She’r zahmatiga chidagan kimsagina shoir bo‘lishi mumkin, demoqda u. She’r boylik keltirmaydi, moddiy boylik keltirmaydi, ma’naviy boylik manbai, demoqda Fozil ota. Shoirlik nomini olib yurishni chidaganga chiqargan, demoqda Fozil ota.
Shoir, shoir qalbi olisdan ko‘rinadigan toqqa o‘xshaydi. Tog‘dan olisda turib, uning bag‘rida nima borligini bilib bo‘lmaydi. Uning bag‘rida nima borligini bilish uchun tog‘ning bag‘riga bormoq, u bilan sirlashmoq kerak. Xuddi shuningdek, shoirning kitobini bag‘riga bosib o‘qish kerak. Unda qalb xazinasiyu mehr-muhabbatini, sehru sirlarini, o‘zining aytolmayotgan, lekin aytmoqchi bo‘lgan barcha sinoatlarini topadi inson.
Bir daftarimda shunday qayd bor ekan:
“Jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichida, ro‘y beradigan har bir hodisaga xalq adabiyotdan javob izlaydi. O‘zi suygan, e’tiqod qo‘ygan shoirning fikrini bilgisi keladi. Ayni chog‘da, ijodkor ham faqat badiiy asarlari yordamida emas, balki o‘z o‘quvchisi bilan bevosita muloqot orqali ham ko‘nglidagi gaplarni o‘rtoqlashishga ehtiyoj sezadi”.
Shoir: bu mening O‘zim! She’r – bu mening O‘Z SO‘Zim!
Buyuk Navoiy yozadi:

A’lolaridir nedinki dersen a’lo,
Adnolari ham barcha adnodin adno.
Avsatlarikim, hech nimaga yaramas,
Bilkim, nafas urmamak aladin avlo.

Qadimgi misrliklarning hikmati bor: “Kim haddan tashqari uzoqni ko‘rsa, qalban notinchdir”.
Chin shoir qalbi notinch kishidir!
“Kim barcha mavjudotlarda o‘zini va o‘zida barcha mavjudotlarni ko‘rsa…” (hind hikmati) asl shoirdir. Tag‘in bir hind xikmati bor: “Agar sen dono bo‘lsang, boyga, hukmdorga, yosh bolaga, keksa kishiga, darveshga, donishmandga, ayolga, tentakka va ustozga e’tiroz bildirma”. Ammo… ularga lozim bo‘lsa, birgina e’tiroz bildirguvchi toifa bor, bu shoir.
Xullas, Sulaymon payg‘ambar aytmoqchi, “Bu – Quyosh ostida hech qanday yangi narsaning o‘zi yo‘q”.
Xullas, “Odamning kimligini hokimiyat ko‘rsatadi…” (yunon donishmandi Pittak), shoirning kimligini she’ri, kitobi ko‘rsatadi.
Xullas, “Latifa. Bir kuni sof ko‘ngilli Amir fasohat va zarofat bobida zamon shoirlarining peshqadami xoja Osafiyga nasihat qilish uchun muborak tilini bayonga keltirib dedi:
– Senga hayronmanki, o‘tkir zehning va baland ta’bing bo‘laturib, she’r aytish bilan kam shug‘ullanasan, bor vaqtingni befoyda ishlarga sarflaysan.
– Shu kunlarda ko‘proq she’r aytishga mashg‘ul bo‘layotirman. Masalan, o‘tgan kecha ikki pullik sham yonib bitguncha ikki yuz bayt aytdim.
Shunda oliy hazrat dedilar:
– Demak, yozgan she’rlaringning yuz bayti bir pul ekan-da” (Xondamir, “Makorim ul-axloq”dan).
Xullas, do‘stim, uyg‘ur shoiri Aziziy yozgani kabi: “Men hech kim emasman o‘zimdan bo‘lak!”
Xullas, men she’r daraxtining shoxlarini emas, ildiz-tomirlarini qo‘llari qonab-qonab, tirnoqlari ko‘chib-ko‘chib izlayotgan shoirman!
– She’rlaringizda Vatan kengliklari, go‘zalliklari, muhabbat hayratlari ustuvorlik qiladi…
– Men Vatanim – O‘zbekistonning eng baland nuqtasi – Hisor cho‘qqilariga, Hazrati Sulton zirvalariga chiqqanman, eng botiq nuqtasi – Borsa-kelmas kenglik­larida kezganman. So‘xning marvarid chashmalari suvini ko‘kragimni yerga berib, qonib-qonib ichganman. Zarafshon daryosining boshlanish nuqtalarida “peshonamni Oyga urib” olganman, Amudaryo va Sirdaryo qirg‘oqlari bo‘ylab ov bahona gasht-sayrlarda bo‘lganman. Qizildaryo qayerdan boshlanar ekan, deb archazorlar oralab, qorli cho‘qqilar sari intilganman. Xo‘jaipok oltingugurtli G‘orbuloqlariga kirganman. Sangardak sharsharasi qoshidagi bir oygina qoyalarni qoq yorib otilib chiqadigan “Javzo suvi”da cho‘milganman. Ko‘li Qubbondan yuqorilasangiz, Oydinko‘l bor. Shu Oydinko‘ldan ham o‘tib Oloy tog‘lariga chiqib borganman. Shunday Toshkent ustidagi G‘arbiy Tiyonshon tog‘lari, kengliklarini kezishlarimni aytmay qo‘yaqolay.
Albatta, yurakka bosilgan bu izlar ijodda o‘z aks-sadosini berishi tabiiy. Muhabbat hayratlari tabiat go‘zalliklari bilan uyg‘unlashib ketadi. Men go‘zallik oldidagi tilsiz qulman… Ammo hayratlardan keyin tili chiqib ketadigan qulman!

– Ustoz, siz bir qancha mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo‘lgansiz. Ulardagi adabiyot bilan bizning adabiyot o‘rtasidagi tafovutni nimada ko‘rasiz?

– Qaybir yili go‘zal Bursa shahrida yigirma yetti davlat vakillari to‘plandik. O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng Xurshid Davron yozyapti: “Men do‘stim bilan Turkiya safarida birga bo‘ldim. Biz Erkin Vohidov, Rauf Parfi bilan barobar ilk marta o‘tkazilgan turkiy xalqlar shoirlarining anjumanlarida qatnashdik. Juda ko‘p davralarda she’r o‘qidik, nutq aytdik. Ana o‘sha kunlari Azim Suyun davralar guli bo‘ldi, desam xato qilmagan bo‘laman. Uning Turon-Turkiston, turkiy tarixlarga oid she’rlarini tinglaganlar, nutqlarini eshitganlar nafaqat shoirning salohiyatiga, shu bilan barobar, o‘zbek she’riyatining ulug‘vorligiga tan berdilar. Turk she’riyatining oqsoqollaridan biri, “O‘zbek she’riyati turkiy she’riyat ichida eng ulug‘i ekanligiga yana bir bor ishondim”, dedi.
Albatta, bundan men faxrlanaman. Mening o‘rnimda boshqa birov bo‘lsa ham bu so‘zlardan faxrlangan bo‘lardi. Xurshid Davron – chin shoir. U, birinchidan, juda nozikta’b inson, yaxshi do‘st! Hamma davralar uchun latif she’rlari birdek. Xurshidning “Tungi bog‘” kitobini sevib o‘qiyman.
Avval ham, keyinchalik ham bir qancha davlatlarda adabiy anjumanlarda, yig‘ilishlarda qatnashdim. Aytaversang gap ko‘p. Yana mavridi bo‘lar.

– Tarjimachilik sohasidagi fikrlaringizni ham bilmoqchi edim…

– Xo‘p. Qisqagina aytaman. Navoiy o‘z asarlaridan butun turkiy ellar, butun musulmon ulusi, butun jahon ahli saboq olishini orzulagan bo‘lsa, ajablanarli joyi yo‘q!
Navoiy qalb mulkining butun ma’rifiy kuch-qudratini bilar edi. U adabiyotni, xususan, asl she’riyatni, tom ma’noda, “tarbiyachi” maqomida ko‘rgan. Qolaversa, Vatanni tanitish, xalqning bo‘y-bastini dunyoga ko‘rsatish… faqat qilich ko‘targan jahongirlar zimmasida emas-ku?!
Demak, albatta, tarjima kerak. Faqat… manba arzisa! Manba haqida esa ingliz yozuvchisi Jon Drayden yaxshi yozgan ekan: “Yaxshi ifodalangan fikr barcha tillarda oqilona jaranglaydi”.

– So‘nggi savol. Keksalik gashtini qanday surayapsiz?

– Bugunning qadri baland. Buyuk donishmandlar ham buguni bilan yashab, “Ertaga Xudo poshsho!” der ekan. Hazrati dehqon esa: “Ketmonim qimirlasa, jonim qimirlaydi” demish. El aytadi: “Yozning yuvindisi ham qishga osh-qatiq”, “Enang do‘st, tanang do‘st” demishlar. Birovdan oldin, birovdan keyin degandek, ijod bilan bandman. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyida yetti jildlik “Tanlangan asarlar”im nashr etilmoqda. Uch jildi – “Ey do‘st!”, “O‘zbekyurt”, “Men sizni sevaman” – kitoblarim kitobxon qo‘liga borib yetdi. To‘rtinchi jildi – “Tug‘dona” kitobim nashr etilish arafasida. “Nevaralarim uchun hikoyalar” kitobim ustida bir necha yillardan buyon ishlamoqdaman. She’rlar yozayapman. Mening “gashtim” mana shu.

Ey do‘st!

Yo‘ldan adashmadim – yo‘lsiz yursam ham,
Yo‘ldan adashmadim – do‘stsiz qolsam ham.
Olloh yoziq qilgan yo‘lim bor manim,
Yoziqdan tonmadim – yordan tonsam ham!

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 6-son