O‘zbekiston xalq artisti, teatr, kino va dublyaj san’ati uctalaridan biri Afzal Rafiqov Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagan. Aktyorlik faoliyatini O‘zbek Milliy akademik drama teatrida boshlagan. 1987 yildan buyon o‘zbek davlat drama teatrida ishlab kelmoqda. Mustaqilligimizning 19 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
— Afzal aka, Siz maktabda rus tilida ta’lim olgan ekansiz. Ona tilimizning imkoniyatlari va go‘zalligini qachon his etgansiz?
— Rus tilida ta’lim olgan bo‘lcam-da, millatim o‘zbek bo‘lgani bois, dadam, onam, qarindosh-urug‘larim o‘zligimni saqlab qolishimga katta yordam berishgan, tilimizga, urf-odat va an’analarimizga hurmat, mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashgan. Ayniqsa, dadamning ta’sirlari katta bo‘lgan. Biz aka-ukalar rus tilida o‘qiganimiz uchun uyda, o‘zaro muloqotda ko‘pincha rus tilini ishlatardik. Shunda dadam doim ogohlantirib turardilar. Oilamizda san’atga mehr nihoyatda kuchli edi. Tog‘alarim, xolalarim ham, onam va dadam ham musiqa asboblari chalishardi. Uyimizda g‘ijjak, dutor turardi. Mana shunday muhit o‘zligimni saqlab qolishimga yordam bergan. Tanlagan kasbim ham bu borada muhim rol o‘ynadi.
— O‘zbek tilida o‘qigan birinchi asaringizni eslay olasizmi?
— Ha, albatta, bu “O‘tkan kunlar” edi. O‘sha paytda o‘n olti yoshda edim. Shundan keyin boshqa asarlarni o‘qidim. 1990 yili O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev “Iskandar” piyesasini qo‘lga oldi. Shuhrat Rizayev qalamiga mansub bu instsenirovka Alisher Navoiyning “Xamsa” asari asosida yaratilgan. Shu spektaklda Navoiy rolini o‘ynash uchun ulug‘ shoirimizning beshta dostonini sotib oldim, izohli lug‘at topdim. Bosh rejissyorimiz juda savob ish qildi, biz aktyorlarga Navoiy ijodini, aruzni o‘rgatish uchun milliy universitetdan aruzni yaxshi biladigan adabiyotchi olimni taklif etdi. Talabalarga o‘xshab misoli daftar tutib, doskaga yozib, she’rlarning mazmunini, aruz qoidasi bo‘yicha qanday o‘qilishini o‘rganganmiz. Mana shularning hammasi meni o‘zligimga qaytardi. O‘shanda men kimligimni, tomirimda kimlarning qoni oqayotganini chuqur his etdim.
Shu o‘rinda bir narsaga to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillariga qadar ijodimda qandaydir tushkunlik cezdim. Aslida teatr, kino, televideniye va radioda ijodim bir maromda ketayotgan edi. Lekin ichimni nimadir kemirardi. Tashqi ko‘rinishim sharqona bo‘lmagani bois menga ko‘pincha yevropaliklarga xoc qahramonlar rollarini berishardi. Ijodim shu tarzda bir tomonlama davom etsa, o‘zbek xalqining yuragiga qanday yo‘l topaman? Qachon milliy qahramonlarimiz obrazlarini yarataman? Shu narsani chuqur tushunib yetganim va buning ustiga o‘sha kezlari onamning vafot etgani ruhan tushkunlikka tushishimga sabab bo‘ldi. Teatrdan butunlay ketish fikriga keldim, hatto ketayotgan ham edim. Shunday bir paytda baxtli tasodif ro‘y berdi. Hali aytganimdek, “Iskandar” spektakli sahnalashtiriladigan bo‘ldi. Rejissyorimiz menga Alisher Navoiy rolini taklif qildi.
O‘shanda ba’zi hamkasblarim taajjubga tushib: “Afzal qanaqa Navoiy bo‘ladi, tashqi ko‘rinishi to‘g‘ri kelmaydi-ku?” deyishgan ham. Lekin juda actoydil kirishganim, aruz yordamida she’rlarni to‘g‘ri o‘qib, so‘zlarini to‘g‘ri talaffuz etib, tomoshabin ko‘ngliga ta’sir eta olganim bois dublyorimning bu rolni o‘ynashiga hojat qolmadi. Shundan keyin tilimizning xususiyatlari yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Angladimki, o‘zbek tili nihoyatda boy, qudratli, eng muhimi, har bir so‘zimiz jozibali, ehtirosga to‘la. Buni dublyaj sohasida ham sezdim. 1992 yili “Mahobhorat” nomli hind seriali ilk bor televideniyeda o‘zbek tiliga o‘girildi. Afsuski, biz ovoz bergan variant ba’zi texnik sabablarga ko‘ra o‘chib ketgan. O‘sha asarni o‘zbekchalashtirishda bir muammoga duch keldik. Shunga qadar sof dublyajga o‘rgangan edik. Televideniyeda boshlagan ishimiz dublyaj emas, bu — kadr ortidan sinxron tarjima. Bu yerda yuz foiz holatga tushish shart emas. Tarjimani vaqtida yetkazib tursangiz, tomoshabinga xalal bermasangiz kifoya. Tomoshabin aktyorning ham ovozini eshitib turadi. Ilk serialni o‘zbekchalashtirish rahmatli Hojiakbar Nurmatov, Rimma Ahmedova, Oybarchin Bakirova to‘rtalamizga topshirilgan edi. Dastlab qanday yo‘l tutishni bilmay rosa qiynalganmiz. Dublyajga o‘xshatsak bo‘lmayapti, shakarning ham ozi shirin deyishadi-ku, ko‘payib ketsa, ichib bo‘lmaydi, qiyomga o‘xshab qoladi. O‘rtacha usulni tanladik. Ishimiz epaqayga kelguncha 10-15 seriya o‘tib ketdi. Har gal eshitib ko‘rib, kamchiliklarni tuzatib boraverdik. Shu tariqa seriallar va filmlarni sinxron usulda tarjima qilishni boshlab berganmiz. O‘sha jarayonda ham o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatiga, millatimizning ruhiyatiga lol qolganman.
— Ayting-chi, ovozingiz har qancha betakror va maftunkor bo‘lmasin, rolga to‘g‘ri kelmaydigan hollar ham bo‘ladimi?
— Hozir qancha filmga ovoz berganimni bilmayman-u, tembri, ya’ni jarangdorligi menikidan-da yaxshiroq ovozlar bor. Meniki ko‘proq yoshi kattalarga mos tushadi, hammaga ham ovoz bera olmayman. Bu jihatdan rahmatli Hojiakbar Nurmatovning ovozi boshqacha, imkoniyatlari keng edi.
— Dublyaj sohasida ilk bor shu san’atkorga ovoz bergan ekansiz.
— O‘shanda “O‘zbekfilm”da kinomexanik bo‘lib ishlardim. Hojiakbar Nurmatov esa elga tanilgan aktyor edi. Yaratilgan filmlar tarjima qilinib, Moskvaga jo‘natilardi. Hojiakbar Nurmatovga ovoz bergan rus aktyorini qayta olib kelishning imkoni bo‘lmay qoldi. Rejissyor rus tilini bilishimdan, ovozimning tembridan xabardor edi. Shunda chala qolgan qisqagina parcha tarjimasida Hojiakbar Nurmatovga ovoz berganman.
— Taniqli san’atkor uchun yangi rol ijro etish osonmi yoki qiyinmi?
— Har safar go‘yo birinchi marta sahnaga chiqayotgandek his etaman o‘zimni va shunga muvofiq tayyorgarlik ko‘raman… Hatto takror qo‘yilayotgan spektaklda ham. Ana shu hayajon va mas’uliyat tinimsiz izlanishga, mahoratni oshirishga undaydi. Aslida san’atkor uchun bu bir umr davom etadigan to‘xtovsiz jarayon. Menimcha, boshqa kasb-hunar egalari uchun ham. To‘xtadingmi, ancha ishlarni qilib qo‘ydim, deb xotirjamlik yoki manmanlikka berildingmi, san’atkor sifatida tugaysan. Balki shuning uchun ham men o‘qituvchilik qila olmayotgandirman. Chunki ustozlikning o‘zi ham bir san’at.
— Bir tanishim “Shogird ustozi hunar o‘rgatishini kutib o‘tirishi shart emas, undan “o‘g‘irlab” olishi kerak” degan edi.
— Juda to‘g‘ri, “Menga boqqinda, men qanday bajarayotgan bo‘lsam, shunday bajarishni o‘rgan”, degan ta’lim usuli bor. O‘zim ham shunga amal qilganman. Ikki yil institutga kira olmaganman. Uchinchi yili balim yetarli bo‘lmagani uchun sirtqiga o‘tkazib yuborishdi. Sirtdan qanday o‘rganaman aktyorlikni, deb boshim qotgan. Dadamga aytdim, hozirgi Milliy teatrga olib keldilar. Sahna ishchisi qilib ishga olishgan. Olim Xo‘jayev, Shukur Burxonov, Nabi Rahimov, Qudrat Xo‘jayev kabi o‘zbek teatrining ustunlari — ustoz aktyorlar qanday ijod qilishlarini kuzatardim. Ana shu mening haqiqiy maktabim bo‘lgan. Institutni tugatganimdan keyin aktyorlik truppasiga qabul qilishgan. Aktyor sifatida oyoqqa turishimda va ozmi-ko‘pmi elga tanilishimda rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning xizmati juda katta bo‘lgan. Aslida hazrat Navoiy rolini o‘ynaganimdan so‘ng ijodimda keskin burilish bo‘ldi, deya olaman.
— Tanlagan kacbingiz hayotingizda qanday o‘rin tutadi, deb o‘ylayciz?
— Odamning o‘z ishidan ko‘ngli to‘lmasa, bundan yomoni yo‘q. Menda shunday hollar bo‘lgan. Aviasozlik zavodida ishlab yurgan paytimda shunday kayfiyatdan qiynalardim. Uyimiz oldidan 3-avtobus o‘tardi. Marshrutning oxiri zavod edi. Manzilga yetib borganimdan keyin ham anchagacha avtobusdan tushgim kelmay o‘tirardim. Nihoyat, kasbimni o‘zgartirishga qaror qildim. Teatr va rassomlik san’ati instituti e’lonini ko‘rib qolib, san’atni tanladim. Va o‘shanda to‘g‘ri qaror qabul qilganimdan xursandman. Hayotimni san’atsiz tasavvur eta olmayman. Bir paytlar ishga borish men uchun azob edi. San’atni tanlaganimdan buyon mana necha yildirki, ishga yayrab boraman. Har kuni ishga ishtiyoq bilan borish — katta baxt. Tobim qochib qolsayu ijodga kirishsam, mikrofon oldiga kelsam, tanamdagi og‘riqlar ham unut bo‘ladi.
— Bugun teatrning asosiy vazifasi nimadan iborat, deb o‘ylaysiz?
— Murakkab savol berdingiz. Teatr ma’rifat targ‘ibotchisi bo‘libgina qolmay, bir paytlar odamlarga kuchli g‘oyaviy-mafkuraviy ta’sir ko‘rsatib ham keldi. Sho‘ro tuzumi bundan juda samarali foydalandi. O‘sha yillari shaklan milliy, mazmunan sotsialistik degan shiorga amal qilinardi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng teatrning mohiyati va vazifasi butunlay o‘zgardi. Milliy istiqlol g‘oyasi bosh maqsadimizga aylandi. Bugun ham, keyin ham teatrning asosiy vazifasi ma’naviyat targ‘iboti bo‘lishi kerak.
— Aytishlaricha, rejalaringiz haqida so‘zlashni uncha xush ko‘rmas ekansiz.
— Lekin bir narsani aytishim mumkin. Aktyor qancha rol o‘ynagan bo‘lmasin, eng yaxshi rolim hali oldinda degan kayfiyat bilan yashaydi…
— Niyatingizga yeting!
Maqsud Hamroyev suhbatlashdi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 16-sonidan olindi.